Orqaga
Muromati (yoki Ashikaga) davri (1338–1573-yillar).

884 marta koʻrilgan

1338–1573

Muromati (yoki Ashikaga) davri

Kemmu tiklanishi va ikkitalik sulola

Go-Daigo “sahna” ga kelishi bilan isteʼfodagi imperator Go-Uda uzoq davrlik anʼanani buzib, nafaqadagi imperator lavozimini bekor qiladi. Natijada imperator hokimiyati butunlay yakka imperator – Go-Daigon qoʻlida toʻplanadi. Yosh islohotchi saroy aʼyonlari partiyasi imperator atrofida birlashib, hokimiyatni qayta tiklashga intiladi. Ammo haqiqiy imperial tiklanishni amalga oshirish uchun Go-Daigo bakufular aralashuvidan xalos boʻlishi kerak edi. Afsuski, uning toʻntarish haqidagi rejasi oshkor boʻldi. Go-Daigo qamoqqa olinib, Oki oroliga quvgʻin qilindi. Shunga qaramay, Kinay hududidagi jangari buddaviy rohiblar tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan, mahalliy yetakchilar bakufularni yer tishlatish uchun qoʻshin toʻplaydi.

Imerator qoʻshinini shahzoda Morinaga (yoki Moriyoshi) va Kusunoki Masasige boshqargan. Lekin hal qiluvchi gʻalabani 2 qudratli Kanto jangchi oilalari olib kelgan. Ular Hojo oilasining norozi xizmatchilari boʻlmish Ashikaga Takauji va Nitta Yoshisadaning oilasi edi. 1333-yilda Takauji hojolarga yuzlanadi va ularning Kyotodagi qarorgohiga hujum qiladi. Yoshisada esa Kamakuradagi bakufularni xonavayron qiladi. Oʻsha vaqtda aksariyat Hojo yetakchilari jangda halok boʻlgan yoki oʻz joniga qasd qilgan. Nihoyat, 140 yil hukmronlikdan soʻng bakufular hokimiyati nihoyasiga yetadi.

1333-yilda Go-Daigoning Kyotoga qaytishi Kemmu tiklanishi nomi bilan tanilgan. Imperator darhol bevosita imperatorlik boshqaruvni tiklashga kirishib ketadi. U qudratli kampaku lavozimini tugatib, markaziy byurokratiya oʻrnatadi. Bundan tashqari, u viloyatlardagi nizoni hal qilish uchun ish yuritish arxivi (Kirokusho) ni qayta tiklaydi, kichik masalalar bilan shugʻullanuvchi turli xil daʼvo sudi (Ketsudansho) hamda Kyotodagi jangchilar oʻrtasida tartibni saqlash uchun qoʻriqchilar stansiyasiga (musha-dokoro) asos soladi. Imperator Go-Daigo Morinagani harbiy kuch uchun masʼul qilib qoʻyadi. Imperator xonadoni aʼzolarini ham shimol va sharqdagi viloyatlar yetakchilari etib tayinlaydi. Lekin bakufularni toʻntarishda imperator qoʻshiniga qoʻshilgan koʻplab mahalliy jangchilar “oʻlja” ni taqsimlash hamda imperator islohoti yoʻnalishidan norozi boʻladi. Ashikaga Takaudzi endi Go-Daigoga qarshi bosh koʻtargan edi. U 1336-yilda isyon koʻtarib, imperatorni Kyotodan haydab soladi. Takauji katta imperator naslidan boʻlgan nomzodni taxtga oʻtkazadi. Go-Daigo va uning tarafdorlari esa Nara shahri yaqinidagi Yoshino togʻidagi saroyda muxolifat tuzadi.

Keyingi 60 yil davomida siyosiy hokimiyat Yoshinodagi janubiy saroy hamda Kyotodagi shimoliy hukumat oʻrtasida boʻlingan edi. Takauji nevarasi Yoshimitsi bu 2 saroy oʻrtasida tinchlik oʻrnatishga erishadi (1392-yil). Shundan soʻng imperator vorisligi shimoliy saroy qoʻlida qoldi. Uzoq davom etgan muzokara davrida mahalliy jangchilar shugolarga birlashadi. Bu paytda shugolar markaziy hukumatdan tobora mustaqil boʻlib borayotgandi.

Muromati bakufu oʻrnatilishi

Go-Daigoning Yoshinoga magʻlubiyatidan soʻng Ashikaga Takauji Kyotodagi Nijo Takakura hududida bakufulik oʻrnatadi. Ammo 1378-yilda Takaujining nevarasi syogun Yoshimitsu bakufulikni Kyotodagi Muromati tumaniga koʻchiradi. Bakufular shu yerda oʻrnashib qolib, yakuniy koʻrinishga keladi. Syogun oʻrinbosarlari (kanrey) Xosokava Yoriyuki va Shiba Yoshimasadan yordam olgan Yoshimitsu sekin-asta buyuk harbiy gubernatorlar (shugo) kuchini yengib chiqadi. Bu hodisa yangi tartib oʻrnatishda juda muhim sanalar edi. U 1391-yilda Yamana oilasini yoʻq qiladi. Soʻng shimoliy va janubiy saroylarni birlashtirib, buyuk shugo Outi Yoshixiroga hujum qiladi va zafar qozonadi. Natijada ichki dengizdagi nazorat ham unga oʻtadi. Yoshimitsu endi eng oliy martaba – bosh vazir (dajo-daijin) lavozimiga tayinlanadi. U boshchiligida poytaxt shimoliy qismida joylashgan Kitayama qishlogʻidagi mashhur “Oltin shiypon” (Kinkaku-ji. Pastdagi jangchilar hukumati oʻrnatilishi boʻlimiga qarang) qad koʻtaradi. Shuningdek, Xitoydagi Ming sulolasi bilan savdo va diplomatlik aloqasi ham Yoshimitsu davrida tiklangan edi. Xitoyliklar uni “Yaponiya qiroli” unvoni bilan ataydi.

Muromati hukumati strukturasi

Bafuku Muromati oʻzidan oldingi Kamakuralar tuzilmasini (yuqorida aytilgan jangchilar hukumati) deyarli oʻzgartirmay meros qilib olgan va Mandokoro, Monchujo va Samuray-dokoro boshqarmasini tashkil etgan edi. Biroq Xosokava Yoriyuki kanreyi etib tayinlanganidan soʻng ushbu lavozim bakufu hukumatining eng muhim qismiga aylanadi. Mandokoro rasmiy vazifasi bakufula mablagʻini nazorat qilish boʻlgan. Keyinchalik Ashikaga vorislari boʻlmish Ise oilasi bu lavozimni meros qilib oladi. Samuray-dokorolar esa qonuniy qaror ishlab chiqqan, poytaxt nazorati ham ularga ishonib topshirilgan. Yamashiro viloyati (hozirgi Kyoto shahar prefekturasi) da qoʻshimcha shugo lavozimini egallagan bosh rasmiylar shoshi deb atalgan. Shoshilar kanreyidan keyingi eng ahamiyatli amaldor hisoblangan. Sud qarorini tartibga solish va moliyaviy masalalarni hal qiluvchi yangi lavozimlar tashkil topadi. Ashikagalar shaxsiy qoʻriqchiga (xokoshu) ega edi.

Mahalliy boshqaruvga qaraydigan boʻlsak, Kanto hududidagi 10 ta viloyatni nazorat qilish uchun Kamakurada maxsus boshqaruvchi tayinlangandi. Bu idora Ashikaga Motouji oilasi boshliqlari tomonidan egallangan. Kyushu orolidagi 11 viloyatni esa Kyushu tanday nazorat qilgan. Kamakura va Murotami bakufular oʻrtasidagi asosiy farq shugolar ahamiyatida koʻrinar edi. Shugolar dastlab 2 saroy oʻrtasidagi betartib jang vaqtida Takauji tomonidan tayinlanadi. Keyinchalik esa ularning aksariyati oʻzining vakolatidagi bir yoki bir nechta viloyatlarning yirik lavozimiga oʻtiradi.

Yoshimitsu davriga kelib ular soni kamayib, vakolati qisqartiriladi. Lekin Bakufu tuzilmasi Ashikaga syogun uyi va oʻnlab yirik shugo uylari oʻrtasidagi nozik muvozanat ustiga qurilgandi. Tuzilma Ashikaga xonadonlarining 2-darajali aʼzolar va bir-biriga bogʻliq boʻlmagan jangchilar oʻrtasida deyarli teng taqsimlangan. Yoshimitsu ulardan Kyotoda bosh qarorgoh tuzishni talab qiladi. Kyotoda bu 2 guruh syogunlar bilan kengashib hukmronlik qilardi. Bu qaror ularning oʻz viloyatlaridagi mahalliy jangchilar bilan mustahkam vassallik aloqalarini oʻrnatishga toʻsqinlik qilgan. Shu sababli ham ular oʻzi yoʻqligida viloyat ishini boshqarib turish uchun tez-tez oʻrinbosarlar yuborib turgan. Natijada bir necha yil ichida ilk va oʻrta Muromati davridagi koʻplab qudratli shugolar oʻz oʻrinbosari tomonidan agʻdariladi.

Muromati bakufular mablagʻi Kamakura davrida boʻlgani singari bevosita nazorati ostidagi yerdan keluvchi daromad hisobiga qoplanishi mumkin emasdi. Shu tufayli bakufular ehtiyojidan kelib chiqqan holda har bir viloyatning shugo va jitolariga har bir yer birligi yoki har bir xonadondan pul undirish buyurilgan. Ammo bu usul ham ularning moliyaviy zaruratini toʻlaqonli qoplay olmaydi. Oqibatda bakufular oʻsha davrning eng boy savdogarlari boʻlmish lombardchi va sake ichimligini ishlab chiqaruvchilari kabi dilerlardan soliq yiqqan. Shuningdek, Xitoy bilan savdo qilish orqali ham moliyaviy yetishmovchilik toʻldirilgan.

Turli soliq tuzilmasiga qaramasdan Murotami tuzumi xalqni nazorat qilishni eplolmaydi. Shugolar hokimiyati oʻsib borishi va mahalliy samuraylar hamda dehqonlar tomonidan tez-tez koʻtarilayotgan gʻalayon sababli bakufu poydevori qoʻzgʻala boshlaydi. Kamakura davridagi shugo vakolati xavfsizlik masalalari bilan cheklangan edi. Bu vazifalar sirasiga isyonni bostirish, qotillarni qoʻlga olish va Kyotodagi xizmatchilarni yigʻish bilan kifoyalangandi.

Shimoliy va janubiy saroy boshqaruvining 2-yarmida ular nazorati ostidagi hududda ijro hokimiyati kengayadi. Tartibsizlik oshib borgani sayin ular katta harbiy qoʻmondonlik vakolatiga ega boʻladi. Mahalliy jangchilar baʼzan hududni talon-taroj qilib turar edi. Shu bahonada ular harbiy taʼminot uchun ombor vazifasini bajargan va soliqning yarmini shugolarga bergan. Bu jarayon teng soliq taqsimoti yoki hanzey deb atalgan. Koʻplab shugolar oʻz mulkiga meros orqali ega chiqqan. Xususan, Yamana oilasidagi birgina shuga bir qancha viloyatni nazorat qilgan. Agar Kamakura bakufuning bosh agenti jito boʻlgan boʻlsa, Muromati tuzumining muhim idorasi shugolar boʻlgan. Ashikaga bakufuning nazorat qiluvchi hokimiyati boshidanoq zaif edi. Yoshimitsuning oʻlimidan soʻng esa qudratli shugoning Ashikaga bakufudan voz kechishga moyilligi sezilarli darajaga yetadi. Shu tariqa syogun lavozimi vaqt oʻtgan sari kuchsizlashib boradi.

Mahalliy muxtoriyat oʻsishi

Qishloq xoʻjaligi rivojlanib borgani uchun Kyoto atrofidagi qishloqlarda dehqonlar obroʻsi oshib boradi. Shuningdek, tijorat va kichik korxonalar ham gullab-yashnaydi. Oʻrta va kichik yer egalari ittifoqi (myoshu) tezlik bilan rivojlanadi, bu esa nazoratsiz yerlarga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarilishiga sabab boʻlar edi. Bunday ittifoqlar yirik myoshular yeri tarqalib, oʻrta va kichik myoshular keng miqyosda paydo boʻlayotgan joyda namoyon boʻlgan. Ushbu kichik yer egalari oʻzini mahalliy jang vayronagarchiligidan himoya qilish maqsadida umumiy oʻrmonlarni boshqaruvchi va sugʻorish ishini olib boruvchi uyushmalar tuzadi. Bu ittifoqlar yetakchisi otona (yaponchadan “ulugʻ”) deb nomlangan. Otonalar qishloq hukumati rahbari etib tayinlangan. Ittifoq aʼzolari muntazam qishloqdagi ziyoratgoh va ibodatxonalarda majlis oʻtkazardi. Bu yigʻilishda jamiyat hayotini asrash uchun qoidalar ishlab chiqilgan.

Jamiyatda oʻzini oʻzi boshqarish kuchaygani sari dehqonlar shiddatli qarshilik koʻrsata boshladi. Shimoliy va Janubiy saroy birlashuvidan soʻng dehqon qishloqlarida qurolli qoʻzgʻolon koʻtarildi. Dehqonlar eski mulkdorlardan yillik soliq ulushini qisqartirish va sudxoʻrlar oldidagi qarzi uchun moratoriy oʻrnatishni talab qila boshladi. Bunday keng koʻlamli gʻalayon 1428-yili Yoshimitsu hukmronligining soʻnggi davrida yuz beradi.

1429-yilda Xarima viloyati (hozirgi Hyogo prefekturasining bir qismi) da koʻtarilgan isyondan maqsad jangchilarni viloyatdan quvib chiqarish edi. 1441-yili Kyoto atrofida yashaydigan dehqonlar sudxoʻrlarga qarshi hujum boshlaydi. Ular bu hujumda bakufulardan oʻz qarziga moratoriy oʻrnatishni talab qiladi. Keyinchalik deyarli har yili katta-kichik isyon boʻlib turgan. Bu hodisa shoen tizimining ham, bakufularning ham zaifligidan dalolat berar edi.

Xitoy va Yaponiya oʻrtasidagi savdo-sotiq

Bakufular yapon qaroqchilarini bostirishga rozi boʻlganidan soʻng Xitoyning Ming sulolasi va Yaponiya oʻrtasida savdo-sotiq boshlandi. Ashikaga Takaudzi Yuan (moʻgʻullar) sulolasi bilan tijorat qilish uchun Tenryu ibodatxonasiga bir qancha kema yuboradi. Ammo ichki tartibsizlik tufayli savdo aloqasi toʻxtab qoladi. Gʻarbiy Yaponiyaning dengizboʻyi tumanlaridagi qaroqchilar esa ham Xitoy, ham Koreya yarimorolida talonchilik qiladi.

Koreyada Choson (Yi) sulolasi, Xitoyda esa Ming sulolasi hukmronlik qilganida bu 2 davlat ham bakufulardan ochiq rasmiy tijorat munosabatini oʻrnatishni soʻraydi. Bu murojaat orqali ular qaroqchilar bostirilishiga umid qiladi. Savdogarlar istagiga muvofiq, shuningdek, bakufu moliyasini taʼminlash maqsadida Yoshimitsu Xitoydagi minglar davlati va Koreya bilan rasmiy savdo aloqasini boshlaydi. Yoshimitsu qaroqchilar asir olgan koʻplab xitoyliklarni vataniga qaytaradi. Evaziga esa “yaponiya shohi” Yoshimitsudan Xitoy imperatoriga hurmat qabul qilib olgan ming sulolasi Yaponiya bilan savdo qilishni boshlaydi. Qaroqchi va savdogarlar kemasini farqlash maqsadida minglarning kangofu nomli kemasidan foydalanilgan. Kango atamasi yaponchadan “tijorat” maʼnosini beradi.

Xitoy bilan savdo-sotiqdan kelgan daromad bakufular uchun ahamiyatga ega boʻlgan. Lekin nazorat keyinchalik Xosokava va Outi tumanlaridagi gʻarbiy shugo oilalari qoʻliga oʻtadi.Ular himoyasi ostida Xakata Xyogo va Sakai portlarida savdo yanada faollashadi. Outilar Onin jangi (Onin jangi (1467–1477) pastga qarang) dan soʻng savdoni nazorat qila boshlagandi. Xosokava hamda Outi oilalari oʻrtasida raqobat odatda turli nizoga aylanib ketgan. Outilar magʻlubiyati sababli kango savdosi kamayib, qaroqchilik avj ola boshlaydi. Koreyadagi Choson sulolasi bilan savdo aloqasi Tsushima shahrida istiqomat qiluvchi So oilasi agentligi orqali amalga oshirilgan.

Savdoga turli shugolar va Xakata shahridagi savdogarlar faol jalb qilinadi. Ular paxta va boshqa turdagi mahsulotlarni import qilgan. Yapon savdogarlari hatto janubi-sharqiy Koreyada, jumladan, Pusanda ham aholi punktlari tashkil etgan. Xitoy va Koreyada faoliyat koʻrsatuvchi yapon savdogarlari, shuningdek, Yaponiya va Tayvan oʻrtasidagi Ryukyu orollaridan mahsulot import qilgan. Orollardan boʻyoq, qalampir va Janubga tegishli boshqa maxsus tovarlar keltirilgan.



Manba: britannica.com
Muqova surat: midjourney.com