5
Ulashish
933 marta koʻrilgan
m. a. 840-yil
Qadimgi davrlarda kosmetika
Kosmetika va parfyumeriya mahsulotlari bugungi kunda ham keng qo‘llanib kelinayotgani sababli ularga nisbatan qadimgi davrdagi munosabat, urf-odat va e’tiqodlarni hozirgi davr va zamonamizdagilar bilan solishtirib ko‘rish barchaga qiziq tuyuladi. Kosmetika va parfyumeriya sivilizatsiya vujudga kela boshlaganidan beri mashhur bo‘lgan. Bu miloddan avvalgi 3000 yillikka oid ko‘plab tegishli arxeologik materiallarning topilishi bilan belgilanadi. Mozaika (koshin, tosh, yogʻoch, marmar, metall boʻlaklaridan ishlangan tasvir, naqsh), atir uchun shisha flakon, tosh idish, pech, kostryulka, sopol idish va boshqa baʼzi buyumlar hunarmandlar qoʻl mehnati bilan tayyorlangan. Dalillar Injil va boshqa klassik solnomalarda ham uchraydi, unda ziravor va atirlar qadimgi dunyoda mashhur bo‘lgan va shoh hamda shahzodalar orzu qilgan nomdor mahsulotlar ekani yozib qoldirilgan. Yozma va tasviriy tavsiflar, shuningdek, arxeologik topilmalar qadimgi odamlar hayotida tana parvarishi va estetik ko‘rinish qanchalik muhim bo‘lganini ko‘rsatadi. Dalillar zanjiri ko‘p asrlarni qamrab olgan bo‘lib, tarixning eng qadimgi davridan boshlab turli madaniyatlarda kosmetikadan foydalanishni batafsil bayon qiladi.
Antik davrda kosmetika hech bo‘lmaganda diniy marosimlar va davolash maqsadlarida ishlatilgan. Kosmetika kultik (maʼlum bir narsa yoki buyumlarga sigʻinib hurmat bajo keltiruvchi din tizimi) ibodat va jodugarlik bilan ham bog‘liq boʻlgan. Turli xudolarni tinchlantirish uchun haykalchalar tasviriga va hatto uning xizmatchilariga xushbo‘y moylar surtilgan. Shundan boshlab vaqt o‘tishi bilan yuz va tana go‘zalligini oshirish, nuqsonlarni yashirish uchun kosmetika mahsulotlaridan shaxsiy maqsadlarda foydalanish odati paydo bo‘ldi.
Parfyumeriya va xushbo‘y ziravorlar antik davrda qimmatbaho tovarlar bo‘lib, talabgir edi va baʼzida ularning qiymati hatto kumush va oltindan ham oshib ketgan. Shuning uchun ular hashamdor mahsulotlar bo‘lib, asosan ibodatxonalarda va zodagon-u boylarning uyida ishlatilgan. Yahudiya shohlari ularni gʻaznaxonalarda saqlagan. Sheba malikasi Sulaymonga ziravor yuklangan tuyalar, ko‘p miqdorda oltin va qimmatbaho toshlar olib kelgani haqida manbalar mavjud. Biroq vaqt o‘tishi bilan kosmetikadan foydalanish o‘sha davrning odatiga aylandi. Kosmetikadan foydalanish quyi tabaqalar orasida ham, boylar orasida ham keng tarqaldi. Shunday qilib, ular choʻmilib boʻlgach, terini yumshatuvchi moddalar bilan tanani parvarish qilish, xushbo‘y moylar va malhamlar bilan moylashga odatlandi.
Yuzni parvarishlash juda rivojlangan va ayollar unga ko‘p vaqtini bag‘ishlagan. Ular yuziga turli xil xushbo‘y kremlarni surtib, yorqin va qarama-qarshi ranglarda boʻyangan. Miloddan avvalgi XVI asrga oid Misr papirusida dog‘, ajin va boshqa yosh oʻtishi belgilarini bartaraf qilish uchun yozilgan batafsil retseptlar mavjud. Yunon va Rim ayollari asosan xushbo‘y ziravorlar bilan aralashtirilgan, undan iborat bo‘lgan “goʻzallik niqobi” ni dog‘larni yo‘qotish maqsadida kechqurun yuziga surib yotardi. Ertasi kuni ertalab esa uni eshak suti bilan yuvishgan. Qadimgi Uzoq Sharqdagi ayollar tomonidan ishlatiladigan juda keng tarqalgan kremlar, ayniqsa, issiq iqlimda muhim va dunyoning o‘sha hududida keng tarqalgan bo‘lib, moylar va aromatik hidlardan iborat edi. Baʼzan bu kremlardagi yog‘ zaytun, bodom, guruch, kunjut yoki daraxt va o‘simliklardan olingan. Ammo cheklangan holatlar uchun odatda hayvon va baliqning xushbo‘y yog‘lari ishlatilgan.
Qadimgi davr ayollari odatda ko‘zlari atrofiga turli xil ranglar surtgan. Bundan maqsad faqatgina go‘zallik emas, balki ularning shifobaxsh xususiyati edi. Chunki rangli malhamlarning afzalligi qovoqlarning nozik terisini quruqlik va turli xil ko‘z kasalliklaridan himoya qilish boʻlgan. Mazkur boʻyoq ko‘z yallig‘lanishini yuqtiruvchi mayda chivinlarni daf qilar edi. Misrlik ayollar yuqori ko‘z qovog‘ini qora va pastki qovoqni yashil rangga bo‘yardi va yuqori qovoq va qosh orasidagi bo‘shliqni boʻyash uchun esa kulrang va ko‘k rangdan foydalanar edi. Mesopotamiya ayollari sariq va qizil ranglarni afzal ko‘rgan. Ko‘zni bo‘yash uchun kohl (koʻz surmasi) dan foydalanish Injilda uch marta eslatib o‘tilgan, lekin donishmandlar buni yoqlamagan. Bundan farqli o‘laroq, paygʻambar Ayub qizlaridan birini Keren Xappux — “ko‘z bo‘yog‘i shoxi” deb nomlagani ham taʼkidlanadi.
Qadim zamonlarda sochni parvarish qilishga katta ahamiyat berilgan. Uzun sochlar har doim go‘zallik timsoli hisoblangan. Shoh, zodagon va boylar sochini uzun o‘stirgan hamda unga katta eʼtibor qaratgan. Ayollar soch turmagiga ko‘p vaqt ajratardi. Ularni kesishmasa-da, mohirlik bilan o‘rash va baʼzan parik yordamida “tiklash” orqali unga juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishardi. Misrlik ayollar odatda sochini yelka yoki undan ham uzunroq tushib turadigan qilib turmaklagan. Mesopotamiyada ayollar uzun sochni go‘zalligining bir qismi sifatida qadrlagan va qalin o‘ralgan va tasma bilan bog‘langan sochning orqaga tushib turishi tasviriy sanʼatda ham uchraydi. Ossuriyalik ayollar sochini qisqaroq qilib turmaklagan, oʻrib yurgan yoki orqa tomonga bulochkaga oʻxshatib tugib olgan. Qadimgi Isroilda kelinlar bokiralik belgisi sifatida to‘y kuni sochini uzun qilib turmaklagan. Oddiy odam va qullar asosan gigiyenik sabablarga ko‘ra, odatda sochini kalta qilib kesgan, chunki ular uzun sochni talab qiladigan davolanish turiga mablagʻ sarflay olmasdi.
Injil, Misr va Ossuriya manbalari, shuningdek, klassik mualliflarning so‘zlaridan maʼlum bo‘lishicha, xushboʻy qatron va tutatqilar savdosi markazlari janubiy Arabiston qirolliklarida va hatto bu qimmatbaho oʻsimliklar oʻstiriladigan Hindistonda ham mavjud bo‘lgan. “Sheva va Ramma savdogarlari siz bilan muomala qilib, eng yaxshi ziravorlarni taklif qildi…” (Hizqiyo 27:22, Injil). Nabatiylar bu savdoda muhim vositachilar vazifasini bajargan, Falastin ham juda muhim tarkibiy qism bo‘lib xizmat qildi, chunki savdo yo‘llari ushbu mamlakatni kesib o‘tardi. Maʼlumki, Misr malikasi Xatsheput (miloddan avvalgi XV asr) o‘z maʼbadiga mirra (burseraceae oilasiga mansub daraxt) ko‘chatlarini olib kelish uchun Punt yurtiga (Somali) qirollik ekspeditsiyasini yuborgan. Ossuriya yozuvlarida o‘lpon va urush o‘ljalari sifatida atir va smola qayd etilgan. Tukulti-Ninurta II (miloddan avvalgi 890–884-yillar) davridagi matnda Ossuriya shohiga Aramey shohlari tomonidan olib kelingan o‘lponning bir qismi sifatida mirra sharchalari nazarda tutilgan. Ziravor va parfyumeriya savdosi, shuningdek, Injil kitobida “Tragakant saqich, balzam va mirra ortilgan tuyalar” deya eslatib o‘tilgan.
Muqova suratlar: pixabay.com / pexels.com