4
Ulashish
997 marta koʻrilgan
40-yil
Mavritaniya qiroli va Rim vassali Ptolemey oʻldirilishi
Mavritaniyalik Ptolemey hayotining boshlangʻich davri
Ptolemey qirol Juba II va Mavritaniya qirolichasi Kleopatra Selena II ning oʻgʻli boʻlgan. Uning tugʻilgan sanasi aniq emas, lekin miloddan avvalgi 5-yilda ona vafot etmasidan avvalgi sanaga toʻgʻri kelishi aniq. Uning singlisi ham bor edi va buni Afina yozuvlari tasdiqlaydi, ammo uning ismi saqlanib qolmagan. Taxminlarga koʻra, Druzilla deb atalgan.
Ptolemeyning ajdodlari berber, yunon va rimliklar boʻlgan. Uning otasi Juba II Numidiya qiroli Juba I ning oʻgʻli boʻlib, Shimoliy Afrika berberlaridan kelib chiqqan va Rim triumviri (Rimda eng yuksak siyosiy kuchga ega boʻlgan uchta odam triumvirlar boʻlib, ularning hokimiyati esa Triumvirat deb atalgan) Pompeyning ittifoqchisi boʻlgan. Onasi esa Kleopatra Selena II Misrning ptolemeylaridan boʻlgan yunon qirolichasi Kleopatra VII va Rim triumviri Mark Antoniyning qizi edi. Ptolemey va uning singlisi qirol Juba II va Kleopatra Selena II ning toʻngʻich farzandlari boʻlib, Mark Antoniyning nabiralari orasida ham xuddi shunday edi. Ptolemey ona tomonidan bobosi orqali Yuliy Sezar va Yuliy Klavdiylar sulolasi bilan uzoq qarindosh boʻlgan. Ptolemey Germanik (Rim generali) va Rim imperatori Klavdiyning birinchi amakivachchasi va imperator Kaligula, kichik imperator xonim Agrippina, imperator xonim Valeriya Messalina va imperator Neronning ikkinchi amakivachchasi edi.
Ptolemey katta ehtimol bilan Rim imperiyasi tarkibiga kiruvchi Mavritaniya qirolligining poytaxti — Kesariyada tugʻilgan. Unga onasining ajdodlari, xususan, ptolemeylar sulolasi sharafiga Ptolemey deb ism qoʻyishgan. Unga, shuningdek, onasi va qarindoshlari tugʻilgan hamda Kleopatra VII hukmronlik qilgan vatanni xotirlash maqsadida shu nom berilgan. Oʻgʻliga ism qoʻyishda Kleopatra Selena II alohida yunon-misr madaniyatiga taalluqli ohangni tanladi va ptolemeylar sulolasini davom ettiradigan hukmdor kabi monarx obrazini yaratdi. U erining ajdodlariga tegishli nomlarni oʻgʻliga qoʻyishdan qochdi. Berber ajdodlarining ismlarini qoʻyish oʻrniga u qadimiy tarix davriga xos boʻlmagan noyob ishga qoʻl urdi, yaʼni oilada tugʻilgan oʻgʻil farzandga koʻproq haqdor boʻlgan ota tomonning ismini bermasdan, ona ajdodning ismini berdi. Bunday harakat Ptolemeyning onasi ptolemeylar sulolasining merosxoʻri va quvgʻindagi Ptolemeylar hukumatining rahnamosi boʻlgan degan xulosani keltirib chiqaradi.
Ota-onasining yordami bilan Ptolemey Rim fuqaroligini qoʻlga kiritadi. U Rimda taʼlim olgan. Onasi taxminan miloddan avvalgi 5-yilda vafot etgan va onasining ota-onasi qurdirgan Mavritaniya qirollik maqbarasiga dafn etilgan. Ptolemey rimcha taʼlim olgan. U xolasi Minor Antoniyaning shohona davrasining ajralmas bir qismi edi. Minor Antoniya Rim imperiyasi chegaralarini va mustamlaka davlatlarga oid hukumat ishlarini siyosiy jihatdan saqlash va tartibga solishga yordam bergan shahzoda va malikalar jamoasiga rahbarlik qilgan nufuzli asilzodalardan biri edi. Mark Antoniyning kenja qizi va imperator Avgustning kenja jiyani boʻlgan Minor Antoniya Ptolemey onasining oʻgay singlisi edi. Antoniya onasi Mark Antoniyning toʻrtinchi xotini, Oktavian (keyinchalik Avgust) ning ikkinchi singlisi. Ptolemey 21 yoshgacha Rimda yashadi va shundan soʻng qarib borayotgan otasining oldiga, yaʼni Mavritaniya saroyiga qaytdi.
Mavritaniyada Ptolemey hukmronligi
Ptolemey Mavritaniyaga qaytgach, otasi Juba II uni oʻziga maslahatchi va voris etib tayinlaydi. Juba II ning oʻgʻli bilan olib borgan davlat boshqaruvi davrida tanga zarb qilish anʼanasi saqlanib qolgan. Tanganing bir tomonida Juba II ning byusti tasvirlangan boʻlib, uning ismi lotin tilida “Qirol Juba” deb yozilgan. Tanganing boshqa tomonida esa Ptolemeyning yirik byusti joylashgan boʻlib, unga ham lotin tilida “Jubaning oʻgʻli — qirol Ptolemey” degan yozuv bor edi. Juba II 23-yilda vafot etdi. U Kleopatra Selena II dafn etilgan Mavritaniya qirollik maqbarasidagi oxirgi manzilga joylashtirildi. Shundan soʻng Ptolemey Mavritaniyaning yagona hukmdoriga aylandi.
Juba II bilan hukmronlik qilgan davrida ham, oʻzi yakka hukmronlik qilgan davrda ham Ptolemey xuddi otasi kabi sanʼat, ilm, adabiyot va sport homiysiga aylandi. Yunonistonning Afina shahridagi sport zalida Juba II va Ptolemeyning haykallari oʻrnatilgan, Ptolemeyning sharafiga uning adabiyotga boʻlgan muhabbatini ifodalovchi haykal ham qad koʻtargan. Ptolemey oʻzining haykallarini Akropol (Yuqori shahar) ga bagʻishlagan. Afinaliklar Ptolemey va uning oilasi vakillariga boʻlgan hurmatini ularga bagʻishlangan turli sanʼat asarlari vositasida namoyon qilgan. Bu shuni koʻrsatadiki, afinaliklar I asrda keng tarqalgan Rim mustamlaka monarxlari va ularning oilalarini qattiq ehtirom etgan.
Milodiy 17-yilda mahalliy berber qabilalari — numidiyalik takfarin va garamantlar Mavritaniya va Rim qirolligiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtaradi. Isyon Afrikani vayron qildi. Berberlar kuchiga Ptolemey xonadonida ilgari qul boʻlgan odamlar ham qoʻshilgan edi. Oʻzining harbiy yurishi bilan berber qoʻzgʻolonini bostirish borasida Ptolemey jiddiy muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Isyon shu darajaga yetdiki, Ptolemey qoʻzgʻolonni bostirishda yordam berishi uchun Afrikadagi Rim gubernatori Publiy Korneliy Dolabella va uning armiyasini yordamga chaqirishga majbur boʻldi. Ptolemey armiyasi va rimliklar ushbu gʻalayonda gʻalaba qozongan boʻlsa ham, ikkala tomon koʻplab otliq va piyoda qoʻshinlaridan ayrildi. Nihoyat isyon 24-yilda tugadi.
Ptolemeyning sadoqatga toʻla xatti-harakatidan hayratga tushgan va mamnun boʻlgan Rim Senati Rim senatorini Ptolemeyning huzuriga yubordi. Senator Ptolemeyning sodiq xulq-atvorini eʼtirof etdi va uni fil suyagidan yasalgan shohona hassa va naqshinkor zafar libosi bilan taqdirladi hamda senator Ptolemeyni shoh, ittifoqchi va doʻst sifatida qarshi oldi. Bunday eʼtirof Rim tarafdorlarini tan olish va taqdirlash maʼnosida oʻtkaziladigan oʻziga xos anʼana edi. Ptolemey oʻzining harbiy yurishlari orqali Rimga ittifoqchi va mustamlaka hukmdor sifatida oʻz qobiliyati va sodiqligini isbotladi. U berberlardan boʻlgan mashhur monarx sifatida nom qozongan va Rim imperiyasi boʻylab, jumladan, Iskandariya (Misr), Ostia (Italiya) boʻylab sayohat qilgan.
Kesariyadagi Saturn ibodatxonasida Ptolemeyning sogʻligʻi uchun duolar qilindi. Mavritaniya qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan hosildor tuproqqa boy hudud edi va bu yerda Saturnga teng keladigan maʼbud dehqonchilik maʼbudi edi. Bu eʼtiqod qirollikda muhim ahamiyatga ega boʻlgan. Kesariyadagi mazkur ibodatxona 30-yilda qurilgan boʻlib, Mavritaniya boʻylab ham Saturnga bagʻishlangan turli ibodatxonalar qad koʻtara boshladi. Ptolemey onasining asli kelib chiqishi misrlik boʻlib, u yerda firʼavnlar va ularning qarindoshlariga bagʻishlangan turli hukmronlikka oid odatlar mavjud edi. Otasining numidiyalik ajdodlarida ham ularga bagʻishlangan hukmdorlikka oid udumlar bilan boʻlishi mumkin.
Mavritaniyada shu vaqtga qadar saqlanib qolgan bir tarixiy bitik Juba II yoki Ptolemey qirollik odatini amalga kiritgan va bu odat oldingi numidiyalik qirol hamda Juba II ning bobosi Himpsal II sharafiga bagʻishlanganiga ishora qiladi. Bitikda keltirilgan dalillarga koʻra, Ptolemey oʻzini va marhum ota-onasini sharaflaydigan Mavritiya qirollik kultini oʻrnatgan boʻlishi mumkin (Berber mifologiyasiga qarang). Bitta bitikdagi yozuvlar uning daholigiga bagʻishlangan boʻlsa, yana biridagi yozuvlarda shohga sogʻlik tilangan.
Ptolemey otasi Juba II ning vafotidan soʻng uni ilohiylashtirgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatadigan dalillar III asrda yashab ijod qilgan nasroniy yozuvchi Markus Minutsiy Feliksning asarlaridan olingan. Feliksning “Oktavius” asarida yozuvchi sirtalik nasroniy va majusiy oʻrtasidagi suhbatni yoritib oʻtadi. Bu suhbat oʻliklar uchun ilohiylik maqomiga erishishlikning mumkin emasligi haqidagi nasroniylar keltiradigan bahsning bir qismi edi. Feliks ilohiylashgan odamlarni sanab oʻtadi. Ular Saturn, Yupiter, Romul va Juba edi. Ptolemey otasining ilohiylashtirganini koʻrsatadigan qoʻshimcha adabiy dalillar III asrda yashagan xristian diniy olimi Kiprianning “Butlarning behudaligi haqida” nomli qisqa evgemerik risolasidan olingan. Kiprian oʻzining xudolarni qadrsizlantirish haqidagi risolasida mavritiyaliklar oʻz shohlariga ochiq-oydin sigʻinayotgani va ularning ismlarini hech qanday “niqob” bilan yashirmasligiga guvoh boʻlganini aytib oʻtgan. Shu vaqtga qadar yetib kelgan dalillarga koʻra, Juba II va Ptolemeyni ularning oʻlimidan soʻng ilohiylashtirishgani ehtimoli yuqori.
Ptolemeyning yagona hukmronligi davrida zarb etilgan tangalar, otasi bilan birga hukmronlik qilgan paytdagi tangalardan farq qiladi. Tangalarda unga tegishli qirollik unvoni lotin tilida “Qirol Ptolemey” deb yozilgan va shu vaqtga qadar saqlanib qolgan birorta tangada uning qirollik unvoni yunon tilida koʻrsatilmagan. Shuningdek, tangalarda Qadimgi Misr tasviri yoʻq. Uning yagona hukmronligi davridagi tangalar turli mavzularni aks ettiradi. Ptolemey tangalarda oʻzini fil sifatida tasvirlatgan. Fil timsoli bu — uning marhum ota-onasi Mavritiyani boshqargan paytlarida amalga oshirilgan qadimiy tanga zarb qilish anʼanasidir. Filning oʻziga xos ramziy maʼnolari bor. Tangalarda filning tasvirlanishi Afrikani ifodalaydi, shuningdek, u ellin davrining ramziy xususiyati va taʼsir kuchini namoyish etadi. Ptolemey tangalarida tasvirlangan yana bir hayvon bu sakrayotgan arslon tasviridir. U ham hayvonlar ustidan hukmronlik ramzi va Afrikani ifodalovchi yana bir belgi hisoblanadi.
Boshqa tangalarda Rim manzaralari aks ettirilgan. 39-yilga mansub boʻlgan va yaxshi saqlanib qolgan noyob oltin tanga Ptolemeyning taxtga koʻtarilishi, hukmronligi va Rimga sodiqligini tasvirlab turadi. Tanganing bir tomonida markaziy qismida qirol Juba II ning byusti joylashgan boʻlib, uning ostiga lotin tilida “Jubaning oʻgʻli — qirol Juba” deb yozilgan. Juba II ptolemeylar sulolasidan boʻlgan Yunoniston-Misr firʼavni sifatida tasvirlangan. Tanganing ikkinchi tomonida qanotlari chaqmoq bilan koʻrsatilgan burgut tasvirlangan va Ptolemey ismining bosh harflari lotin tilida yozilgan. Tanganing markazida tasvirlangan otasining byusti va qirol ismining yozilishi orqali Ptolemey otasining nasl-nasabini hurmat qilish bilan birga oʻz oilasi va hukmronligining davom etayotganini nishonlaydi va namoyish qiladi. Ptolemey burgut orqali Rim tinchligini ifodalamoqda, shuningdek, u Rim imperiyasining hukmronligini hurmat qilib, imperiyaga sodiqligi va hamkorligini koʻrsatmoqda. 40-yilga tegishli boʻlgan yana bir tanga uning senatorlik faoliyatini koʻrsatib turadi. Tanganing bir tomonida stul tasvirlangan, uning ostida hukmronlik tayogʻiga suyanib turgan gulchambar bor. Tanganing boshqa tomonida Ptolemey boshiga tasma kiygan holda tasvirlangan.
Ptolemey juda ham didli boʻlgan va koʻproq qimmatbaho va hashamdor narsalarni yoqtirgan. Bunga misol tariqasida, sitrus mevalari yogʻochidan yasalgan vino qoʻyadigan stolini aytishimiz mumkin. Mavritaniyada sitrus daraxtlari koʻp boʻlgan va aristokratlar hamda monarxlar tomonidan tez-tez sotib olinadigan koʻplab sitrus yogʻoch stollari ishlab chiqarilgan. Ptolemey asli kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan Yuliya Uraniya ismli ayolga uylanadi. U haqidagi maʼlumotlar faqatgina uning ozod qilingan qul ayoli Yuliya Bodina tomonidan yozilgan va Kesariyadan topilgan dafn marosimi bitiklarida uchraydi xolos. Bodina Yuliya Uraniyani “Qirolicha Yuliya Uraniya” deb atagan. Ehtimol, Yuliya Uraniya Emesa (zamonaviy Xoms, Suriya) qirollik oilasining aʼzosi boʻlgan. Ptolemey I asrda unga uylangan, lekin aniq sanasi maʼlum emas. U Ptolemeyga taxminan 38 yoshida Druzilla ismli qiz tugʻib bergan.
Ptolemeyning oʻlimi
Mavritaniya qirolligi Rimning eng boy mustamlaka oʻlkalaridan biri edi va 24-yildan keyin Ptolemey u yerda toʻliq hukmronlik qilishni davom ettirgan. 40-yillarning oxirida imperator Kaligula Ptolemeyni Rimga taklif qildi va uni munosib tarzda sharaf bilan kutib oldi. Ptolemey shoh va imperiyaning ittifoqchisi va doʻsti sifatida eʼtirof etildi, ammo u Kaligulaning buyrugʻi bilan qatl etildi. Kaligulaning Ptolemeyni oʻldirishga buyruq berishiga nima turtki boʻlgani aniq emas. Qadimgi tarixchilar bergan maʼlumotga koʻra, Kaligula Ptolemeyning boyligiga hasad qilishi yoki Rim fuqarolarining Ptolemeyning binafsharang plashidan hayratlanishi sabab boʻlgan ekan. Keyinchalik tarixchilar boshqa sabablarni ham ilgari surgan. Ulardan baʼzilari Svetoniyning (qadimgi Rim tarixchisi) binafsharang plash daʼvosidan ilhomlangan. Bundan farqli oʻlaroq, boshqa taxminlar qadimgi tarixchilarning daʼvolariga asoslanmagan. Shunday taxminlar qatoriga Ptolemey Getulikka qarshi fitnaga aloqador boʻlishi mumkinligi yoki Kaligulaning Mavritaniya ustidan kengroq nazorat oʻrnatmoqchi ekanligini kiritish mumkin.
Ptolemey Rimda oʻldirilganidan keyin uning sobiq quli Edemon gʻazabdan qutiradi. Chunki u sobiq xoʻjayiniga juda sadoqatli boʻlgan. U imperator Kaliguladan qasos olmoqchi boʻladi va berber qabilalari bilan Rimga qarshi qoʻzgʻolon koʻtaradi. Qoʻzgʻolon shiddatli kechadi, chunki qoʻzgʻolonchilar Rim armiyasiga qarshi jang qilgan mohir askarlardan iborat boʻlgan. Qoʻzgʻolonni bostirish uchun Rim generallari: Gney Xosidiy Geta va Gay Svetoniy Paulinlar yuboriladi. Qoʻzgʻolon bostiriladi, biroq qirollik ikki viloyatga boʻlinib ketadi. Ular Mavritaniya Tingitana va Mavritaniya Sezarensis viloyatlari edi.
Manba: landioustravel.com
Muqova surat: unsplash.com