Orqaga

1096 marta koʻrilgan

1845–1923

Rentgen Vilgelm

Boʻlajak mashhur fizik (haqiqiy ismi — Rentgen Vilgelm Konrad) olim Prussiyaning Dyusseldorf yaqinidagi kichik shaharchada, toʻqimachilik mahsulotlari savdogari oilasida tugʻilgan. Bola 3 yoshga toʻlganda, oila onasining vatani – Gollandiyaning Apeldorn shahriga koʻchib oʻtadi va Vilgelmning bolaligi oʻsha yerda kechadi. Maktabni tugatgach, Rentgen Utrext texnik maktabiga oʻqishga kiradi. Biroq oʻqituvchisining karikaturasini chizgan doʻstining ismini aytishdan bosh tortgani uchun u yerdan adolatsiz tarzda haydalgan. Shundan soʻng yigit Shveysariyaga borib, Syurixdagi Oliy texnika maktabiga oʻqishga kirdi. Maktabning soʻnggi oʻquv yilida Vilgelm iqtidori tufayli taniqli fizik Avgust Kundt eʼtiborini tortdi. Shu sabab maktabni tugatgach, Avgust Kundt uni oʻz laboratoriyasiga assistentlikka taklif qiladi.

Kundt keyinchalik Vyursburgdagi Bavariya universitetida kafedra mudiri lavozimiga tayinlanganida ham Rentgenni oʻzi bilan olib ketgan. 1872-yilda ular birgalikda Strasburg universitetiga ishga oʻtadi va 1874-yilda Rentgen professorlik unvonini oldi. 1888-yilda u Vyursburgga qaytib kelib, dastlab fizika instituti direktori, keyinroq universitet rektori etib tayinlandi. Aynan oʻsha yerda u ingliz fizigi Kruks tomonidan ixtiro qilingan elektrodli shisha naychadan foydalangan holda vakuumda elektr zaryadsizlanishi boʻyicha tajriba boshladi. Oʻsha paytda elektrodli shisha naycha oʻzidan katod deb ataladigan nomaʼlum nurlarni chiqarishi haqida maʼlumot bor edi.

1895-yil 8-noyabrda Rentgen katod nurlari bariy tuzlari bilan qoplanganda ekran yaltirashini aniqladi. Bunda nur qora qogʻoz bilan oʻralgan naychadan osonlik bilan oʻtishini kuzatdi. Keyingi tajribalar davomida Rentgen ekranning yaltirashi hatto naychadan 2 metr uzoq masofada ham saqlanib turishini aniqladi. Shunday qilib, u katod nurlariga emas, balki nomaʼlum turdagi nurlanishga duch kelganini sezdi va bu nurlanishni X nurlari deb atadi. Rentgen keyinroq bu nurlar qoʻrgʻoshindan oʻta olmasligini aniqladi. Uning qoʻl suyaklari yumshoq toʻqimalarga qaraganda ekranga zichroq soya solayotganini ham payqadi. Bu uning ikkinchi kashfiyoti edi.

Koʻp oʻtmay u oʻzi kashf etgan nurlar fotoplastinkaning qorayishiga sabab boʻlganini sezib qoldi, bu fotokameradagi ekspozitsiya (kameraga kiradigan yorugʻlik miqdori) ga oʻxshash edi. Turli moddalar bilan tajriba oʻtkazishda davom etgan Rentgen X nurlar deyarli barcha obyektlardan oʻtishi mumkinligini payqadi, ammo har xil qalinlik ularni turli yoʻllar bilan zaiflashtirardi. Ushbu kashfiyot boʻyicha birinchi hisobot ilmiy doiralarda katta qiziqishga sabab boʻldi. Rentgenning tajriba natijalarini boshqa olimlar bir ovozdan tasdiqlashdi va nurlar uning nomi bilan “rentgen nurlari” deb atala boshlandi.

Olimlardan tashqari shifokorlar ham rentgen nurlariga qiziqish bildirdi, chunki tibbiyotda bu muhim diagnostika vositasi boʻlib xizmat qilishi mumkin edi. Rentgen nurlari fizika tadqiqotlari uchun ham muhim vosita edi. Nemis fizigi Maks Laue bu nurlar yorugʻlikka oʻxshashini, ammo toʻlqin uzunligi qisqaroq ekanini aytib oʻtdi. Keyinchalik bu farazni 1913-yilda nemis fiziklari Valter Fridrix va Paul Knipping tasdiqlab, yangi fan — rentgen optikasiga asos soldi. Ular birinchi boʻlib kristall panjaralar orqali rentgen nurlarining difraksiyasini kuzatdi.

Rentgen nurlarining kashf etilishi atom tuzilishi borasidagi izlanishlarni ham oldinga siljitdi. Shu tariqa Rentgen kashfiyoti XX asrda sodir boʻlgan fizika inqilobining ajralmas qismiga aylandi. Keyinchalik olimlarning izlanishlari natijasida kosmosda ham rentgen nurlari tarqalishi maʼlum boʻldi va bu hodisa bilan maxsus fan — rentgen astronomiyasi shugʻullandi.

Rentgen bu nurlar haqida yana 2 ta maqola chop etgan, ammo gazeta va jurnallarda ushbu kashfiyot haqida yozilgan balandparvoz gaplar uning gʻashiga tekkan. Shuning uchun u fizikaning boshqa sohalarini oʻrganishga kirishgan. Rentgen oʻz tajribasi natijalarini nashr qilishni unchalik yoqtirmagani sabab butun hayoti davomida atigi 58 tagina maqola yozgan xolos. Qizigʻi shundaki, u hech qachon oʻz kashfiyotini patentlamagan va har qanday mukofotdan bosh tortgan.

Rentgen ish vaqtida / biographe.ru

1899-yilda Rentgen Myunxenga koʻchib oʻtadi va u yerda umrining oxirigacha yashaydi. 1901-yil Myunxenda yashab yurgan chogʻida u fizika boʻyicha birinchi Nobel mukofoti sovrindori boʻlganini eshitadi. Nobel mukofotidan soʻng olim birin-ketin dunyoning turli mamlakatlarida koʻplab ilmiy mukofotlar bilan taqdirlanadi. Vilgelm Rentgen tabiatan kamtar, uyatchan inson boʻlgan, shuning uchun ham oʻziga koʻp eʼtibor qaratishni yoqtirmagan. U 1872-yilda oʻzi yashagan pansionat egasining qiziga uylangan. Uning oʻz farzandi boʻlmagani tufayli 1881-yilda oʻzining 6 yoshli jiyanini asrab oladi. 1920-yilda Rentgen rafiqasidan ajralib qoladi va bu orada nafaqaga ham chiqadi. Bugungi kunda ushbu buyuk olimning nomi uskuna nomlarida, fizika boʻlimlarida va ilmiy kategoriyalarda saqlanib kelmoqda.



Muqova suratlar: biographe.ru / wikipedia.org