Orqaga

1185 marta koʻrilgan

1844–1906

Lyudvig Bolsman

Lyudvig Eduard Bolsman (nemischa Ludwig Eduard Boltzmann) — molekulyar-kinetik nazariya (gazning eksperimental kuzatuvini mikroskopik nuqtayi nazardan tushuntirishga qaratilgan nazariya) hamda statik mexanika (jismlarning ularga qoʻyilgan kuch taʼsirida muvozanatda boʻlish shartini oʻrganadigan boʻlim) asoschisi. Uning ilmiy ishi asosan gazning kinetik nazariyasi, kapilyar hodisasi, elastiklik, optika, matematika va, albatta, termodinamika sohalariga bagʻishlangan. Lyudvig Bolsman 1844-yil 20-fevralda Avstro-Vengriya imperiyasi poytaxti Vena shahrida tugʻilgan. Ularning oilasi avvaliga Vels, keyin esa Linz shahriga koʻchib oʻtgan boʻlib, Bolsman boshlangʻich va oʻrta taʼlimni aynan Linz gimnaziyasida olgan.

U 1866-yilda Vena universitetiga oʻqishga kirib, mashhur fizik olimlar — Loshmidt va Stefan qoʻl ostida taʼlim oldi. Aynan shu yili u gazning tashqi potensial maydonida joylashgan ideal gazning impuls boʻyicha ham, koordinata boʻyicha ham bir tekis taqsimlanishi (Bolsman taqsimoti) formulasini keltirib chiqargan edi. U 1867-yildan boshlab, oʻzi oʻqiyotgan universitetda fizik olim Yozef Stefanning assistenti sifatida ishlay boshladi. 2 yillik assistentlik faoliyatidan soʻng uni Grats universitetiga matematik fizika boʻyicha professor lavozimiga ishga taklif qilishdi va Bolsman ushbu oliygohda maʼruzalar oʻqiy boshladi.

Bolsman Gratsda boʻlgan vaqti oʻz nomi bilan ataluvchi, fizik kinetikaga taalluqli boʻlgan, nomuvozanatli jarayonlar uchun mikroskopik nazariyaning asosiy tenglamasini yaratdi. Bundan tashqari, izolyatsiyalangan sistemadagi entropiya (har qanday termodinamik tizimning holat funksiyalaridan biri) ortishi qonuniyatini ifodalovchi va H-teorema deb nomlanuvchi teoremani keltirib chiqardi. Uning oʻsha yildagi ilmiy yutuqlaridan biri sifatida termodinamikaning 2-bosh qonuni, yopiq sistemaning entropiyasi va muayyan makro holatni yuzaga keltiruvchi mikro holat boʻlishi mumkin boʻlgan son miqdori bilan bogʻlagan tarzdagi statistik tavsifini koʻrsatib berganini qayd etish lozim. Ushbu ilmiy muvaffaqiyatlar Yevropa ilmiy jamoatchiligi orasida Bolsmanga katta shuhrat keltirdi. U 1873-yildan Vena universitetiga matematika professori lavozimiga tavsiya etildi va ish boshladi. Biroq koʻp oʻtmay, uni yana Gratsga chaqirishdi. U yangi tashkil qilingan Fizika instituti direktori va amaliy fizika fanlari professori lavozimiga tayinlandi. Bolsmanning yana bir muhim ilmiy ishi nurlanish termodinamikasi bilan bogʻliqdir. U 1884-yilda mutlaq qora jism uchun Maksvell nazariyasida taxmin qilingan hodisa — muvozanatli nurlanish bosimi hamda energiyasi zichligi oʻzaro proporsionalligi qonuniyatini keltirib chiqardi.

Ushbu qonun avvalroq, yaʼni 1879-yilda Bolsmanning hamkasb va ustozi — Stefan tomonidan mulohazalarni umumlashtirish yoʻli bilan keltirib chiqarilgan boʻlib, hozirda har ikkala olim sharafiga Stefan-Bolsman qonuni deb ataladi. Mashhur nazariyotchi fizik boʻlib tanilgan Lyudvig Bolsmanni 1890-yilda Myunxen universiteti nazariy fizika kafedrasi rahbarligiga tayinlashdi. U 1895-yilda Avstriya Fanlar akademiyasi aʼzoligiga qabul qilindi. Aynan shu yili Bolsman Myunxendagi 5 yillik faoliyatidan soʻng yana Vena universiteti nazariy fizika professori lavozimiga (Stefanning oʻrniga) qaytdi. Biroq uning ilmiy va pedagogik faoliyat bilan barqaror shugʻullanishiga jiddiy toʻsiq boʻluvchi ayrim omillar yuzaga keldi. Gap shundaki, oʻsha vaqtda Vena universitetida Bolsman jiddiy yoqlaydigan va oʻz ilmiy ishining asosi sifatida tan olgan taʼlimot — atomlar haqidagi gʻoyani keskin rad etuvchi olimlardan biri Ernst Maks ham ishlar edi. Ular orasidagi ilmiy-gʻoyaviy qarama-qarshilik tufayli Bolsman 1900-yilda Leypsig universitetiga oʻtib ketdi. Lekin u yerda Bolsmanni Ernst Maksning tarafdorlaridan biri boʻlgan gʻayri atomchi olim Vilgelm Ostvald qarshi oldi va toʻxtovsiz gʻoyaviy tortishuvga sabab boʻldi.

1902-yilda Bolsman Venaga qaytdi va endi u Maksning xalaqitlaridan xoli ravishda nazariy fizika kafedrasiga rahbarlik qila boshladi. Bu vaqtda Maks ham faoliyatini tugatgan edi. Universitet rahbariyati Maks egallagan lavozim va kafedrani Bolsmanga topshirdi. Oʻz davri nazariyotchi fiziklari orasida katta obroʻ qozongan Lyudvig Bolsmanni Yevropa va AQShning nufuzli oliygohlariga maʼruza oʻqish uchun taklif etishar edi. Bolsmanning ilmiy nufuzi ortishi bilan koʻplab ilmiy jamiyat va akademiyalarga saylandi. Chunonchi, u 1899-yilda Peterburg Fanlar akademiyasiga xorijiy muxbir-aʼzo sifatida saylangan edi. Bolsmanning amaliy-tajriba fizika sohasidagi ishi ham diqqatga sazovordir. Xususan, u Maksvell elektromagnetizm nazariyasining amaliy tajribadagi tekshiruvi, turli moddalar dielektrik doimiysi va sindirish koʻrsatkichi hamda dielektrik qutblanish hodisasiga doir amaliy-tajriba sinov ishlarini olib borgan.

1906-yilga kelib, olim ogʻir xastalik — astma kasalligining oʻtkir shakliga duchor boʻldi. Bundan tashqari, Bolsman molekulyar-kinetik nazariyasi atrofidagi kuchli bahs-munozara va keskinliklar uning asab tizimi va ruhiy holatiga salbiy taʼsir koʻrsatgan edi. Shu munosabat bilan 1906-yilda olim maʼruza va ilmiy faoliyatini vaqtincha toʻxtatib, davolanish uchun Italiyaning Duino shahriga yoʻl oldi. U kuchli asabiy zoʻriqish va kasallik berayotgan jismoniy azob ichida chuqur ruhiy tushkunlik holatiga tushib qoldi. Natijada ajoyib fizik-nazariyotchi olim Lyudvig Eduard Bolsman 1906-yil 5-sentabrda Duini shahri mehmonxonasida oʻz joniga qasd qildi va vafot etdi. Lyudvig Eduard Bolsman nomi fizikadagi qator tushunchalarda, xususan, Stefan-Bolsman qonuni, Bolsman doimiysi, Bolsman taqsimoti, Bolsman kinetik tenglamasi hamda Bolsman H-teoremasi shaklida oʻz mustahkam oʻrniga ega boʻlgan.

Undan koʻp sonli ilmiy risola va fundamental ishlar meros qolgan boʻlib, olimning eng asosiy ish hamda maʼruzalari Germaniya va Avstriyada “Tanlangan asarlar toʻplami” tarzida bir necha marta nashr qilingan. Lyudvig Bolsman 1906-yili Venada dafn etilgan. Uning sharafiga oʻrnatilgan yodgorlikda, Bolsman doimiysini ifodalovchi S=klogW tenglamasi oʻyib yozilgan va shu tarzda olimning fan oldidagi buyuk xizmatlari eʼtirof etilgan.



Muqova suratlar: eduspb.com / rus.team