Orqaga

878 marta koʻrilgan

1859–1906

Pyer Kyuri

Pyerning otasi — doktor Ejen Kyuri barchani hayratda qoldirgan ajoyib shaxs boʻlgan. U bilan koʻrishganlarning barchasi uni biroz salmoqli, jonli, faol tafakkurli, rafiqasi va oʻgʻillarini chin koʻngildan sevadigan, yordamga muhtoj boʻlganlardan yordamini ayamaydigan inson deb taʼriflagan. U yoshlik chogʻida oʻzini ilmiy ishga bagʻishlashni orzu qilgan, ammo hayot uni tibbiy amaliyot bilan shugʻullanishga majbur qilgan. Shunga qaramay, Ejen Kyuri umrining oxirigacha ilm-fanga sodiq qolgan.

1848-yilgi Fransiyadagi inqilob Ejen Kyurining talabalik davriga toʻgʻri keladi. U jangovar postda yarador inqilobchilarga yordam beradi va hatto hukumat tomonidan “Shaʼn va jasorat uchun” faxriy medali bilan taqdirlanadi. Parij kommunasi davrida (1871-yil) Ejen Kyuri oʻz uyida, barrikadalardan birining yonida tibbiy punkt oʻrnatib, yaradorlarga gʻamxoʻrlik qilgan. Doktor Kyuri yuksak fuqarolik burchiga sodiq va katta jasorat egasi, siyosiy eʼtiqodi kuchli shaxs boʻlgan. U bu fazilatlarni oʻgʻillari Mark va Pyerga ham singdirgan. Pyerning onasi Kler Depulli koʻplab ixtirolari bilan tanilgan sanoatchining qizi boʻlgan. Badavlat oilada voyaga yetganiga qaramay, Kler taqdirning barcha qiyinchiliklarini jasorat va xotirjamlik bilan qabul qilib, turmush oʻrtogʻi va farzandlarining hayotini yengillashtirishga fidokorona harakat qilgan.

Pyer Kyurining ota-onasi kam taʼminlangan muhitga mansub boʻlib, yuqori jamiyat bilan aloqa qilmagan, ular faqat qarindosh va yaqin odamlarining kichik doirasi bilan muloqotda boʻlgan. Garchi Jak va Pyer oʻsgan sharoit oddiy, tashvishli boʻlsa ham, oilada mehr va muhabbat muhiti hukm surgan. Pyerga maktabda oʻqish qulay boʻlmagan, sababi oʻtkir aql egasi maktab oʻquv dasturi cheklovlariga dosh bera olmagan, shuning uchun u uyda taʼlim olgan.

Pyer dastlabki bilimni onasidan, soʻngra otasi va litsey kursini toʻliq tamomlamaganiga qaramay akasi Jakdan (1855–1941-yillar) oladi. U toʻliq erkinlikda oʻsib-ulgʻayadi, shahar tashqarisidagi ekskursiyalar unda tabiiy fanlarga boʻlgan ishtiyoqni rivojlantiradi, tabiat hodisalarini kuzatishni va toʻgʻri tushuntirib berishni oʻrganadi. Bola tabiat qoʻynidan dala gullaridan iborat guldasta olib kelishni yaxshi koʻrgan. U otasining kutubxonasidagi mavjud fransuz va chet el mualliflarining asarini mustaqil oʻqish orqali adabiyot va tarixni oʻrgangan.

Pyer 14 yoshida isteʼdodli oʻqituvchi A.Bazildan taʼlim ola boshlaydi. Bazil unga elementar va oliy matematikadan dars beradi hatto lotin tilini oʻrganishda oldinga siljishiga yordam beradi. Pyerning geometrik tafakkurga moyilligi va fazoviy tasavvurining kuchliligi matematikaga boʻlgan ajoyib qobiliyatini yuzaga chiqaradi. Oʻziga xos isteʼdod, fizika va matematikada tirishqoqlik va muvaffaqiyatlari tufayli 16 yoshida Pyer Kyuri fan bakalavri boʻlishdek yutuqqa erishadi. Hali juda yosh boʻlishiga qaramay maʼruza kurslarini tinglaydi, Sorbonna universitetida amaliy kurslarda qatnashadi, eski Farmatsevtika institutida professor Leru laboratoriyasida ishlaydi. Shu bilan birga Rish va Yung Fleyshning kimyo laboratoriyasida yordamchi boʻlgan akasi Jak bilan ishlab, tajriba va koʻnikmalarga ega boʻladi.

18 yoshida (1877-yilda) Parij universitetini tugatgach, Pyer Kyuri fizika litsensiati (magistr unvoniga teng) darajasini oladi. Shundan soʻng 1878–1883-yillar Parij universitetining aniq fanlar fakultetida assistent boʻlib ishlaydi. Pyer Kyuri tabiatan juda uyatchan va oʻzini tutib olgan yigit boʻlgan. Assistent lavozimini egallab, Pyer akasi Jak bilan birgalikda kristallarni oʻrganishni boshlaydi. 1880-yilda ular pyezoelektrik effektni — kristallga elektr zaryadi berilganda unda elastik deformatsiya paydo boʻlishini kashf etdi, kichik miqdordagi elektr va kuchsiz tokni oʻlchash uchun oʻta sezgir qurilma ishlab chiqdi. Aka-uka bir-biriga juda mehribon boʻlib, boʻsh vaqtini doim birga oʻtkazgan.

Biroq 1883-yilda aka-ukalarning ajoyib va ​​yaqin hamkorligi toʻxtaydi. Chunki Jak Kyuri Monpelye shahriga mineralogiyadan dars berish uchun taklif qilinadi, Pyer esa Parij munitsipaliteti tomonidan ochilgan Sanoat fizika va kimyo oliy maktabida fizika boʻyicha amaliy mashgʻulotlar rahbari etib tayinlanadi. 1895-yilda aka-uka Kyurilar kristallar ustidagi ajoyib ishi uchun Plante mukofotiga sazovor boʻlgan. Fizika va kimyo maktabida Pyer Kyuri 21 yil — 1883—1904-yillar ishlagan. Dastlab u amaliy mashgʻulot rahbari, keyinchalik professor, 1895-yildan fizika kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan. Bu yerda u kristallografiya va simmetriya boʻyicha tadqiqot olib borar, tadqiqotning bir qismini vaqti-vaqti bilan Parijga kelgan akasi Jak bilan oʻtkazardi.

1891-yilda Pyer Kyuri magnetizm boʻyicha tajribalar oʻtkazib, keng harorat oraligʻida jismlarning magnit xususiyatini aniqladi. U haroratga bogʻliq diamagnit va paramagnit hodisalarni aniq ajrata oldi. Temirning ferromagnit xossalari haroratga bogʻliqligini oʻrganayotib, u harorat mavjudligi — Kyuri nuqtasini aniqladi. Bu nuqtadan yuqori haroratda ferromagnit xossalari yoʻqolar va baʼzi boshqa xususiyat, masalan, maxsus issiqlik sigʻimi va elektr sigʻimi notekis oʻzgarardi. Pyer Kyuri 1895-yilda Kyuri qonuni deb ataladigan paramagnit jismlar taʼsirchanligining haroratga bogʻliqligi qonunini kashf etadi.

1894-yilning bahorida Pyer Kyuri hayotida unutilmas hodisa sodir boʻladi. U Sorbonna universitetining 3-kurs talabasi polshalik Mariya Sklodovskaya bilan tanishadi. Pyer 35 yosh boʻlsa-da, ancha yosh koʻrinar, uning salmoqli nutqi, oddiyligi, tabassumi insonda ishonch tuygʻusini uygʻotardi. Mariya va Pyer turli mamlakatdan boʻlishiga qaramay, dunyoqarashi hayratlanarli darajada oʻxshashligi ularni birlashtiradi. Ular fizika jamiyatida va laboratoriyada uchrashar va tobora bir-biriga bogʻlanib borar edi. Nihoyat, 1895-yil 25-iyulda ular turmush quradi.

Pyer va Mariya oʻzini butunlay ilmiy ishga bagʻishlagan olim boʻlib, birgalikda laboratoriyada vaqt oʻtkazishni yaxshi koʻrgan. Juftlikning qiziqishlari: nazariy ish, laboratoriya tadqiqoti, maʼruza va imtihonga tayyorgarlik — barchasi bir-biriga toʻgʻri kelardi. 11 yil birgalikdagi hayot davomida ular deyarli ajralmagan. Taʼtil va dam olish kunlarini Pyer va Mariya piyoda yoki velosipedda sayr qilib, dengizboʻyi, togʻ va Parij yaqinidagi qishloqlarda oʻtkazgan. Ekskursiyada Pyer Kyuri oʻzini baxtli his qilar va bu quvonch uni ilmiy masalalar haqida oʻylashiga xalaqit bermasdi. Ammo uning ishga ehtiyoji shunchalik kuchli ediki, u ish uchun sharoit boʻlmagan joyda uzoq vaqt qola olmasdi.

Pyer va Mari Kyuri oʻzlarining laboratoriyalarida / wikipedia.org

1897-yil sentabr oyida Pyer Kyuri oilasida toʻngʻich farzand — qizi Iren dunyoga keladi. Keyinchalik u dunyoga mashhur boʻlgan fizik olima boʻlib yetishadi. Bir necha kun oʻtib onasidan ayrilgan va chuqur qaygʻuga botgan Pyer otasi doktor Ejen Kyurini oʻz uyiga olib keladi. Yosh Iren ulgʻaygani sari otasining kichik doʻstiga aylanib boradi. Pyer Kyuri doim qizining tarbiyasi bilan mashgʻul boʻlgan, boʻsh vaqtida u bilan bajonidil sayr qilgan, jiddiy suhbatlar qurgan, uning barcha savollariga erinmay javob bergan va bola ongining uygʻonishini kuzatib zavqlangan. 1904-yil oxirida uning 2-qizi Yeva-Deniza tugʻiladi va kelajakda jurnalist kasbini egallaydi. Pyer Kyuri tabiatan mehribon, muloyim va tengi yoʻq maftunkor inson boʻlgan. U gʻazablanishni bilmas, shuning uchun u bilan bahslashish befoyda boʻlgan.

Oʻziga xos va madaniyatli Pyer Kyuri har qanday qiyin vaziyatda yordam qoʻlini choʻzadigan, insoniy birdamlik va toʻgʻri tushunish qobiliyatiga ega boʻlgan oliyjanob shaxs edi. U oʻzining ilmiy munosabatlarida ham hech qanday qattiqqoʻllikka yoʻl qoʻymas, takabburlik yoki shaxsiy moyillikdan yiroq edi. 1896-yilda fransuz fizigi Anri Bekkerelning radioaktivlikni kashf etishi Pyer Kyurining ilmiy qiziqishlarini ushbu hodisaga yoʻnaltiradi. 1898-yilga kelib, Kyuri juftligi yangi element: poloniy va radiyni kashf etadi, 1899-yilda radioaktiv nurlanishning murakkab tabiati va uning xususiyatlarini aniqlaydi.

1900-yil mart oyida Pyer Kyuri Politexnika maktabiga oʻqituvchilikka taklif qilinadi, ammo Sorbonna universitetiga tayyorgarlik maktabining fizika kafedrasiga tanlov uchun ariza topshirib, oʻqituvchi etib tayinlangani sababli Politexnika maktabida atigi 6 oy ishlaydi. Uning yangi ish joyida laboratoriya umuman mavjud emas edi, ish xonasi va kichik yozuv stoli bor edi, xolos. Shu sababli Pyer Kyuri ishni oʻziga ajratilgan joyni kengaytirishdan boshlaydi. U radioaktivlik boʻyicha tadqiqotni rafiqasi Mariya Sklodovskaya-Kyuri bilan Sanoat fizika va kimyo maktabiga tegishli boʻlgan singan shisha tomli eski shiyponda olib borardi.

1901-yilda P.Kyuri bilagini radiy elementiga yaqinlashtirib, radioaktiv nurlanishning biologik taʼsirini aniqlaydi. Keyin Fanlar akademiyasiga yozgan eslatmada kuzatilgan alomatlarni xotirjamlik bilan shunday tasvirlab beradi: “Teri 6 kvadrat santimetr yuzada qizardi, kuyish alomati bor, ammo ogʻriq yoʻq yoki biroz sezilyapti. Maʼlum vaqt oʻtgach, qizarish tarqalmasdan yanada kuchaydi, 20-kunga kelib qasmoqlashdi, soʻngra yaraga aylandi, uni bogʻlash yoʻli bilan davoladik. 42-kun epiderma chetdan markazga tomon qayta tiklana boshladi va 52-kun hali ham toʻqimalarning chuqurroq oʻlganidan darak beruvchi kulrang tusli, kvadrat santimetr hajmdagi yara mavjud.

Ish jarayonida oʻta faol moddalarning har xil taʼsirini oʻzimizda sinab koʻrishga muvaffaq boʻldik. Qoʻl, umuman olganda, qurishga moyil: yuqori radioaktiv moddali probirka yoki kapsulalarni ushlab turgan barmoqlarning uchi qurib, qattiqlashadi, baʼzan esa juda qattiq ogʻriq kuzatiladi. Birimizda barmoq uchining yalligʻlanishi 2 hafta davom etdi va terining koʻchib tushishi bilan yakunlandi, ammo ogʻriq 2 oydan keyin yoʻqoldi”. Bu tarzdagi tajribalar Kyurilarning ilm-fan va insoniyat manfaati yoʻlida fidoyilikka tayyor ekanidan dalolat berardi. Ularning mehnati natijasi oʻlaroq bunday tadqiqotlar radioaktiv nur yordamida turli kasalliklar, jumladan, saratonni davolashga yoʻl ochib bergan.

1903-yilda Pyer Kyuri radioaktivlikni kamaytirishning miqdoriy qonunini kashf etib, uni yarimyemirilish davri deb atadi. Bundan quruqlik jinslarining mutlaq yoshini aniqlash uchun vaqt meʼyori sifatida foydalanishni taklif qildi. Fransuz fizigi A.Labord bilan birgalikda atom energiyasi mavjudligining birinchi aniq dalili — radiy tuzlaridan oʻz-oʻzidan issiqlik ajralishini kashf etdi. Pyer Kyuri uran rudasidan radiy olish uchun ishlab chiqilgan texnologiya asosida radiyni sanoatda qazib olishni tashkillashtirishga muvaffaq boʻlgan. Shuningdek, u radioaktiv parchalanish gipotezasini ilgari surgan. 1903-yilda Pyer va Mariya Kyuri Qirollik jamiyatining taklifiga binoan Londonga tashrif buyuradi va u yerda Pyer radiy elementi haqida maʼruza oʻqiydi. Bir necha oy oʻtgach, London qirollik jamiyati Kyurilarni Devi medali (kimyo sohasidagi oʻta muhim kashfiyotlar uchun beriladigan medal) bilan taqdirlaydi.

1903-yil dekabrda Pyer Kyuri, Mariya Sklodovskaya-Kyuri hamda fransuz fizigi Anri Bekkerel radioaktivlik tadqiqotlari va radiyni kashf etgani uchun fizika boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan. Shundan soʻng ularga olamshumul shon-shuhrat keladi, biroq bu Pyer Kyuri uchun yoqimsiz va tadqiqotlariga toʻsiq boʻladigan ogʻir yuk edi. Kyurilar boylik va qudrat ramzi — oltinni yomon koʻrgani uchun ham qimmatbaho oltin medal Devini Irenga oʻyinchoq sifatida beradi. Pyer Kyurining soʻzlariga koʻra, oilasi sharafiga bagʻishlangan kechada yuqori jamiyat ayollariga tegishli oltin va olmos zargarlik buyumlarini sotishdan tushgan mablagʻ evaziga oʻrtacha qancha fizika laboratoriyalarini jihozlash mumkinligini xayolan hisoblash bilan mashgʻul boʻlgan.

1903-yilda Pyer Kyuri oʻz eʼtiqodiga sodiq qolgan holda Fransiya Respublikasining eng yuqori ordeni — Faxriy legionni rad etadi. Fizika, kimyo va tabiiy fanlar instituti dekaniga yoʻllagan maktubida, u shunday deb yozadi: “Iltimos, mening nomimdan vazirga minnatdorchiligimni va umuman orden olishdan koʻra, laboratoriyaga ehtiyojim koʻproq ekanligini yetkazib qoʻysangiz”. Ammo unga umrining soʻnggi kunlarigacha orzu qilgan laboratoriyani olish nasib qilmadi. 1904–1905-oʻquv yilining boshiga kelib, Pyer Kyuri Parij universiteti aniq fanlar fakultetining doimiy professori etib tayinlanadi. Bir yil oʻtgach, u Sanoat fizika va kimyo maktabini tark etadi, uning oʻrniga esa fransuz fizigi Pol Lanjeven keladi.

1906-yilda Pyer Kyuri charchagan va kasal boʻlishiga qaramay, Pasxa bayramini oilasi bilan Shevro vodiysida kutib oladi. Oʻziga aziz odamlar davrasida mazmunli dam olish Pyer Kyurining charchogʻini yengillatar, farzandlari bilan oʻtloqda dam olib, Mariya bilan kelajak haqida uzoq suhbatlashardi. Ertasi kuni 1906-yil 19-aprelda u Parijga qaytib keladi va Aniq fanlar oʻqituvchilari uyushmasining yigʻilishida qatnashadi. Yigʻilishdan qaytayotib, Parijning Dofin koʻchasida aravadan qochishga ulgurmay gʻildirak ostida qolib ketadi.
Olim boshiga tushgan zarba tufayli bir zumda oʻlim topadi. Fransiyaning haqiqiy shon-shuhrat egasi, ajoyib inson 47 yoshida shu tarzda fojiali vafot etadi. 1905-yilda Pyer Kyuri Nobel mukofotidagi nutqini shunday soʻzlar bilan yakunlagan edi: “… Men Nobel singari yangi kashfiyotlar insoniyatga yomonlik emas, yaxshilik olib keladi deb oʻylaydiganlar qatoriga kiraman”. Pyer va Mariya Kyuri sharafiga atalgan sunʼiy kimyoviy element kyuriy nomini olgan.



Muqova surat: wikipedia.org