4
Ulashish
890 marta koʻrilgan
1928-yil
Penitsillin ixtirosi
Antibiotiklardan oldin oddiy kichik infeksiyani ham davolab boʻlmasdi. Baʼzi hollarda infeksiya oʻlimga olib kelishi ham mumkin edi. Penitsillinning 1928-yilda mogʻor bosgan Petri idishi (laboratoriyada ishlatiladigan qopqoqli sayoz idish)dan tasodifiy tarzda topilishi bakterial infeksiyani yoʻq qila oladigan preparatni dunyodagi birinchi ommaviy ravishda ishlab chiqarish uchun 20 yillik uzoq yoʻlni boshlab berdi.
Tasodifiy kashfiyot: Fleming laboratoriyasi, avliyo Meri kasalxonasi, London. 1928–1929-yillar Doktor Aleksandr Fleming 1928-yilda taʼtildan qaytgach, Petri idishida stafilokokk bakteriyalari oʻsayotgan mogʻorni topadi. U mogʻorni bakteriyalarning koʻpayishiga toʻsqinlik qilayotganini payqadi. Tez orada mogʻor bakteriyalarni oʻldirishi mumkin boʻlgan, oʻz-oʻzini himoya qiluvchi kimyoviy modda ishlab chiqarishini aniqladi. U moddani penitsillin deb atadi.
Fleming xulosalarini eʼlon qildi va kashfiyotini Tibbiy tadqiqot klubiga taqdim etdi. Ajablanarlisi shundaki, tengdoshlari uning ishiga deyarli qiziqish bildirmagan. Toʻsiqlarga qaramasdan, u penitsillinni mogʻordan tozalashga yordam berish uchun bir nechta kimyogar va oʻz sohasining yetakchi mutaxassislaridan yordam so‘rab murojaat qildi.
Biroq ulardan hech biri ijobiy javob bermadi. Fleming yordam soʻragan biokimyogar va zamburugʻli moddalar boʻyicha mutaxassis, professor Garold Raistrik: “Terapevtik maqsadlarda penitsillin ishlab chiqarish … deyarli imkonsiz”, — deya taʼkidladi. Penitsillin laboratoriya gʻaroyiboti deb nomlandi va Fleming uni tozalashga urinishdan voz kechdi.
Gʻaroyib mogʻordan ajoyib dorigacha
Taxminan oʻn yil oʻtgach, 1937-yilda Govard Flori va Ernst Cheyn mikroorganizmlar hamda ular ishlab chiqaradigan moddalarni oʻrganish chogʻida Flemingning tadqiqotlarini ochib berdi va faqat “Penitsillin loyihasi” ustida ishlash uchun olimlar guruhi yigʻildi.
Jamoaning yuqori martabali aʼzolari oʻrtasidagi shaxsiy ziddiyatlar tadqiqotni qanday oʻtkazish boʻyicha qizgʻin bahslarga olib keldi. Laboratoriyada davom etayotgan kelishmovchiliklar, shuningdek, loyihaning murakkabligi va ilmiy muammolari jamoaning penitsillinni asl qolipidan tozalash uchun juda koʻp kurash olib borishi kerakligini anglatardi.
Uch yillik sinov va muvaffaqiyatsiz urinishlardan soʻng sof penitsillin ishlab chiqaradigan muvaffaqiyatli, ammo samarasiz jarayon ishlab chiqildi. Nihoyat jamoa hayvonlarda sinab koʻrish uchun penitsillinga ega boʻlgan edi. 1940-yilda sakkizta sichqonga halokatli streptokokk bakteriyalari yuqtirildi. Penitsillin berilgandan keyin esa ularning toʻrttasi tirik qoldi.
Gazetalarda ularning tajribasi haqida batafsil maʼlumot chop etilganidan so‘ng odamlarda darhol qiziqish uygʻondi, ammo jamoada penitsillin ishlab chiqarish bo‘yicha jiddiy cheklovlar bor edi. Bir tirnoqcha (tirnoq bilan teng) penitsillin ishlab chiqarish uchun gallonlab (Angliya va AQShda 4,564 litrga teng boʻlgan suyuqlik oʻlchov birligi) mogʻor bulyonlari kerak boʻlar edi. Jamoa bulyonni saqlash uchun choyshab, sutidish, oziq-ovqat qutisi va hatto vannalardan ham foydalangan. Oxir-oqibat, suyuqlikni ushlab turish uchun maxsus fermentatsiya idishlari ishlab chiqildi.
Penitsillin sekin boʻlsa-da, muvaffaqiyatli tarzda ishlab chiqarildi va Oksford laboratoriyasi penitsillin zavodiga aylandi. “Penitsillin qizlari” deb nomlanuvchi olti nafar ayol achitiladigan bulyonni tayyorlash va undan har hafta bir necha milligramm penitsillinni ajratib olishga masʼul boʻlgan. 1941-yilda jamoalarning ishlab chiqarish bilan bogʻliq muammolari va penitsillin yetishmovchiligining oqibatlari antibiotikni birinchi marta odamlarda sinab koʻrishdayoq aniq bo‘ldi.
43 yoshli politsiyachi Albert Aleksandrda ochiq jarohatlanish natijasida hayot uchun xavfli infeksiya paydo boʻladi. Penitsillin qabul qilgach, unda dastlab tuzalish belgilari paydo boʻladi, ammo penitsillin taʼminoti tezda tugaydi. Albertning infeksiyasi qaytalanadi. U besh kundan keyin vafot etadi.
Jamoa penitsillin taʼminotini kuchaytirish uchun biroz yoqimsiz choralarga murojaat qilishga majbur boʻladi. Penitsillin dozasining taxminan 80 foiz qismi tanamizdan siydik bilan chiqariladi va uni ajratib olish va qayta ishlash mumkin. Klinik sinovlar boʻyicha rahbar — doktor Ethel Flori muntazam ravishda siydikni yigʻish uchun bemorlarnikiga velosipedda qatnagan.
Erishayotgan muvaffaqiyati bilan Oksford jamoasi penitsillin ishlab chiqarish uchun farmatsevtika kompaniyalariga murojaat qildi. Biroq Ikkinchi jahon urushi avjida boʻlgan bir paytda, Britaniya sanoati yangi ommaviy ishlab chiqarish jarayonini rivojlantirishga qodir emas edi. Shuning uchun jamoa boshqa joy qidira boshladi.
AQSHda ish koʻlamini oshirish: ommaviy ishlab chiqarish, Peoriya, Illinoys, 1941-yil
Shunday qilib, 1941-yil iyun oyida Flori ishlab chiqarishni kengaytirish yoʻlini topish umidida penitsillinni AQShga olib ketishga qaror qildi. Illinoys shtatining Peoriya shahrida Qishloq xoʻjaligi departamentining tadqiqot laboratoriyasida yangi guruh tashkil etildi. Ular fermentatsiya (mogʻor olish uchun achitish, bijgʻitish) boʻyicha oʻzining tajribalaridan foydalangan va penitsillinni tozalashni iloji boricha samarali qilish uchun chuqur fermentatsiya tanklaridan foydalangan holda yangi usullarni ishlab chiqqan.
Peoriyadagi laboratoriyada makkajoʻxori kraxmalining qoʻshimcha mahsuloti boʻlgan makkajoʻxori suyuqligi juda koʻp miqdorda bor edi. Ular oʻsha suyuqlikdan mogʻor bulyoniga qoʻshilganda, penitsillinning miqdori juda tez oshganini aniqladi. Shakar, aminokislotalar va azotning yuqori konsentratsiyasi mogʻor fermentatsiyasi uchun ajoyib muhitni taʼminlagandi.
Ular penitsillin miqdori yuqori boʻlgan mogʻor turlarini dunyo boʻylab qidirishni boshladi. Dunyoning turli burchaklaridan tuproq namunalari yuborilgan. Ammo yechim yaqinroq joydan topildi. Peoriya laboratoriyasida yordamchi boʻlgan Meri Xant mahalliy bozorda chirigan yashil poʻstloqli qovunni topib keldi. Undan olingan mogʻor esa Fleming topgan mogʻor turidan olti baravar koʻproq penitsillin ishlab chiqardi.
AQSh farmatsevtika kompaniyalari dastlab penitsillinni keng miqyosda ishlab chiqarishni istamagan. Biroq 1941-yil oxirida AQSh Ikkinchi jahon urushiga qoʻshildi va penitsillinga boʻlgan talab keskin oshdi. AQSh 1943-yilga kelib, Qurolli kuchlar va ittifoqchilarining talablarini qondirish uchun yetarli miqdorda penitsillin zaxiralariga ega edi.
Antibiotiklar bugungi kunda
Penitsillin 1946-yilda birinchi marta Buyuk Britaniyada ommaviy foydalanishga topshirildi, u butun dunyo boʻylab tibbiyotni oʻzgartirdi va antibiotiklar asrini boshlab berdi. Ammo bakteriyalar ham asl penitsillin va boshqa koʻplab antibiotiklarga chidamli boʻlish darajasida rivojlangan. Shuning uchun olimlar endi yangi antibiotiklarni topish va ishlab chiqish uchun harakat qilmoqda.
Manba: sciencemuseum.org.uk Muqova suratlar: wikipedia.org / freepik.com