2
Ulashish
938 marta koʻrilgan
1816–1880
Nikolay Putilov
Nikolay Ivanovich Putilovning zamondoshlari uni serharakat, faol, koʻp qirrali, cheksiz qiziqishlarga ega hamda yangi va gʻayrioddiy narsalarga intiluvchi shaxs sifatida taʼriflaydi. U metallni tozalash, uning tarkibidagi uglerod miqdorini kamaytirish, yopishtirish va shtamplash usullarini takomillashtirish boʻyicha bir nechta kashfiyot muallifi hisoblanadi. Shuningdek, u eski relslarni zavod binolari qurilishida ishlatish orqali qayta qoʻllash usulini oʻylab topgan ixtirochi hamdir.
Hozirgi kunda Peterburgning mashhur zavodi S.Kirov nomi bilan atalsa-da, piterliklar uni korxonaning sobiq egasi va asoschisi nomi bilan Putilov deb atashdan tortinmaydi. Zavod nafaqat mashinasozlik sanoatining yetakchi korxonasiga, balki butun boshli katta shaharning bir qismiga aylanib ulgurgan. 1905-yilgi mamlakatdagi birinchi inqilob ham aynan Putilov zavodida boshlangan. Odatda shunday zavodlar katta boʻlmagan qayta ishlash korxonalari negizida paydo boʻlib, koʻpincha asoschilari oʻz nonlarini erkinlikda topishga muvaffaq boʻlgan krepostnoy (daromadlarining bir qismini oʻzlari biriktirilgan yer egalariga beruvchilar) muhitidagi odamlar boʻladi. Biroq boʻlajak zavod egasining taqdiri butunlay boshqacha boʻlib chiqdi.
Putilov boy boʻlmagan qadimgi zodagonlar oilasida tugʻilgan boʻlib, uning nasl-nasabini Novgorod zodagonlari bilan bogʻlash mumkin. Yillar davomida amal qilib kelayotgan oila anʼanasiga koʻra toʻngʻich oʻgʻil harbiy boʻlishi kerak edi. Shuning uchun Nikolay 1830-yildan Aleksandr kadet korpusining dengiz rotasida tarbiyalanadi, soʻng 1832-yilda dengiz korpusiga oʻtkazilib, uni michman unvoni (dengiz kuchlari kichik qoʻmondonlik shtabining katta unvoni) bilan tugatadi. Putilov taʼlimni dengiz kadetlari korpusining (keyinchalik Nikolayev harbiy-dengiz akademiyasi) ofitserlik sinfida tamomlashga muvaffaq boʻlgan.
Kursni tugatgach, leytenant lavozimiga koʻtariladi va dengiz piyodalari korpusidagi gardemarin (flotning jangovar ofitserlarini tayyorlovchi dengiz maktabi) sinflarida astronomiya va navigatsiya oʻqituvchisi etib tayinlanadi. Shu vaqtning oʻzida tayyorlov kurslarida matematikadan ham maʼruzalar oʻqiydi. Putilov fanni intensiv oʻrganish bilan oʻqituvchilik faoliyatini amalda birlashtirdi. 1840-yilda u maqola chop etib, unda fransuz matematigi A. Koshining integral hisobga oid asarida yoʻl qoʻygan xatosini asoslab bergan. “Mayoq” jurnalida nashr etilgan mazkur maqola akademik M.V.Ostrogradskiyning eʼtiborini tortgan va u Putilovga hisob-kitoblarni birgalikda oʻtkazishni taklif qilgan, ish natijalarini esa “Imperator Fanlar akademiyasining eslatmalari” jurnalida eʼlon qilib borgan.
Biroq mashaqqatli mehnat borgan sari Putilovning sogʻligʻiga jiddiy putur yetkaza boshlaydi va u shifokor maslahati bilan oʻzining pedagogik va ilmiy faoliyatini tashlab, qulay iqlimli shaharga koʻchib oʻtishga majbur boʻladi. Putilov endilikda harbiy aholi punkti muhandislari korpusining janubiy okrugiga ishga kiradi va oʻzi uchun yangi boʻlgan soha – qurilish ishini oʻrgana boshlaydi. 1848-yilda u Peterburgga qaytib, kema qurilishi boʻlimi direktori huzurida maxsus topshiriqlar boʻyicha mansabdor shaxs lavozimini egallaydi va kema qurish amaliyoti bilan yaqindan tanishadi.
Qrim urushi (1853–1856-yillar) paytida Angliya va Fransiyaning birlashgan floti Kronshtatni blokada qilganda, Putilov general-admiral buyuk knyaz Konstantin Nikolayevich buyrugʻi bilan Peterburgda oʻqotar flotiliya va bir nechta korvet (3 ustunli harbiy kema) qurish boʻyicha vakolatli shaxs etib tayinlanadi. Bir vaqtning oʻzida u porox zavodida joylashgan suzuvchi dok (kema taʼmirlash inshooti) va taʼmirlash ustaxonalari qurilishiga rahbarlik qiladi. Bu kemani qurishdan tortib, ularga xizmat koʻrsatishning toʻliq siklini amalga oshirish imkonini berardi.
Yoshligidan tahliliy qobiliyatga ega boʻlgan Putilov admiral graf E. Putyatin va admiral A. Popovga suzuvchi batareyalar qurishda yordam beradi va ular oʻz navbatida shaharni kelajakda yuz berishi mumkin boʻlgan hujumlardan mukammal himoya qiladi. Putilov “1853–1855-yillardagi urush haqidagi xabarlar toʻplami”ning 37 jildini oʻz hisobidan nashr etib, mazkur voqeani tarix xotirasiga abadiy muhrlagan. Uning shu paytgacha faoliyati eʼtibordan chetda qolmagan holda 1855-yilda u kemasozlik boʻlimining maxsus topshiriqlari boʻyicha katta mansabdor etib tayinlanadi, 2 yildan soʻng esa kollegial maslahatchi unvoniga sazovor boʻladi. Vaqt oʻtishi bilan Putilov kichik, ammo oʻziga xos jangovar kemalarni ishlab chiqarishni tezkorlik bilan amalga oshirishga qodir boʻlgan ishbilarmon va zoʻr tashkilotchi sifatida obroʻ qozondi hamda kumush lavr gulchambari bilan taqdirlandi.
Putilov chinakam vatanparvar sifatida oʻzining temir ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirishi va zavodni sanoat hududlariga yaqin joyda qurish kerakligini tushundi. U Saymen suv tizimi hududida kuniga 200 ming funtgacha temir va poʻlat eritadigan 3 ta zavod qurilishiga rahbarlik qildi. Finlandiyada botqoq rudalaridan poʻlat eritish boʻyicha tajribalar muvaffaqiyatli oʻtdi. Ulardan tayyorlangan qozon plastinkalari Angliyaning Lou-Mura zavodi mahsulotidan sifat jihatidan ustun edi. 1864-yilda Putilov muhandis Obuxov va pudratchi Kudryavsev bilan birgalikda “Obuxov” poʻlat zavodiga asos soldi, u yerda zirhni teshuvchi snaryadlar hamda yirik kalibrli qurollar ishlab chiqarishni boshladi. 1860-yillarda Yevropada Gruzon (nemis ixtirochisi)ning choʻyanli mustahkam snaryadlari paydo boʻlganda Putilov ularni mukammallashtirdi. U tez sovitilgan choʻyandan oʻz texnologiyasi asosida avval Sampsoniyevskiy, keyinroq Nevskiy zavodida snaryad ishlab chiqarishni boshladi.
Putilov tabiatan gʻayratli boʻlgani uchun uning navbatdagi innovatsiyasi “Arkadiya” nomli kichik zavodda temiryoʻllar uchun yangi turdagi relslarni ishlab chiqarish boʻldi. Odatda rels yuqori sifatli poʻlatdan yasalgani uchun ishlab chiqarish tannarxi oshib, texnologiyani murakkablashtirardi, ammo sanoatchi holatdan chiqish yoʻlini oʻylab topdi. Jahon amaliyotida ilk marta relslar temirdan, bosh qismi esa poʻlatdan yasala boshladi va bu bilan Putilov mahsulot tannarxini pasaytirib, ishlab chiqarishni oshirishga erishdi. Relslar hatto Putilov nomini olib, uzoq vaqt davomida Rossiya temiryoʻllarida foydalanildi. Uzoq yillar davomida ular eng puxta tekshiruvlarga bardosh berib, mutaxassislar tomonidan yuqori baholangan.
1868-yil yanvar oyining boshida hukumat sobiq Ogarevskiy zavodini Putilovga topshirdi va u bilan dastlab temir, keyin esa kombinatsiyalangan relslarni ishlab chiqarish boʻyicha shartnoma imzoladi. Buyurtma uchun olingan mablagʻ tez orada Putilovga zavodni oʻz mulkiga aylantirish imkonini berdi. Atigi 18 kun ichida Ogarevskiy zavodida birinchi relslar ishlab chiqarila boshlandi. Bu zavod keyinchalik Putilov zavodi deb atala boshladi va tom maʼnoda tadbirkor hayotining asosiy ishiga aylandi. Keyinchalik zavod mahsuloti Rossiyaning eng yuqori mukofoti – 2 ta davlat gerbi bilan taqdirlandi. Ishlab chiqarishni toʻxtatmagan holda, oʻz zavodini toʻliq rekonstruksiya qilishni boshlab yuborgan Putilov uni qayta qurish va ishga tushirishning butun jarayoniga rahbarlik qildi, xarajatlariga mablagʻ ayamadi, ishga eng yaxshi mutaxassislarni taklif qildi. Bunda puxta va talabchan tadbirkor ishchilarni dehqonlar orasidan olishni maʼqul koʻrdi. U faqat eng zarur rekonstruksiyani amalga oshirib, tez va samarali ravishda maksimal foyda olishga intilardi.
Shunisi ajablanarliki, zavodda dastlab hatto shamollatish tizimi ham yoʻq edi. Ammo vaqt oʻtishi bilan sexlar yozda salqinlik va qishda issiqlikni taʼminlovchi zamonaviy kalorifer tizim (issiq suv, par yoki issiq havo oqimli isitkich) bilan jihozlandi. Putilov XIX asr boshlarida tashkil etilgan korxonani tez surʼatlar bilan kengaytirish ustida qattiq ishladi. 1 yil oʻtgach zavodda 2 ming ishchi bor edi. U yerda bir nechta: ijara, quyma, mexanik va bessemer kabi temirchilik ustaxonalari ishlagan. 1870-yillarda poʻlat quyma va marten ustaxonalari qurilishi boshlandi. Shu yili Peterburgda boʻlib oʻtgan Butunrossiya sanoat koʻrgazmasida va birinchi Butunrossiya sanoatchilar kongressida Putilov pavilyoni eng yaxshilaridan biri deb topiladi. U yasagan relslar xorijnikiga qaraganda arzon va sifatli boʻlib chiqdi. Relslar koʻrgazmada ramziy tarzda Rossiyaning tashqi qaramlikdan ozod boʻlganini koʻrsatuvchi quyosh nurlari shaklida joylashtirildi.
Putilov ishlab chiqarishni toʻliq yoʻlga qoʻygach, uni asta-sekin zamonaviy usulda takomillashtira boshladi. Birinchi navbatda ishchilarni oʻqitish masalasi koʻndalang turardi. Shu maqsadda kombinat qoshida kattalar uchun maktab va kechki sinflar ochilib, ularda chizmachilik, geometriya, texnologiya fanlari oʻqitila boshladi. Peterburgda oʻsha paytda bunday maktab hali mavjud emasdi, shuning uchun tez orada u texnik maktab maqomini oldi. Maktabning tashkiliy masalalari bilan Putilovning rafiqasi – Yekaterina Ivanovna shugʻullangan.
U bevosita maktab kutubxonasini yaratish bilan ham mashgʻul boʻlgan.
Yekaterina Ivanovna keyinchalik turmush oʻrtogʻining oʻlimidan soʻng maktabning ishonchli vakili boʻlib qoldi va tez-tez taʼlim muassasasi va kutubxonaga moddiy yordam koʻrsatib turdi. Vaqt oʻtib vasiylik anʼanasi yangi vakillar davrida ham davom etdi. Putilov ishlab chiqarish sifati bevosita ishchilarga bogʻliq ekanini yaxshi anglardi. Shu bois ularning hayotini yaxshilash maqsadida yotoqxona va kasalxonalar qurishni boshladi, oziq-ovqat taʼminotini tartibga solish yoʻllarini qidirdi. Dastlab zavodda isteʼmolchilar jamiyati tashkil etilgandi, vaqt oʻtishi bilan 4 ta doʻkon, oshxona, yogʻoch ombori va kvas tayyorlovchi binolar qurildi. Putilov bir vaqtning oʻzida ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish, mahsulotni ishlab chiqarish va assortimentni koʻpaytirishda davom etdi.
1870-yilda prokat zavodida Putilov texnologiyasi boʻyicha ishlab chiqarilgan poʻlat va artilleriya snaryadlarini quyish uchun bessemer konvertori paydo boʻldi hamda sinovlarda sifat jihatidan Krupp snaryadlaridan oshib ketdi. Bundan tashqari ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar assortimenti muttasil kengayib bordi: koʻprik uchun pol va tayanchlar, asbob-uskunalar, parovozlar uchun tugunlar, turli xil yuk, yoʻlovchi vagonlari ishlab chiqarildi. Oʻz parovozlarini ishlab chiqarish uchun tosh mexanik ustaxona ham yotqizishni boshlashdi, faqat u 4 yildan keyingina foydalanishga topshirildi.
Yetkazib beruvchilarga qaram boʻlmaslik uchun Putilov korxonani Rossiyaning asosiy magistrallari bilan bogʻlaydigan temiryoʻl liniyasini tortdi. Bu vaqtga kelib, zavod Rossiyadagi eng qadimgi va amalda eng yirik metallurgiya korxonalaridan biriga aylanib ulgurgandi. Buyurtmalarning koʻpligi ishlab chiqarish sonini oshirishni talab qilardi, shuning uchun yangi poʻlat pechlar qurildi va kombinatsiyalangan relslar oʻrniga poʻlat relslar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Xarajatlarni qoplash uchun Putilov 1873-yilda aksiyadorlik jamiyatini tashkil etdi va uning yuridik shaxs sifatida tasdiqlanishiga erishdi. Endi korxona kengayishi uchun yangi maydonga ehtiyoj ortgandi. Putilov bir tomondan suv toshqini paytida hududni suv toshqinidan himoya qilishni oʻylagan boʻlsa, ikkinchi tomondan Peterburgda katta investitsiya talab qiladigan savdo portini yaratmoqchi edi.
Hukumat Putilov gʻoyasini amalga oshirish zarurligini tushunsa-da, sanoatchi va moliyachilar uni qoʻllab-quvvatlashga intilmadi, chunki ular Putilovning mamlakat iqtisodiyotida ustunlikka erishishini istamasdi. Putilov oʻz gʻoyasini amalga oshirish uchun nemis-rus tijorat va sanoat bankidan kredit olmoqchi boʻldi, ammo Yevropada sanoat inqirozi yuzaga kelgani sababli bank kredit berishdan voz kechdi. Shunda Putilov parovoz ishlab chiqarish uchun olingan avansni ishlatishga va vagonlarni sotish orqali qarzni toʻlashga qaror qiladi. Ammo Rossiyaga ham inqiroz yetib kelib, temiryoʻl qurilishi qisqara boshlaydi. Endi Putilov yo ishlab chiqarishni qisqartirishi yoki zavodni yopishi kerak edi. Lekin u mutlaqo uchinchi yoʻlni tanlaydi – ishchilarga qarzga ishlashni taklif qiladi. Putilov ishchilarga qurilish materiallari uchun olingan mablagʻni oylik sifatida tarqatadi.
Sekin, ammo qadam-baqadam u port qurilishini amalga oshirishga harakat qildi, oʻlimidan biroz oldin Kronshtatdan Peterburggacha boʻlgan dengiz kanalini toʻsish boʻyicha ish boshlangandi. U bir vaqtning oʻzida hovuz va omborlar hamda temiryoʻl liniyasi qurilishiga muvaffaq boʻldi. Putilov 3 ta yoʻnalish: dengiz, daryo va temiryoʻlni bir butunga birlashtirishni orzu qilardi. Afsuski, mehnatining samarasini koʻrish unga nasib qilmadi. Tadbirkorning vasiyatiga koʻra, u dengiz qirgʻogʻiga dafn etildi. Uni soʻnggi manzilga kuzatish uchun minglab ishchilar tashrif buyurdi. Keyinchalik uning qoldiqlari qayta dafn qilindi.
Muqova suratlar: союзпп.рф / eponym.ru