Orqaga

972 marta koʻrilgan

1815–1898

Otto fon Bismark

Bismark Otto Eduard Leopold fon Shyonxauzen oqsuyak, ammo kambagʻallashib qolgan pruss dvoryan urugʻiga mansub edi. U Berlindan unchalik uzoq boʻlmagan, Shyonxauzen mulkida tugʻilgan. Oilaviy anʼanaga muvofiq, Otto harbiy boʻlishi kerak edi, ammo onasi uning diplomat boʻlishini xohlardi va Otto Gettingen universitetining yuridik fakultetiga oʻqishga kiradi. Boʻlajak kansler oʻzini ilm-fan bilan qiynab oʻtirmadi, koʻp vaqtini qilichbozlik va koʻngilxushlikka sarfladi. Natijada u 27 ta dueldagi gʻalabalari bilan bemalol maqtana oladigan boʻldi.

Taʼlimni yakunlagach, Bismark diplomatik xizmatga kirishga intiladi, ammo tanishlari yoʻqligi sabab buni uddalay olmaydi va sud jarayoni amaldori boʻlib ishlay boshlaydi. Lekin bu ish ham uzoq davom etmaydi va Otto ishini tashlab qishloqqa qaytadi hamda otasining ikki mulkini boshqara boshlaydi. Tez orada Bismark muvaffaqiyatli mulkdorga aylanadi, oʻzining ovdagi yutuqlari bilan mashhurlikka erishadi. U nihoyatda irodali va jismonan chiniqqan inson edi. Ziyoli doiralarda uni “gʻazabnok yunker” deb atashardi. Siyosiy qarashlari jihatdan Bismark ashaddiy monarxist edi. Natijada uning izdoshlaridan biri Bismarkning siyosiy shiorini “Kuch huquq ustidan gʻalaba qozonadi” deb shakllantirib beradi.

1848-yilning inqilob kunlarida u qoʻzgʻolonni bostirish uchun Berlinga oʻz dehqonlaridan tuzilgan, qurollangan boʻlinma bilan keladi. Bismarkning xatti-harakatlari hukumat tomonidan eʼtiborga olinadi va bir necha yillardan keyin aynan unga Gemaniya tashqi siyosati boshqaruvchisi lavozimi beriladi. Bismarkning siyosiy faoliyati Frankfurtdagi ittifoq majlisida, Prussiya elchisi lavozimidan boshlangan. U yerda Otto Avstriya siyosatining barcha ayyorliklarini oʻrganib olgan va Avstriya Prussiyaning taʼsirini kamaytirish orqali siyosiy maydonda yetakchi boʻlishni xohlayotganini tushungan. Avstriyaga qarshilik koʻrsatish uchun kuchli tarafdorlarni topish kerak edi.

Bismark Peterburg va Parijda elchi lavozimida boʻlib, Germaniya uchun eng yaxshi ittifoqdoshlar — Rossiya va Fransiya boʻlishini tushungan. Peterburgda unga hatto rus xizmatiga oʻtishni taklif qilishadi. Lekin u 1862-yilda vataniga qaytadi va Prussiyaning bosh vaziri boʻladi. Bundan keyin Bismark qoʻshni mamlakatlarga nisbatan bosqinchilik siyosatining targʻibotchisi boʻlib chiqadi. 1862-yil 30-sentabrda u oʻz nutqida “Zamonlarning buyuk savollari nutq va koʻpchilikning fikri bilan emas, poʻlat va qon bilan yechiladi” deydi. Liberal oppozitsiya bilan hisoblashib oʻtirmay, Bismark harbiy reformatsiyani yakunlaydi va nemis armiyasini kuchaytiradi. Shu paytdan boshlab, u Germaniyani birlashtirish maqsadi uchun harakat qilishga qatʼiy qaror qiladi. 1864-yilda u Daniyaga qarshi urush ochadi va Avstriyaning koʻmagi bilan Sileziya va Golshteynni egallaydi. Keyin pruss armiyasi Avstriyaga qarshi yurish boshlab, 1866-yildagi yetti haftalik urushda gʻalaba qozonadi. Avstriyaga qarshi hech qanday chora koʻrilmaydi, Bismarkka bu davlatning nihoyat Germaniyaga boʻyin egishining oʻzi kifoya edi. Avstriyaning magʻlubiyati natijasida Prussiyaning milliy nemis davlatini tuzish huquqi tan olinadi va davlat birlashadi.

Germaniyaning birlashishi 1871-yilda, pruss qoʻshini fransuzlarni yengganida yakunlanadi. Bismarkning Germaniyani qudratli imperiya (nemis reyxi) ga aylantirish rejasi shu tariqa amalga oshadi. 1871-yil 18-yanvarda pruss qiroli nemis imperatori etib tayinlanadi, Bismark esa uning kansleri boʻladi. Germaniyaning birlashuvida Bismarkning Rossiya bilan doʻstona aloqalarda boʻlishi muhim ahamiyat kasb etgan. U Qrim urushida Prussiyaning betaraf pozitsiyasini saqlab, Rossiyani boʻlish haqidagi gʻarb davlatlari fikriga qarshi turgan.

1877—1878-yillardagi rus—turk urushidan keyin Rossiya koʻproq qudratga ega boʻlgach, Bismark Avstriya-Vengriyani qoʻllay boshlaydi. Shuningdek, u 1882-yilda Fransiya va Rossiyaga qarshi Uchlik ittifoqining tuzilishida asosiy tashkilotchilardan boʻlgan, lekin Rossiya bilan urush Germaniya uchun xavfli boʻladi deb hisoblagan. Bismarkning faoliyati Vilgelm I (1797—1888) vafotidan keyin tugaydi. Imperatorning merosxoʻri, Vilgelm II Bismark taʼsirining kuchayishidan choʻchigan. Kanslerning boʻshash arizasi 1890-yil 20-martda qabul qilingan. U Berlinni tark etgan, ammo xalq ommasi uni Germaniya oldidagi xizmatlari uchun olqishlagan. Hayotligidayoq Bismark taqlid uchun namunaga aylangandi, vafotidan soʻng esa imperiyaning turli burchaklarida unga haykallar qoʻyishgan.