Orqaga

848 marta koʻrilgan

1881–1973

Pablo Pikasso

Pikasso o‘zining ijodiy aqidasini quyidagicha taʼriflagan: “Men obyektlarni o‘zim ko‘rganimdek emas, balki o‘zim tasavvur qilganimdek chizaman”.

Pikassoning (kelib chiqishi ispaniyalik) ajoyib isteʼdodi juda erta namoyon bo‘lgan. 11 yoshida u shunchaki vaqtichogʻlik uchun maxsus sanʼat jurnaliga rasm chizgan va illyustratsiyalar yaratgan. U maktabni yomon ko‘rgan va yozishni o‘rganmagan. Pikasso uchun asosiysi rasm chizish bo‘lgan va bundan boshqa hech narsa bilan shugʻullana olmagan.

Uning otasi rassom bo‘lib, Pablo ko‘pincha uning ishiga yordam berishiga toʻgʻri kelgan. Bir kuni kechqurun otasi uni kabutar rasmini chizib tugatishi uchun yolg‘iz qoldirgan. Qaytib kelgach, u ajoyib rasmni ko‘rgan. Afsonaga ko‘ra (ularning ko‘pi Pikassoning hayoti haqida), shundan keyin u o‘z palitrasi hamda cho‘tkalarini o‘g‘liga bergan va boshqa hech qachon rasm chizmagan. O‘shanda Pikasso atigi 13 yoshda edi. Oila Malagadan Barselonaga ko‘chib o‘tgan va Pablo bir muddat Madriddagi San-Fernando akademiyasida tahsil olgan. U asta-sekin muvaffaqiyatga erishgan.

Dastlab u ko‘p yillik qashshoqlikni boshdan kechirgan, ammo maqsadiga erishish istagi, o‘zini o‘zi tarbiyalash, shuningdek, har qanday, hatto eng qiyin ishlarni bajarish istagi uni shon-sharaf choʻqqisiga olib chiqqan. Shuning uchun Pikasso darhol mashhur bo‘lgan degan afsona mutlaqo noto‘g‘ridir. Avvalo u o‘z davrining yetakchi rassomlari davrasiga kirishi kerak edi. Parij o‘sha paytda madaniy hayot markazi hisoblangan, aynan shu yerda rassomchilikning asosiy yo‘nalishlari aniqlangan.

1900-yilda Pikasso qisqa muddatga Parijga kelgan, ammo fransuz tilini bilmasligi unga xalaqit bergan va u Ispaniyaga qaytib kelgan. Ammo u mazkur vaqt ichida kerakli aloqalarni o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan va bir yil o‘tgach, o‘z rasmlarini  kolleksioner Ambruaz Vollardning nufuzli galereyasida namoyish etgan. Tasvir mavzusi rassomni o‘rab turgan dunyo, “kichkina odam”: sarson-sargardon yurgan aktyor, uysiz va kambagʻallar bo‘lgan. Dominant ranglarga ko‘ra, uning ishidagi birinchi davr odatda “ko‘k” (1901–1904-yillar), ikkinchisi “pushti” (1905–1906-yillar) deb nomlanadi.

Pikassoning asl isteʼdodi boshidanoq yaqqol namoyon bo‘lganiga qaramay, rasmlarida uni oʻqitgan ustozlarining taʼsiri ham seziladi. Suratlarda siz impressionist (zamonaviy sanʼat pioneri) larning rang-barang palitrasi, El Grekoning sovuq yashil rangdagi, cho‘zilgan shakllari, Diyego Velaskes, Fransisko de Surbaran va Fransisko Goyaning soddaligi va realizmini ko‘rishingiz mumkin. Bularning barchasi uning rasmlarida mutlaqo paradoksal (qarama-qarshi) tarzda birlashadi. Shunga qaramay, o‘sha paytda ham Pikasso to‘g‘ridan to‘g‘ri nusxalashdan mohirlik bilan qochishga muvaffaq bo‘lgan. U atrofimizdagi dunyo va barcha tanish narsalarni o‘zgacha koʻrishga imkon beradigan, yangi shakllarni ixtiro qilgan.

“Avignon qizlari” (1907-yil) dan boshlab va keyingi 70 yil ichida Pikasso faqat o‘ziga o‘xshagan. U fransuz rassomi Jorj Brak bilan birgalikda kubizm (narsalarni sodda geometrik shakllar kombinatsiyasi tarzida tasvirlashdan iborat modernistik oqim) ni kashf etib, deyarli har 10 yillikda yangi vizual shakl, texnika va sanʼat turlarini ixtiro qilgan. Shunday qilib, neoklassik davrda u o‘zining “Ona va bola” (1922-yil) kartinasi va o‘g‘li “Eshak mingan Pol” (1923-yilda yaratilgan boʻlib, unda ijodkorning oʻz oʻgʻli tasvirlangan) portretida aks etgan plastik shakllarni takomillashtirgan, 1920–1930-yillarda grafikaga murojaat qilgan va Publiy Ovidiyning “Metamorfozalar” (1931-yil) va Aristofanning “Lisistrata” (1934-yil) asarlarining illyustratoriga aylangan.

Pikasso isteʼdodi asta-sekin rivojlanib borgan va bu vaqt davomida u doimiy ravishda umum eʼtirof etilgan qoidalarni buzgan, g‘alati va g‘ayrioddiy ifodaga ega rasmlari bilan jamoatchilikni hayratda qoldirgan. Shuningdek, u har doim zamonamizning o‘tkir muammolarini ifodalash uchun allaqachon maʼlum bo‘lgan usullardan qanday foydalanishni bilgan. Uning Ispaniyadagi fojiali voqealar taʼsirida yozilgan “Gernika” (1937-yil) kartinasida kubizm geometriyasi bilan uyg‘unlashgan grotesk (komik) uslub o‘z aksini topgan. Bu rasm fashizm va urushning g‘ayriinsoniyligiga qarshi haqiqiy ayblovga aylangan.

span style=color #999999; font-size 12pt;“Gernika” surati wikipedia.orgspan

Urush va tinchlik mavzusi Pikassoda uzoq vaqt saqlanib qolgan. U kommunizm tarafdoriga aylanadi, fashizmga qarshi turadi, urush yillarida qora ro‘yxatga kiradi va Vallorisdagi Tinchlik ibodatxonasi uchun “Urush” va “Tinchlik” kartinalarini yaratadi. Tinchlik tarafdorlari timsoliga aylangan, mashhur “Tinchlik kabutari” asari yuqorida sanab oʻtilganlarni oʻzida mujassam etgan.

Pikasso isteʼdodini xilma-xil deb atash mumkin. U zo‘r rassom bo‘lgan, kollaj, bosma asarlar yaratgan, teatrlashtirilgan spektakllarda qatnashgan, haykaltaroshlik, kulolchilik, keramika, monumental rasm, illyustratsiya, turli grafik ishlar tayyorlagan. Ko‘pchilik Pablo genialligini tan olgan, garchi bu umumiy qabul qilingan nuqtayi nazarga mutlaqo zid bo‘lsa ham, u har doim o‘ziga kerak deb bilgan narsani qilishni xohlagan. U qariyb bir asr yashagan. Uning qarashlari va badiiy ijodi sanʼat haqidagi odatiy g‘oyalarni o‘zgartirgan.

 



Muqova suratartchive.ru / whudat.de