3
Ulashish
858 marta koʻrilgan
1984-yil
Mark Sukerberg
Mark Elliot Sukerberg (1984-yil 14-may, Nyu York shtati Uayt Pleyns shahrida tugʻilgan) — amerikalik yirik mediamagnat, internet-tadbirkor va filantrop inson. U Meta kompaniyasi (avval Facebook. Inc) asoschilaridan biri boʻlib, hozirda kompaniya raisi, asosiy ijrochi direktor va boshqaruvchi aksioneri sanaladi. Mark, shuningdek, Breakthrough Starshot quyosh yelkanlaridagi kosmik kema ishlab chiqish loyihasining asoschilaridan biri va loyiha direktorlar kengashining aʼzosi hisoblanadi.
Sukerberg 2004-yili Garvardda oʻqiyotgan paytida yotoqxonadagi doʻstlari bilan Facebook ijtimoiy tarmogʻini yoʻlga qoʻyadi. 2012-yil may oyida Sukerberg kompaniyani boshqaruv ulushi bilan aksiya birjasida roʻyxatga oldi. 2007-yil 23 yoshida u dunyodagi eng yosh milliarderga aylandi. 2021-yil oktabrda 122 mlrd AQSh dollari miqdoridagi mulki bilan dunyoning eng boy odamlari roʻyxatida 5-oʻrinda turgandi.
Mark 1984-yil 14-mayda Nyu York shahridan bir necha kilometr shimolda joylashgan Uayt-Pleyns shahrida tugʻilgan. Otasi — Edvard Sukerberg, stomatolog. Onasi — Karen Sukerberg, psixiatr. Uning katta bobo-buvilari Germaniya, Avstriya va Polshadan boʻlgan. U oiladagi ikkinchi va yagona oʻgʻil farzand edi, opa-singillari: Rendi (toʻngʻich), Donna va Ariel. Sukerberg daltonik boʻlgani sababli Facebookʼning asosiy rangi — koʻk rangiga nisbatan qizil va yashil ranglarni yaxshi farqlay olmaydi. Maktab yillarida Mark kompyuter dasturlash bilan shugʻullangan va “Risk” oʻyinining tarmoq variantini ishlab chiqqan.
Mark Sukerberg oliy taʼlimni yakunlamaydi. U 2002-yilda Garvard universitetiga qabul qilinib, 2004-yilgacha u yerning psixologiya fakultetida oʻqiydi. Taʼlim davomida parallel ravishda IT kursiga qatnaydi. Qiziqishi doirasini C, C++, Java, Visual Basic, VBscript, Javascript, PHP va ASP kabi dasturlar egallagandi. Sukerberg bir necha marta oʻzini xaker deb atagan. U hali kollejda tahsil olayotgan paytidayoq Synapse dasturini yozganidan keyin Microsoft xodimlari eʼtiboriga tushgandi. Bu dastur kompyuterga foydalanuvchi uchun musiqiy xitlarni mustaqil tarzda, ketma-ketlikda joylashtirib chiqish imkonini berardi.
Boʻlajak milliarder Kris Xyuz va Dastin Moskovits bilan Facebook ijtimoiy tarmogʻini yarata boshlaydi. Kelib chiqishi braziliyalik boʻlgan talaba — Eduardo Saverin ularga moddiy yordam beradi. Saverinni kompaniya boshqaruvidan chetlatish masalasi 2005-yilda sudga oshirilgandi. Mark 2009-yil yanvarda Palo-Altoda Yuriy Milner bilan tanishib qoladi. 2009-yil 26-mayda DST 200 mln dollar evaziga Facebookʼning 1.96 foiz aksiyasini sotib olgani toʻgʻrisida shartnoma imzolanadi.
2010-yilda Time jurnali Sukerbergni yil odami deb eʼlon qiladi. 2010-yil 8-dekabrda Mark Sukerberg milliarderlar Uorren Baffet va Bill Geytsning “Tuhfa qasamyodi” — filantropik tashviqotiga qoʻshilganini eʼlon qiladi. 2012-yil 30-sentabrdan 2-oktabrgacha boʻlgan muddat davomida Mark Sukerberg Rossiya bosh vaziri — Dmitry Anatolyevich Medvedev bilan koʻrishadi, “Perviy” telekanalining 2 ta koʻrsatuvida qatnashadi va Moskva davlat universiteti talabalari bilan uchrashuv uyushtiradi.
2016-yil yozda Rim papasi Fransisk bilan uchrashadi. 2018-yil aprel oyida esa AQSh kongressida Cambridge Analytica bilan bogʻliq mojaro yuzasidan koʻrsatma beradi. 2022-yil 21-aprelda kontr-sanksiya paketi doirasida, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirligi qaroriga koʻra Mark Sukerbergning mamlakat hududiga kirishi taqiqlanadi. Facebook, Inc. kompaniyasining 24 foiz aksiyasi sohibi sifatida Mark Sukerberg tarixdagi eng yosh milliarderga aylanadi. 2010-yil mart oytida Forbes jurnali uni 4 mlrd $ miqdoridagi boylik bilan jurnalning eng yosh milliarderlar roʻyxatiga kiritadi. Forbes tomonidan 2010-yil sentabrida eʼlon qilingan eng boy amerikaliklar roʻyxatida 7 mlrd dollar miqdordagi mablagʻi bilan Sukerberg 29-oʻrinni egallagan edi. Milliarderning rasmiy maoshi bor-yoʻgʻi 1 dollarni tashkil qiladi.
2010-yil boshida uning moliyaviy ahvoli 6.9 mlrd dollarga baholanadi. Yil davomida bu koʻrsatkich 245 foizga oshadi. Forbes jurnali 2011-yilda eʼlon qilgan AQShning eng boy odamlari roʻyxatida Sukerberg 17.5 mlrd dollar bilan 14-oʻrinni egallaydi. 2013-yil 10-martida Sukerberg Forbesʼning eng yosh milliarderlar Top 10 taligidan 13.3 mlrd dollar bilan 2-oʻrinda qayd etiladi. 2013-yil 16-sentabrida Sukerberg 19 mlrd dollar shaxsiy daromad bilan Forbes jurnali roʻyxatida 20-oʻrinni egalladi. Xuddi shu natijani 2011-yilda Facebook aksiyalari 2012-yil may oyida sotuvga chiqarilishidan avval ham koʻrsatgandi. 2014-yilda Sukerberg 100 mln dollarga Kauai oroli shimoliy qirgʻogʻidan yer sotib olib, 280 gektar maydonga oilaviy mulk qurishni rejalashtiradi. Keyinroq unga yaqin 2 ta yer maydonini umumiy 30 mln dollarga xarid qiladi.
2014-yil dekabrida Forbesʼning Top 15 roʻyxatida 33.6 mlrd dollar bilan 14-oʻrindan joy oladi. 2018-yil yanvarida esa u Forbes roʻyxati boʻyicha 70 mlr dollar mulk bilan eng yosh multimilliarder sifatida 5-oʻrinni egallaydi. 2020-yil dekabrida u Forbes maʼlumotiga koʻra 101.7 mlrd AQSh dollari miqdoridagi mulki orqali sayyoraning eng boy odamlari roʻyxatida 3-oʻringa koʻtarilib oladi. Bloomberg agentligining xabar berishicha, Mark Sukerberg mulki Britaniya analitik kompaniyasi — Cambridge Analytica bilan bogʻliq janjal tufayli ikki kun ichida (19–20-mart, 2018-yil) 8.1 mlrd dollarga kamaygan. 2020-yil dekabrida 104 mlrd dollar bilan Bloomberg milliarderlar roʻyxatida 5-oʻrinni band etadi. 2010-yildan beri Forbesʼning dunyoning taʼsir doirasi eng kuchli odamlari roʻyxatida turadi. 2018-yilda 10-oʻringacha turgan bu reytingda 13-oʻringa tushib qoladi. 2022-yil 31-yanvarda Mark Sukerberg shaxsiy Diem Group (Diem) kriptoloyihasining barcha aktivlarini Silvergate bankiga sotadi.
Muqova surati: wikipedia.org