Orqaga

801 marta koʻrilgan

1770–1827

Lyudvig van Betxoven

Lyudvig Van Betxoven 1770-yil 16-dekabrda Germaniyaning Bonn shahrida tugʻilgan. U bu kasbga tasodifan kelib qolmagan, otasi va bobosi professional musiqachi boʻlgan. U ham oʻz-oʻzidan mazkur yoʻnalish izidan ketgan. Uning bolaligi moddiy qiyinchilik, oʻyin-kulgisiz hamda shafqatsiz sharoitda oʻtgan. Shu bilan birga, Lyudvig koʻp vaqtini musiqa mashgʻulotiga bagʻishlagan edi. Unga skripka, fortepiano, organ (musiqa asbobi) da chalishni oʻrgatishgan. U tezda muvaffaqiyatga erishdi, hatto 1784-yilda saroy kapellasida xizmat qilishni boshlaydi.

Betxoven saroyda arxiyepiskop-kurfyurist Keln Frans Maksimilian davrida yuzaga kelgan sharoitdan minnatdor boʻlishi kerak, deb bemalol aytsa boʻladi. Saroy orkestrida taʼlim olish Lyudvigga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Bu yerda u zabardast musiqachilar: Kristian Nefe, Iogann Gaydn, Iogann Albrextsberger, Antonio Salyeri kabilardan saboq oldi. Aynan oʻsha yerda u musiqa bastalashni boshladi va organchi hamda violonchelchi vazifasini egalladi.

1787-yilda Betxoven taqdiri bilan “yuz koʻrishish” uchun Avstriyaga joʻnadi. Avstriya poytaxti Vena buyuk musiqiy anʼanalari bilan mashhur edi. U yerda Betxoven undan taʼlim olishni orzu qilgan Motsart yashardi. Bonnlik yosh musiqachining chalishini eshitgan Motsart: “Bunga qaranglar, hali u hammani oʻzi haqida gapirishga majbur qiladi”, degan edi. Lekin Betxoven onasi betobligi tufayli Venada uzoq vaqt boʻlolmaydi. Toʻgʻri, onasi vafotidan keyin yana Venaga qaytadi, ammo bu safar uni boshqa bastakor Gaydn taklif qilgan edi. Taniqli doʻstlari bastakorga yordam beradi va u tez orada zamonaviy pianinochi va oʻqituvchiga aylanadi.

Avstriya poytaxti Vena shahridagi Lyudvig van Betxoven haykali / wikipedia.org

Betxoven 1792-yildan Venada doimiy yashay boshlaydi. Tez orada u ajoyib pianinochi va improvizator sifatida taniladi. Zamondoshlari uning ijrosidagi chuqur ehtiros, his-tuygʻuga boyligi, gʻaroyib tovush ketma-ketligidan hayratga tushardi. Avstriya poytaxtidagi hayoti yangi bastakor uchun anchayin sermahsul kelgandi. Venadagi ilk 10 yillikda u 2 ta simfoniya, 6 ta kvartet, 17 ta fortepiano sonetlari va boshqa ijod namunalarini yaratgan edi. Lekin hayotining ayni kuchga toʻlgan davrida bastakor ogʻir xastalikka uchraydi.

1796-yildan boshlab uning eshitish qobiliyati pasayib boradi va 1802-yilda butunlay eshitmay qoladi. Avvaliga u chuqur tushkunlikka tushadi, ammo ogʻir ruhiy inqirozni yengib, yana musiqa bastalay boshlaydi. Betxoven qaygʻu, musiqa va hayotga boʻlgan chuqur muhabbatini oʻz asarlarida namoyon qilardi, endilikda ular dramatik tus ola boshlaydi. Uning dunyoqarashi 1789-yildagi Buyuk fransuz revolyutsiyasi taʼsirida shakllanadi.

Shu sabab uning ijodidagi asosiy mavzular: hayot va oʻlim, insonlar orasidagi birodarlik hamda tenglik, ozodlik uchun qahramonlik boʻlib qoladi. Bu mavzular ilk bor uning revolyutsiya voqealari taʼsirida yozilgan “Erkin inson” xor qoʻshigʻida uchraydi. Betxoven ijodi Bax va Gendel cherkov musiqasining dogmatik cheklovi ufurib turgan, mumtoz musiqasidan yangi davr musiqasiga oʻtish davri boʻldi. Shu sababdan zamondoshlari Betxovenning hamma asarlarini ham qabul qilmagandi. Baʼzilarni hissiyot joʻshqinligi, yetkazilayotgan tuygʻu kuchi, falsafiy muammoning chuqurligi choʻchitardi. Boshqalar esa ijro murakkabligini eʼtirof etgan.

Betxoven nafaqat buyuk bastakor, balki ajoyib pianinochi ham edi. Shu tufayli zamondoshlari “cholgʻuli dramalar” deb atagan sonatalari juda taʼsirli edi. Musiqada baʼzan soʻzsiz kuyni koʻrish mumkin edi. Bunday taʼrifga “Appassionata” mos keladi. Betxoven bu asarga melodik sikllar qaytalanishiga asoslangan alohida shaklni kiritadi. Bu orqali asar asosiy gʻoyasi kuchayadi va yetkaziladigan his-tuygʻu dramatizmi ham oshadi. Mashhur “Oy nuri sonatasi” da Betxoven qattiq sevgan grafinya Yuliya Gvichchardi bilan amalga oshmagan nikohi tufayli yuzaga kelgan shaxsiy dramasi bor boʻyi bilan ochilgan edi.

Yuliya Gvichchardi / liveinternet.ru

3-simfoniyada Betxoven boshqacha ifoda vositalarini izlashda davom etadi. Bu yerda u ijodi uchun yangi boʻlgan hayot va oʻlim mavzusini kiritadi. Bayonning dramatik asosi pessimistik kayfiyatning paydo boʻlishini bildirmasdi, aksincha borliqni oʻzgartirishga boʻlgan qatʼiylikka chorlardi. Shu sabab mazkur simfoniya “Qahramonnoma” nomi bilan ham mashhurdir. Unda shakl kengligi, obraz boyligi va shakliy oʻzgaruvchanligi, musiqiy til ifodaviyligi va aniqligi, irodaviy ritm va qahramonona taronaga boyligini kuzatamiz.

Betxoven yaratgan soʻnggi asar 9-simfoniya boʻlib, bu simfoniya xastalikni yenggan inson ruhining kuchi haqida madhiyadek yangraydi. Chunki Betxovenning soʻnggi yillari ogʻir hayotiy yoʻqotish, kasallik, yolgʻizlik bilan qoplanadi. Simfoniya ilk bor 1824-yil 7-mayda ijro qilingan edi. Uning asosiy gʻoyasi millionlar birlashuvi. Fridrix Shillerning “Quvonchga” odasi matni uchun yaratilgan ushbu ajoyib asarning xor qoʻshigʻi finalida shu haqda aytiladi. Tafakkur kuchi, mulohaza kengligi, ifoda mukammalligi boʻyicha 9-simfoniyaga teng keladigani yoʻq edi. Faqatgina XX asrga kelib, rus bastakorlari: Dmitriy Shostakovich va Alfred Shnitke Betxoven ijodiy ruhi darajasiga yetishga muvaffaq boʻladi.

Toʻqqizinchi simfoniya bilan deyarli bir vaqtda “Tantanali messa” yaratiladi, unda Betxoven tinchlik va insoniyat birodarligi gʻoyasini ilgari suradi. Shu bilan birga, u tantanali xizmatni musiqiy kuzatib borish anʼanasidan chetga chiqib, barcha insonlarni birlashtirishni haqiqatan amalga oshirish zaruriyati haqidagi fikrni oʻrtaga tashlaydi. Muhtashamlik, vokal va cholgʻu partiyalarini izchil qayta ishlanishi bu asar yangichaligini taʼminladi. Betxoven faqat bitta opera “Fidelio” (1805) ni yaratgan.

Bu qahramonlik operasida mahobatli sahnalar maishiy, ayrim vaqt komedik oʻrinlar bilan almashinib turadi. Muhabbat tarixi chuqur tuygʻuni yetkazishga asos boʻldi va shu paytning oʻzida davr revolyutsion voqealariga ham javob edi. Betxovenning barcha asarlari markazida taslim boʻlmas optimizm va kurashuvchan xarakterga ega yorqin shaxs namoyon boʻladi. Jumladan, qahramon xarakteri teran lirika, tabiat obrazlari bilan qorishib ketardi.

Betxovenning bir asarda turli janr elementlarini birlashtirish qobiliyati naqafat yangilik boʻldi, balki unga ergashuvchilar musiqasidagi oʻziga xoslikka aylandi. Bastakor ijodi Yevropa musiqasiga katta taʼsir oʻtkazdi. Iogannes Brams, Feliks Mendelson va Richard Vagner Betxovenni oʻziga ustoz deb bilgan.



Muqova surat: thecellist.ru