7
Ulashish
838 marta koʻrilgan
1929–1993
Odri Xepbyorn
Odri Ketlin Raston 1929-yil 4-mayda Belgiya poytaxti — Bryussel yaqinidagi Iksel shahrida tugʻilgan. Uning onasi Ella van Xeyemstra baronessa (zodagonlik faxriy unvoni) boʻlib, XVI asrdagi qadimiy baron oilasidan chiqqan edi. Otasi Jozef Raston shaxsi haqida asosan mish-mish va tasdiqlanmagan maʼlumotlar mavjud. Faqat shuni aniq aytish mumkinki, u Britaniya fuqarosi boʻlgan va birmuncha vaqt Yava orolida faxriy elchi sifatida ishlagan. Ehtimol, aynan shu yerda Odrining boʻlajak onasi bilan uchrashgan. Keyinchalik Jozef oʻz nomiga aristokratik obroʻ berish maqsadida familiyasini “Xepbyorn-Raston” ga oʻzgartirgan boʻlsa ajab emas.
Kichkintoy Odri shunday qilib Xepbyorn-Raston familiyasiga ega boʻlgan. Oilada ota-ona oʻrtasida tez-tez urush va janjallar boʻlib turardi. Kichkina Odri esa bunday paytda qoʻrqib, stol ostiga yashirinar yoki qulogʻini berkitib, qochib ketardi. Natijada qizaloq 6 yoshga toʻlganida ota-onasi ajrashdi. Odri otasiga juda bogʻlanib qolgan, shuning uchun uning ketishi qizaloqqa dahshatli zarba boʻldi. Ayniqsa, otasi ketayotganida Odrining: “Dada, ketmang! Dada, men sizni yaxshi koʻraman!”, — deb qichqirsa ham, oʻgirilib qaramagani qattiq taʼsir qiladi. U shunchaki ketdi… Biroz vaqt oʻtgach qizaloq onasi bilan Londonga joʻnab ketdi, Odri u yerda qizlar uchun xususiy maktab-internatda oʻqidi.
1939-yil 3-sentabrda Buyuk Britaniya Germaniyaga urush eʼlon qildi va Xepbyornlar oilasi Niderlandiyaning Arnem shahriga koʻchib oʻtishga majbur boʻldi. Chunki Niderlandiya oʻsha paytda harbiy betaraflikni saqlab qolgandi. Biroq 1940-yil may oyida Germaniya Niderlandiyaga bostirib kirdi va Xepbyorn oilasi fashist istilosi davrini boshdan kechirishga majbur boʻldi. Qizining britaniyalik ekanini yashirish uchun onasi unga faqat golland tilida gapirishni, oʻzini esa “Odri” emas, “Edda van Xemstra” deb atashni buyuradi.
Oila “Qarshilik harakati” (Ikkinchi jahon urushi davridagi xalqaro milliy ozodlik harakati) da qatnashdi. Boʻlajak aktrisa koʻpincha oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyib, oʻrmonda urib tushirilgan britaniyalik uchuvchini qidirish yoki poyabzal tagligi ostiga yashiringan xatni xabarchiga yetkazishni kutib, soatlab koʻchada oʻynash kabi turli vazifalarni bajarishi kerak edi. Keyinchalik Odri: “Biz bolalar uchun qarshilik koʻrsatishda ishtirok etish koʻproq oʻyinga oʻxshardi. Albatta, bu xavfli ekanini tushunardik, ammo bu ʻoʻyinʼning qanchalik jiddiyligini anglamasdik”, — deb eslagan.
1944-yilning qahraton qishida Arnem (Niderlandiya shahri) aholisi juda qiyin kunlarni boshdan kechirdi. Nemislar tomonidan oziq-ovqat yetkazib berishga qoʻyilgan taqiq tufayli Gollandiya haqiqiy ocharchilikka duchor boʻldi. Odamlar iloji boricha tirik qolish niyatida lola piyozlarini xom holda isteʼmol qilishga majbur boʻldi. Doimiy toʻyib ovqatlanmaslik tufayli Odri metabolik muammoga duch keldi, anemiya rivojlandi va astma xurujlarini boshdan kechirdi.
Oila Urush tugagandan soʻng, yaʼni 1945-yilda Amsterdamga koʻchib oʻtdi va nihoyat Londonga qaytib keldi. Odri raqsga tushishni yaxshi koʻrardi va balerina boʻlishni hamma narsadan ham koʻp orzu qilardi. Shuning uchun qiyinchilik bilan boʻlsa ham Londondagi Mari Ramberning mashhur raqs maktabiga oʻqishga kirishga muvaffaq boʻldi.
Madam Ramber Odrini juda baland, ozgʻin, oʻz yoshi uchun yaxshi rivojlanmagan deb tanqid qilardi. Odri boshqalarga yetib olish uchun ertalabdan kechgacha shugʻullanishga vaʼda berdi va haqiqatan ham shunday qildi, biroq uning barcha harakatlari zoye ketdi. Madam Ramber mashgʻulotni davom ettirishdan foyda yoʻqligi, sababi uzun boʻy va ozgʻinlik emas, balki hech qanday qobiliyatning yoʻq ekanini keskin va ochiqchasiga gapirdi.
— Lekin men raqsga tushishni juda yaxshi koʻraman…
— Raqsga tusha olmaysan deb aytdimmi? Aslo unday emas, sen yaxshi raqqosasan, ammo balerina emas. “Raqsga tusha olasan, tushasan ham, lekin kordebalet (guruhli raqsni amalga oshiruvchi balet) da, men esa kordebalet raqqosalarini tayyorlamayman, vaqtimni behuda sarflashni istamayman. Kabare (estradali kichik restoran) uchun seni bilgan narsang yetarli. Hech qachon prima-balerina (asosiy rolni ijro etuvchi balerina) boʻla olmaysan!”
Shunday qilib, Odri Xepbyorn balerina sifatidagi faoliyati bilan abadiy xayrlashib, madam Ramberni tark etdi. Raqsga boʻlgan muhabbat uni Ramber xonim aytganidek, kordebalet sari yetakladi. U turli xil myuzikllar (estrada, operetta, balet elementlari asosidagi musiqiy tomosha) da qatnashdi va vaqt oʻtishi bilan uni film suratga olish maydoniga taklif qila boshlashdi. Toʻgʻri, oʻsha paytda uning rollari kichik edi. Odrining nomi har doim ham titrlarda koʻrsatilmas, hatto tanqid qilish uchun ham arzimasdek edi.
1950-yil, syomkalarning birida aktrisani taniqli fransuz yozuvchisi Sidoni Kolett payqab qoladi. U Odrini oʻzining yengiltak ayol boʻlishga tayyorlanayotgan parijlik qiz haqida soʻzlovchi “Jiji” romanining bosh qahramoni sifatida koʻrdi. Kolett Xepbyornni oʻz romanining Brodveydagi syomkasiga taklif qiladi. Odri Kolettni tajribasi yoʻqligi, qoʻlidan kelmasligiga qanchalik ishontirishga urinmasin, yozuvchi oʻz taklifida qatʼiy turib oldi. U Xepbyorn oʻz vazifasini bajara olmasligini eshitishni ham istamadi. Oxir-oqibat, aktrisa rozi boʻldi va keyinchalik maʼlum boʻlishicha, Kolett haq boʻlib chiqdi. “Jiji” premyerasining ertasi kuniyoq Nyu York boʻylab Odri Xepbyorn ismli yangi yulduz haqida mish-mishlar tarqaldi.
1953-yili Odri “Rim taʼtillari” melodramasida qochib ketgan malika haqida soʻzlovchi birinchi bosh rolini ijro etdi. Yosh, tajribasiz aktrisaning oʻz vazifasini aʼlo darajada bajarishida filmdagi sherigi, taniqli aktyor — Gregori Pekning roli cheksiz. U tom maʼnoda “Rim taʼtillari” filmini suratga olish jarayonida Odrining doʻsti va ustoziga aylandi, buning uchun aktrisa keyinchalik undan butun umri davomida minnatdor boʻldi. Odir nafaqat u, balki yosh yulduzga hamma narsada yordam bergan va qoʻllab-quvvatlagan butun suratga olish guruhidan mamnun edi. Ushbu filmdan soʻng Odri Xepbyornni butun dunyo sevib qoldi. Bosh rollarni toʻladan kelgan qizlar ijro etishiga oʻrganib qolgan tomoshabinlar “pari” dek koʻrinishli, maftunkor qizni olqishlar bilan kutib oldi.
Odri bu roli uchun 1954-yilda “Oskar”, “Oltin globus” va boshqa koʻplab mukofotlarni oldi. Aktrisa darhol suratga olish takliflari bilan koʻmilib ketdi. Shu yilning oʻzida Xepbyorn “Sabrina” filmida rol oʻynadi, syujet “Zolushka” mavzusini davom ettirardi. Keyinchalik Odri “Sabrina” filmining suratga olish jarayoni uning karyerasidagi eng yoqimsiz voqealardan biri boʻlganini tan oldi. Chunki bosh roldagi aktyor Xamfri Bogart oʻz hamkasblari, rejissyorning oʻziga ham qoʻpol munosabatda boʻlgan, hatto matnni rejissyor yuziga otishgacha borgan, ketma-ket barchani haqorat qilib, kamsitgan.
Odri 1954-yilda yana Brodvey sahnasiga “Undina” spektaklida suv parisi rolini oʻynash uchun taklif qilindi. Asarda jasur ritsarga oshiq boʻlgan suv nimfasi haqidagi oʻrta asr afsonasi hikoya qilinadi. Odrining sahnadagi sherigi amerikalik aktyor, rejissyor va prodyuser — Mel Ferrer edi, aktrisa oʻsha yiliyoq unga turmushga chiqdi.
Koʻp yillar davomida Odri otasi bilan uchrashishni orzu qildi, lekin uni qayerdan va qanday topishni bilmas edi. Turmush oʻrtogʻi Melning surishtiruvi tufayli Odri otasining oʻsha yillarda Dublinda yashagani va boshqa oilasi borligini bildi. Odri otasi topilganidan xursand edi. Aktrisa otasi bilan qanday uchrashishi, qanday muvaffaqiyatlarga erishgani haqida gapirib berishi, otasi esa hayratga tushishi, xursand boʻlishi, qizining fotosuratlarini gazetalarda koʻrishni xohlaganini aytishini tasavvur qildi. Ular uchrashdi. Lekin hech narsani aytib berish shart emas edi. Chunki unga baribir edi, uni qizining na ishi, na oʻzi qiziqtirardi.
Odrining “Dada, uygʻoning! Dada, dadajon, bu men, sizning qizingiz — Odriman!”, — deya qichqirgisi kelardi. Ota eslamadi, “uygʻonmadi”, otasining koʻzidagi befarqlikni koʻrib esa Odri ham qichqirmadi. Baribir Odri oʻz otasini topganidan xursand edi, chunki endi u otasining tirik, sogʻ ekanligi, kerak boʻlganda yordamni qayerga yuborishni bilardi.
Odri Xepbyorn haqiqatan ham 1981-yilda otasining vafotigacha unga yordam joʻnatib turdi. Hatto yana uning oldiga keldi, bayram bilan tabrikladi, oʻzi haqida soʻzlab berdi, lekin baribir otasi unga befarqligini his qildi. Nega?! Uning uchun bu bir umrga sir boʻlib qoldi. Odri va Mel bir necha bor farzand koʻrishga harakat qildi, afsuski, aktrisaning homiladorligi bir necha bor homila tushishi bilan yakunlandi.
Nihoyat, 1960-yil 17-iyulda u oʻgʻil tugʻishga muvaffaq boʻldi, unga Shon deb ism qoʻydi. Chaqaloq toʻlaqonli, kuchli va sogʻlom edi. Odri oʻzida yoʻq baxtli edi. Uning azaliy — ona boʻlish orzusi ushaldi. Odri Xepbyorn 1961-yilda “Tiffanida nonushta” filmidagi roli tufayli oʻz karyerasining choʻqqisiga chiqdi. Xolli Golaytli roli XX asr Amerika kinosining kult obraziga aylandi.
Nyu Yorkda oʻz baxtini izlayotgan ehtiyotkor va ayni paytda dilkash qiz qiyofasi tomoshabinlar qalbidan joy oldi. Odri yana bir bor oʻzining moda olamidagi maqomini tasdiqladi. Uning kichkina qora Givenchy koʻylagi va mundshtukli (tamaki trubkasining boʻlagi) sigaretasi nafislik va hashamat timsoliga aylandi. Xepbyorn oʻzini hech qachon moda namoyondasi deb hisoblamagan va shunday degan: “Hamma bunga erisha oladi. Oddiy soch turmagi, quyoshdan himoya qiluvchi koʻzoynak, qora koʻylak va siz ham bosh qahramonga aylanasiz”. Aytgancha, sigareta aktrisa uchun nafaqat kino rekviziti (kartina uchun maxsus predmet) edi. Odri chindan ham juda koʻp chekar, kuniga 2 yoki 3 quti chekish uning uchun oddiy hol edi.
1964-yilda Odri Xepbyorn ishtirokida Bernard Shou pyesasi asosida suratga olingan “Mening goʻzal xonimim” myuzikli ekran yuzini koʻrdi. Unda Odri oddiy qiz rolini oʻynadi, bosh qahramon esa uni haqiqiy xonimga aylantirish borasida garov oʻynaydi. Film juda koʻp mukofotlarga sazovor boʻldi, ammo Odrining oʻzi bu safar hech qanday haykalcha olmadi. Uning oʻzi ham bu filmdagi rolini muvaffaqiyatsiz deb hisobladi, chunki kinokompaniya Odridan yashirincha u ijro etgan barcha qoʻshiqlarni yetarlicha yaxshi ijro etilmagani uchun qayta yozdirdi. Oʻshandan beri aktrisa oʻziga boshqa hech qachon myuziklda suratga tushmaslikka vaʼda berdi.
1966-yilda bir zumda klassikaga aylangan “Millionni qanday oʻgʻirlash kerak?” nomli kriminal komediya ekranga chiqdi. Unda 35 yoshli aktrisa tasviriy sanʼat muzeyidan soxta “shedevr” ni oʻgʻirlamoqchi boʻlgan sarguzashtchi ayol rolini ijro etdi. Odri bu filmdagi syomkani har doim alohida iliqlik bilan eslaydi.
1967-yilda Odri Xepbyorn ayni shuhrat choʻqqisida bir muddat kinoni tark etishga qaror qildi. Ehtimol, u oilasi bilan koʻproq vaqt oʻtkazishni xohlagandir, chunki eri bilan munosabatlarida inqiroz yuzaga kelayotgan edi. Odrining turmush oʻrtogʻi Mel oʻz karyerasi yaxshi rivojlanmagani uchun xotinining muvaffaqiyatiga hasad bilan qaragani haqida mish-mishlar tarqaldi.
Natijada 1968-yilda 14 yillik turmushdan soʻng er-xotin ajraldi. Biroz vaqt oʻtgach, Odri “Rim taʼtillari” filmidan beri aktrisaning muxlisiga aylangan, italiyalik psixiatr Andrea Dotti bilan uchrashdi. Tez orada ular turmush qurdi va 1970-yil 8-fevralda Odri Andreadan 2-oʻgʻli Lukani dunyoga keltirdi. Biroq bu turmush ham aktrisani baxtli qilmadi, chunki ularning hayotiga erining doimiy xiyonati soya solardi. 10 yillik turmushdan soʻng aktrisa Dottini tark etdi.
Nihoyat, 1979-yili 50 yoshida Odri oʻz baxtini topdi. U mashhur golland aktyori Robert Uolders bilan tanishdi va birinchi uchrashuvdayoq ular oʻrtasida oʻzaro muhabbat paydo boʻldi. Robert martaba va shov-shuvga qiziqmasdi, uning dunyo boʻylab kezib chiqishga arziydigan balandparvoz rejalari ham yoʻq edi.
Odri uchun asosiy narsa shunda ediki, Robert Odrini qayta tarbiyalashga intilmadi, faqat qoʻllab-quvvatladi. Robert Andrea singari jurnalistlarning shon-shuhrat va eʼtiborini xohlamasdi, har qadamda xotinining yulduz ekanligini eslatmasdi, har bir qiz ortidan yugurmasdi va sevgi borasidagi muvaffaqiyatlari bilan maqtanmasdi. Ular oʻrtasidagi nikoh hech rasmiylashtirilmadi, ammo bu ularning munosabatlariga zarracha xalaqit bermadi. Aktrisa karyerasidagi yakuniy rol Stiven Spilbergning 1989-yilda suratga olingan “Doimo” filmidagi Xep ismli farishta roli boʻldi. Melodrama halok boʻlgan uchuvchining oʻz yaqinlariga gʻamxoʻrlik qilish maqsadida arvoh boʻlib yerga qaytib kelishi haqida hikoya qiladi. Spilberg syomkasidan soʻng Odri xayriya missiyasi uchun kino karyerasini butunlay tark etdi.
Xepbyorn BMTning butun dunyo boʻylab muhtoj bolalarga yordam koʻrsatuvchi jamgʻarmasi UNICEFning “Yaxshi niyat” elchisi etib tayinlandi. Endi u oʻzini dunyoning eng qashshoq mamlakatlarida yashovchi bolalar hayotini yaxshilash uchun bagʻishlashga qaror qildi. Uning ishiga tillarni yaxshi bilishi yordam bergan, u ingliz, fransuz, golland va italyan tillarini yaxshi bilgan. Lotin Amerikasi mamlakatlariga tashrif buyurish uchun esa ispan tilini oʻrgangan.
Odri Xepbyorn 5 yil davomida UNICEF missiyasi bilan dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlariga sayohat qildi: Efiopiya, Turkiya, Vyetnam, Janubiy va Markaziy Amerika mamlakatlari, Bangladesh shular jumlasidandir. U insonparvarlik yordamiga muhtoj odamlarni emlash va ichimlik suvi bilan taʼminlash dasturlarini amalga oshirish bilan shugʻullandi. UNICEFda ishlash Odridan katta kuch talab qilardi, koʻplab sayohatlar oxir-oqibat uning sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.
1992-yil sentabrida Somali va Keniyaga safari chogʻida Xepbyorn toʻsatdan qorin sohasida chidab boʻlmas ogʻriqni his qildi. U Afrikadan kelgach toʻliq tekshiruvdan oʻtdi va, afsuski, unda zararli ichak oʻsimtasi borligi aniqlandi. Bir necha hafta oʻtgach, shifokorlar muvaffaqiyatli deb bilgan operatsiya oʻtkazildi, ammo 3 hafta oʻtgach, aktrisa yana ogʻriq bilan kasalxonaga yotqizildi. Maʼlum boʻlishicha, oʻsimta qoʻshni toʻqimalarga metastaz (oʻsmaning boshqa organlarga tarqalishi) bergan va shifokorlar uni operatsiya qilib boʻlmasligini tan olishga majbur boʻldi. Odriga taxminan 3 oylik umri qolgani aytildi.
1993-yil 20-yanvarda buyuk aktrisaning yuragi urishdan toʻxtadi. Odri Xepbyorn 63 yoshida oʻz oilasi qurshovida vafot etdi. Dafn marosimida uning 2 oʻgʻli, turmush oʻrtogʻi Robert Uolders va sobiq erlari Mel Ferrer va Andrea Dotti ishtirok etdi. Parijdan buyuk kuturye (dizayner) va Odrining koʻplab qahramonlari uchun obraz yaratgan eng yaxshi doʻstlaridan biri — Yuber de Jivanshi ham uchib keldi. Yana UNICEF vakillari va boshqa aktyorlar ham bor edi.
Odri Xepbyorn bilan xayrlashish uchun 25 000 ga yaqin odam keldi, mashhur aktrisa Elizabet Teylor esa oʻsha kuni “Parvardigorning osmonda nima qilishni biladigan goʻzal farishtalari yana bittaga koʻpaydi”, — degan soʻzlarni aytdi. Odri Xepbyorn — afsonaviy aktrisa, moda namoyondasi, uning nomi hali ham “goʻzallik” va “moda” soʻzlari bilan yonma-yon yuradi.
Odrini haqli ravishda Gollivuddagi eng samimiy va tabiiy aktrisalardan biri deb atash mumkin. Uning maftunkor tabassumiga befarq qaraydiganlar topilmasa kerak, lekin uning yoqimli koʻrinishi ortida kuchli xarakter va keng yurak yotganini ham koʻpchilik bilmaydi. Aktrisalarga berilgan koʻplab stereotiplardan farqli oʻlaroq, Odri oliy maʼlumotli edi va u 5 ta tilda erkin muloqot qila olgan.
1990-yilda hatto lola turiga Odri Xepbyorn nomi berilgan. U oʻzining mashaqqatli hayot yoʻlini sehrli tabassum va gʻayrioddiy goʻzalligi bilan bosib oʻtdi. Tarixdagi eng mashhur “kichkina qora libos” kiygan aktrisa Gollivud oltin davrining eng yorqin abadiy timsollaridan biri boʻlib qoldi.
Odri Xepbyorn “kinematografiyaning 100 ta buyuk aktrisalari” roʻyxatida sharafli 4-oʻrinni egallaydi, ammo u ona va yaxshi niyat elchisi rolini hayotidagi eng asosiy roli deb bildi. U ikkala rolini ham juda yaxshi uddaladi, oʻgʻillari faxrlansa arziydigan ajoyib insonlar boʻlib ulgʻaydi, xayriya esa UNICEFda ishlagan yillariga qaraganda ancha odatiy holga aylandi. Bu Odri Xepbyornning hayotida erishgan eng muvaffaqiyatli ishidir. Uning orzularidan faqat bittasigina amalga oshmadi: yer yuzida hali ham tinchlik yoʻq, yana turli mamlakatlarda urushlar davom etmoqda va bundan eng koʻp aziyat chekayotgan esa bolalardir. Shuning uchun Odri Xepbyorn ismli “farishta”ning hali koʻp ishlari bor. Bu Odri Xepbyorn hikoyasi edi.
Muqova surat: wikipedia.org