Orqaga

1028 marta koʻrilgan

1958-yil

Madonna

“Madonna (haqiqiy ismi — Luiza Veronika Chikkone) estrada olamiga kirib kelishi bilan ekstravagant qiliqlari, sahna namoyishlari, bahsli xulqi va hayot tarzi bilan eʼtiborni tortishga ulgurgan.“ Uning koʻplab muxlislari bilan bir qatorda dushmanlari ham paydo boʻldi.

Albatta, bu narsa Madonnaning xit qoʻshiqlar soni boʻyicha hatto afsonaviy The Beatles jamoasini ortda qoldirib, birinchi oʻrinni egallashida oʻziga xos rol oʻynadi. Madonna dizayner Silvio Chikkone oilasida uchinchi farzand edi. U onasini deyarli tanimasdi: qizaloq besh yoshligida u vafot etgandi. Oiladagi ahvol ham yaxshi emasdi, otasi tez orada boshqa ayol bilan turmush qurgach, Madonna va oʻgay onasi oʻrtasida ochiqchasiga raqobat paydo boʻladi, u tez-tez uydan ketib qola boshlaydi.

Madonna doimo doʻstlari orasida ajralib turishni xohlar va bolaligida erishmagan mehr-muhabbatga tashna edi. 14 yoshida raqs bilan shugʻullana boshlaydi va ustozi Kristofer Flinni sevib qoladi. Lekin bu sevgi javobsiz qoladi, shunga qaramasdan Flinn uni diskotekalarga olib borar, shu tariqa unda nima boʻlsa ham sahnaga chiqish ishtiyoqini uygʻotgandi.

Shu paytdan boshlab Madonna shou-biznesga ilk qadamlarini tashlay boshlaydi. U raqs tushishni oʻrgandi, maktabda ham oʻzlashtirishi aʼlo edi. 1976-yilda maktabni tugatgach, Madonna Michigan universitetiga oʻqishga kiradi, ammo tez orada oʻqishni tashlab, sahnaga chiqishga qaror qiladi. Madonna shuhrat uchun tikanli va shu bilan birgalikda, nihoyatda adolatsiz yoʻlni bosib oʻtishi talab qilinadigan Brodveyga tushib qoladi.

Madonna goh u, goh bu teatr truppasida ishlashga urinib koʻradi, ammo bu unga na pul, na shuhrat olib keladi. Tirikchilik uchun ofitsiant boʻlib ishlay boshlaydi, aynan shu maqsadda behayoroq filmlarda ham suratga tushadi. Madonna turli rok-musiqachilar bilan tanishadi. Del Gilroy unga gitara chalishni oʻrgatadi, Patrik Ernandes esa Madonnani orqa fonda kuylash uchun oʻz ansambliga qoʻshadi.

 

1987-yil Madonna ishtirokidagi “Kim bu qiz” nomli filmi / todayinmadonnahistory.com

Ikkinchi oʻrinda boʻlaverish nihoyat uning joniga teggach, oʻz ansamblini tuzishga qaror qiladi. Tabiatidagi beqarorlik shu yerda ham oʻzini namoyon qiladi. Bir qarasa, u aql bovar qilmas tezlik bilan guruh tarkibini almashtiradi, bir qarasa, guruhga yangi nom oʻylab topadi, oʻzi ham kuy bastalab koʻradi. Nihoyat uning kassetalaridan biri eʼtiborga tushadi va qoʻshiqchi hayotidagi ilk professional shartnomasini “Sayr” firmasi bilan tuzadi. Ilk diskining muvaffaqiyati kamtarona boʻlganiga qaramay, qoʻshiqchi mashhurlikka erishadi va unga takliflar kela boshlaydi. Shu bilan birga, u tungi klubdagi qoʻshiqchi rolini oʻynagan holda birinchi marta ekranga chiqdi.

Madonna oʻz shuhratida prodyuseri Nayl Rodjersdan minnatdor boʻlishi kerakligini qayd etish lozim. 1985-yilda u qoʻshiqchining diskini chiqaradi va diskdagi sakkiz qoʻshiq butun dunyo boʻylab xit-paradlarning yuqori oʻrinlaridan joy oladi. Rodjers tufayli har bir qoʻshiq akkompanementlar, yodda qolarli ohangdor jumlalar bilan takomillashtirilgan edi.

Plastinka chiqqanidan soʻng Madonna AQShga muvaffaqiyatli tur uyushtiradi, darrov shu yilning aprel oyida esa kinoda bosh rolni ijro etadi. Bir necha oydan keyin uning ismi yana gazeta sahifalariga tushadi: avgust oyida u taniqli aktyor Shon Pennga turmushga chiqayotgan edi. Aktyor Madonnaning eʼtiborini, katta ehtimol bilan, unikiga oʻxshash feʼl-atvori tufayli tortganligini aytishadi. Shon Penn munosabatlaridagi murakkabliklarni yashirmasdi. Ular birgalikda Jin Goddardning “Shanxaycha syurpriz” filmida suratga tushadi.

Ana shundan keyin Madonna yanada mashhurlikka erishadi. U tomoshabin va tinglovchilarga bir qator disklar, yakkaxon qoʻshiq va filmlarni taqdim qiladi. Uning tashqi koʻrinishi ustida Amerikaning eng professional goʻzallik ustalari ishlaydi. Oʻnlab menejer, prodyuser, agent va rejissyorlar Madonnaga oddiy qiyofadan yorqin va yodda qolarli shaxsga, Amerika timsoliga aylanishiga yordam beradi.

Madonnaning konserti / wikipeida.org

Butun dunyoda uning minglab muxlislari paydo boʻladi. Madonna oʻz muvaffaqiyatini janjallar asosida qurishga qaror qiladi. Janjallar uni butun umr taʼqib qilib keladi. Bir qarasa, u villasiga uch marta kirib olgan daydi Robert Devi Xoskins ishi boʻyicha koʻrsatma berishdan bosh tortgan, bir qarasa, Argentina prezidentining 33 yoshida vafot etgan boʻlsa-da, hamon xalq tomonidan ardoqlanadigan rafiqasi rolini oʻynab chiqadi.

Bundan tashqari, Madonna oʻzining intim hayoti haqida batafsil hikoya qiladigan tarjimayi holini ham yozgan. Hozirda u musiqiy faoliyatini kinematografiya bilan uygʻunlashtirmoqda. Tanqidchilar undagi buyuk iqtidorni tan olmagan holda rollarini yetarli baholamaydi, lekin u politsiyaga xos jangari filmda ham, lirik melodrammada ham, komediyada ham, trillerda ham birdek muvaffaqiyatli rol oʻynashini qayd etadi. Madonnani hatto Gollivudning janjalli kinolari bilan mashhur rejissyorlaridan biri —Vudi Allen ham rol ijro etishga taklif qilgan.  Hozirgi kunda u ham qoʻshiqchi, ham kinoyulduz sifatida birdek mashhur.