6
Ulashish
862 marta koʻrilgan
1964-yil
Nike
Nike (nayki — ingliz tilida toʻgʻri oʻqilishi) brendiga 1964-yilda Fil Nayt va Bill Bauerman tomonidan asos solingan. Hozirgi kunda milliarder tadbirkor hisoblanmish Fil Nayt karyerasining boshlanishida sport muxbiri va hisobchi boʻlib ishlagan. Universitetda u 1950-yillarning oxirida oʻrta masofaga yuguruvchi sifatida trekdagi chiqishlari uchun mukofotlarga sazovor boʻlgan. Uning yengil atletika boʻyicha murabbiyi Bill Bauerman edi. Nike kompaniyasini ishga tushirishdan 2 yil avval Fil Stenfordda biznes boshqaruvi boʻyicha magistrlik darajasini oldi. Yugurishga boʻlgan mehrini va yangi egallagan biznes koʻnikmalarini uygʻunlashtirgan holda, Fil Amerika bozoriga Yaponiyadan yuqori sifatli va arzon yugurish poyabzallarini olib kirish niyatida Blue Ribbon Sports nomli poyabzal kompaniyasini ochdi.
Oradan 7 yil oʻtib, 1971-yilda kompaniya xodimlari ellik nafarga yetdi. Yapon poyabzal yetkazib beruvchisi bilan hamkorlik tugadi va Fil oʻz poyabzallarini ishlab chiqarish uchun Adidas tomonidan maʼqullangan Meksikadagi oyoq kiyim fabrikasini tanladi. Shuningdek, unga futbol poyabzali sifatida sotiladigan charm oyoq kiyimi uchun yangi nom kerak edi. U eng yaxshi nom tanlash maqsadida xodimlar orasida soʻrovnoma oʻtkazdi va oʻzi “Dimension Six” (Oltinchi oʻlcham) nomini tanladi. Biroq bu nom “tilga olib boʻlmas darajada yomon” boʻlgani sababli hamma uni rad etdi.
Taklif qilingan boshqa nomlar orasida ham birorta mos keladigani yoʻq edi. Afsuski, yangi nom topishga unda vaqt yetmasdi, chunki zavod, reklama boʻlimi va AQSh Patent idorasidan yangi poyabzali uchun hujjatlarni topshirishi kerak boʻlgan muddat yetib kelgandi. Soʻnggi daqiqada esa u kompaniyaning birinchi ishchisi hisoblanmish Jeff Jonsondan bir taklif oladi. U bu maxsus ism unga kecha tushida ayon boʻlganini aytadi: Nike. Bu yunonlarning qanotli koʻrinishga ega boʻlgan, gʻalaba maʼbudi nomi edi. Bu nom qisqa va K harfi tufayli kuchli ovoz bilan aytilardi. Unda mijozlarning ongida saqlanib qoluvchi yaxshi brendga xos barcha xususiyatlar mujassam edi. Qaror qabul qilish uchun bir necha soniya qolganida Fil nomlar ichidan Nikeʼni tanladi va qolganlari tarixga aylandi. Kompaniya 1978-yilda nomini Blue Ribbon Sportsʼdan Nikeʼga almashtirdi.
Nikeʼning ramziy shiori — “Shunchaki, buni bajaring” ortidagi hayratlanarli hikoya
Nike 1987-yilda oʻzining birinchi yirik televizion kampaniyasini boshlashga tayyorlanayotgan edi, u yugurish, yurish, kross-mashqlar, basketbol va ayollar fitnesiga oid reklamalarni oʻz ichiga olgandi. Wieden+Kennedy ijodiy agentligi kampaniyani yaratish va yuritish uchun yollangan edi. Har bir joy boshqa bir ijodiy jamoa tomonidan ishlab chiqilgan va agentlik asoschisi Den Viden kampaniyaga hamma narsani birlashtiradigan shior kerak deb hisobladi. 2009-yilda reklama haqidagi bir hujjatli filmda Den mahkum qotilning qatl etilishidan oldin otishma guruhiga aytgan soʻnggi soʻzlaridan ilhomlanganini tan oldi: “Kelinglar, buni bajaraylik!” Nike kampaniyaga shior kerak deb hisoblamasa-da, bunga ruxsat beradi. “Shunchaki, buni bajar” dunyodagi eng mashhur shiorlardan biridir. Atigi uchta soʻz bilan ifodalangan bu oddiy shior sportchilarni ortiqcha oʻylashni toʻxtatib, birinchi qadamni qoʻyishiga kuch beradi. Hammasi shu! Nima uchun? Chunki tanangiz bor boʻlsa boʻldi, siz — sportchisiz.
NIKE & Michael Jordan — mazkur hamkorlik NIKE kompaniyasiga global muvaffaqiyat va brend mashhurligini olib keldi. 1983-yilda Adidas xalqaro faoliyatga ega boʻlgan milliard dollarlik kompaniya hisoblanib, sport poyabzali sanoatini boshqargan. Nike allaqachon kuchli raqobatchi kompaniya sifatida uning yetakchiligiga putur yetkazib, undan oʻzib ketish yoʻlini izlayotgan edi. 1984-yillarning basketbol boʻyicha taniqli yulduzi Maykl Jordan dastlab Adidas bilan shartnoma tuzmoqchi edi, lekin Nike unga yanada yaxshiroq — besh yil davomida yiliga 500 000 dollar va oʻz poyabzalini loyihalash imkoniyatini berdi. Ota-onasining maslahati bilan Maykl Jordan Nikeʼning taklifiga rozilik bildirdi. Kelasi yili esa Nike Air Jordan poyabzalining ilk namunasini sotuvga chiqardi. Yangi poyabzal shunchalik muvaffaqiyat keltirdiki, shartnomaning birinchi yilidayoq kompaniya 126 million dollarlik Air Jordan poyabzallarini sotdi. Jordanning futbolchilik faoliyati davomida har yili poyabzalning yangi nusxalari ishlab chiqarilardi. Koʻpchilik tomonidan Milliy basketbol assotsiatsiyasi tarixidagi eng buyuk oʻyinchi deb hisoblangan Maykl Jordan 36 yil mobaynida Nike bilan hamkorlik qilish orqali 1,3 milliard dollar daromadga ega boʻldi. Uning Nike bilan ushbu uzoq muddatli hamkorligi brendning dunyodagi yetakchi sport poyabzali ishlab chiqaruvchisi maqomini olishiga sabab boʻldi.
Kompaniya oʻz biznes strategiyasining bir qismi sifatida mashhur dizayn hamkorliklarini saqlab qoldi. Yillar davomida brend repper va prodyuser Kanye Uest, qoʻshiqchi va qoʻshiq yozuvchi shoir Drake, Dior modalar uyi, Swarovski zargarlik brendi, Louis Vuitton badiiy rahbari Virjil Abloh hamda Undercover yapon diniy yorligʻi asoschisi va bosh dizayneri Jun Takaxashi bilan hamkorlik qilgan. Nike brendining krossovkalar toʻplash madaniyati yuksalishida ham oʻrni beqiyos boʻlgan. Krossovka yigʻish odati 1970-yillarda boshlangan, lekin Nikeʼning Maykl Jordan bilan shartnomasi uning global tarzda rivojlanishiga hissa qoʻshgan.
2019-yilda Financial Times krossovkalarni qayta sotish bozorini 2 milliard dollarga yaqin deb baholagan. Nike kompaniyasining filiali boʻlmish Jordan brendi 2018-yilning may oyidan 2019-yilning may oyigacha 3,14 milliard dollar daromad keltirgan holda krossovkalar savdosini sezilarli darajada oshirishda davom etmoqda. Air Jordan krossovka madaniyatini boshlab bergan poyabzal sifatida keng tan olingan. 2020-yil u dunyodagi eng qimmatbaho brendlardan biriga aylandi. Maykl Jordanning 1985-yilda ishlab chiqarilgan, oʻzi oʻyin paytida kiygan va dastxat qoʻygan Nike Air Jordan 1S krossovkasi Sothebyʼs kimoshdi savdosida 560 000 dollarga sotildi. Ular tarixdagi eng qimmatbaho krossovkalarga aylandi.
Eng noyob va koʻpchilik afzal koʻradigan krossovka bu — Nike MAG boʻlib, Marti Makflay uni 1989-yilda “Kelajakka qaytish II” filmida 2015-yilga sayohat qilganida kiygan. Eskirib ketganiga qaramay, krossovkalar 2018-yilda 92 100 dollarga sotildi. Yigʻilgan pul esa Maykl Foksning Parkinson kasalligini oʻrganish boʻyicha xayriya jamgʻarmasiga oʻtkazildi.
Eng ashaddiy krossovka toʻplovchisi kim? Eng ashaddiy krossovka toʻplovchisi bu tadbirkor Miles Nadal boʻlib, u 2019-yilda Sothebyʼs tomonidan tashkillashtirilgan sotuvda noyob krossovkalar kolleksiyasiga 1,2 million AQSh dollaridan ziyod mablagʻ sarflagan. Toʻplamga 1972-yilda ishlab chiqarilgan Nike Waffle Racing Flat Moon Shoes kirgan boʻlib, u Nike kompaniyasining uzoq tarixiga tegishli eng muhim artefaktlardan (tarixiy buyum, yodgorlik) biridir.
NIKE — bugungi kun
Bugungi kunda butun dunyo boʻylab Nike brendining umumiy hisobda 1,096 ta chakana savdo doʻkoni faoliyat olib bormoqda. 56 yoshli kompaniya dunyodagi eng yirik sport poyabzali ishlab chiqaruvchisi boʻlib, bozor ulushi 28 foizni va 2019-yildagi daromadi esa 35 milliard yevroni tashkil etadi. Undan keyingi oʻrinni esa Adidas egallaydi, uning daromadi 24 milliard yevrodan (Statista) iborat. Brendning asosiy qadriyatlaridan biri, jamiyatni qoʻllab-quvvatlash va unga yaxshilik qilishdir. Bu maqsadga erishish uchun Nike turli xil fondlar yaratdi: Nike Community Impact Fund Amerika Qoʻshma Shtatlari va Yevropa jamiyatlaridagi boshlangʻich tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlash bilan shugʻullanadi.
Nike School Innovation Fund Oregon shtatidagi maktab rahbarlari bilan birgalikda bitiruvchi talabalar sonini koʻpaytirish hamda talabalarni kollej va keyingi bosqich boʻlmish kasbga tayyorlash uchun hamkorlik qiladi. Nike N7 bolalarni faollashtirish orqali tub amerikalik va aborigen (biror mamlakat yoki oʻlkaning qadimdan oʻsha joyda yashab kelayotgan aholisi) yoshlarning keyingi avlodi uchun ijobiy oʻzgarishlar yaratadi. Kompaniya Nike Community Ambassadors orqali 5700 dan ortiq xodimlar bolalar uchun sport va oʻyin mashgʻulotlarida murabbiylik qilib, butun dunyo jamiyatlariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Brend oʻz eʼtiqodlarini himoya qilgan holda janjallarga sabab boʻlishdan qoʻrqmaydi. 2018-yilgi Dream Crazy reklamasi chiqqanidan soʻng baʼzi odamlar Nike krossovkalarini yoqib yubordi, boshqalari esa toʻgʻri yoʻl tutganini taʼkidlab, uni qoʻllab-quvvatladi. Innovatsiyalar, ajoyib onlayn va oflayn mijozlar tajribasi, jamoatchilik ishtiroki hamda yangi dizaynlarni oʻzida mujassam etgan Nike vaqt sinoviga bardosh beradigan, dunyoning istiqbolli brendlaridan biridir.
Manba: brandminds.com
Muqova surat: unsplash.com