Orqaga

948 marta koʻrilgan

1765–1833

Nisefor Nyeps

Nyeps Napoleon armiyasida, oldida ajoyib harbiy karyera eshiklari ochilayotgan muvaffaqiyatli ofitserlardan edi. Biroq 1801-yilda unga Fransiyaning Shalon shahri yaqinidagi ulkan mulk meros qilib qoldirilganidan soʻng nafaqaga chiqadi. U qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanishni istamaydi, ixtiro sohasida oʻzini sinab koʻrishga qaror qiladi. Bunda uning bosh yordamchisi ukasi Klod boʻlgan. Dastlab Nyeps kichik daryo paroxodlarida kema vintini aylantirishga xizmat qiladigan dvigatel prototipini ishlab chiqadi. Ehtimol, bu ijodiy izlanishiga ilk paroxodlardan biri “Piroskaf” sabab boʻlgan boʻlsa ajab emas. Biroq Nyepsning dvigateli hech kimga kerak emas edi, chunki oʻsha paytda hali benzin yoki kerosin kabi zarur yoqilgʻi olishni bilishmasdi.

1816-yilda Jozefning ukasi Klod Angliyaga Nyeps tomonidan ixtiro qilingan dvigatelni ingliz konlarida joriy etishga erishish uchun ketadi, ammo Jozef natijani kutib oʻtirmay, yoʻnalishini oʻzgartirishga qaror qiladi. Endilikda u fotografiya bilan shugʻullana boshlaydi. Dastlab Nyeps oʻsha paytda keng tarqalgan obskura kamerasini mukammallashtirishni xohlaydi. Quti va obyektiv devorlaridan biriga kiritilgan ekrandan iborat bu oddiy qurilma XVIII asrda ixtiro qilinib boʻlgan edi. Tasvirga qarashni osonlashtirish uchun qutining qarama-qarshi devorida jilosiz shisha joylashgan boʻlardi. Nyeps paydo boʻladigan tasvirni qotirish yoʻlini topmoqchi edi. Oʻz rejalarini amalga oshirish uchun u turli xil yorugʻlikka sezgir materiallar bilan tajriba oʻtkaza boshladi.

“Derazadan koʻrinish” —  1826-yilda olingan Niseferning saqlanib qolgan eng qadimgi fotosurati / wikipedia.org

1757-yilda turinlik professor Iogann Bekarius kumush xloridning yorugʻlikka sezuvchanligini kashf qilgan edi. Bekarius yorugʻlikka sezuvchan materiallar haqidagi kitobida yorugʻlik yordamida sezuvchan qatlam bilan qoplangan sirtda tasvirni olish mumkinligini yozgan. Jozef Nyeps fotoqatlam sifatida asfalt lakini sinab koʻrishga qaror qiladi. U asfalt yorugʻlik taʼsirida boʻlganida skipidar (oʻtkir hidli suyuqlik)da erishini aniqladi. Dastlab Nyepi metall plastinkani yupqa asfalt bilan qoplaydi va uni obskura kamerasida ochib koʻradi. Keyin uni skipidar bilan vannaga solib qoʻyadi. Birmuncha vaqt oʻtgach, asfalt qatlamining yorugʻlik tushgan joyi erib, plastinkada tasvir paydo boʻla boshlaydi.

Nyeps tomonidan olingan rasmlarda tasvir ijobiy edi, chunki yorqin joylar obyektning koʻproq yoritilgan qismlariga, qorongʻi joylar esa soyalarga toʻgʻri kelardi. U asfalt qatlami qanchalik yupqa boʻlsa, tasvir shunchalik yaxshi boʻlishini aniqlab, oʻzi kashf etgan jarayonni takomillashtirdi. Biroq asfaltning yorugʻlikka sezgirligi juda past edi, shuning sabab Nyeps tasvirni olish uchun plastinkani bir necha soat davomida ochishga majbur boʻlardi. Shunga qaramay, u nafaqat oʻz ixtirosini patentladi, balki geograf deb ataladigan bir nechta kamera ham yasashga muvaffaq boʻldi. Ammo Nyeps tomonidan ishlab chiqilgan bu usul oʻsha davrda odatdagi qiziq texnik hiylalardan biri boʻlib qoldi xolos. U qanchalik muhim kashfiyot qilganini oʻzi ham bilmay vafot etdi.



Muqova suratlar: arheve.org / illustrated_dictionary.academic.ru