17
Ulashish
860 marta koʻrilgan
m. a. 3500-yil
Qadimgi yozuvning kelib chiqishi
Shumerlar, yaʼni ibtidoiy davrlarda Oʻrta Sharqda yashagan xalq 5 000 yil ilgari oʻz yozuviga ega boʻlgan. Hikoya qilinishicha, Uruk shahri (hozirgi Iroqning Varka shaharchasi hududidagi qadimiy shahar) ning shohi oʻz saroyida oʻtirgan edi. Uning elchisi uzoqdan xabar olib keladi. Ammo elchi shu qadar charchagan edi-ki, gapirishga ham holi boʻlmaydi. Shundan soʻng shoh xabarlarini loy taxtachaga yozib joʻnatadigan boʻldi. Afsona qiziq boʻlsa-da, biroz mantiqsizlik ustiga qurilgandi. Yozuv endi paydo boʻlgan vaqtda xatni qabul qilgan odam oʻqishni qayerdan ham bilsin?!
Bundan tashqari, olimlarning fikricha, eng qadimiy yozuv ogʻzaki nutqni toʻgʻridan toʻgʻri aks ettirmagan. Yozuv avvaliga muloqotning alohida ramziy tizimi sifatida shakllangan, keyinchalik esa ogʻzaki til bilan birlashib ketgan boʻlishi mumkin.
Ammo yuqoridagi hikoyada Mesopotamiya (hozirgi Iroqning janubiy qismi) da yashagan shumerlar yozuvning inqilobiy ahamiyatini anglab yetganini koʻrish mumkin. Pensilvaniya universitetining qadimgi fanlar markazi direktori Doktor Holli Pitman qayd etganidek, yozuv maʼlumotlarni vaqt va makon uzra ulashish, saqlash ehtiyojidan kelib chiqqan. Olimlar hali ham maʼlumot va fikr almashishda yozuv qanday qilib, asosiysi nega paydo boʻlganini izohlovchi qoniqarli javob topa olgani yoʻq. Koʻpchilik yozuvning kelib chiqishini vizual sanʼat rivoji bilan bogʻlashni maʼqul koʻradi. Ularning fikricha, ibtidoiy odamlar chizgan suratlar bora-bora mavhumlashib, axiyri ogʻzaki nutqdagi soʻzlarni ifodalay boshlagan. Bu qarash arxeologlar orasida keng tarqalgan nazariyaga zid edi. Bu nazariyaga koʻra, yozuv shumer hisobchilaridan kelib chiqqan. Ular tovarlarni belgilab qoʻyishda sopol boʻlaklaridan foydalanishni odat qilgan edi.
Yozuv avval bir joyda paydo boʻlganmi yoki mustaqil tarzda Misr, Hind vodiysi, Xitoy, Meksika va Markaziy Amerika kabi bir qancha hududda shakllanganmi — bu haqida arxeologlar hali bir toʻxtamga kelgani yoʻq.
Koʻplab arxeologik maʼlumotlarga koʻra, ilk marotaba shaharlashgan shumerliklar miloddan avvalgi 3 200–3 300 yil ilgari yozuvdan foydalangan. Qadimiy Uruk shahri oʻrnida topilgan loy taxtachalarga yozilgan mixxat yozuvining aksariyati shu davrga borib taqaladi. Bu taxtachalarda hukumat va savdoga oid odamlarning ismi, joy va shunga oʻxshash boshqa narsalarning nomi tasviriy ramzlar bilan ifodalangan.
Shumer yozuvi sekinlik bilan mavhumlashib borgan boʻlsa-da, avvaliga ham ogʻzaki nutqni toʻgʻridan toʻgʻri aks ettirmas edi. Berlindagi Maks Plank nomidagi fan tarixi institutida shumer mixxati boʻyicha mutaxassis Piter Deymrou shunday deydi: “Dunyo boʻylab turli yozuv tizimlari bir-biriga oʻzaro taʼsir oʻtkazgan boʻlishi mumkin. Biroq yozuvning hozirda turfalashib ketganidan shuni anglash mumkin-ki, yozuv tillardagi tovushlarning oʻziga xos tomonlariga moslashgan”. Deymrouning fikricha, yozuv narsalarni rasm orqali ifodalashdan kelib chiqqan degan keng tarqalgan fikr xatodir. U yana qadimgi shumerlar yozuvi boʻyicha olib borilayotgan yangi tadqiqotlar ushbu talqinni shubha ostiga qoʻymoqda deya taʼkidlab oʻtadi. Masalan, bu qadimiy yozuvning tuzilishi ogʻzaki nutqqa mos kelmagan. Shumerlar yozma nutqda gap va hikoyalardan emas, balki roʻyxat va toifalardan foydalangan.
AQShdagi Texas universiteti arxeologi doktor Denis Shmant Besserat ilk yozuv bevosita Shumer hisobchilari ishlatgan tizimdan paydo boʻlganini 20 yildan koʻp vaqt davomida taʼkidlab kelmoqda. Turli shaklda ishlov berilgan bu taxtachalar moy idishi, don solingan quti yoki maʼlum turdagi chorva molini anglatgan. Loy taxtalar, oʻz navbatida, loy sharlar ichiga joylanib, soni va turi sharning tashqi tomoniga qayd etilgan.
Koʻpchilik Doktor Shmant Besseratni qoʻllab-quvvatlasa-da, baʼzi tilshunoslar uning ishini soʻroq ostiga oladi. Doktor Pittman va uning hamfikrlari esa buni juda ham tor oʻylangan deb hisoblaydi. Ularning fikricha, surat bilan tasvirlash va yozuv bir vaqtning oʻzida rivojlangan. “Sopol boʻlaklari tizimi yozuvning asosi ekaniga shubha yoʻq, lekin sopol boʻlaklari va belgilar oʻrtasidagi bogʻliqlik boʻyicha Shmant Besseratning fikriga qoʻshilmayman. U rasmning yozuvga aylangan jarayonni yaxshilab tadqiq qilayotgani yoʻq”, — deydi Doktor Pittman.
Shmant Besserman esa oʻz gʻoyalarini qattiq himoya qilmoqda: “Hamkasblarim rasmni yozuvning boshlanishi sifatida koʻradi. Ammo menga yozuvdagi belgiga aylangan birorta belgini koʻrsata olasizmi? Ular yana kulolchilik namunalaridagi naqshlarni ham yozuvning asosi ekanini aytadi. Biroq kelib chiqishi qozonga borib taqaladigan birorta yozuv belgisini koʻrganmisiz? Unday belgi mavjud emas”. Shmant Besseratning fikricha, mixxat yozuvi dastlabki 500 yil davomida faqatgina iqtisodiy maʼlumotlar uchun ishlatilgan, keyinchalik uning ishlatilish sohasi kengayib borgan.
Shunga qaramay, boshqa olimlar boshqa fikrni ilgari surmoqda.
AQShdagi Michigan universitetining Yaqin Sharq tamadduni boʻyicha professori doktor Pyotr Mixaylovskiy Shumerlarning ibtidoiy yozuvi oʻtmishdagi variantidan tubdan farq qiladi, degan fikrni bergan. Yozuv maʼlumotni saqlash va aloqa qilish uchun xizmat qilgani aniq, lekin ayni vaqtda yangi kuch vositasiga ham aylangan. Baʼzi olimlar yozuvning kelib chiqishini har doim ham iqtisodiyotga bogʻlayvermaydi. Misrdagi eng qadimgi yozuvlar haykal yoki tobutlarda uchragan. Parij universiteti doktori Paskal Vernusning aytishicha, bu holda yozuv muqaddas ahamiyatga ega boʻlgan. Xulosa qiladigan boʻlsak, bu soha hali ham javobini kutayotgan savollarga toʻladir.
Muqova surat: freepik.com