Orqaga
Qahva Sharqiy Afrikada, hozirgi Efiopiya davlati hududida kashf qilingan.

1080 marta koʻrilgan

XV asr

Qahva tarixi

Qahva Sharqiy Afrikada, hozirgi Efiopiya davlati hududida kashf qilingan. Mashhur afsonaga koʻra, Kaldi ismli choʻpon bir narsani sezib qoladi, yaʼni echkilari maʼlum bir buta mevasini isteʼmol qilsa, oʻta harakatchan boʻlib qolar edi. Bu holatga qiziqqan Kaldi oʻzi ham shu mevani tatib koʻradi va mevalar unga ham tetiklantiruvchi quvvat beradi.

Shundan soʻng quvvatlantiruvchi meva haqidagi yangilik butun mintaqa boʻylab yoyiladi. Qahva mevalari Efiopiyadan Arabiston yarimoroliga keltiriladi. Ushbu gʻayrioddiy meva ilk marotaba bugungi Yaman davlati hududida xonaki tarzda yetishtirila boshlaydi. Arab davlatlari avvaliga qahvani boshqalardan sir tutadi. Keyinchalik Turkiya, venetsiyalik savdogarlar orqali esa Yevropa aholisi ham mazkur quvvatbaxsh oʻsimlikdan bahramand boʻladi.

Qahva Sharqiy Afrikada, hozirgi Efiopiya davlati hududida kashf qilingan.

Usmonli turklar imperiyasida qahvaxoʻrlik. Nomaʻlum rassom tomonidan chizilgan surat / wikipedia.org

Qahva avvaliga ovqat sifatida isteʼmol qilingan. Keyinchalik Arabistonda qahva donlari qaynatilib, ichimlik tayyorlangan. Bu ichimlik narkotik taʼsiri hamda shifobaxshligi uchun qadrlangan. Qahva alkogol ichish taqiqlangan musulmonlar orasida bir muddat arab vinosi nomi bilan ham tanilgan. Oʻsha vaqtlari qahva faqatgina ovqat, ichimlik hamda dori-darmon sifatida isteʼmol qilingan. Biroq bir kuni Turkiyadagi qahvaxoʻrlar mutlaq tasodif yordamida qovurilgan qahva donlaridan mazali ichimlik tayyorlash mumkinligini sezib qoladi. Ular qovurilgan donlarni maydalab, suvda qaynatgan. Shu tariqa bugungi kunda koʻpchiligimiz sevib isteʼmol qiladigan ichimligimiz paydo boʻldi. Yevropadagi ilk qahvaxona XVII asrda ochiladi. 1675-yilda venaliklar qahvani qayta ishlash odatini shakllantiradi. Buning uchun ular qahvani filtrlab, unga shakar va ozroq sut qoʻshgan.

Qahva daraxtining naq 60 ga yaqin turi Afrika, Malayziya va boshqa hududlarda yovvoyi holda oʻsadi. Ammo uning atigi 10 turi insonlar tomonidan yetishtiriladi. Ana shu 10 ta turdan 2 tasi — Arabika va Kanefora (Robusta deb ham ataladi) qahvalari deyarli butun dunyo boʻylab eng koʻp ishlab chiqariladigan turlar hisoblanadi. Ekologik tafovutlar tufayli qahva yetishtiriladigan turli mamlakatlarda bu ikki tur yana koʻplab ost-turlarga boʻlinib ketgan.

Qahva Sharqiy Afrikada, hozirgi Efiopiya davlati hududida kashf qilingan.

Falastinlik ayollar qahva maydalashmoqda, 1905-yil / wikipedia.org

Yovvoyi qahva oʻsimligi 10-12 metrga choʻzilsa-da, plantatsiyalarda yetishtiriladigan qahva taxminan 4 metrgacha oʻsadi. Yovvoyi qarindoshlaridan ancha past boʻlgani uchun daraxtning gullashi hamda undan hosil yigʻib olish ancha oson, yetishtirish esa tejamliroq hisoblanadi. Yoqimli hidga ega oq gullari ispan jasminiga oʻxshab ketadi. Gul toʻkilganidan soʻng izidan qizgʻish, qoramtir meva paydo boʻladi. Bir qarashda oʻlchami va rangi bilan olchani eslatadigan bu mevaning eti (mezokarp) oq shirin shilimshiq boʻlib, yupqa qizil poʻst (epikarp) bilan oʻralgan. Et ichida loviya shaklidagi ikkita urugʻ tekis yuzalari bilan bir-biriga yopishib turadi. Urugʻ, oʻz navbatida, pergamentsimon, tillarang-sargʻish qatlam (endokarp) bilan qoplangan boʻladi. Qatlam archilganidan soʻng ichidan yupqa kumushrang plyonkaga oʻralgan urugʻning oʻzi koʻrinadi. Urugʻning oʻzi koʻkimtir-yashil, bronzaning rangiga yaqin, boʻyiga 11 mm, eniga esa 8 mm ga yetadi.

Qahva Sharqiy Afrikada, hozirgi Efiopiya davlati hududida kashf qilingan.

Kofe oʻsimligi yetishtirilgan maydon / wikipedia.org

Qahva oʻsimligidan samarali hosil olish uchun maxsus sharoitlar zarur. Xususan, qahva iqlim issiq va nam, shuningdek, issiq hamda moʻtadil boʻlgan, harorati 15-25 °C oraligʻida boʻlgan, tez-tez yomgʻir yogʻadigan shimoliy va janubiy tropik hududlarda yetishtirilishi kerak. Tuprogʻi chuqur, qattiq, suv oʻtkazuvchan boʻlishi lozim. Tepalik va yaqinda ishlov berilgan oʻrmonlar qahva plantatsiyasi uchun eng qulay yer sanaladi. Balandlikka keladigan boʻlsak, qahva oʻsimligi odatda dengiz sathidan 600-1200 m da, baʼzi navlar esa hatto 2000-2200 m balandlikda oʻstiriladi. Shuni taʼkidlash kerakki, qahva oʻsimligi har bir bosqichda himoyaga muhtoj. Urugʻlar avvaliga maxsus koʻchatzorga ekilib, 6 oydan soʻng yomgʻirlar mavsumida plantatsiyaga koʻchiriladi. Shamol hamda ortiqcha quyosh nuridan himoya qilish maqsadida qahva oʻsimligi boshqa oʻsimlik bilan oralatib ekiladi. 5 yildan soʻng oʻsimlik muntazam hosil berishga tayyor boʻladi. Bir tup arabika 0,4-2 kg, robusta esa 0,6-2 kg oraligʻida qahva donlarini beradi.

Qahva Sharqiy Afrikada, hozirgi Efiopiya davlati hududida kashf qilingan.

Kofe arabika oʻsimlik va urugʻlari tasviri / wikipedia.org

Hosil vaqti mamlakatlarning geografik joylashuviga qarab kattagina farq qiladi. Avvalambor, terimchilar pishgan urugʻni terib oladi. Ular bir kunda 110—140 kg gacha qahva mevasini saralab, yigʻib olishi mumkin. Kun soʻngida terimchilar ogʻir xaltalarini tegirmonga olib boradi. Tegirmonda meva etidan ajratiladi. Soʻng urugʻ fermentatsiya jarayoni uchun tuni bilan toza yomgʻir suviga solib qoʻyiladi. Ertasi kuni nam urugʻlar quyosh issig‘ida qurishi uchun qoʻlda maxsus polga terib chiqiladi. Quritish jarayoni quyoshli kunlarning miqdoriga qarab 1—2 haftani talab qiladi. Qahva donlari bir tekis qurishini taʼminlash maqsadida tez-tez aylantirib turiladi. 2 hafta quyoshda qurigan urugʻlar pergament qahva deb ataladi. Pergament qahva yigʻib olinib, maydalashga olib ketiladi. So‘ngra ishchilar ulkan tegirmonlar yordamida don ustidagi pergamentsimon va kumushrang poʻstni olib tashlab, qovurish jarayoniga tayyorlaydi. Qahvaning yashil donlari mijoz xohishiga koʻra qovurilib, sovutiladi. Tayyor donlar qadoqlanib, mijozga yetkazib beriladi.



Muqova surat: freepik.com