Orqaga
Nuragiylar madaniyati Sardiniya orolida vujudga kelgan tamaddun boʻlib, u miloddan avvalgi XVIII asrdan to miloddan avvalgi 238-yilga qadar mavjud boʻlgan.

320 marta koʻrilgan

m. a. XVIII asr

Nuragiylar sivilizatsiyasi

Nuragiylar madaniyati sifatida tanilgan Nuragiylar tamadduni Oʻrta dengiz boʻyidagi Sardiniya orolida hosil boʻlgan tamaddun yoki madaniyat boʻlib, u miloddan avvalgi XVIII asrdan (Oʻrta bronza davridan yoki mil. av. XXIII asrdan to milodgacha) mil. av. 238-yilda Rim mustamlakasiga aylangunga qadar mavjud boʻlgan. Boshqa manbalarda ushbu madaniyat hech boʻlmaganda eramizning II asrigacha va baʼzi hududlarda, xususan, Barbagiyada (Sardiniyada joylashgan hudud) eramizning VI asrigacha yoki hatto XI asrigacha davom etgan, deb xabar beriladi.

“Nuragiylar” soʻzi avtonim (shaxs nomi) ham, etnonim (etnik uyushmalar nomi) ham hisoblanmaydi. Bu soʻz orolning oʻziga xos yodgorligi boʻlgan nuragedan kelib chiqqan. Orolda istiqomat qiluvchi sardiniyaliklar mil. av. 1800-yildan boshlab juda koʻp miqdorda qurgan qasr-qalʼa turidagi qurilishlar nurage deb ataladi. Bugungi kunda Sardiniya hududida 7 000 dan ortiq mana shunday nuragelar joylashgan. Nuragiylar tamaddunining soʻnggi bosqichlariga doir bir nechta ehtimoliy qisqa epigrafik hujjatlardan tashqari, ushbu tamaddun haqidagi yozma manbalar shu vaqtga qadar topilmagan. Tamaddun haqidagi yagona yozma maʼlumotlar yunon va rimliklarga tegishli klassik adabiyotlardan olingan boʻlib, ular tarixiy faktlardan koʻra afsonalarga yaqin deb hisoblanishi haqiqatga yaqin boʻlardi.

Jamiyat

Nuragiylar jamiyatida dinning oʻrni katta boʻlgan. Bu esa olimlarni Nuragiylar tamadduni teokratiyaga (davlat boshqaruv shakli boʻlib, odatda monarxiya, bunda davlat boshligʻi bir vaqtning oʻzida diniy boshliq ham sanaladi) asoslangan degan farazni ilgari surishiga olib keladi. Nuragiylarga tegishli baʼzi bronza haykallarda yoʻlboshchi-podshohlarning siymolari aniq tasvirlangan. Ular chopon kiygan va yoʻgʻon hassa koʻtarib olgan holda aks ettirilganini koʻrish mumkin. Shuningdek, siymolarda aholining boshqa qatlamlari, jumladan, konchi, hunarmand, musiqachi, kurashchi (Minoy tamadduniga oʻxshash) va koʻplab jangchilar tasvirlangan. Bu olimlarni Nuragiylar tamadduni aniq harbiy boʻlinmalar (kamonchi, piyodalar) ga boʻlingan jangovar jamiyat boʻlgan, deb taxmin qilishiga sabab boʻladi. Turli xil uniformalar xar hil kanton (Shveytsariya, Belgiya va shu kabi mamlakatlarda maʼmuriy-hududiy birlik) yoki qabilalarga yo boʻlmasa turli harbiy qismlarga tegishli boʻlishi mumkin. Diniy soha vakillari vazifasini asosan ayollar bajargan. Ayrim kichik bronza yodgorliklar nuragiylarning shaxsiy parvarish va modaga eʼtibor bergani haqida guvohlik beradi. Orolda yashagan ayollarning odatda sochlari uzun boʻlgan, erkaklar esa yuzining har ikki tomoniga oʻrilgan ikkita uzun soch oʻrimlarini tushirib olgan, bosh qismidagi sochi esa juda kalta olingan yoki boshlariga teri qalpoq kiyib olgan.

Qishloqlar

Nuragiylar tamadduni har birining boshida rahnamosi bor boʻlgan qabilalarga asoslangan boʻlib, qabila boshliqlari murakkab nurage majmuasida yashagan. Oddiy odamlar esa yaqin atrofdagi qishloqlarda, Barbagiya choʻponlarining hozirgi kundagi zamonaviy pinnettalariga oʻxshash tomlari somon bilan yopilgan, toshdan qurilgan dumaloq uylarda istiqomat qilgan.

Bronza davrining (mil. av. III–II mingyillikni oʻz ichiga oladi) oxiri va temir davrining boshlarida uylar ancha murakkab reja asosida qurilgan koʻrinadi. Oʻsha vaqtdagi uylar koʻpincha, hovli atrofida bir nechta xonalar joylashgan holda qurilgan. Qirgʻoq boʻyida joylashgan Sent-Imbeniya nuragiylar aholi yashash punktidagi baʼzi inshootlar yashash uchun emas, balki qimmatbaho metallar, oziq-ovqat va boshqa tovarlarni saqlash uchun ishlatilgan. Ushbu binolar arxeologlar tomonidan bozor sifatida talqin qilingan ulkan maydon atrofida qurilgan. Bronza davrining oxirlaridan boshlab orolning baʼzi joylarida pishirilgan gʻishtdan toʻrtburchaksimon uy va inshootlar qurila boshlangan.

Nuragiylar madaniyati Sardiniya orolida vujudga kelgan tamaddun boʻlib, u miloddan avvalgi XVIII asrdan to miloddan avvalgi 238-yilga qadar mavjud boʻlgan.

Nuragiy qishlogʻining grafik rekonstruktsiyasi / wikipedia.org

Nuragiylar uchun suv xoʻjaligi muhim ahamiyatga ega edi. Eng murakkab nuragiylar kamida bitta quduq bilan taʼminlangan. Misol uchun, Arrubiu nuragesida suvni chiqarib tashlash uchun maxsus murakkab gidravlik implant oʻrnatilgan. Nuragiylarning gidravlik qurilmalarni yaratish boʻyicha mahoratiga yana bir dalil Gremanu akveduki hisoblanadi. Ushbu inshoot Nuragiylar tamaddunida hozirga qadar maʼlum boʻlgan yagona akvedukdir.

Bronza davrining oxirlariga kelib va temir davrining boshlarida Sardiniyada yuzalari qoplangan maydon va koʻchalar kabi ochiq joylar hamda metalga ishlov berish ustaxonalari kabi oʻziga xos vazifalarni bajarishga moʻljallangan tuzilmalar joylashgan proto-shahar aholi punktlari rivojlana boshladi. Shuningdek, yakka tartibdagi uylarga omborxonalar ham qurildi va infratuzilma xizmatlari bilan taʼminlandi.

Qabilalar

Bu orolning eng mashhur xalqlari qatorida iliyenslar, balari va korsi qabilalarini sanab oʻtish mumkin. Mil. av. II mingyillik davomida va I mingyillikning birinchi yarmida Sardiniya orolida nuragiylar qabilasiga mansub boʻlgan yagona keng qamrovli va bir xil madaniyatga ega boʻlgan aholi yashagan. Oradan asrlar oʻtgach, Rim manbalari Sardiniyani madaniy jihatdan asta-sekin bir-biriga kirishib ketgan koʻplab qabilalar yashaydigan orol, deb taʼriflagan. Biroq ular siyosiy jihatdan oʻziga xoslikni saqlay olgan. Qabilalar oʻrtasida koʻpincha eng qimmatbaho manba boʻlmish yer ustidan nazorat qilish boʻyicha ayovsiz kurashlar kechgan. Eng koʻp koʻzga tashlanadigan Nuragiy tamadduni qabilalari balari, korsi va iliyenslar hisoblangan. Aynan shu qabila vakillari rimlashtirish jarayoniga qarshi chiqiqan va Civitatas Barbarie (hozirgi Barbagiya) deb ataluvchi hududda istiqomat qilgan.

Iliyenslar yoki Iolaylar (keyinchalik diagesblar) deb ataluvchi qabilalar hozirgi Sardiniyaning markaziy-janubiy qismida yashagan. Qadimgi tarixchilarning maʼlumot berishicha, ular Iolay (Geraklning jiyani) boshchiligidagi yunon mustamlakachilari yoki troyalik qochqinlar sifatida orolga kelib qolgan. Shuningdek, yunon tarixchilari, orolga karfagenlik va rimliklar qayta-qayta bosqinchilik yurishlari qilgani, ammo ularning barcha urinishlari samarasiz yakunlangani haqida xabar bergan. Balarlar qoʻngʻiroqsimon idish yasovchi madaniyat vakillari sifatida tasvirlangan. Ular Sardiniyaning hozirgi madaniy va anʼanaviy markazlari hisoblanadigan Nurra, Koginas va Limbara tumanlarida hayot kechirgan. Ehtimol, ular Balear (Ispaniyaning sharqiy qismida joylashgan) orollarida vujudga kelgan Talayot madaniyatidan kelib chiqqan naslga borib taqalar. Korsi qabilasi Gallura (Italiyaning Sardiniya mintaqasida joylashgan) va Korsika (Oʻrta dengizning shimoliy qismida joylashgan orol) da yashagan. Ular Arzakena madaniyatining avlodi ekani aniqlangan. Korsika janubida mil. av. II mingyillikda Nuragiylar tamadduni bilan bir vaqtda Torrean (bronza davri megalit svilizatsiyasi) tamadduni ham rivojlangan.

Madaniyat va din

Hayvon tasviri, jumladan, hoʻkizning rasmlari Nuragiylar madaniyati davrigacha boʻlgan madaniyatlarga tegishli boʻlsa-da, ular nuragiylar xalqi orasida ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan va koʻpincha diniy maʼrosim, kema, bronza idishlarda aks ettirilgan. Yarmi odam, yarim hoʻkiz boʻlgan shakllar va kichik bronza haykallar, shuningdek, toʻrt qoʻlli va toʻrt koʻzli haykallar, ikki boshli kiyik tasvirlari ham topilgan. Taxminlarga koʻra, ular afsonaviy va diniy ahamiyatga ega boʻlgan. Tamaddun sahifalarida tez-tez tasvirlangan yana bir muqaddas jonzot kaptardir. Bundan tashqari, pintadera deb nomlanuvchi geometrik naqshli mayda teshikchalarga ega boʻlgan disklar ham diniy ahamiyatga ega boʻlgan boʻlishi kerak, ammo ularning qanday vazifa bajargani haligacha aniqlanmagan.

Nuragiylar eʼtiqod qilgan dinning asosiy elementi unumdorlik hisoblangan. Shu tariqa ular sigʻingan Buqa-Quyosh erkak quvvati va Suv-Oy esa ayol kuchi bilan bogʻliq boʻlgan. Olimlarning tadqiqotlariga koʻra, Nuragiylar tamaddunida Oʻrta dengiz turidagi Ona maʼbuda va Ota maʼbud (Babay) ga eʼtiqod qilingan. Harbiy yetakchilar, shuningdek, ilohlar hisoblangan Noraks, Sardus, Iolay va Aristeylar afsonaviy qahramonlar boʻlib, nuragiylar dinida muhim oʻrin tutgan. Qazishma ishlari shuni koʻrsatdiki, nuragiylar yilning maʼlum fasllarida umumiy muqaddas joyga toʻplangan. Bu kabi muqaddas joylar odatda oʻtirish mumkin boʻlgan zinapoya va muqaddas chuqurning mavjudligi bilan ajralib turadi. Fonnidagi Gremanu, Dorgalidagi Serra-Orrios va Villagrande-Strisaylidagi Sarku Forros kabi baʼzi muqaddas hududlarda toʻrtburchak shakldagi ibodatxonalar qurilgan boʻlib, ularning markazi, yaʼni muqaddas xonada katta ehtimol bilan muqaddas olov yonib turgan. Nuragiylar eʼtiqod qilgan xudolar fanga nomaʼlum, ammo ular suvga yoki astronomik jismlar (Quyosh, Oy, shuningdek, quyosh tutilishi) ga qalban bogʻlangan boʻlishi mumkin.

Sardiniyadagi ayrim tuzilmalar “federal” maqsadlarda ishlatilgan. Masalan, Serri yaqinidagi Santa-Vittoriya ibodatxonasi (20 gektardan ortiq maydonni egallagan eng katta nuragiylar ziyoratgohlaridan biri) da diniy va fuqarolik ishlari binolari joylashgan. Italiyalik tarixchi Jovanni Lilliuning maʼlumotlariga koʻra, bu yerda markaziy orolning asosiy yirik qabilalari ittifoq tuzgan, urush borasida qaror qabul qilgan. Bundan tashqari, tijorat shartnomalari tuzish uchun oʻz majlislarini ham oʻsha yerda oʻtkazishgan. Shuningdek, bu yerda savdo-sotiq ishlari uchun ham yetarli joylar mavjud boʻlgan. Mana shunday koʻp maqsadli tuzilmalarning kamida yigirmatasi maʼlum. Ulardan eng taniqlilari Paulilatino va Siligodagi Santa Kristina tuzilmalaridir. Bu kabi qurilishlarning baʼzilari nasroniy ibodatxonalari sifatida qayta foydalanilgan (masalan, Kabras, Sinisdagi San Salvatore qubbasi). Diniy maʼrosimlar oʻtkaziladigan ayrim hovuz va vannalar ziyoratgohlarning oʻzida qurilgan. Shu turdagi Nurage Nurdole hovuzi kanallar tizimi orqali suv bilan taʼminlangan.

Hovuzli, dumaloq uylar

Soʻnggi bronza davridan boshlab nuragiylar turarjoylarida markazida hovuz joylashgan va atrofi boʻylab oʻrindiqlar qoʻyilgan oʻziga xos dumaloq inshootlar paydo boʻla boshlaydi. Bu turdagi inshootlarning eng yaxshi namunasi Oliyena yaqinidagi Sa Seddae Sos Karros diniy marosimlar favvorasidir. Favvoraga oʻrnatilgan qoʻrgʻoshindan tayyorlangan, quvurlardan iborat, gidravlik implantlar hisobiga suv favvora ichiga oʻrnatilgan qoʻchqor shaklidan hovuz ichkarisiga quyilgan. Turli marosim va diniy amallar oʻtkaziladigan mana shunday binolar, ayrim arxeologlarning fikricha, issiqlik inshootlari sifatida talqin qilingan.

Megaron ibodatxonalari

Orolning turli qismlarida joylashgan va shifobaxsh suvga ibodat qilish uchun qurilgan ushbu noyob binolar Nuragiylar tamaddunining madaniy jihatidan hayotiy ekanligi va uning Oʻrta dengiz tamaddunlari bilan oʻzaro munosabatini aks ettiruvchi meʼmoriy obidalardir. Aslini olganda, koʻplab olimlar ushbu binolar timsolida xorijiy Egey dengizi atrofidagi madaniyat taʼsirini koʻradi. Binolarning yon devori tashqi tomonga boʻrtib chiqqan toʻgʻri toʻrtburchak shaklga ega. Inshootlarning baʼzilari, masalan, Arzakenadagi Malchittu kabi ibodatxonalar apsidal (yarim dumaloq) shaklga, boshqalari esa, jumladan, Villagrande Strisayli shahridagi Sa Karkaredda ibodatxonasi dumaloq shaklga ega xonalar koʻrinishida qurilgan. Ularning barchasi temenos deb ataluvchi muqaddas yer maydoni bilan oʻralgan. Baʼzan bir joydan bir nechta ibodatxonalar topilgan. Bunga yaqqol misol, Sarku Forros nomli ulkan ziyoratgohdir. Aynan shu yerda murakkab oʻsimlik qatlamiga ega boʻlgan koʻplab megaron ibodatxonalari qazib topilgan. Shu vaqtga qadar eng katta va eng yaxshi saqlanib qolgan Esterzilidagi Domu de Orgia nomli binodir.

Gigant qabrlari

Gigant qabrlari deb ataladigan inshootlar jamoaviy dafn marosimlari oʻtkaziladigan qabrlar boʻlib, ularni yaratishdan aniq maqsad haligacha maʼlum emas va qabrlar oʻlchami choʻzilgan hamda kattalashtirilgan dolmenlar (tosh maqbaralar) dan hosil qilingan. Ularni butun boshli Nuragiylar tamadduni amal qilgan davrda uchratish mumkin boʻlgan. Ushbu turdagi maqbaralardan foydalanish temir davrigacha, ularning oʻrnini yerda qaziladigan qabrlar egallagunga qadar amalda boʻlgan. Gigant qabrlari orolning markaziy qismida koʻproq uchraydi.
Nuragiylarning rejasi buqaning bosh shaklini hosil qilish edi.

Qabrlarga kirish eshigi yonida betili deb nomlanuvchi yirik tosh shakllar (oʻziga xos nozik tarzda ishlov berilgan, menhir — ulkan silliq toshlar, baʼzan esa erkak jinsiy aʼzolari yoki ayollarning koʻkrak tasviri qoʻpol tarzda tasvirlangan haykallar) oʻrnatilgan. Baʼzida esa qabrlar opus isodomum texnologiyasi asosida qurilgan. Bu texnikaga koʻra, qabrlarni qurishda nozik shaklli toshlar ishlatilgan. Madau yoki Iloidagi ulkan qabrlar mana shunday usulga misol boʻla oladi.

Sanʼat

Bronza haykalchalar

Bronzetti deb ataladigan ushbu haykalchalar (sardin tilida brunzittos yoki brunzittus deb nomlanadi) mum qolipga quyish texnikasi yordamida tayyorlangan kichik bronza haykalchalardan iborat. Ularning boʻyi 39 sm gacha yetgan va ular kundalik hayotning turli voqealari, turli ijtimoiy tabaqaga xos odamlar, hayvon, maʼbud, kema va boshqa shakllarni aks ettirgan. Ular Sardiniyaning turli joylaridan topilgan. Biroq katta oʻlchamli oz sonli haykallar etrusklar yashagan joylarda, xususan, markaziy Italiya (Vulchi, Vetuloniya, Populoniya va Magjone) va Kampaniya (Pontekanyano) hududi hamda janubda joylashgan Krotone nomli yunonlar koloniyasidagi qabrlardan qazib olingan.

Monte Prama gigantlari balandligi 2,5 metrgacha boʻlgan 32 (yoki 40) ta haykaldan iborat majmua boʻlib, ular 1974-yilda Oristano provinsiyasidagi Kabras shahri yaqinidan topilgan.
Ularning timsolida jangchi, kamonchi, polvon hamda qalqonli, qurolli, qoʻlqopli bokschilar tasvirlangan. Turli farazlarga koʻra, kolosslarning (arxeolog Jovanni Lilliu haykallarga shunday nom bergan) yaratilgan sanasi mil. av. XI–VIII asrlar deb belgilangan. Xuddi C-14 tahlili kabi ushbu sanalar toʻgʻri ekanligini arxeologlar ham tasdiqlasa, haykallar qadimgi Yunonistonda topilgan kuroylardan ham qadimiyroq hisoblanib, qadimgi Misr haykallaridan keyingi oʻrinda turuvchi Oʻrta dengiz hududidagi eng qadimiy antropomorfik haykallarga aylanadi.

Nuragiylar madaniyati Sardiniya orolida vujudga kelgan tamaddun boʻlib, u miloddan avvalgi XVIII asrdan to miloddan avvalgi 238-yilga qadar mavjud boʻlgan.

Qilichlar / wikipedia.org

Ularda disk shaklidagi koʻz va sharqona kiyimlar ham tasvirlangan. Haykallar timsolida, ehtimol, qabrni qoʻriqlayotgan afsonaviy qahramonlar tasvirlangan boʻlishi mumkin. Boshqa bir nazariyaga koʻra, ular nuragiylar ilohining oʻziga xos panteonlari (ibodatxona) boʻlib xizmat qilgan boʻlishi mumkin. Haykallar topilishi nuragiylar oʻz madaniyatining oʻziga xos xususiyatlarini saqlab qolgani va asrlar davomida Sardiniyaga, toki uni Finikiya mustamlakachilari egallamaguncha, turli yangiliklar olib kirganini isbotladi.

Iqtisodiyot

Tamaddunning ilk vaqtlarida nuragiylar iqtisodiyoti asosan qishloq xoʻjaligi (yangi tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, ular Gʻarbiy Oʻrta dengiz hududida birinchi boʻlib uzumchilik bilan shugʻullangan) va chorvachilik, shuningdek, baliqchilikka asoslangan edi. Sharob va pivo kabi alkogol mahsulotlari ham ishlab chiqarilgan. Sharqiy Oʻrta dengizdan olib kelingan qovunni yetishtirishgani esa ularda bogʻdorchilik ham bor boʻlganini isbotlaydi. Zamonaviy Sardiniyada boʻlgani kabi tuproqning 60 foizi faqatgina qoramol va qoʻylarni koʻpaytirish uchun ajratilardi. Ehtimol, chorvachilik anʼanaviy iqtisodiy asosga ega boʻlgan boshqa koʻplab insoniyat tarixidagi jamoalarda boʻlgani kabi bu yerlarda ham asosiy ijtimoiy mulk hisoblangan.

Mil. av. XIV asrga oid aravalar yurishi uchun yoʻllarning qurilishi oʻsha paytdagi jamiyat juda yaxshi tashkil etilganini isbotlaydi. Metall quymalarda topilgan belgilar esa nuragiylar orasida buxgalteriya hisobi uchun ishlatiladigan sanoq tizimi mavjudligidan dalolat beradi. Tamaddunning rivojlanishida navigatsiya muhim rol oʻynagan. Tarixchi Perluiji Montalbanoning aytishiga qaraganda, qirgʻoq boʻylab nuragiylarga tegishli ogʻirligi 100 kg (220 funt) boʻlgan langarlar topilgan. Langarlarning kashf qilinishi Nuragiy xalqi uzunligi 15 metrgacha boʻlgan sifatli kemalardan foydalanganini koʻrsatadi. Bunday kemalardan foydalanib, ular butun Oʻrta dengiz boʻylab sayohat qilish imkoniga ega boʻlgan. Shuningdek, ular Miken tamadduni (umumiy oʻxshash qabr shakli va buqalarga ibodat qilish odatlarining birxilligi tufayli ular oʻrtasida oʻzaro munosabatlar isbotlangan), Ispaniya, Italiya, Kipr va Livan bilan savdo aloqalarini oʻrnatgan.

Kiprga xos mis quyma tangalar kabi buyumlar Sardiniyada, bronza va ilk temir davriga oid nuragiylar kulollik buyumlari esa Egey dengizi mintaqasi, Kipr, Ispaniya (Uelva, Tarragona, Malaga, Teruel va Kadis) Gibraltar boʻgʻozigacha boʻlgan yerlardan topilgan. Shuningdek, ular Italiya yarimorolining Vetuloniya, Vuchi va Populoniya kabi etrusk markazida ham (mil. av. IX–VI asrlarga oid qabrlardan topilgan nuragiy haykallaridan maʼlum) kashf qilingan. Sardiniya oroli qoʻrgʻoshin va mis kabi metallarga boy boʻlgan. Nuragiy metallurgiya sanoatining aʼlo sifatini arxeologik qazilmalarda topilgan koʻplab bronza qurollar isbotlagan. Nuragiylar tamaddunining “oltin davri” (mil. av. II mingyillik oxiri va mil. av. I mingyillik boshlari) orolda metallar qazib olish yuksak choʻqqisiga chiqqan davrga toʻgʻri kelgan.

Bronza va qalaydan tayyorlanadigan qotishmadan keng foydalanish nuragiy xalqining oʻziga zarur boʻlgan resurslar borasida savdo qilish qobiliyatini yana bir bor isbotlaydi. Chunki Sardiniyada faqat bitta kondan tashqari boshqa hududlarda yuqoridagi metall boʻlmagan. 2013-yilda Shimoliy bronza davriga oid 71 ta qadimgi shved bronza buyumlarini tahlil qilish natijalari shuni koʻrsatadiki, oʻsha vaqtda Skandinaviyada ishlatilgan misning katta qismi Sardiniya va Pireney yarimorolidan olib keltirilgan. Orolda mil. av. XIII asrdan boshlab temirga ishlov berish faoliyati boshlangani ham tasdiqlangan.



Muqova surat: wikipedia.org