15 marta koʻrilgan

1792–1856

Nikolay Lobachevskiy

Nikolay Ivanovich Lobachevskiy 1792-yil 20-noyabrda Nijniy Novgorodda tavallud topgan. Oila qashshoqlikda kun kechirgan, otasi Ivan Maksimovich mej (yer chegarasi) boʻlimining roʻyxatdan oʻtkazuvchisi boʻlib ishlagan. Kichkina Kolya 8 yoshga toʻlganida tasodifan otasi ishdan boʻshatiladi, natijada oilaning barcha tashvishlari uning onasi Praskovya Ivanovna zimmasiga tushadi. Praskovya Ivanovna tabiatan harakatchan boʻlgani uchun ham 1802-yilda uchala oʻgʻli – Aleksandr, Nikolay va Alekseyni Qozon gimnaziyasida oʻqitishga muvaffaq boʻladi. Aka-ukalar gimnaziyani tamomlagach, Nikolaydan tashqari barchasi Qozon universitetiga oʻqishga kiradi. Nikolay ikkinchi urinishdagina qabul qilinadi. Avvaliga u tibbiyotga qiziqadi, hatto tibbiyot amaliyoti haqida oʻylashni ham boshlagan paytda matematikaga ishtiyoq ustunlik qiladi.

 

Nikolay oʻqib yurgan davrda yetakchilik qobiliyatiga ega talaba boʻlgani uchun yetakchi boʻlgan. Biroq universitet oʻqituvchilari yosh Lobachevskiyning feʼl-atvori universitetning qatʼiy qoidalariga mos kelmasligidan xavotir olar edi. Yosh Nikolayning shahar istirohat bogʻida sigir minish, kechasi raketa uchirish kabi qilmishlari uni universitetning jazo kamerasiga olib borardi. Lobachevskiyning ajoyib qobiliyatlari, muvaffaqiyatlari, shubhasiz, tan olingan, ammo tartib-qoidaga toʻgʻri kelmaydigan xatti-harakatlari buning barchasini “yuvib ketgan”. Oxir-oqibat magistrlik unvoniga eng munosib talabalar roʻyxatida birinchi oʻrinni egallab turgan Lobachevskiy nomi roʻyxatdan butunlay oʻchirib tashlanadi.

 

Nikolayga mehri tushgan professorlar — Bartels, Bronner va Litrov maʼmuriyat oldida yonini olgani uchungina magistr sifatida tasdiqlanishga muvaffaq boʻladi. Uning oʻqituvchilik faoliyati juda kamtarona boshlangan: dastlab taniqli matematik, yosh Qozon universitetining asoschilaridan biri professor Bartels undan yordam soʻrab, yoniga assistent qilib oladi. Bartels shogirdidan juda mamnun edi. Lobachevskiy murakkab mavzuni ham sodda qilib tushuntira olgani uchun ham professor undan talabalarga maʼruzalarning tushunmagan qismlarini izohlab berishni soʻrardi. Bir vaqtning oʻzida yosh assistent tayyorgarlik kurslarida arifmetika va geometriyadan ham dars berardi. Uning tinglovchilari asosan oʻz sinfini yaxshilash va davlat xizmatida yuqori darajaga koʻtarilish uchun ushbu imtihondan oʻtishi kerak boʻlgan mayda amaldorlar edi. Bu Nikolay Lobachevskiyning Qozon universitetidagi koʻp qirrali pedagogik faoliyatining boshlanishi edi xolos. Taqdir unga professor, rektor lavozimida universitetni xalqaro darajaga olib chiqishdek katta ishlarni tayyorlab turardi.

 

Yosh magistr mexanikaga ishtiyoqmand edi, fransuz olimi P. Laplasning daho asari “Osmon mexanikasi”ni sinchiklab oʻrganar, astronomiya bilan shugʻullanib, ekspeditsiya tarkibida quyosh tutilishini kuzatishda qatnashardi. Lobachevskiy amaliy fizikadan maʼruza oʻqish barobarida fizika kabineti uchun apparat, asboblar bilan ham shugʻullanadi. 1814-yildan 1816-yilgacha u fundamental matematika adyunkti (aspirant)dan Qozon universitetining favqulodda professori darajasiga koʻtariladi va 1822-yilda 30 yoshli olim ordinar professorga aylanadi.

 

Nikolay Ivanovich Lobachevskiyning butun hayoti Qozon universiteti bilan bogʻliq boʻlib, bu yerda geometriya kursida ilk marta parallel chiziqlar aksiomasi masalasiga murojaat qiladi va jahon ilmi tarixiga buyuk geometr sifatida kiradi. Maʼlum anʼanaga koʻra, u birinchi boʻlib Yevklidning mashhur aksiomasi (V postulat)ni isbotlashga harakat qiladi. Bu postulatni qanchadan qancha matematiklar asrlar davomida isbotlashga, almashtirishga, tuzatishga harakat qilib kelgan edi. Dalillar notoʻgʻri boʻlgani uchun barcha urinishlar zoye ketgandi. Bu urinishlarning maqsadsizligini, eng muhimi, befoydaligini birinchi boʻlib Lobachevskiy tushunib yetdi va 23 yoshida yangi geometrik tizimni ishlab chiqa boshladi.

 

Qozon universitetida Noyevklid geometriyaning 100 yilligini nishonlash marosimida professor V. F. Kagan: “Lobachevskiyni geometriya fanining Kopernigi deb atashadi. Ishonch bilan ayta olamanki, bu taqqoslash Lobachevskiy uchun yetarli emas. Kopernikning gʻoyalari mohiyatan favqulotda gʻoyalar edimi? Nahotki Kopernikdan 2 ming yil oldin Aristarx Samosskiy bu haqida taʼlim bermadi? Gipparx Rodosskiyning gʻoyalari Koperniknikidan shunchalik uzoqmidi? Lobachevskiyning Noyevklid geometriya gʻoyasi esa yaqin ming yillikda hech kimning xayoliga kelmagan edi!”, — degan fikrni bildiradi. Universitetda Nikolay Ivanovich Lobachevskiy matematika, amaliy fizika, mexanika, gidrostatika va gidravlika boʻyicha maʼruza oʻqigan. Uning maʼruzalari toʻgʻridan toʻgʻri matematik klassiklarga, DʼAlamber va Gauss, Laplas hamda Lejandra asarlariga qaratilgan edi. U Amper, Furye va Koshining soʻnggi yutuqlarini sodda, tushunarli tarzda tushuntirib bera oladigan tengi yoʻq olim edi. U atamalarning toʻgʻri ishlatilishiga koʻproq, hisob-kitob texnikasi haqida esa kamroq qaygʻurardi.

 

Qozon universiteti 1830-yilda / wikipedia.org

 

Imtihonda esa mexanik tarzdagi, jangovar va tezkor javoblarni yoqtirmasdi, aniq bayonotni talab qilar, talabaning mustaqil mulohazalari va topqirligini juda yuqori baholardi. U talabchanlik bilan yumshoq, sezgir munosabatni uygʻunlashtirgan holda talabalar bilan muloqot qilar, koʻpincha rahbarlardan universitet qoidalarini buzgani uchun talabalar jazosini yengillashtirishni soʻrardi. 1820–1822 va 1823–1825-yillarda Lobachevskiy fizika-matematika fakulteti dekani, 1827-yil 30-maydan Qozon universiteti rektori etib tayinlanadi. U Vatanga xizmat qilish negizini juda keng tushunadigan vatanparvar shaxs boʻlgani uchun ham 1830-yilda xolera epidemiyasi va 1842-yilgi yongʻin kabi tabiiy ofat paytida “Universitetni va boshqa taʼlim muassasalarini xoleradan himoya qilishdagi tirishqoqligi uchun eng yuqori tashakkurnoma”ni olgan.

 

Qozondagi yongʻin uy va aloqa vositalarining katta qismini vayron qiladi, ammo Lobachevskiy universitet binolari, laboratoriya va kutubxonalarning noyob jihozlarini saqlab qolishga muvaffaq boʻladi. U universitet binolarining butun majmuasi (klinika, anatomik teatr, fizika-kimyo xonalari)ni qurish tashabbuskori boʻlgan, 1834-yilda Qozon universitetining ilmiy yozuvlarini nashr etish tashabbusi bilan ham chiqqan. Nikolay Ivanovich Varvara Alekseyevna Moiseyevaga uylangach, Qozon universitetining ishonchli vakili Musin-Pushkin oilasi bilan uzviy aloqada boʻladi. Olimning 15 farzandidan 7 nafarigina tirik qolib, afsuski, qolganlari goʻdaklik chogʻidayoq vafot etgan. Bu ham yetmagandek, kutilmaganda 1852-yilda toʻngʻich oʻgʻli vafot etishi Lobachevskiyga ogʻir zarba boʻladi. Sevimli rafiqasi hamda farzandlari, ularning sogʻligʻi haqidagi doimiy tashvish oilaviy hayotining mazmuni edi.

 

Nikolay Ivanovich Lobachevskiy tarixga buyuk geometr, yangi – Noyevklid geometriya yaratuvchisi sifatida kirdi. Uning “Geometriyaning boshlanishi toʻgʻrisida”gi asari Fanlar akademiyasiga yuborilgan boʻlsa-da, hayot chogʻida Noyevklid geometriya kashfiyoti, afsuski, tan olinmagan. Faqat bugungi kunga kelibgina Lobachevskiyning matematik gʻoyalari oʻz davridan ancha oldinlab ketganini koʻramiz. U hayot chogʻida esa buning aksi boʻlgan. Hatto Mixail Vasilyevich Ostrogradskiy kabi mashhur matematik ham Lobachevskiyning ishini sharhlar ekan: “Janob Lobachevskiyning geometriyasida men tushungan hamma narsa oʻrtachadan past… Janob rektor Lobachevskiyning kitobi xatolarga toʻla…”, — deb aytgan. Biroq Lobachevskiy ishini tushunadigan va qadrlaydigan dunyoda bir matematik bor edi, lekin u sukut saqlashni lozim koʻradi.

 

Faqat shaxsiy yozishmalardagina buyuk K. F. Gauss Lobachevskiy ijodiga qoyil qolishini bildiradi: “… bularning barchasi Lobachevskiy tomonidan mohirona va sof geometrik ruhda ishlab chiqilgan…” 1846-yil Lobachevskiy hayoti uchun xosiyatsiz yil boʻlib keldi. Universitetdagi faol hayot, ijodiy, tashkiliy faoliyatning oʻrnini toʻxtash vaqti, keksalikdagi befoydalik, moddiy ehtiyoj egalladi. Uning universitet rektori lavozimidan ozod etilishi olim hayotidagi sinish nuqtasiga aylandi. Bu unga qattiq zarba boʻldi, chunki butun hayotining asosiy mazmunidan uni mahrum qilishgan edi.

 

Endilikda Nikolay Ivanovich ishonchli vakil yordamchisi vazifasini oʻtardi xolos. Maoshi kamaytirildi, rektorlik kvartirasi olib qoʻyildi. Kutilmaganda keksalik ayovsiz yopirilib keladi, yuragi kasallanib, koʻrish qobiliyati zaiflashadi. Soʻnggi ishi “Pangeometriya”ni Lobachevskiy endi oʻzi yoza olmagani sababli tashqaridan yordam oladi. Bemor va koʻzi ojiz, hayot sinovlariga magʻlub boʻlgan Lobachevskiy 1856-yil 12-fevralda vafot etadi.

 


 

Muqova surat: wikipedia.org