Orqaga

656 marta koʻrilgan

1769–1821

Napoleon Bonapart

Fransiya imperiyasining birinchi konsuli, kuchli sarkarda Napoleon Bonapart 1769-yil 15-avgustda Oʻrta Yer dengizidagi Fransiyaga tegishli Korsika orolidagi Ayachcho shahrida kichik zodagon oilasida tugʻiladi. Napoleonning ajdodlari bu orolga XVI asrda Italiyadan koʻchib kelgan. Asli kelib chiqishi italyan boʻlgan Bonapart keyinchalik 20 yoshida ismini fransuzcha jaranglaydigan Napoleon Bonapartega oʻzgartiradi. Asl ismi esa Napoleone di Buonaparte edi. Uning otasi Karlo Buonaparte advokat va Lyudovik XVI qasrida Korsika vakili boʻlib faoliyat yuritgan.

Napoleonning tarbiyasida onasi Letitsiya Ramolino muhim rol oʻynagan. Zodagon oilasida tugʻilgani sababli Napoleon yaxshi taʼlim olish imkoniyatiga ega edi. Shu sababdan taʼlimning har bir bosqichini oʻzlashtirishga va qiziqqan sohalarini oʻrganishga harakat qiladi. 1779-yil yanvarda Napoleon Fransiyadagi Autunda joylashgan diniy maktabga fransuz tilini oʻrganish uchun qabul qilinadi. May oyida Briyen-le-Shatodagi kadetlar (oʻrta asrlarda Fransiya va Prussiyada ofitserlikka erishgunga qadar oddiy askar boʻlib xizmat qiluvchi yosh dvoryanlar) maktabiga oʻqishga kiradi va artilleriyani (qurollari toʻplami) qiziqib oʻrganadi. 1784-yilda maktabni bitirganidan soʻng Parij harbiy maktabida oʻqiy boshlaydi. Maktab davrida u matematikani chuqur oʻrgangan, tarix va geografiyadan yaxshigina bilimlar egallagan. Bu yerda olingan harbiy bilim va koʻnikmalar Napoleonning keyingi hayoti davomida as qotadi. Oʻqishni muddatidan avval tugatgan Napoleon artilleriya polkida uch oylik sinovdan muvaffaqiyatli oʻtganidan soʻng kichik leytenant unvoni bilan xizmatga qabul qilinadi. Shu tariqa Napoleonning harbiy hayoti boshlanadi.

Faoliyati

1789–1799-yillarda boʻlib oʻtgan buyuk fransuz inqilobi boshlangandan soʻng Napoleon ikki yil Korsikada xizmat qiladi. Inqilobga befarq boʻlmagan Bonapart yakobinchilarni qoʻllab-quvvatlaydi va koʻngillilar batalyoniga boshchilik qiladi. 1792-yilda Napoleon muntazam armiyaning artilleriya kapitani etib tayinlanadi. U tabiatan sarkardalik qobiliyatiga ega boʻlib, turli harbiy harakatlarda qatnashgani sari tajribasi ortib borardi. 1795-yilga kelib esa tajribasi va erishgan muvaffaqiyatlari tufayli Fransiya armiyasi generaliga aylanadi. U Fransiya armiyasiga qoʻmondonlik qilgan davrda Italiya shimoli, Avstriya va Misr yurishlariga boshchilik qiladi. Misr yurishlari Napoleon hayotida katta iz qoldiradi. Italiya shimoli va Avstriyadagi gʻalabalardan soʻng Buyuk Britaniyaga qarshi yurish boshlanadi. Buning uchun birinchi oʻrinda Buyuk Britaniyaning mustamlakasi boʻlgan Misrni egallash lozim edi. 1798-yil 19-mayda 35 ming harbiydan iborat qoʻshin Tulon shahridan kemalarga oʻtirib Misr tomon yoʻlga chiqadi va shahar iyulda zabt etiladi. Oʻsha yil kuzgacha Napoleon Yaqin Sharqda bir necha jang oʻtkazadi va gʻalaba qozonadi hamda Parijga Sharqni istilo qilgan sarkarda sifatida qaytadi. U davlatga qaytgan mahalda mamlakatda inqiroz vujudga kelgan edi.

Artilleriya yordamida isyonchilarni tor-mor qilgan general Napoleon Bonapart Konventning xaloskoriga aylanadi. Italiyaga qarshi qilingan yurish va uning boʻysundirilishi xalq orasida Napoleonni juda ham mashhur qilib yuborgan edi. Napoleon bosib olingan yerlarda feodal qaramlikni bekor qildi, cherkov va ibodatxonalarni baʼzi bir yigʻimlardan mahrum etdi, inson huquqlarini kafolatlaydigan qonun-qoidalar joriy qildi. Napoleonning gʻalabalari jamiyatda armiyaning obroʻsini oshirib yubordi. Aynan Misrga qarshi qilingan yurish Napoleonda siyosiy hokimiyatni egallash istagini uygʻotdi. Bu davrda davlatni Direktoriya hukumati boshqarayotgan edi.

Hukumat isyon yordamida qulatildi. Yigʻilish oʻtkazayotgan Oqsoqollar kengashi va Beshyuzlar kengashi yirik qoʻshin tomonidan oʻrab olindi va davlatni idora qilishning yangi usuli – Konsullikni qabul qilishga majbur qilindi. Konsullik uch kishidan iborat ijroiya hokimiyati boʻlib, ulardan har biri “Fransuz Respublikasining konsuli” unvoniga ega boʻlar edi. Saylangan uch konsuldan biri Napoleon Bonapart edi. Keyinchalik Napoleon umrbod konsul lavozimiga saylandi, 1804-yilda esa “Fransuzlar imperatori Napoleon I” deb eʼlon qilindi.

Napoleon urushlari natijasida imperiya hududlari kengayib bordi. 1805-yili Austerlis jangida Napoleon Rossiya imperatori Aleksandr I va Avstriya taxti egasi Frans II qoʻshinidan iborat birlashgan armiya ustidan gʻalabani qoʻlga kiritdi. Oʻz gʻalabalaridan ruhlangan Napoleon endi Buyuk Britaniyaga nisbatan “qitʼa qamali” eʼlon qildi. Unga koʻra, Napoleonga qaram barcha davlatlarning Buyuk Britaniya bilan savdo-sotiq qilishi taqiqlandi. Napoleonning maqsadi shu yoʻl bilan Buyuk Britaniyani boʻysundirish edi. Rossiya ham 1807-yili Napoleon bilan tinchlik hamda ittifoq toʻgʻrisida Tilzit shartnomasini imzolab, Fransiyaning Yevropadagi barcha gʻalabalarini tan oldi. Shartnomaga koʻra, Rossiyaga Buyuk Britaniya bilan aloqani uzish va qitʼa qamaliga qoʻshilish majburiyati yuklandi. Ammo Napoleon Buyuk Britaniyaga qarshi qitʼa qamalidan koʻzlangan maqsadiga erisha olmadi. Aholi tinimsiz urushlardan charchadi, mamlakatda norozilik, bosib olingan hududlarda milliy-ozodlik harakati kuchaydi. Napoleonga bu norozilikni bostirish uchun katta bir gʻolibona urush kerak edi. Shuning uchun ham u Rossiyaga qarshi urush boshlab, gʻalaba qozonishni rejalashtirdi.

1805-yil 2-dekabr, Austerlis jangi / wikipedia.org

Rossiyaga qarshi yurish

1812-yil iyunda fransuzlar bilan birga Yevropaning turli mamlakatlaridan yigʻilgan 450 ming nafar harbiy Rossiya chegarasini kesib oʻtadi. Ularga qarshi janglarda Rossiyaning 193 ming askari qatnashadi. Napoleon Rossiyani bosib olishni Moskva shahridan boshlashga qaror qiladi va qoʻshinni shu tarafga yoʻnaltiradi. Masofaning uzoqligi va yozning juda qattiq issigʻi armiyani holdan toydiradi. 7-sentyabrda Moskva yaqinidagi Borodino qishlogʻi yonida Napoleon qoʻshinlari bilan Rossiya armiyasi oʻrtasida asosiy jang boʻlib oʻtadi va unda ruslarning qoʻli baland keladi. Ammo fransuzlarga yetib kelgan qoʻshimcha yordam ruslarning chekinishiga sabab boʻladi. 14-sentyabrda Napoleon oʻz armiyasi bilan Moskvaga kirib keladi. Moskva fransuzlar tomonidan talanadi va oʻt qoʻyib yoqib yuboriladi. Rossiya imperatoridan sulh taklifini kutgan Napoleon Moskvada oktyabrning oʻrtalarigacha qolib ketadi. Sulh taklifi boʻlmaganidan soʻng u 19-oktyabrda Fransiyaga qaytib ketadi. Noyabrning oʻrtalarida Napoleon oʻz qoʻshini bilan Smolenskka yetib keladi. Bu yerdan armiya uchun oziq-ovqat topa olmagan imperator toʻxtamasdan yurishda davom etadi. Rossiyaning sovuq ob-havosi, taʼminotning yoʻqligi fransuzlarni batamom holdan toydiradi. Askarlarning koʻpi sovuqdan va ochlikdan halok boʻladi. Napoleon Fransiyaga qaytganida uning Rossiyaga borgan 450 ming askaridan 25 ming kishi qolgani maʼlum boʻladi.

Taxtni tark etishi

“Napoleonning Rossiyadan yengilishi obroʻsini tushib ketishiga sabab boʻladi. Shundan soʻng bosib olingan baʼzi davlatlarda ozodlik harakatlari boshlanadi. Buning ustiga Kutuzov boshchiligidagi Rossiya armiyasi ham fransuzlarni taʼqib qiladi va ularga zarar yetkazadi. 1813-yilda Leypsig ostonasida boʻlib oʻtgan “Xalqlar jangi”da Yevropa mamlakatlari qoʻshinlari tomonidan Napoleon armiyasi tor-mor etildi. 1814-yili ittifoqchi davlatlar (Rossiya, Avstriya, Prussiya va Shvetsiya) armiyasi Parij shahriga kirib keldi va Napoleon taxtdan voz kechishga majbur boʻldi. Ittifoqchilar uni Elba oroliga surgun qildi. Keyinchalik zodagonlarga koʻplab huquqlar berilishi Fransiyada ijtimoiy vaziyatni yomon ahvolga solib qoʻyadi.

Vaziyatdan foydalanib qolishni istagan Napoleon 1815-yil 26-fevralda Elba orolidan yashirincha chiqib oʻzining 1 000 nafar sodiq askari bilan Kann yaqinidagi Juan koʻrfaziga tushadi va Parij tomon harakatlanadi. Napoleonning qaytayotganini eshitgan tarafdorlari yigʻila boshlaydi. Shu tariqa uning qoʻl ostida 125 ming askar toʻplanadi. Napoleonning katta qoʻshin bilan Parijga qaytganini eshitgan ittifoqchilar unga qarshi 600 ming kishilik armiyani joʻnatadi. Kichik toʻqnashuvlarda qoʻli ustun kelgan Napoleon 18-iyunda Vaterloo qishlogʻi yonida boʻlib oʻtgan asosiy jangda ittifoqchilar armiyasidan yengiladi. “Yengilmas sarkarda” deya atalgan Napoleon ikkinchi marta hokimiyatdan voz kechadi. Bu safar u Avliyo Yelena oroliga surgun qilinadi.

Oilasi

Buyuk fransuz imperatori umri mobaynida ikki marotaba turmush qurgan. Uning birinchi ayoli Napoleon graf Bogarnening bevasi Jozefina boʻlib, ular 1796-yil nikohdan oʻtgan edi. Toʻyona sifatida Napoleon Italiya shimoliga joʻnatiladigan armiyaga qoʻmondon etib tayinlanadi. Biroq ular 1810-yilda ajralib ketadi. Shundan soʻng Napoleon Rossiya imperatori Aleksandr I ning singlisi Anna Pavlovnaning qoʻlini soʻraydi, biroq rad javobini oladi. Napoleon keyinchalik Avstriya imperatori Frans I ning qizi Mariya-Luizaga uylanadi va undan bir oʻgʻil farzand koʻradi.

Vafoti

1821-yil 5-may kuni sogʻligʻida yuzaga kelgan xastaliklar tufayli Napoleon vafot etadi va Avliyo Yelena oroliga dafn etiladi. 1840-yilda Napoleon jasadining qoldiqlari Parijdagi Urush nogironlari uyiga koʻchiriladi.



Manba: kun.uz / wikipedia.org / 8-sinf jahon tarixi darsligi
Muqova suratlar: britannica.com / talkinghumanities.blogs.sas.ac.uk