Orqaga

941 marta koʻrilgan

1616–1669

Rembrandt

Rembrandt Harmens Van Reyn nafaqat Gollandiya, balki jahon rassomchiligida ham alohida oʻrin tutadi. Boshqa rassomlardan farqli oʻlaroq, u oddiy odamning ichki dunyosini ochib berishga, uning murakkab hissiy kechinmalarini yetkazib berishga muvaffaq boʻlgan, buyuk rassom hisoblanadi. U Niderlandiyaning Leyden shahrida, tegirmonchi Harmens van Reyn oilasida dunyoga kelgan. Rembrandt juda erta rasm chizishni boshlagan. Farzandining rassomchilikka iqtidori borligiga qaramay, ota-onasi uni Leyden universitetiga oʻqishga kirishga majbur qiladi. Rembrandt u yerda bor-yoʻgʻi 3 yil oʻqigach, universitetni tashlaydi va mashhur rassom — Yan Svanenburg ustaxonasiga shogirdlikka tushadi. Svanenburg qoʻlida 3 yil oʻqib, Amsterdamda ham yana 2 yil amsterdamlik rassom Piter Lastmandan rassomchilik sirlarini oʻrganadi.

Bu vaqtda Rembrandt keyinchalik koʻp yillar davomida uning doʻsti va hamrohiga aylangan rassom Yan Livens (1607—1674) bilan tanishadi. U bir necha oy davomida oʻsha davrning taniqli rassomlari — aka-uka Yan va Yakob Pinaslardan ham tahsil oladi. Koʻp yillik izlanishlardan soʻng Rembrandt doʻsti Livens bilan Leydenga qaytib keladi. Rassomlar birmuncha vaqt mobaynida oʻz umumiy ustaxonalarida ijod qilgan. Aynan oʻsha yerda Rembrandtning birinchi yirik asarlari chizildi, ular Injil mavzularidagi “Ibodatxonaga olib kelish” (1628) surati, shuningdek, yaqinlarining va ilk mijozlarning buyurtmalari edi.

Rassomlikdan tashqari u ofort (oʻyma sanʼat) bilan ham shugʻullangan va bu texnikani sezilarli darajada mukammallashtirishga erishgan. 1632-yilda Rembrandt Amsterdamga keldi va u yerda tez orada goʻzal Saskiya Van Eylenburgga uylanadi. XVII asrning 30-yillari uning hayotida eng baxtli va eng tinch davr boʻlgan. Portretlarga buyurtmalar soni doimiy ravishda oshib borardi. Rembrandt, ayniqsa, guruh portretlarini chizishda muvaffaqiyat qozondi. Eng yaxshi portretlardan biri, oʻsha davrning mashhur olimi doktor Tyulp portreti edi. Rassom uni anatomik teatrda talabalar qurshovida chizgandi. Rembrandtning shuhrati asta-sekin oʻsib borib, hatto shogirdlari paydo boʻla boshladi. Shunday shogirdlaridan biri mashhur golland rassomi Gerard Dau (1613—1675) boʻlib, u 1628-yilda Rembrandt qoʻlida tahsil olgan.

Rassom guruh portretlaridan tashqari rafiqasi Saskiyaning bir qator portretlarini ham aynan shu davrda chizgan. Saskiya Rembrandtning eng sevimli modeli edi. Rembrandt Saskiyani oʻgʻli Titus tugʻilishidan biroz oldin “Flora” kartinasida tasvirlagan edi. “Saskiya bilan avtoportret” kartinasi (1634) ham oʻziga xos ahamiyatga ega. Rassom mazkur kartinada qoʻlida qadah bilan suratga tikilganlarga oʻgirilib, goʻyo tomoshabinlar bilan oʻzining cheksiz quvonch va baxtini baham koʻrishni istaganini tasvirlagan. Oʻz portretlarida Rembrandt rang va soyalardan foydalanishning mutlaqo yangi tamoyillarini kashf etdi. Masalan, “Tungi tomosha” (1642) kartinasida u barcha ishtirokchilarni bir qatorda anʼanaviy joylashtirishdan voz kechdi. Unda mijozlar guruhi mashʼalalarning notekis yorugʻligi bilan yoritilgan maydonga kirgandagi holati tasvirlangan. Natijada gʻayrioddiy guruh portreti emas, dinamik va ishonarli sahna asari paydo boʻldi.

“Tungi tomosha” (1642) kartinasi / wikipedia.org

Ammo buyurtmachilar bu yangilikni qabul qila olmadi va rassomdan har birining yuzini yaxshilab chizib chiqishni talab qildi. Hammasi yaxshi ketayotgan bir paytda – 1642-yilda Rembrandt katta baxtsizlikni boshdan kechirdi: uning sevimli rafiqasi Saskiya vafot etdi. U oʻz jufti haloliga munosabatini “Muqaddas oila” (1645) portretida ham ifodalagan. Ajablanarlisi shundaki, bu suratni chizishda Rembrandt ochiq ranglardan foydalangan. U shu tariqa hayot va oʻlim bir, barcha odamlar esa bir kun kelib osmonda birlashishiga ishonishini bildirgan.

Rembrandt ijodining yana bir oʻziga xosligi shundaki, unda Injil va mifologik mavzular ustun turadi. Uning eng beqiyos kartinasi “Danaya” boʻlib, unda rafiqasi Saskiya – model, xizmatkor rolida esa rassomning oʻzi tasvirlangan. Toʻshakda yotgan holatda eng gullab-yashnagan davrini yashayotgan yosh ayolni tasvirlagan Rembrandt bu surat bilan borliq quvonchi, yashashning har bir kunidan zavqlanish kerakligini yetkazishni istagan. Rembrandt kabi yalangʻoch tana suratini asosan uning izdoshlari asarlarida koʻrish mumkin.

Vaqt oʻtib, 1650-yillarda Rembrandt ikkinchi marta uylandi. Uning bu safargi rafiqasi Xendrikye Stoffels ham bir qator janrdagi kartinalari uchun modellik qilgan. Rembrandt tez-tez oʻz suratini chizardi, aynan yashirin avtobiografiya uning ishini boshqalardan ajratib turardi. Qizigʻi shundaki, u yillar davomida tashqi koʻrinishidagi oʻzgarishlarni sinchiklab kuzatib, oʻz kartinalariga tushirib borgan birinchi rassom edi.

1658-yilda Rembrandt nochor qarzdor deb eʼlon qilindi. Qarzlarni toʻlash uchun u uyini sotib, Amsterdam chekkasiga koʻchib oʻtishga qaror qildi. U hayotining soʻnggi 10 yilini oʻsha yerda oʻtkazdi. Aynan oʻsha davrning asosiy surati “Adashgan oʻgʻilning qaytishi” (1669) boʻldi. Ushbu suratda Rembrandt ota qiyofasida oʻzini tasvirladi, ammo adashgan oʻgʻil qiyofasida ham oʻzining sifatlari seziladi. Rassom jismonan keksaligiga qaramay, koʻngli hali ham yosh edi va bu asosiy gʻoyani oʻzining soʻnggi vidolashuv kartinasida aks ettirgan. Fojiali holatda yolgʻiz, hamma tashlab ketgan Rembrandt, afsuski, juda muhtojlikda vafot etadi va kambagʻallar qabristoniga dafn qilinadi.



Muqova suratlar: veryimportantlot.com / pro100-mica.livejournal.com