Orqaga
1880-yil Quloqchinlar tarixi va kelib chiqishi haqida ma'lumot.

1327 marta koʻrilgan

1880-yil

Quloqchinlar tarixi

Hashamatdan tortib to zaruratgacha, hech kim bugungi kunda kamida bitta eshitish vositasiga (quloqchin) ega boʻlish zarurligini inkor etolmaydi. Darhaqiqat, naushniklar (quloqchin) sanoati faqat 2020-yilning oʻzida 34,8 milliard dollar daromad qildi yoki bir yilning oʻzida 514,5 million dona naushnik sotildi. Garchi asl naushnikdan foydalanish musiqa tinglash bilan bogʻliq boʻlmasa ham, u bizning hayotimizda deyarli 140 yildan beri mavjud va ular paydo boʻlgan kunidan beri sezilarli darajada rivojlangan. Ularning maqsadi va foydalanish usulidan qatʼi nazar, quloqchinlar hayotimizning oʻta muhim qismiga aylangan va ularga boʻlgan muhabbatimiz oʻn yillar davomida ortib bormoqda.

Bugungi kunda koʻchaga hech kim naushniksiz chiqolmaydiganga oʻxshaydi. Toʻliq oʻlchamli naushniklar yoki quloq ichiga qoʻyiladigan quloqchinlar boʻlishidan qatʼi nazar, ular har bir zamonaviy insonning majburiy aksessuari hisoblanadi. Ularning barchasi oʻz maqsadi, ovozli belgisi va foydalanish usuliga ega. Ammo boshqa har qanday texnologiya singari, quloqchinlar ham bir kechada katta sanoatga aylanib qolmadi. Bu texnologiyani bugungi kunda biz biladigan miniquloqchinga aylantirish uchun oʻnlab yillar davomida qilingan innovatsiyalar kerak boʻldi va bu juda qiziqarli hikoya.

Eshitish vositalarining dastlabki avlodlaridan biri 1880-yillarning boshlarida paydo boʻlgan. Telefon operatorlariga qoʻngʻiroqlarni qabul qilish va oʻtkazishda qoʻlsiz foydalanish mumkin boʻlgan ovoz kuchaytirgich kerak edi. Bunga yechim esa yelkaga taqiladigan kolonka shaklida vujudga kelgan. Bu katta va besoʻnaqay kolonkalar 10 fut (4,5 kg) ogʻirlikda boʻlgan.

Fransuz muhandisi Ernest Merkadye 1891-yilda quloq ichiga joylashadigan naushniklarni ishlab chiqarganidan soʻng naushnik texnologiyasi bir pogʻona yuqoriga siljidi. Ular bugun biz ishlatayotgan quloqchinlarga oʻxshardi, faqat biroz kattaroq edi xolos. Bundan tashqari, yuqorida aytib oʻtilgan katta kolonkalardan farqli oʻlaroq, ancha yengilroq dinamiklari mavjud edi.

1880-yil Quloqchinlar tarixi va kelib chiqishi haqida ma'lumot.

Merkadye yaratgan quloqchinlar / headphonesty.com

Telefon liniyalari 1880-yillarning boshlarida qoʻngʻiroq qilishdan koʻra koʻproq narsa uchun ishlatilgan. Kompaniyalar aslida telefon liniyalari orqali musiqiy dasturlarni efirga uzatishardi va odamlar ularni radiopriyomniklar orqali tinglashi mumkin edi. Britaniyaning telekommunikatsiya kompaniyasi boʻlmish Electrophone Company 1895-yilda elektrofon ishlab chiqarish orqali buni bir qadam oldinga siljitdi.

Ushbu naushniklar toʻplami stetoskopga juda oʻxshardi, naushniklar Y shaklidagi tutqichga biriktirilgan edi. Bu tutqich iyak ostida osilib turardi. Tutqichning pastki qismidan sim oʻtib, toʻgʻridan toʻgʻri telefon liniyasiga ulanardi. Keyin telefon kompaniyasi musiqani toʻgʻri naushnikka uzatardi. Birinchi marta naushniklar musiqa tinglash uchun ishlatilgan. Naushniklar 1910-yilda oʻziga xos shakl omiliga ega boʻldi. Nataniel Bolduin ismli ixtirochi quloqqa oʻrnatiladigan kolonkalarni (karnay) yaratdi va ularni sinovdan oʻtkazish uchun AQSh dengiz flotiga yubordi. Bolduinning naushniklaridan hayratga tushgan dengiz floti u bilan biznesga kirishishga rozi boʻldi. Oʻsha paytdan boshlab, dengiz floti aloqa uchun Bolduinning naushniklaridan foydalangan.

1880-yil Quloqchinlar tarixi va kelib chiqishi haqida ma'lumot.

Nataniel Bolduin tomonidan yaratilgan zamonaviy minigarnituralarning birinchi juftligi / headphonesty.com

Elektrofonlardan farqli oʻlaroq, Bolduinning naushniklari xuddi zamonaviy naushniklar kabi boshning tepa qismida turardi. Naushnikning har ikki eshitish qismida alohida ulagichga ulanadigan sim bor edi. Garchi bu dizayn biz hozir ishlatayotgan naushniklar uchun asos boʻlgan boʻlsa-da, Bolduin uni hech qachon patentlamagan (garchi dengiz floti uni bunga undagan boʻlsa ham).

Stereo audioning joriy etilishi 1957-yilda kuzatildi. Shu paytga qadar quloqchinlarda ikkita karnay bor boʻlsa ham, har bir karnay orqali bir xil aniq signal oʻtadi. Stereo audio toʻliq oʻlchamli dinamiklar (kalonka, ovoz kuchaytirgich) bozorida mashhurlikka erishayotgandi, ammo bu texnologiyadan foydalanish uchun stereo quloqchinlar yoʻq edi. Harbiy darajadagi quloqchinlar orqali stereofonik tovushni eshitgach musiqachi va tadbirkor Jon Koss juda hayratda qoldi. Stereofonik fonograf yaratganidan soʻng u doʻstlari bilan Koss SP/3 stereo quloqchinlarini yaratdi. Oʻsha paytdan boshlab stereofonik quloqchinlar juda mashhur boʻlib, sanoatda standart boʻlib qoldi.

Odamlar 60–70-yillarga kelib portativ (oʻzi bilan olib yursa boʻladigan, ixcham) musiqani sinab koʻra boshlashdi. Bu vaqt mobaynida kompaniyalar ichiga radio qabul qiluvchilar oʻrnatilgan eshitish vositalarini ishlab chiqarishni boshladi. Afsuski, ular koʻchma boʻlishiga qaramay, hamon katta va besoʻnaqay edi. Shunga qaramay, ushbu radio naushniklar Walkman bozorlarni egallaguniga qadar tinglovchilarini saqlab qoldi. Sony Walkmanʼning fenomenal (ulkan darajadagi) mashhurligi eshitish vositalarining yangilanish davrini boshlab berdi. Sony butun faoliyati davomida 400 mlndan ziyod mahsulot sotdi va bu boylikning katta qismi naushniklar bozoriga toʻgʻri keldi. Har kimda Walkman bor boʻlishi va shu tariqa har bir kishi eshitish vositasiga ega boʻlishi kerak edi. Bundan avval naushniklar juda katta va qoʻpol boʻlgan. Ammo Walkmanʼning taqdim etilishi naushniklar uning portativligiga mos keladigan darajada ingichkalashishiga olib keldi.

80-yillarda portativ musiqa pleyerining jadallashuvi paytida dunyo quloqchin paydo boʻlishining guvohiga aylandi. Bu kichkina quloqchinlar quloq kanaliga sigʻadigan darajada kichik edi. Eshitish vositalarining kichik oʻlchamlari tufayli kompaniyalar ularni 90-yillarda portativ musiqa pleyerlari bilan birga qadoqlagan. Garchi 90-yillarda quloqchinlar bozori mavjud boʻlgan boʻlsa-da, ular 2000-yillarning boshlariga qadar mashhurlikka erisha olmagan edi. 2001-yilda Apple oʻzining muvaffaqiyatli iPod qurilmasi bilan birga quloqchinlarni ham sotdi. Barcha eng yaxshi MP3 pleyerlarning muvaffaqiyati — quloqchinlarni koʻproq quloqqa oʻrnatishga yordam bergani boʻldi.

2000-yillarning oʻrtalarida Bluetooth quloqchinlari paydo boʻldi. Bluetooth texnologiyasi 90-yillarning oxiridan boshlab simsiz quloqchinlar bilan ishlatilgan, ammo faqat bitta quloq uchun moʻljallangan edi. 2004-yilda ikkala quloq uchun birinchi haqiqiy Bluetooth quloqchinlari taqdim etildi. Ular radionaushniklar kabi simsiz holatda ovoz uzatardi, lekin ancha kichikroq va foydalanish uchun qulay boʻgan. Keyin Bluetooth quloqchinlari naushniklar sanoatini egallab oldi va oddiy isteʼmolchilar uchun mashhur boʻldi.

Bluetooth texnologiyasi naushniklarda toʻxtamadi. Bluetooth quloqchinlari sahnaga chiqqanidan bir necha yil oʻtgach, quloqchinlar sanoati ham Bluetooth erishgan muvaffaqiyatlardan “ilhomlanib” harakat qildi. Bluetooth quloqchinlarining birinchi versiyasida ikkala naushnikni ham bogʻlaydigan sim mavjud edi. Sim boʻyinning oldida yoki orqasida turardi. 2015-yilda Bluetooth quloqchinlari simdan butunlay voz kechib, haqiqiy simsiz quloqchinlar atamasini qabul qildi. Yaponiyaning Onko kompaniyasi Onkyo W800BTʼni 2015-yil sentabr oyida taqdim etdi. Ular boshqa brendlar uchun simsiz quloqchinlarni ishlab chiqarishga yoʻl ochgan boʻlsa-da, W800BT oʻz muammolariga duch keldi. Ular yomon ulanish va yomon batareya quvvatidan aziyat chekdi. Qanday boʻlmasin, barcha eng yaxshi naushniklarning ildizi Onkyo W800BT quloqchinlariga borib taqaladi.

Eshitish vositalari 1800-yillarning oxiridan beri uzoq yoʻni bosib oʻtdi. Ogʻir vaznli oʻn funtlik moslamalardan tortib yengil quloq karnaylarigacha boʻlgan masofani bosib oʻtgan naushniklar vaqt oʻtishi bilan oʻzgarib, rivojlanib bordi. Endi naushniklar har qanday texnologiyani biladigan odamning texnologik toʻplami muhim qismiga aylanib ulgurdi. Shunday qilib, qanday innovatsiyalar naushniklar texnologiyasini yanada ilgari surishini tasavvur qilishimiz qiyin bo‘lsa-da, ulardan hayratlanmaslikning imkoni yoʻq.



Manba: makeuseof.com
Muqova surat: pexels.com