Orqaga
Qadimgi Olimpiya oʻyinlari tarixi va kelib chiqishi.

1269 marta koʻrilgan

m. a. 776–393

Qadimgi Olimpiya oʻyinlari

Qadimgi Olimpiya oʻyinlari bu — miloddan avvalgi 776-yildan 393-yilgacha boʻlgan davrda Yunonistonning Olimpiya shahrida oʻtkazilgan toʻrt yillik sport musobaqasi. Olimpiya o‘yinlari Zevsni sharaflaydigan diniy bayramning bir qismi bo‘lgan. Uning nomi yunon xudolarining uyi boʻlmish Olimp tog‘idan kelib chiqqan. O‘yinlar yunonlar hayotining asosiy qismi bo‘lib, katta ishlar, shu jumladan, urushlar ko‘pincha oʻyinlarga xalaqit bermaydigan qilib rejalashtirilar edi. Qadimgi Olimpiya o‘yinlarining dastlabki asrlarida musobaqalar bir kunda bo‘lib o‘tardi, ammo keyinchalik o‘yinlar to‘rt kunga taqsimlandi. Shundan so‘ng beshinchi kun sovrinlarni topshirish va chempionlar uchun ziyofat qilishga bag‘ishlanadigan bo‘ldi.

Qadimgi Olimpiya oʻyinlari tarixi va kelib chiqishi.

Olimpiya palestrasi, kurashchilar va boshqa sportchilarni tayyorlash uchun moʻljallangan joy, Gretsiya / wikipedia.org

Olimpiada oʻyinlari eramizning IV asr oxirlarida yakunlangan boʻlsa-da, unga boʻlgan qiziqish hanuzgacha soʻnmadi. XIX asr oxirida o‘yinlarni qayta jonlantirish uchun birgalikdagi saʼy-harakatlar boshlandi va 1896-yilda Afinada birinchi zamonaviy Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

Oʻyinning paydo boʻlishi

Oʻtmishda rejalashtirilgan atletika musobaqalari qachondan boshlab oʻtkazila boshlagani munozarali masala bo‘lib qolmoqda, ammo ular Yunonistonda deyarli 3 000 yil oldin sodir bo‘lgani aniq. Qadimiy kelib chiqishiga qaramay, miloddan avvalgi VI asrning oxiriga kelib, baʼzan “klassik o‘yinlar” deb ataladigan kamida 4 ta yunon sport festivali katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Olimpiyada (Yunonistondagi Olimpiya tekisligi) o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlari, Delfidagi Pif o‘yinlari, Nemeadagi Nemean musobaqasi va Korinf yaqinidagi Istmian o‘yinlari shular jumlasidandir. Keyinchalik Rim, Neapol, Odessa, Antioxiya va Iskandariya kabi 150 ga yaqin shaharlarda shunga o‘xshash festivallar o‘tkazila boshlandi.

Qadimgi Olimpiya oʻyinlari tarixi va kelib chiqishi.

Asrlar davomida Olimpiya. Diqqatga sazovor joylar: 2-Pritaneion (ijro etuvchi hokimiyat), 4-Gera ibodatxonasi (Gretsiyaning Olimpiya shahridagi qadimgi Arxaik yunon ibodatxonasi boʻlib, u yunon xudolarining malikasi Geraga bagʻishlangan), 5-Pelopion (Gretsiyadagi Olimpiya shahrining qadimiy joyidagi inshoot edi. Bu yunon mifologiyasidagi Pelopsning goʻyoki qabri edi), 10-Stadion, 15-Zevs ibodatxonasi, 20-Gimnaziya (Qadimgi Yunonistondagi gimnaziya ommaviy oʻyinlarda qatnashuvchilar uchun mashgʻulot oʻtkazish joyi sifatida ishlagan), 21-Palestra (mashgʻulotlari uchun oʻqitildi va bajarildi; yaʼni “kurash maktabi”), 26-Yunon vannalari (yunon hamomlari), 29-Leonidaion (Olimpiya oʻyinlarida qatnashadigan sportchilar uchun turar joy edi), 31-Bouleuterion (Kengash uyi – mahalliy qonun chiqaruvchi va boshqa yigʻilishlar uchun joy) / wikipedia.org

Yunoniston bo‘ylab o‘tkaziladigan o‘yinlar ichida Olimpiya o‘yinlari eng mashhuri edi. Har to‘rt yilda bir marta — 6-avgustdan 19-sentabrgacha bo‘lib o‘tadigan ushbu musobaqa Yunoniston tarixida shunday muhim o‘rin tutganki, antik davrning oxirlarida tarixchilar vaqtni mazkur voqea orasidagi interval bilan o‘lchagan. Olimpiya o‘yinlari deyarli barcha yunon o‘yinlari singari diniy bayramning ajralmas qismi edi. Ular Zevs sharafiga Peloponnesning shimoli-g‘arbiy qismidagi Elis shahar-davlati tomonidan muqaddas Olimpiada tekisligida o‘tkazilardi. Rekordlar ro‘yxatiga kiritilgan birinchi Olimpiya chempioni eramizdan avvalgi 776-yilda yaqin masofaga yugurish poygasida g‘olib chiqqan odam elislik oshpaz Korobus edi. Olimpiya o‘yinlari miloddan avvalgi 776-yildan ancha oldin boshlangan degan qarashlar tarixiy dalillarga emas, balki afsonaga asoslangan. Masalan, bir afsonaga koʻra, o‘yinlarga Zevs va Alkmenaning o‘g‘li Gerakl tomonidan asos solingan.

Musobaqalar

Maʼlum boʻlishicha, miloddan avvalgi 776-yildagi yig‘ilishda faqat bitta musobaqa bo‘lib oʻtgan, yaʼni bu Olimpiyadagi maxsus yoʻlakning bir uzunligini qamrab olgan piyodalar poygasidir. Ammo keyingi o‘n yilliklar davomida musobaqa tarkibiga boshqa bellashuvlar ham qo‘shilgan. “Stade” deb nomlanuvchi poyga taxminan 192 metr (210 yard) uzunlikka yugurishdan iborat edi. Stade so‘zi poyga o‘tkaziladigan trekka (maxsus yoʻlak) ham tegishli bo‘lib, zamonaviy inglizcha stadium so‘zining kelib chiqishi hisoblanadi. Miloddan avvalgi 724-yilda ikki uzunlikdagi poyga, taxminan 400 metrlik poygaga o‘xshash “diaulos” va to‘rt yil oʻtgach zamonaviy 1 500 yoki 5 000 metrga yugurish bilan taqqoslanadigan uzoq masofa poygasi bo‘lgan “dolichos” qo‘shildi. Kurash va beshkurash (yoki koʻpkurash) miloddan avvalgi 708-yilda paydo bo‘lgan. Koʻpkurash beshta turdan iborat bo‘ldi: uzunlikka sakrash, nayza uloqtirish, disk uloqtirish, oyoq poygasi va kurash.

Qadimgi Olimpiya oʻyinlari tarixi va kelib chiqishi.

Ushbu modelda qadimgi “Olimpiya oʻyinlari” ning markazi tasvirlangan, Britaniya muzeyi / wikipedia.org

Boks miloddan avvalgi 688-yilda, arava poygasi esa oradan 8 yil oʻtib paydo bo‘lgan. Miloddan avvalgi 648-yilda pankration — o‘ziga xos to‘siqsiz jang kiritilgan. Ushbu shafqatsiz musobaqa kurash, boks va ko‘cha janglarini birlashtirardi. Yiqilgan raqibni tepish va urishga ruxsat berilgan; faqat tishlash va oʻyib olish (raqibning ko‘ziga barmoq yoki bosh barmog‘ini suqish) taqiqlangan. Musobaqa jangchilardan biri mag‘lubiyatni tan olishi yoki hushidan ketishi bilan tugardi. Baʼzi hollarda raqiblar o‘yin davomida halok boʻlardi.

Miloddan avvalgi 632–616-yillarda o‘g‘il bolalar uchun oʻyinlar joriy etilgan. Va vaqti-vaqti bilan qo‘shimcha turlar, jumladan, sportchilar qisman zirhlarda yuguradigan piyodalar poygasi va jarchi hamda karnaychilar uchun musobaqalar qo‘shildi. Biroq dastur zamonaviy Olimpiadadagi kabi deyarli xilma-xil emas edi. Na jamoaviy o‘yinlar, na to‘p o‘yinlari bo‘lib o‘tardi va yengil atletika (kim oʻzar yoki atletika) musobaqalari to‘rtta yugurish musobaqasi va yuqorida aytib o‘tilgan beshkurash bilan cheklanardi. Qadimgi o‘yinlarning bir qismiga aylangan arava va ot poygalari stadion janubidagi ippodrom (otchopar maydoni yoki tomoshagoh) da o‘tkazilardi.

Qadimgi Olimpiya oʻyinlari tarixi va kelib chiqishi.

Eksedra stadionning janubiy qirgʻogʻida joylashgan Olimpiyada hakamlar uchun ajratilgan. Bugun aynan shu yerda Olimpiya alangasi bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarining birinchi mash’alchisiga topshirilmoqda / wikipedia.org

Aksariyat tadbirlarda sportchilar yalang‘och holda qatnashgan. Asrlar davomida olimlar bu amaliyotni tushuntirishga harakat qildi. Nazariyalar ekssentrik (jamiyat oldida ereksiyasiz kiyimsiz holda bo‘lish o‘zini tuta bilishlikni ifodalagan) dan tortib odatiy antropologik, diniy va ijtimoiy tushuntirishlarni oʻz ichiga olgan. Jumladan: (1) kiyimsiz namoyon bo‘lish (katta boʻlish yoki inson hayotidagi muhim bosqich) marosimini anglatardi, (2) ovchilik va terimchilik davridan beri saqlanib qolgan asorat boʻlgan, (3) yunonlar uchun sehrli kuchga ega bo‘lib, xavf oldini oladi deb ishonilgan va (4) ommaviy kiyimsizlik yuqori tabaqaning o‘ziga xos libosi edi. Tarixchilar shubhali nazariyalarni tushunishga harakat qildi, chunki uzoq vaqtdan beri yahudiy va nasroniy urf-odatlari hukmron bo‘lgan zamonaviy G‘arb jamiyatida agar janjal boʻlmasa, yalang‘och holda omma oldida raqobatlashish g‘alati tuyulardi. Shunga qaramay, qadimgi yunonlar bu jarayonni, ayniqsa, erkaklarning kiyimsizligini uyatli holat deb bilmagan. Shuning uchun yunoncha atletik jarayonni ko‘plab zamonaviy tushuntirishlar bilan izohlashga hojat yo‘q.

Olimpiya o‘yinlari erkin tug‘ilgan yunonlar uchun texnik jihatdan taqiqlangan edi. Ko‘plab yunon raqobatchilari Appenin yarimoroli, Kichik Osiyo va Afrikadagi yunon koloniyalaridan kelgan. Ishtirokchilarning aksariyati musobaqalar uchun to‘laqonli ravishda tayyorgarlik koʻrgan professionallar edi. Bu sportchilar ko‘plab boshqa, dastlabki festivallarda g‘alaba qozongani uchun katta mukofotlarga sazovor bo‘lgandi. Olimpiada yagona sovrini faqatgina gulchambar bo‘lsa ham, Olimpiya o‘yinlari chempioni o‘z shahrida keng maqtovga loyiq koʻrilar va katta imtiyozlarga ega bo‘lardi.



Manba: britannica.com
Muqova surat: pixabay.com