Orqaga

1205 marta koʻrilgan

1718–1799

Mariya Anyezi

Mariya Gaetana Anyezining tarjimayi holi haqida gap ketganda, hashamat va nasl-nasab bilan bogʻliq jumlalardan yiroq, oddiy shahar ayoli timsoli namoyon boʻladi. U Milan (Italiya) da tugʻilib oʻsdi va butun umr oʻsha shaharning oʻzida yashab oʻtdi. Mariya Gaetana tinch, lekin juda kamtarona hayot kechirgan. Lekin bu ayolning oʻtkir zehni va ajoyib matematik qobiliyati tufayli dunyoga kelgan asarlari olima haqida asrlar osha bizgacha hikoya qilib kelmoqda.

Mariya hayotlik chogʻida amalga oshirgan ilmiy ishlari uning vafotidan bir necha yillar oʻtgachgina munosib eʼtirof etilgan. Astronomiyaga qiziquvchilar Yerga qoʻshni sayyora — Zuhra (Venera) sirti xaritasida Mariya Anyezi nomli krater borligini yaxshi biladi. Bizdan avval oʻtgan olim va olimalarning shaxsi hamda ilmiy faoliyatini sharaflash uchun ularning nomini shu kabi astronomik obyektlarga biriktirish hozirda yaxshi ilmiy anʼanaga aylangan.

Mariya Anyezining otasi — Petro Anyezi ipak tijorati bilan shugʻullanuvchi savdogar boʻlgan. Uning 21 nafar farzandi boʻlgani haqidagi fakt keltirilsa, bu gap farzand koʻrishni istamaydigan yoki 1 nafar bolaga arang koʻnadigan hozirgi Yevropa oilalari uchun ertakdek tuyuladi. Mariyaning 20 nafar uka va singillaridan faqat bir nechtasi voyaga yetib, yashab ketgan. Jamiyatdagi tibbiy va sanitar holat unchalik ham qoniqarli boʻlmagan oʻsha zamon uchun bu narsa oddiy hol sanalar edi.

Qahramonimiz oilada toʻngʻich farzand boʻlgan. Uka va singillari bilan oʻynash, ularga enagalik qilish, boʻlajak olimaning yoshlik yillaridagi asosiy vazifasi edi. Milandagi Anyezilar yashagan va Bax oilasi istiqomat qilgan mahalla juda yaqin boʻlib, ushbu 2 oila oʻzaro juda oʻxshash edi. Ularning har ikkalasi ham serfarzand oila boʻlib, har ikkala oilada musiqaga boʻlgan muhabbat kuchli edi. Olimaning singillaridan biri — Tereza Anyezi keyinchalik Yevropada mashhur bastakor boʻlib yetishgan. Uning ijod mahsuli sifatida 7 ta opera va koʻplab musiqiy pyesalari qayd etiladi. Tereza Anyezining portreti hozirda Milandagi La-Skala operasi shon-sharaf yoʻlagida osigʻliq turibdi va bu shunchaki emas. Tereza Anyezi musiqalarini oʻz vaqtida Motsart, Salyeri va Gaydnlar ham oʻta yuqori baholagan.

Mariyaning odatiy kun tartibi uka-singillari bilan shugʻullanishdan iborat boʻlgan. Otasining savdosi yurishib, oilada moddiy toʻqchilik boʻlgan yillarda ularning xonadoniga shaharning yirik savdogar, amaldor va ziyolilari tez-tez kelib turgan. Petro Anyezi mehmonlar oldida oʻzining katta qizi — Mariyaning zehnini namoyish qilish bilan maqtanishni yaxshi koʻrgan. Haqiqatan ham, Mariya bolaligidanoq maqtasa arzigulik juda aqlli, xotirasi oʻtkir qiz boʻlgan. U 5 yoshida ona tilidan tashqari, fransuz tilida ham erkin gaplasha olgan. Jumladan, lotin, yunon, yahudiy tillarini ham aʼlo darajada oʻzlashtirgan.

Tarixchilar Mariya Anyezi hammasi boʻlib 7 ta tilda bemalol gaplasha olganini qayd etgan. Anyezilar xonadonida mehmon boʻlgan kishilar, ayniqsa, shaharning ilgʻor fikrli, ziyoli qatlami vakillari yosh qizchaning aqliy salohiyatidan hayratini yashira olmay qolganini koʻp bora yodga olgan. Darhaqiqat, Mariya Anyezi bolalik va yoshlik yillaridayoq, istalgan odam bilan xohlagan ilmiy mavzuda erkin va ravon bahs-munozara yurita oladigan, fikrini ochiq bayon qilishdan choʻchimaydigan, fikrlash doirasi juda keng qiz boʻlgan.

U 9 yoshida lotin tilidagi matnlarni italyan va fransuz tillariga katta mahorat bilan tarjima qila olgan. Shuningdek, u ayollarning taʼlim olishi masalalari haqida ham yirik ilmiy davralarda nutq soʻzlashni boshlagan (nutq matnini unga ustozlari tuzib bergan). Albatta, shunday aqlli qizi bilan otaning faxrlanmasligi mumkin emas edi. Shu sababli ham Petro Anyezi uni oʻzining bisotidagi eng nodir javohiri sifatida doim qadrlagan. Taʼkidlaganimizdek, u oʻz qizining salohiyatini eng katta oilaviy boylik sifatida shaharning nufuzli davralarida koʻz-koʻz qilib maqtanib yurgan.

Aytish joizki, XVIII asrda Italiyada bu kabi holat koʻz koʻrib, quloq eshitmagan voqelik sanalar edi. Vatanida Uygʻonish davri boʻlayotgan bir paytda ayollarning jamiyatdagi oʻrni juda past boʻlib, nafaqat ilm-fan, balki savdo, siyosat, sanʼat kabi sohalarda ham ayollar hech qanday huquqqa ega boʻlmagan, 2-darajali shaxslar sanalgan. Italyan jamiyatida oʻrnashib qolgan eski aqida va tushunchaga koʻra, ayol kishining bu hayotdagi yagona vazifasi — avlodlarni dunyoga keltirish va uy-roʻzg‘or ishlari bilan shugʻullanish deb qaralgan.

Lekin aynan XVIII asrning dastlabki choragidan boshlab, Italiyada ayollarning turli sohalarda oʻzini namoyon qilishi borasida ijobiy “qadam” koʻzga tashlana boshladi. Jamiyatda iqtidorli va ilmli ayollarga nisbatan hurmat va eʼtibor oʻsdi. Boshqa ilmiy taraqqiyotda nisbatan orqada boʻlgan mamlakatlarda esa ayollarning hatto xat-savod chiqarib, oʻqish va sanashni bilishi ham katta yutuq boʻlgan. Hatto monastir bilan aloqador boʻlmagan, yaʼni dunyoviy hayot kechiruvchi ayollarning oʻqish va yozishni bilishi gunoh deb hisoblangan hududlar ham boʻlgan. Chunki cherkov xat-savodi bor, dindor boʻlmagan ayol jamiyatga xavf keltiradi, degan mutaassib aqidaga yopishib olgan edi.

Mariya Gaetana uyatchan, kamsuqum va odamovi qiz boʻlgan. Shu sababli uning shahar kiborlari davrasida diqqat markazda boʻlishi koʻpincha oʻziga yoqmas edi. U shunday davralarda qilgan chiqishi va ularda oʻtkazilgan muhokamalar haqida umumlashtirilgan xulosa sifatida 1738-yilda “Falsafiy qarashlar” nomli asar chop ettirgan. Unda muallif 171 ta tezisdan iborat oʻz falsafiy qarashlarini bayon qilgan. U xudojoʻy ota-ona qoʻlida tarbiya topgani bois, falsafiy qarashlarida ham diniy masalalarga asosiy urgʻu qaratdi.

Shunisi qiziqki, “Falsafiy qarashlar” shunchaki muallifning diniy-falsafiy fikrlari majmuidan iborat boʻlib qolmay, balki unda qator tabiat hodisasi va fizik jarayonlar ham batafsil koʻrib chiqiladi. Xususan, uning sahifalarida dengizda suv koʻtarilishi, yorugʻlik hodisasi hamda muayyan turdagi geometrik shakllarning xossalari haqidagi ajoyib ilmiy fikrlarni uchratishimiz mumkin. Mariya Anyezi ushbu asarida Nyutonning koʻplab gʻoyalariga ham munosabat bildirib oʻtadi va ularni qoʻllab-quvvatlaydi.

Mariya 20 yoshga toʻlgan yili onasi qazo qildi. Petro Anyezi oʻsha yildayoq boshqa ayolga uylandi. Olimaning otasi hayoti davomida 3 marta uylangan. Shuning uchun uning farzandlari shunchalik koʻp boʻlgan. Uning 2-marta uylanishidan voyaga yetib qolgan katta qizi Mariya qattiq xafa boʻldi va otasi bilan biroz vaqt kelisha olmay qoldi. Balki u marhuma onasining xotirasini hurmat qilishni talab qilgandir. Nima boʻlganda ham, u baribir xonadonga oʻgay ona qadam bosishiga qarshilik qila olmadi. Lekin u otasi bilan jiddiy gaplashib oldi. Mariya endilikda uka va singillariga shaxsan oʻzi gʻamxo‘rlik qiladigan boʻldi. U otasining shahar kiborlari uchun uyushtiradigan mehmondorchilikda qatnasha olmasligini maʼlum qildi. Otasi qizini monastir xizmatiga kirishini istagan edi. Lekin Mariya Anyezi monastirga kirishdan ham bosh tortdi. Xayriyat, u ilm-fan, ayniqsa, matematika bilan shugʻullanishdan voz kechib yubormagan.

Mariyaning iqtidori uning tengdoshlari orasida ham mashhur boʻlgan. Boʻlajak olimaning yaqin doʻstlari orasida Yakopo Franchesko Rikatti (1676–1754-yillar) alohida oʻrin tutgan. Yetuk matematik mutaxassis boʻlgan ushbu shaxs, differensial (erkin oʻzgaruvchan miqdorning cheksiz kichik ixtiyoriy orttirmasi) tenglamalar sohasida kuchli bilim egasi sanalgan. U oʻz izlanish va natijalari borasida Mariya Anyezi bilan muttasil yozishmalar olib borgan. Mariya “Italyan yoshlari uchun analiz asoslari” (albatta, bu oʻrinda matematik analiz nazarda tutilgan) nomli kitobini yozayotgan vaqtida Rikatti unga differensial tenglamalarga oid koʻplab qoʻlyozmalarini begʻaraz taqdim qilganini taʼkidlab oʻtish joiz.

Mariya Anyezining matematika faniga qoʻshgan hissasi haqida quyiroqda hikoya qilamiz. Hozircha uning hayot yoʻli haqidagi hikoyamizni davom ettiramiz. Uning qalamiga mansub yagona ilmiy asar aynan “Italyan yoshlari uchun analiz asoslari” boʻlgan. Garchi ushbu asar muallifning yagona ilmiy merosi boʻlsa-da, lekin u hajman juda katta va mazmunan anchayin keng asardir. Bu asar kamtargina Mariya Gaetanaga kutilmagan shon-shuhrat keltirdi. Kitob tugal holatga kelib, nashrdan chiqqach, uning muallifi butun Italiya va qoʻshni mamlakatlarda yetuk matematik olima sifatida katta shuhrat qozondi.

Mariya Gaetana Anyezi haqida Yevropaning eng nufuzli ilmiy doiralari, hatto rasmiy saroylarda ham gapira boshlashdi. Asar Milan gersoginyasi, Avstriya ersgersogi, Vengriya, Xorvatiya, Bogemiya oʻlkalari qirolichasi, xullas, butun boshli Muqaddas Rim Imperiyasi ayol imperatori — Mariya Tereziya Valburga Amaliya Kristinaga bagʻishlab chop etilgan boʻlib, kitobning ilk nusxalaridan biri uning eʼtiboriga havola etilgan. Amaliya Kristinaning oʻzi ham ziyoli hamda ilm-fanni doimiy qoʻllab-quvvatlovchi davlat rahbari boʻlib, Mariya Anyezining kitobidan va uning iqtidoridan cheksiz hayratlangan ekan. U Mariya Gaetana Anyezini saroyga taklif etdi va uning ilm-fan oldidagi xizmatlari e’tirofi sifatida olimaga qopqogʻi qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan billur quticha hamda olmos koʻzli tilla uzuk tuhfa qildi. Koʻp oʻtmay, olimaning dovrugʻi Rim papasi — Benedikt XIV ning ham qulogʻiga yetib bordi. Italyan qizining yuksak aqliy salohiyati haqida xabar topgan Vatikan bosh rahnamosi, ayol kishining shunday katta ilmiy yutuqqa erishganidan faxrlanib ketganini yashirmagan.

Benedikt XIV ning qaroriga koʻra, 1750-yilda Mariya Gaetana Anyezi Bolonya universitetining professori maqomiga erishgan (bu yillarda Bolonya papa viloyati tarkibida boʻlgan). Benedikt XIV olimaning asari bilan shaxsan tanishish istagini bildirganida, unga “Italyan yoshlari uchun analiz asoslari” ning nusxalaridan biri keltirib berildi. Papa undan behad qattiq taʼsirlanganini maʼlum qilgan ekan (balki u kitob mohiyatini tushunmagan ham boʻlsa kerak). Shunday nufuzli universitetning professori maqomigacha koʻtarilgan olima baribir oʻz tabiatiga xos kamtarlik bilan yashashda davom etar edi. Uni bir necha bora mazkur universitetda matematikadan dars berishga taklif qilishgan. Lekin Mariya har safar bunday taklifni rad etgan. Buning sababi esa juda oddiy: Mariya Anyezi hali ham kamsuqum, odamovi shaxs boʻlib, koʻpchilik oldida, katta auditoriyalarda maʼruza oʻqishdan tiyilishni maʼqul koʻrgan. Hatto Mariya Bolonya Fanlar Akademiyasiga aʼzolikka saylanganida ham, uni oʻqituvchilik faoliyatiga koʻndirishning iloji boʻlmagan.

Agnesining Boloniya universiteti diplomi / wikipedia.org

Olimaga kunlari xotirjamlik bilan oʻtuvchi, ilmning oʻzi istagan boʻlimi bilan istagancha band boʻlish imkonini beradigan, shunchaki tinchgina hayot kerak edi. Mariyaning otasi Petro Anyezi 1752-yilda vafot etdi. Bu voqeadan soʻng olima yana battar odamovi va taʼbir joiz boʻlsa, “yovvoyi” boʻlib qoldi. Otasining vafoti unga qattiq ruhiy zarba boʻlgan. Nima bo‘lganda ham shu yildan e’tiboran Mariya Anyezi o‘zini butunlay ibodatga bag‘ishlab yubordi. U bor-budini sotib, Milandagi “Pio Albero Truvultsio” nomli qashshoqlarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish jamiyatiga topshirib yubordi.

Tez orada oʻzi ham ushbu jamiyat faoliyatida ishtirok eta boshladi va uning turli tadbirlariga boshchilik qildi. U keyingi umrini toʻlaligicha yetim-yesir, beva-bechoralarga yordam koʻrsatish, xayriya ishlari bilan oʻtkazdi. Mariya Anyezi xayriya faoliyatiga boshi bilan shoʻngʻib ketgach, ilmiy izlanishlarini butunlay toʻxtatib qoʻygan. Goʻyo uning endi mashhur matematik olima boʻlgisi kelmay qolgandi .

Kunlarning birida unga turinlik yosh va iqtidorli matematik — Jozef Lui Lagranj (1736–1813-yillar) tomonidan yozilgan variatsion (matematik statistikaning amaliy tarmogʻi, statistik toʻplamda belgilarning taqsimlanishini oʻrganadi) hisoblashga oid kitob haqida taqriz bildirishini soʻrab murojaat qilishdi. Lekin olima endilikda bunday narsalarga eʼtibor qaratmay qoʻyganini taʼkidlab, taqrizdan bosh tortgan ekan.

Mariya Gaetana Anyezi 1799-yili Milanda vafot etgan. U hayotining soʻnggi kunlarini ham kambagʻallarga yordam koʻrsatish bilan oʻtkazgan. Vafoti oldidan esa bor mol-mulkini sotib, tushgan mablagʻni beva-bechoralarga tarqatib bergan. Mariya Anyezining matematikaga oid ilk asari markiz Lopitalning konus kesimlariga oid asariga yozilgan sharhdan iborat boʻlgan. Uning oʻsmirlik yillarida yozgan bu asari hech qachon mashhur boʻlmagan. Chunki uni olima nashrga ham bermagan edi. Shu sababli hozirgi paytda Mariya Anyezi qoldirgan yagona ilmiy meros sifatida “Italyan yoshlari uchun analiz asoslari” kitobi qayd etiladi. Unda asosan differensial va integral hisoblashlar koʻrib chiqilgan. U ushbu asarni italyan tilining Toskaniya lahjasida yozgan boʻlib, asar nashrga tayyor boʻlgan vaqtda olima atigi 20 yoshda boʻlgan. Lekin asar oradan ancha yillar oʻtib, 1748-yildagina chop etilgan. U mazkur kitobni avvalambor oʻzining uka va singillari uchun matematika darsligi sifatida yozganligi maʼlum.

Garchi ushbu kitob olimaning yagona ilmiy merosi sanalsa-da, lekin muallif nomini abadiylashtirishda koʻp jihatdan shu kitobning oʻzi kifoya qilgan. Birinchidan, bu kitobni tarixda matematika fani boʻyicha toʻlaqonli va anchayin mukammal tarzda yozilgan ilk darslik deyish mumkin. Ikkinchidan, kitob matni shundayin sodda va tushunarli tarzda bayon qilinganki, yoritilgan mavzulardagi mantiqiy izchillik, fikrni ifodalash va misollar keltirishdagi benazir uzviylik bu kitobni mutolaa qilgan har qanday odamga matematikadan muayyan bilimni osonlik bilan egallash imkonini bergan.

Mazkur kitobni oʻqish mutolaachiga avvalo huzur bagʻishlashi haqida olimaning ziyoli zamondoshlari koʻp bora taʼkidlagan edi. Bekorga kitob nomida “Italyan yoshlari uchun” degan jumlaga urgʻu berilmagan. Chunki Mariya Anyezi ushbu asarini shunchaki qandaydir ilmiy manbaa boʻlib qolmasdan, mutolaachilarning keng qatlami, ayniqsa, yosh vatandoshlariga tushunarli, oson oʻzlashtiriladigan boʻlishini istagan. Shu sababli boʻlsa kerak, matnni bayon qilishda olima murakkab ilmiy jumla va oʻquvchini chalgʻituvchi atamalardan voz kechib, fikrni avvalo xalqning kundalik turmushida koʻp ishlatiladigan odatiy soʻzlar bilan ifodalashga urinadi. U shartli belgilashlarni ham shunday mahorat bilan tanlab olganki, ayrim olimlarning taʼkidlashicha, “Analiz asoslari” ni oʻqigan zamonaviy kitobxon ham uni bemalol tushunishi mumkin. Uchinchidan, Mariya Gaetana Anyezining “Italyan yoshlari uchun analiz asoslari” asarini alohida ahamiyatga ega qilib qoʻyuvchi bosh omil shuki, u 2 ta qarama-qarshi qutbga ajralib qolgan XVIII asr Yevropa ilm-fani uchun chuqur umumlashtiruvchi taʼsir koʻrsatgan.

Olima yashagan davrda butun Yevropa ilm-fan olami “orolliklar” va “qit’aliklar” deb ataluvchi oʻzaro zid ilmiy lagerlarga ajralib qolgan edi. “Orolliklar” — britaniyalik olim Isaak Nyutonning gʻoya va ilmiy nazariyalarining keskin tarafdorlaridan iborat olimlar boʻlsa, “qitʼaliklar” — Nyuton qarashlariga koʻp jihatdan zid keluvchi Leybnits tarafdorlari edi. Agar taʼbir joiz boʻlsa, ushbu ilmiy qutblarning har ikkala tarafdorlari zamonaviy, ashaddiy futbol fanatlari kabi faqat oʻz jamoasining pozitsiyasini maʼqullaydigan, qarama-qarshi tomonning fikriga (hatto u haq fikr boʻlsa-da) qanday boʻlmasin ters fikr topib javob qaytarishga urinadigan odamlarga aylanib borayotgan edi.

Mariya Anyezi esa shunday sharoitda har 2 tomon oʻrtasida xolis turib, ularning har biridan faqat toʻgʻri fikrni jamlab umumlashtira oldi. Koʻpchilik ziyolilar nazdida, Leybnits va Nyutonning bir-biriga zid tuyulgan aksariyat tushunchasi aslida oʻzaro ekvivalent, yaʼni muvofiq fikr boʻlgan. Masalan, Mariya Anyezi “Analiz asoslari” da qatʼiyat bilan isbotlashga uringanidek, differensiallash va integrallashmoq amallari aslida oʻzaro zid matematik amallar boʻlib, ularni bir-biridan mustaqil qarash toʻgʻri emas.

Mariya Anyezining ushbu kitobi, oʻzidan deyarli 50 yil muqaddam nashr etilgan markiz Lopitalning matematika kitobiga qaraganda oʻquvchilar orasida juda tez ommalashdi va matematikani oʻrganishni istagan har qanday yoshdagi odam uchun birlamchi darslik boʻlib qoldi. Balki uning bunday ulkan muvaffaqiyati sabablaridan biri — kitobni matnga moslab, tegishli chizma, geometrik shakl va boshqa tasviriy vositalar bilan bezalgani. Bu esa bayon qilinayotgan gʻoyani yanada yaqqol tushunarli boʻlishini taʼminlagan.

Kitob bosish texnologiyalari endi rivojlanayotgan bu davrda sahifalarni turli chizma va tasvirlar bilan bezash juda qimmat boʻlgan va faqat boy buyurtmachilarning hamyoniga toʻgʻri keladigan hashamat sanalgan. Kitob nashrini Anyezilar oilasi kattasi, olimaning dadasi — Petro Anyezi oʻz hisobidan taʼminlab bergan. Uning maqsadi kitobning tayyorlanish jarayonini toʻliq nazorat qilish va matnda xatoliklar boʻlmasligini taʼminlash boʻlgan. Kitob keng sahifali boʻlib, sifatli qogʻozga, oʻqish uchun qulay boʻlgan, koʻzni charchatmaydigan shrift bilan yozilgan.

Biz yuqorida “Analiz asoslari” haqida hikoya qila turib, uning katta muvaffaqiyat qozonganini koʻp bora taʼkidladik. Lekin kitobning muvaffaqiyati darhol kelgan emas. Chunki matematik analiz oʻsha yillarda unchalik ham ommalashmagan yoʻnalish boʻlib, qolaversa, bu paytda Yevropada ilmiy yangiliklar bayon qilingan bu kabi asarlarga eʼtibor birmuncha sust boʻlgan. Shuni ham taʼkidlash joizki, Mariya Anyezi bu kitobni tayyorlashda oʻz oldiga qandaydir ilmiy risola yozish yoki biror ilmiy unvon himoyasi uchun foydalanishni maqsad qilmagan. U kitobida yangi ilmiy yo‘nalishlarini bayon qilayotganini e’lon qilib, matematik analizning mohiyati haqida hammani xabardor qilmoqchi ham bo‘lmagan. Balki Mariya shunchaki, avvalo, oʻz uka va singillari uchun hamda ular qatoridagi yosh italyan oʻquvchi va talabalari uchun tushunarli tilda bayon qilingan matematik qoʻllanma tayyorlamoqchi boʻlgan. Lekin vaqt oʻtishi bilan uning “Analiz asoslari” kitobi, avvaliga italyan yoshlari orasida, keyinchalik asta-sekinlik bilan fransuz va ingliz yoshlari oʻrtasida ham katta mashhurlik qozondi.

Uning ingliz tilidagi tarjimasi deyarli oʻsha yillarning oʻzida paydo boʻlgan boʻlsa, fransuzcha talqini anchayin kech dunyo yuzini koʻrgan. Buning sababi fransuz tiliga oʻgirgan tarjimon va noshirlar bu asarni trigonometriya (matematikaning uchburchak tomon va burchaklari oʻrtasidagi bogʻlanishni oʻrganadigan boʻlimi) ga oid qator tushuncha va tasvirlar bilan toʻldirib nashr qilgan.

“Analiz asoslari” ning ingliz tiliga oʻgirilishi tarixi haqida alohida toʻxtalib oʻtish oʻrinlidir. Ushbu tarjimani kembrijlik (Angliya) matematika oʻqituvchisi Jon Kolson bajargan boʻlib, u Mariya Anyezining mehnatini juda yuksak baholagan. Lekin Kolsonning italyan tilidan bilimi unchalik ham yetarli boʻlmagan. “Analiz asoslari” ning 1-jildi yakuniy qismida, fan tarixida ilk bora Gvido Grandi (1671–1742-yillar) oʻrganib chiqib, mufassal bayon qilib bergan geometrik egri chiziq tasvirlangan edi. Grandi ushbu egri chiziqni curva versoria deb nomlagan. Ushbu atamaning toʻgʻridan-toʻgʻri maʼnosi dengizchilik bilan bogʻliq boʻlib, u kemalarda yelkanni aylantirish imkonini beradigan maxsus arqonning nomidir.

Mazkur o‘xshatish esa Kolson tarjimasida katta yanglishlikka sabab bo‘lgan. Kolson tarjima qilishda “la versiera di Agnesi” jumlasini “la avversiera di Agnesi” soʻzlari bilan adashtirib tarjima qilgan. Agar bu soʻzdagi “avversiera” soʻzining italyan tilidagi maʼnosi salbiy boʻlmaganida, ehtimol, hozirda Kolsonning bu xatosi unchalik ham ahamiyat kasb etmagan boʻlar edi. Gap shundaki, “avversiera” soʻzi italyanchadan alvasti, ajina, jodugar degan maʼnolarni anglatadi.

Kolsonning ushbu mashhur xatosi tufayli mazkur geometrik egri chiziq ingliz tilida The witch of Agnesi, yaʼni “Aynezi alvastisi” sifatida paydo boʻlgan va ommalashib ketgan. Bunday beo‘xshov tarjima ingliz tilida soʻzlashuvchi davlatlarning ilmiy doiralarida gʻalati mashhurlik bilan juda tez ommalashdi va endi umumiy isteʼmolga kirib qolgan bu nobop atamani almashtirib boʻlmay qoldi. Shu tarzda, biz bilgan, hayotining soʻnggi yillarini butunlay xayriya ishlari bilan oʻtkazgan, yetimparvar, saxovatpesha olima ilm-fanda “Analiz asoslari” dan tashqari, “alvasti” egri chiziq orqali ham taniqli boʻlib ketdi. Bu borada hatto The witch of Agnesi nomli musiqiy kompozitsiya ham bastalangan.

Mariya Gaetana Agnesining haykali, Milan, Italiya / wikipedia.org

Shunday jiddiy qusurlari bilan boʻlsa-da, har holda Kolsonning tarjimasi bilan ommalashgan “Analiz asoslari” juda muhim ahamiyat kasb etgan. Tarjimonning oʻzi ushbu asarning inglizcha talqini bosmadan chiqishini koʻrolmay oʻtib ketgan. U mazkur tarjimaga qandaydir moddiy manfaat uchun emas, balki avvalo kitobdagi mavzularning bayon qilish uslubiga maftun boʻlgani uchun, Anyezining mahoratiga tan bergan holda, undagi gʻoyalar bilan hamyurtlarini ham tanishtirish maqsadida qoʻl urgan. Biroq Kolson inglizcha tarjimada Anyezining Leybnitsdan keltirgan iqtiboslarini hamda Leybnits ishlariga oid belgilashlarini oʻz hamyurti Nyutonning mos fikri va qaydlari bilan almashtirishga uringan. Uning bunday urinishi esa anchayin omadsiz chiqqan. Umuman olganda, “orolliklar” toifasiga mansub boʻlgan asl ingliz matematigidan yana nimani ham kutish mumkin?!

Tarix esa biroz adolatsizlik qilgandek goʻyo. Zero, Milandagi Ambroziya kutubxonasida olima Mariya Gaetana Anyezining 20 jildlik asarlari taxlanib yotibdi. Ammo hozirda biror matematikdan “Anyezi familiyasi sizga tanishmi?” deb soʻrasangiz, basharti u ijobiy javob bergan taqdirda ham, bu familiya orqali XVIII asrda yashab oʻtgan ajoyib matematik olima, saxovatpesha insonni emas, balki “Anyezi alvastisi” nomi bilan tanilgan geometrik egri chiziqni esga oladi.



Muqova suratlar: britannica.com / egmo2020.nl