
1
Ulashish
176 marta koʻrilgan
1791–1867
Maykl Faradey
Boʻlajak mashhur ingliz fizigi 1791-yil sentabrda Londonda temirchi Jeyms Faradey oilasida tugʻilgan. Oiladagi moliyaviy yetishmovchilik unga yaxshi taʼlim olishga imkon bermadi. Maykl Faradeyning aytishicha, uning taʼlimi “eng oddiyi” boʻlib, u oddiy kunduzgi maktabda olingan oʻqish, yozish va arifmetika boʻyicha dastlabki koʻnikmalarni oʻz ichiga oladi. U bolaligidan mehnatga muhabbat, halollik, magʻrurlik ruhida tarbiyalandi. Maykl 12 yoshida kitob doʻkoni va muqovalash ustaxonasi egasi Jorj Riboga shogirdlikka tushdi. Bu yerda dastlab u kitob va gazetalarni yetkazib berish bilan shugʻullandi, keyinchalik esa kitob muqovalash kasbini mukammal egalladi.
Faradey ustaxonada ishlash vaqtida bilimini toʻldirish maqsadida tinimsiz oʻqirdi. U, ayniqsa, elektr va kimyo fanlariga qiziqardi. Maykl uy kimyo-fizika laboratoriyasini tashkil qiladi va kitoblarda tasvirlangan tajribalarni mustaqil oʻtkaza boshladi. U oddiy bola edi. Boʻlajak fizik kirishuvchan, oʻz tengdosh bolalardan farqli oʻlaroq biroz qiziquvchan, hamma soʻzlarga ham ishonavermaydigan va mustaqil xarakterdagi qaysar bola edi. Doʻkon egasi Ribo Mayklning mustaqil bilim olishga boʻlgan ishtiyoqini har tomonlama qoʻllab-quvvatladi. London qirollik jamiyati aʼzosi janob Dens kitob muqovalovchi ustaxonaga tez-tez kirib turardi. Janob Dens kitoblarni ishtiyoq bilan oʻqiyotgan va ilmiy jurnalning soʻnggi sonini tugatayotgan yosh muqovachiga eʼtibor qaratib, unga doʻsti, kimyo professori — ser Gemfri Devining bir qator maʼruzalarini tinglashni taklif qildi. Bu maʼruzalar Mayklni qiziqtirib qoʻydi va u ularni diqqat bilan qogʻozga tushirdi. Faradey Densning maslahati bilan konspektni toza qogʻozga qayta yozdi, ularni chiroyli qilib kitob holiga keltirdi va tadqiqot qilishga imkoniyat soʻrab Deviga xat yozdi.
Devi dastlab boʻsh ish oʻrni yoʻqligi sababli Mayklni rad etdi, ammo bir baxtsiz hodisa Faradeyga yordam berdi. Laboratoriyadagi tajribalardan birida kolba portlaydi hamda Devining koʻzi kuyib qoladi. Natijada u na yoza oladi, na oʻqiy oladi. Shunda taniqli olim Mayklni vaqtincha kotib sifatida ishlashga taklif qiladi. Biroz vaqt oʻtgach, 1813-yil mart oyida 22 yoshli Faradey Londondagi Qirollik institutida Devining laboranti boʻlib ishladi. Kelajakda Devidan uning eng muhim yutugʻi haqida soʻrashganida, u eng muhim kashfiyoti — Faradeyni kashf etgani ekanligini tan olgan. Maykl oʻsha yilning kuzida laborant-yordamchi va kamerdiner (burjua-zodagon uyidagi xizmatkor) sifatida Gemfri Devi va uning rafiqasi bilan Yevropaga, bir yarim yillik sayohatga joʻnaydi. Bu sayohat uning ilmiy qarashlari shakllanishiga katta yordam berdi. Parijda, keyin esa Shveytsariya, Italiya va Germaniyada u Yevropa ilm-fanining koʻplab koʻzga koʻringan namoyandalari, jumladan, Gey-Lyussak hamda Volta bilan uchrashdi va eksperimentator sifatida bilim oldi. Maykl maʼruzalar paytida Deviga tajriba ishlarida yordam berdi, olimlar bilan suhbatlarda qatnashdi. Faradey fransuz va nemis tillarida ravon gapira boshlab, keyinchalik baʼzi olimlar bilan yozishmalar olib bordi.
U 1815-yil yozida Angliyaga qaytgach, Qirollik institutida laborant sifatida ishlashni davom ettirdi. Ammo bu boshqa Faradey edi, u endi yetukroq, olim boʻlib shakllangan shaxs edi. Mustaqil bilim olish barobarida 1815-yildan 1822-yilgacha u asosan kimyo boʻyicha tadqiqotlar bilan shugʻullandi. U tez orada mustaqil ijod yoʻliga oʻtdi va Devining xudbinligi talabaning muvaffaqiyatidan azob cheka boshladi. Maykl Faradeyning birinchi ishi 1816-yilda nashr etildi. U 1820-yil avgust oyida Ersted (magnit maydoni kuch birligi) kashfiyoti haqida bilib qoldi va shu paytdan boshlab uning fikri elektr va magnitlanish bilan band boʻldi. U oʻzining mashhur eksperimental tadqiqotlarini boshladi va oʻz kundaligiga “Magnetizmni elektrga aylantirish” deb yozib qoʻydi. Bu masalani hal qilish uchun mashhur olimga deyarli 10 yil kerak boʻldi.
Faradey 1821-yilning yozida hamkasblari taʼtilga chiqqanida, magnitni tokoʻtkazgich va magnit atrofida tok oʻtkazgichni aylantirish borasida tajriba oʻtkazishga muvaffaq boʻldi. Shu bilan elektr dvigatelining laboratoriya modeli yaratildi. U 1825-yilda Gemfri Devi oʻrniga Qirollik instituti laboratoriyasi direktori etib tayinlandi. Bir yil oldin u ingliz ilmiy elitasiga kiritilib, London qirollik jamiyati, 1830-yilda esa Peterburg Fanlar akademiyasining aʼzosi etib tayinlandi. Faradey 1827-yilda Qirollik instituti professor kafedrasi rahbarligini olib, 1833–1860-yillarda esa kimyo kafedrasi professori boʻldi. Uning ilmiy faoliyati doimo tadqiqot bilan bogʻliq edi.
Maykl barcha tajriba, shu jumladan, muvaffaqiyatsizligini ham erinmay maxsus kundalikka yozib bordi, uning oxirgi paragrafi 16041 raqami bilan tugagan edi. Faradey matematik emas edi, uning kundaliklarida bitta ham formula yoʻq. Chunki u matematik apparatni emas, balki hodisaning jismoniy mohiyati, hodisa mexanizmini qadrlar edi. Tajribalar davomida Maykl Faradey oʻzini hech ham ayamadi. U sinovlarda toʻkilgan simob, suyultirilgan gaz bilan ishlashda qurilmalarning portlashiga eʼtibor bermasdi. Bularning barchasi uning umrini qisqartirdi. Shunday tajribalarning birida portlash sodir boʻlib, koʻzi shikastlanganini oʻz maktubida yozib qoldirgan. Uning koʻzidan naq 30 ta shisha boʻlagi olib tashlangan.
1831-yil 17-oktabrda Faradeyning 10 yillik mashaqqatli mehnati munosib taqdirlandi. Elektromagnit induksiya hodisasi kashf qilindi. Induksiyani tushuntirish uchun u keyinchalik fizika uchun nihoyatda muhim boʻlgan maydon tushunchasini kiritdi va kuch chiziqlari yordamida uning vizual tasvirini berdi. Maykl Faradey 1831-yil noyabr oyidan boshlab, oʻz kundaligini 3 000 dan ortiq paragraf va 30 turkumdan iborat “Elektr energiyasi boʻyicha tajriba tadqiqotlari” nomli keng qamrovli asari shaklida nashr eta boshladi. Bu turkumda olimning 24 yillik faoliyati, hayoti, fikr va qarashlari oʻz aksini topgan. Bu asar Faradey ilmiy faoliyatining ajoyib yodgorligidir. Oxirgi 30-turkum 1855-yilda nashr etildi.
1833-yilda u elektrokimyo boʻyicha bir qator tadqiqot olib bordi va Faradey qonunlari deb ataluvchi elektroliz qonunlarini oʻrnatdi. U fizikaga katod, anod, ion, elektroliz, elektrod, elektrolitlar kabi tushunchalarni kiritdi. Maykl 1835-yildan boshlab esa elektrostatika muammolari bilan shugʻullana boshladi. Olim 1837-yilda dielektriklarning elektr oʻzaro taʼsiri, yaʼni dielektriklarning qutblanish taʼsirini aniqladi va foydalanishga dielektrik oʻtkazuvchanlik tushunchasini kiritdi. 1840-yilda simob bugʻi bilan zaharlanish tufayli Faradeyning sogʻligʻi keskin yomonlashdi va u 4 yilga ishni toʻxtatishga majbur boʻldi. U 1845-yilda ilmiy faoliyatga qaytgach, diamagnetizm hodisasini va magnit maydonga joylashtirilgan moddada yorugʻlik qutblanish tekisligining aylanish fenomenini kashf etdi. Bu kashfiyot uni yorugʻlikning elektromagnit tabiati haqida oʻylashga undadi. Faradey 1847-yilda esa paramagnitizm hodisasini kashf qildi.
Tashqi tomondan Faradeyning hayoti bir xil koʻrinsa-da, ijodiy tomondan juda hayratlanarli edi. Hammasi boʻlib 1816-yildan 1860-yilgacha u 220 ta asar nashr etdi. 60 dan ortiq ilmiy jamiyat va akademiyalar uni oʻz aʼzosi etib tayinladi. Maykl Faradey mehribon, kamtar, odobli, halolligi bilan ajralib turardi. Faradey oʻrta boʻyli, jonli, quvnoq, harakatlari tez va ishonchli inson edi. Tajriba sanʼatida epchilligiga aql bovar qilmasdi. Aniq, puxta, burchga sadoqati hamma narsadan ustun turardi. U oʻz laboratoriyasida, asboblari ichida yashardi. Ertalab labaratoriyasiga borib, oʻz ishxonasida kun oʻtkazadigan savdogar kabi kechqurun qaytib kelardi. U butun hayotini yangidan yangi tajribalar oʻtkazishga bagʻishladi, aksariyat hollarda tabiat sirini ochishdan koʻra uni gapirishga majburlash osonroq ekanligini tushundi.
Faradey shaxsiyatidagi axloqiylik haqiqatan ham kam uchraydigan hodisadir. Uning jonliligi, xushchaqchaqligi irlandiyalik, tafakkur qiluvchi aqli, mantiqiy kuchi Shotlandiya faylasuflari, qaysarligi oʻz maqsadi sari oʻjarlik bilan intiluvchi inglizni eslatardi… Qattiq mehnat Faradeyning aqliy kuchini sindirdi. U oʻzini fanga bagʻishlab, boshqa barcha faoliyatidan voz kechishga majbur boʻldi. Borgan sari u xotirasining zaiflashuvidan shikoyat qila boshladi, hatto u yoki bu soʻzni qanday harf bilan tasvirlashni unuta boshladi. Koʻp yillar davomida u shu holatda oʻz faoliyat doirasini toraytirib bordi. Tengi yoʻq maʼruzachi 70 yoshida institutni tark etdi.
Faradey 1860-yilda kasallik tufayli ilmiy faoliyatdan ketdi va umrining qolgan qismini Hempton-kort (London) mulkida oʻtkazdi. Maykl Faradey 1867-yil 25-avgustda 75 yoshida vafot etdi. Uning kuli Londondagi Xaygeyt qabristonida saqlanadi. Uning hayoti chuqur ichki mazmunga toʻla edi, Faradey nomi elektr quvvati birligining belgisi va asosiy jismoniy konstantalardan biriga aylandi. Uning ilmiy ishlari abadiydir.
Muqova suratlar: vk.com / ethnomir.ru



















