1
Ulashish
974 marta koʻrilgan
1623–1662
Paskal Blez
Blez Paskal Fransiyaning eng qadimiy viloyati – Overna poytaxti Klermon-Ferran shahrida dvoryan oilasida tugʻilgan. Blezning otasi Etyen Paskal Parij universitetida huquqshunoslik bo’yicha tahsil olgan. Martaba pillapoyasida sudya darajasiga yetgach, jamiyatda halol, oʻqimishli shaxs sifatida obroʻ qozonadi. Etyen huquq va qonunshunoslikdan tashqari matematika va musiqani ham yaxshi oʻzlashtirib, xorijiy tillarni ham bilgan. Uning rafiqasi Antuanetta Begon ham yuristlar oilasidan bo’lgan. Afsuski, u tez orada sogʻligʻi yomonlashgani tufayli vafot etadi. Natijada Etyen Paskal 3 yosh bolasi bilan yolgʻiz qoladi.
Etyen farzandlarini juda yaxshi koʻrar va ularga grammatika, geografiya va tarixni mustaqil oʻrgatardi. Taqdir taqozosi bilan 1631-yilda Klermonda vabo avj oladi va oila Parijga koʻchib oʻtishga majbur bo’ladi. Etyen Paskal Parijning yaxshi tumanidan xonadon ijaraga oladi va bolalarning tarbiyasi bilan jiddiy shugʻullana boshlaydi, uy ishlarida esa unga baxtsiz yetimlarga ona sifatida gʻamxoʻrlik qilayotgan xizmatkori Luiza Delfo yordam beradi. Farzandlari orasida yosh Blezning ajoyib matematik qobiliyatlarini sezgan otasi uni rohib Maren Mersenning matematika toʻgaragi yigʻilishlariga olib boradi. Rohib Maren Mersenn xonasida Fransiyaning boʻlajak buyuk matematiklari yigʻilib, bahslashib turardi. Munozara, notoʻgʻri faraz va ajoyib gʻoyalar qizgʻin muhokama qilinuvchi toʻgaraklarning birontasini ham oʻtkazib yubormagan Blez 3 yil oʻtgach, Mersennga oʻzining “Konus kesimlari nazariyasi tajribasi” risolasini keltiradi. Shundan soʻng Paskal Parij matematiklari orasida mashhur boʻlib ketadi. Oʻsha yili uning otasi Normandiyada intendant (iqtisodiy taʼminot va harbiy iqtisodiyot uchun masʼul harbiy xizmatchi) etib tayinlanadi va Blez otasi bilan Ruanga ketishiga toʻgʻri keladi. U yerda Blez otasiga koʻmaklashib yurib, hisob-kitob jarayonini mexanizatsiyalash, hisoblash mashinasini yaratish boʻyicha ajoyib gʻoyani oʻylab topadi.
1644-yilda shahzoda Genrix II Burbonskiy “Paskal gʻildiragi” (hisoblash mashinasini)ni koʻrish istagini bildiradi va yosh ixtirochini saroyga oʻz mashinasini namoyish etish uchun taklif qiladi. Namoyishdan soʻng Paskal ixtiro qilish uchun qirollik imtiyoziga ega boʻladi. Vaqt oʻtib Paskalning bilimga boʻlgan ishtiyoqi, ilmiy matematik ishlari uni chuqur falsafiy mulohazalar sari yetaklaydi. U Yanseniyning “Insonning ichki oʻzgarishi haqida”gi risolasini oʻqigach, uning gʻoyalari taʼsirida hayotga, fanga va oʻziga yangicha nazar bilan qaray boshlaydi, barcha voqealarga tanqidiy nazar bilan baho berishni oʻrganadi. Ilm-fan borasida ham tobora oldinga qarab siljib boradi: endilikda uni fizika, fizik tadqiqotlar, tajribalar oʻziga maftun qila boshlaydi. Blezning gʻayrioddiy tajribasi uchun Ruanning shisha puflagichlari 12 metr uzunlikdagi quvurni puflagan, bu paytda ularning atrofida bir necha yuz kishi kuzatib turgan.
Blez Paskal mustahkam sogʻliqqa ega inson emas edi, u tez-tez boshi ogʻrigʻi va oshqozon ogʻrigʻidan ham aziyat chekardi. Yonida singlisi Jaklin doim sevimli akasiga gʻamxoʻrlik qilardi. Joni azob chekib turgan bir paytda Paskalning oldiga Buyuk Dekart (fransuz faylasufi, matematigi va fizigi) kelgan va 2 matematik turli xil ilmiy muammolar haqida qizgʻin suhbatlashgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham mavjud. Birmuncha vaqt oʻtib, Paskal sogʻayadi va oʻz tajribalarini davom ettiradi. “Suyuqliklar muvozanati toʻgʻrisida”gi risolasida gidrostatika asoslari haqida soʻz yuritgan boʻlsa, Pyui-de-Dom togʻidagi tajribasi “Suyuqliklar muvozanatining buyuk tajribasi” nomini oladi.
1651-yilda Blez hayotida baxtsizlik sodir boʻladi – otasi vafot etadi va bu uning sogʻligʻiga yomon taʼsir qiladi. Shifokorlar yozib bergan dori-darmonlar ham yosh Paskalning sogʻligi tiklanishida yordam bermaydi. Blez Paskal qirollik saroyiga koʻp marotaba taklif qilingan, u yerda tarbiyasi, odob-axloqi, muomalasi bilan tezda koʻzga tashlangan edi. Hatto goʻzal va bilimli 26 yoshli Shvetsiya qirolichasi Xristina ham Paskalni arifmetik mashinasini namoyish qilish uchun Pivediyaga taklif qilib, xat yozgan. Oʻsha davrda Paskal Yevropa ilm osmonida charaqlagan yulduz edi. Saroy shoirlari arifmetik mashina haqida hayajonli sheʼrlar yozgan boʻlsa, uning shisha naychalar va simob ustunlari bilan bogʻliq mashhur tajribalaridan soʻng boʻshliq nazariyasi haqida ham kuylay boshlaydi.
Paskalning saroydagi hayoti yangi tanishlar orttirishiga turtki boʻladi. Shulardan biri kelishgan, yorqin va aqlli, ayollar qalbini zabt etuvchi, fan bilan ham qiziquvchi, Parij salonlari qiroli de Mere edi. De Mere ehtimollik nazariyasi hukmronlik qiladigan qimor oʻyinlarini yaxshi koʻrardi. U bilan munozaralar Paskalni fanning falsafiy muammolari va, albatta, birinchi navbatda matematika haqida oʻylashga majbur qiladi. Shu asnoda Blez Paskal ehtimollar nazariyasi sohasida arifmetik uchburchak haqida asar yozadi. Barchamizga maʼlum boʻlgan “Paskal uchburchagi” mavzusi bugungi kunda ehtimollar nazariyasi boʻyicha darsliklardan oʻrin olgan.
Ammo kutilmaganda olim matematikani butunlay tashlab, Yevangeliya (Injilning bir qismi)ni mutolaa qila boshlaydi. Aslida uning hayotidagi bu keskin burilishni asoslab beruvchi bir afsona bor. Unga koʻra, Paskal 6 ta otli aravada panjarasi yoʻq koʻprik ustidan oʻtayotganida, otlar suvga tushib ketadi. Arqon uzilib ketganiga qaramay, arava moʻjizaviy tarzda koʻprik chetida toʻxtab qoladi va Paskal hushini yoʻqotadi. Aynan shu voqea uning butun hayotini tubdan oʻzgartirib yuboradi, u butun diqqat-eʼtiborini ruhiy rivojlanishga qarata boshlaydi. Ammo monastirda ham taqdirning irodasiga koʻra u yana diniy kurash markazida boʻladi va bu safar iyezuit ordeniga qarshi olishishga toʻgʻri keladi.
Blez Paskalning “Qishloqiga maktublar” toʻplami iyezuitlarga qarshi shiddatli kurash isbotidir. Mazkur kitob orqali u teologik muammolar va bahslarni jamiyat hayotida yoritishni istagan. “Qishloqiga maktublar” asari iyezuitlar ordeniga qarshi qattiq zarba beradi. Bu orada Paskalning fandagi sukunatiga ham 3 yil toʻladi. Endi u ilm bilan shugʻullanishni foydasiz ish deb hisoblaydi. Biroq rohib Mersenning sikloida (cheksiz ketma-ket arklar) yoki ruletka bilan bogʻliq muammo haqida gapirganini yodga olib, bu masalani yechishga bel bogʻlaydi.
Sikloida muammosi Paskalga doridek taʼsir qiladi, u oʻtkir ogʻriqni yengib, bu masalani hal qilishga erishadi. Ertasi kuni gersog de Roanne oʻz doʻstini sogʻlom holatda koʻrib hayratlanadi, chunki aql dardni yenggan edi, sikloida esa magʻlub boʻlgandi. Gersog Paskalga sikloida muammosini hal qilish boʻyicha Yevropaning eng yaxshi matematiklari oʻrtasida tanlov oʻtkazishni taklif qiladi va Paskal bunga rozi boʻladi. Tanlov 3 oy davom etgach, hakamlar hayʼati natijalarni eʼlon qiladi va Paskalning yechimi eng yaxshi yechim deb topiladi.
Olim oʻzining “Amos Dettonvildan de Garkavi yubileyiga maktub” nomli xotiralarida tanlov natijalarini qayd etgan. Bu orada Blez Paskalning sogʻligʻi yana yomonlashadi, endi u har qanday hashamat, mazali taomni gunoh deb biladi. Chiroyli mebel, kutubxona, qimmatbaho idishlarini sotadi va xizmatchilardan butunlay voz kechadi. U shu darajaga yetadiki, oʻziga zarur boʻlgan oziq-ovqatni matematik jihatdan hisoblab chiqadigan boʻladi. Bir kuni Pyer Ferma unga matematik muammolarni muhokama qilish va uchrashish uchun maktub yoʻllaganida, Paskal juda zaifligi, faqat hassa bilan yura olishi va bunday sayohatga yaramasligini aytib, javob xati yozadi.
Ehtimollar nazariyasining 2 dahosiga shu tarzda uchrashish nasib etmaydi. 1662-yilning yoz fasli keladi, Blez Paskal boʻlsa kasalliklarga qarshilik koʻrsatishda davom etadi. U endi yoza olmas, barmoqlarida hatto qalamni ushlab turishga darmoni yetmas, dahshatli bosh ogʻrigʻi va oshqozon sanchishlaridan qattiq azob chekardi. 1662-yil 19-avgustda buyuk matematik vafot etadi, u deyarli butun umri davomida miya saratoni, ichak sili va revmatizm bilan ogʻrigan edi. Ammo shafqatsiz, ogʻriqli kasalliklariga qaramay, Paskal tabiat sirlarini ochish uchun qoʻlidan kelgan hamma narsani qildi. U mumtoz gidrostatika (harakatsiz suyuqlikning xatti-harakatlari nazariyasi)ning asoschisi boʻlib, usiz differensial va integral hisoblarni yaratish mumkin emas edi. Bundan tashqari atmosfera bosimining birligi ham uning nomi bilan ataladi. Blez Paskal tom maʼnoda har jihatdan ilmiy daho edi.
Muqova suratlar: biographe.ru / obrazovaka.ru