3
Ulashish
1176 marta koʻrilgan
1822–1895
Lui Paster
U tugʻilgan paytda otasi allaqachon isteʼfoga chiqqan harbiy boʻlib, kichikroq teri oshlash korxonasini boshqargan. Paster oilasi katta va ahil bo‘lgan. Oila boshligʻi — isteʼfodagi harbiy Jan-Jozef Paster oʻzi savodsiz boʻlgani sababli bolalarini yaxshi taʼlim olishini istagan va ularga imkon qadar barcha sharoitni yaratib bergan. Oilada 3-farzand bo‘lgan Lui a’lo bahoga oʻqishi bilan otasini xursand qilgan.
Lekin bolalik yillarida uni tengdoshlaridan yaqqol ajratib turadigan alohida qobiliyati bo‘lmagan. Lui Paster hamma qatori oʻyinqaroq, rasm chizishni yaxshi koʻradigan va koʻp kitob oʻqiydigan a’lochi oʻquvchi boʻlgan. Talabalik yillarida esa u haqida eng koʻp aytilgan gap Luining juda sinchkov va mehnatkash yigit boʻlganini ta’kidlash edi. Shuningdek, atrofdagilar bu yigitchani salomatligi biroz zaif, unchalik ham baquvvat boʻlmagan tana tuzilishi tufayli koʻp tanqid qilgan ekan. Paster biroz moddiy qiyinchilikda ulg‘aygan. Shunga qaramay, u oʻz bilimi bilan avvaliga Arbua kollejini tamomlagan, keyin esa Bezansonda bakalavr darajasini qoʻlga kiritgan.
1843-yilda oʻrta maktab uchun oʻqituvchi tayyorlaydigan oliy maktabga o‘qishga kirgan. U, ayniqsa, fizika va kimyoni juda yaxshi oʻzlashtirgan va bu fanlarni mukkasidan ketar darajada qiziqib oʻqigan. U ataylab Sorbonna universitetiga borib, oʻz zamonasining mashhur kimyogari — Jan-Batist Andre Dyumaning ma’ruzalarini tinglagan. Jumladan, kimyo laboratoriyasida Paster qattiq berilib ishlagani tufayli ba’zan ovqatlanish va dam olishni ham unutib qoʻygan.
1847-yilda oliy maktabni tamomlab, fizika fanlari dotsenti darajasiga erishgan. Bir yil oʻtib esa doktorlik dissertatsiyasini ham muvaffaqiyat bilan himoya qilgan. Shunday qilib, Lui Paster 26 yoshidayoq fizika boʻyicha fan doktori darajasiga erishgan. Uning bu paytdagi asosiy tadqiqotlari kristallar tuzilishi bilan bogʻliq boʻlib, bu yoʻnalishda u butun Fransiyada katta shuhrat qozonib ulgurgan edi. Xususan, u qutblangan yorugʻlik nurining organik moddalar kristaliga turlicha taʼsir qilishi sabablarini ochib bergani bilan hammani lol qoldirgan edi. Shu tariqa, u zamonaviy stereokimyo — atomlarning molekulalardagi fazoviy joylashuvi haqidagi fanga asos soldi. Tasavvur qilyapsizmi, Paster 26 yoshidayoq butun boshli yangi fan sohasiga asos solmoqda!
Paster 1848-yildan Dijon (Fransiyadagi shahar) da fizika fani adyunkt-professori lavozimida ish boshlagan, oradan atigi 3 oy o‘tib, unga Strasburg universitetida kimyo bo‘yicha adyunkt-professor lavozimi berilgan. Lui Paster ijtimoiy faol fuqaro bo‘lgan. U o‘sha yillarda navbatdagi fransuz inqilobida ishtirok etgan va Milliy gvardiya safida xizmat qilgan. Olim 1849-yilda Mari Lauren degan qizga uylangan. Ular oilasida 4 nafar farzand dunyoga kelgan.
Pasterlar oilasini hamma tanishlari boshqalarga namuna sifatida koʻrsatgan. Ular juda ahil oila boʻlib, er-xotin bir-birini qattiq mehr bilan avaylagani, bolalariga juda yuksak madaniyat bilan tarbiya bera olgani uchun barchaning hurmatiga erishgan. Shuningdek, Pasterlar oilasining doʻstlari, bu er-xotinni ajoyib yumor hissi borligi bilan yodga olgan. Ular nozik hazillar bilan hammaning koʻnglini ovlashga usta boʻlgan.
1854-yilda Lui Paster Lill (Fransiya shimoliy qismidagi shahar) ga yoʻl oldi va bu yerda Tabiiy fanlar fakulteti dekani lavozimini egalladi. Bu yerdagi ilmiy faoliyatida u oʻziga xos sinchkovlik bilan asimmetrik kristallar asosan bijgʻish natijasida hosil boʻladigan moddalarda uchrashini payqab qoldi. Shu orqali u bijgʻish hodisasining mohiyatini chuqur oʻrganishga kirishdi. Bijgʻish jarayonini diqqat bilan oʻrganish orqali u oʻzining buyuk kashfiyotlariga yoʻl ochayotgan edi. Shu tariqa, ma’lumotiga koʻra asli fizik va kimyogar boʻlgan Lui Paster, ilk bora fanning oʻzi uchun yangi sohasi — mikrobiologiyaga qadam qoʻydi.
Bijgʻish hodisasi Pasterni tasodifan qiziqtirib qoʻygan deyish qiyin. Paster hech qachon xonasida oʻtirib ishlaydigan qogʻozboz olim boʻlmagan. U doimo kundalik turmush talab qilayotgan muammo yechimini izlashga qaratilgan saʼy-harakati bilan hammaga oʻrnak boʻlgan. Fransiyaning iqtisodiy hayotida sharob (vino) ishlab chiqarish sanoati katta oʻrin tutar edi. Vino esa uzum sharbatining bijgʻish jarayoni mahsuloti ekani bugun hech kimga sir emas. Lekin Pastergacha boʻlgan paytda bu jarayonning mohiyatini hech kim tushunmas edi.
Lui Paster oʻzining kimyoviy laboratoriyasidagi portreti, 1955-yil / mel.fm
Lui Paster Lill shahridagi ishxonasida oʻzi uchun chogʻroqqina, kamtar jihozlangan laboratoriya tashkil qilib, oʻsha yerda fermentatsiya jarayonining ilmiy asoslarini tekshirish bilan shugʻullangan. U aynan shu yerda oʻzining ajoyib ixtirosini amalga oshirgan. Oʻsha payt bijgʻish jarayonini hamma kimyoviy hodisa deb oʻylar edi. Pasterning laboratoriya tadqiqotlari esa bijgʻish kimyoviy emas, balki biologik hodisa ekanini isbotlab berdi. U sirka kislotasi yoki spirtli fermentatsiyaning tub mohiyatida mikroskopik organizmlar, yaʼni achitqi va zamburugʻlar faoliyati yotishini koʻrsatib berdi.
Oʻsha vaqtning oʻzida Paster yana bir muhim kashfiyotni amalga oshirdi. U kislorodsiz ham yashay oladigan organizmlar mavjudligini aniqladi. Bunday organizmlar uchun kislorod nafaqat kerak emas, balki zararli ham boʻlar ekan. Hozir bunday tirik mavjudotlarni fanda anaerob (erkin kislorod boʻlmaydigan sharoitda yashash va rivojlanish qobiliyatiga ega) organizmlar deyiladi. Bunday organizmlarga moyli-kislotali bijgʻish jarayonini keltirib chiqaruvchi mikroblar mansub boʻlib, shunday mikroblar tufayli vino va pivo achimtir boʻlib qoladi.
1857-yilda Lui Pasterni yana Parijga chaqirib olishadi va uni oliy maktab direktori muovini qilib tayinlashadi. Dastavval unga ishlash uchun alohida laboratoriya ajratib berilmagan. Shu sababli olim maktab binosining chordoq qismida oʻz hisobidan kamtarona jihozlangan ilmiy laboratoriya tashkil qilgan va izlanishlarini qaytadan boshlab yuborgan. Pasterning mikrobiologiyaga oid yirik kashfiyotlari aynan oʻsha kichik laboratoriyada amalga oshirilgan edi. Yuqorida ham aytilganidek, Lui Paster oʻz ilmiy ishida, eng avvalo ishlab chiqarishdagi mavjud muammolarni amaliy hal qilardi.
Xususan, 1864-yilda unga Fransiya vinochilar uyushmasi vinoga tushadigan zararli kasalliklarni bartaraf etish maqsadida masalani ilmiy jihatdan oʻrganib, amaliy yordam berishi uchun murojaat bilan chiqishganida, u muammoning mohiyatini jiddiy oʻrganishga kirishdi. Oʻzining mazkur mavzu yuzasidan qilgan ilmiy tadqiqoti natijasini monografiya shaklida eʼlon qilgan Paster, vino kasalliklarining sababchilari turli mikroorganizmlar ekanini ko‘rsatib bergan. Bunda har bir kasallikning qoʻzgʻatuvchisi alohida, shu kasallikning oʻzigagina xos boʻlgan mikroorganizm boʻlishini olim alohida qayd qilgan.
Bunday zararli mikroorganizmlardan qutulish yoʻllarini Paster vinochilarga topib bergan. U agar vino 50–60 ℃ haroratda qizdirilsa, zararli mikroorganizmlar yoʻq boʻlib ketishini namoyish qilib berdi va shu tariqa, vino sanoati har yili koʻradigan katta iqtisodiy zararning bartaraf etilishiga mislsiz hissa qoʻshdi. Mahsulotni zararli mikroorganizmlardan tozalashning bunday usuli hozirda ham sanoat va ilm-fanda katta muvaffaqiyat bilan qoʻllanilmoqda. Usulning oʻzi esa olim sharafiga pasterizatsiya deb nomlandi.
Jumladan, sut va konserva mahsulotlarini isteʼmolga tayyorlashda, ishlab chiqaruvchilar uni pasterizatsiya qilish orqali turli mikroorganizmlardan zararsizlantiradi. Bu orqali vino kasalliklaridan har yili katta iqtisodiy zarar koʻradigan vino ishlab chiqaruvchilargina emas, balki biologiya fani ham oʻzi uchun ulkan istiqbollarni ochdi. Buning natijasida qishloq xoʻjaligi, tibbiyot hamda oziq-ovqat sanoatidagi koʻplab ogʻriqli masalalar yechimi topildi. Bijgʻish jarayonining tub mohiyatini anglab yetish orqali inson ushbu jarayonni nazorat qilish imkoniga ega boʻldi.
Lui Paster oʻz laboratoriyasida, 1885-yil / slon.fr
Shuningdek, fermentatsiya rivojini nozik oʻlchov chegarasi bilan mohirona boshqarish orqali non pishirish, sharob va sirka tayyorlash hamda boshqa koʻplab amaliy muhim texnologik hodisaning sifat koʻrsatkichi bir necha barobar oshdi. Ushbu kashfiyotdan soʻng Lui Pasterning mamlakatdagi nufuzi keskin oshib ketdi. Uni turli yondosh sohalarda ham muammolarni oʻrganib, yechim topishda yordam berish uchun taklif qila boshlashdi. Shu bilan birga, Fransiya ipakchilari uchun yomon bosh ogʻrigʻi boʻlgan pilla qurti kasalliklari, ipak va shoyi tayyorlash sohasi mutaxassislarini qiynab kelar edi.
XIX asr oʻrtasida Fransiyaning janubiy hududida boshlangan pilla qurti kasalligi epidemiyasi butun ipak sanoatini jar yoqasiga keltirib qoʻygan edi. Ipakchilar Lui Pasterni qiyinchilik bilan boʻlsa-da, masalani oʻrganib chiqishga koʻndirdi. Olim 1865–1869-yillar orasida har yili yoz faslida oʻz qizlari va shogirdlarini olib, mamlakat janubidagi Ade ipakchilik hududiga yoʻl olar va pilla qurtlarini laboratoriyada sinchiklab tadqiq qilar edi.
Paster va uning ilmiy jamoasi 4 yil yoz boʻyi oʻtkazgan ilmiy tekshiruvi besamar ketmadi. Ular pilla qurtini kasallikka duchor qilayotgan epidemiyada ikki xil xastalik ishtirok etayotganini aniqladi. Bu kasalliklardan biri pebrina deb nomlangan va u hasharotning qurt, kapalak va gʻumbak koʻrinishidagi hamma rivojlanish bosqichlarida organizmida mavjud boʻladigan muayyan yot tanachalar bilan bogʻliq boʻlar ekan. Aynan oʻsha tanacha ipak qurtida kasallik qoʻzgʻatishini Paster jamoasi isbotladi.
Maʼlum boʻlishicha, bu tanachalar ona qurt tuxumi orqali oʻtar, yaʼni bu dard avloddan avlodga oʻtuvchi kasallik ekan. Paster ipak qurtining mazkur xastaligini bartaraf etish uchun kapalaklar ichidan hali kasallikka chalinmaganlarini alohida ajratib olish va keyingi avlodni aynan oʻsha kapalaklardan olishga yoʻnaltirilgan seleksion tanlash usulini taklif qildi. Birinchi sinovdayoq Paster taklif qilgan tanlash usuli ipak qurtining ushbu epidemiyasi ustidan gʻalaba qozonish imkonini bergan. Ipak qurtining yoppa kasallanishiga sabab boʻladigan ikkinchi kasallik esa Pasterning aniqlashicha, flyasheriya deb nomlangan boʻlib, olim uni ham yengishning juda oson usulini topib bergan.
Shu tariqa, Lui Paster va uning ilmiy jamoasi saʼy-harakati bilan fransuz ipakchilari pilla qurtining epidemik kasalliklaridan xalos boʻlgan. Tez orada uning tajribalarini Italiya ipakchilari ham oʻzlashtirib, katta muvaffaqiyatga erishgan edi. Lui Paster butun Yevropada katta hurmat qozongan olimga aylandi.
Lekin 1869-yil pilla qurti kasalliklarini oʻrganish jarayonida, afsuski, olimning oʻzi ham apopleksik (bosh miyaga qon quyilishi) xastaligiga uchradi va tanasining yarmi falaj boʻlib qoldi. U juda uzoq davolanishiga toʻgʻri keldi, ammo olim baribir butunlay tuzalmadi. Umrining oxirigacha Paster tanasining maʼlum bir qismi falaj boʻlib qoldi. 1870-yilda Fransiya Germaniya bilan urushga kirishdi. Urush manzarasi esa olimni qattiq qaygʻuga soladi. U urush sababli ancha muddat ishga qayta olmadi va goʻyoki tanasi singari ilmiy faoliyati ham “shol” boʻlib qolgandek edi.
Olimning obroʻsi butun Yevropada katta ekanidan foydalanib, uni turli institut va oliygohlar ishga taklif qilardi. Shunday oliygohlardan biri Germaniyaning Bonn universiteti boʻlib, bu muassasa Lui Pasterga mikrobiologiya sohasidagi buyuk xizmatlari eʼtirofi sifatida tibbiyot fanlari doktori ilmiy darajasini taqdim etgan edi. Biroq Paster juda vatanparvar shaxs ham boʻlgani sababli Fransiya bilan urush holatida boʻlgan Germaniyaga borib ishlashni istamagan va nemislarga qatʼiy rad javobini bergan.
1874-yilda Fransiya parlamenti Lui Pasterning mamlakat oldidagi ulkan xizmatlarini alohida eʼtirof etadi va unga har oy toʻlanadigan 12 000 frank miqdoridagi umrbod nafaqa tayinlaydi. 1883-yilda ushbu nafaqa miqdori 26 000 frankkacha oshirilgan. 1881-yilda esa olimni katta shon-sharaf bilan Fransiya Fanlar Akademiyasiga qabul qilishgan. Lui Paster avvaliga vino va ipak qurtiga oid kasallik va uning qoʻzgʻatuvchisi boʻlgan mikroorganizmlarni tadqiq qilish bilan oʻz ilmiy ishini boshlagan boʻlsa, aynan shu yillarga kelib, yaʼni 1880-yillar boshidan boshlab, u hayvon va odamlarda uchraydigan yuqumli xastaliklarni tadqiq qilish va ularning sababchisi boʻlgan mikroorganizmlarni aniqlash boʻyicha ilmiy faoliyatga kirishgan. U ushbu yuqumli kasalliklarning davosini topish va minglab bemorlar hayotini oʻlimdan qutqarib qolish yoʻlida bel bogʻlagan edi.
Paster odam va hayvonlar orasida uchraydigan yuqumli kasalliklarning aksariyati mikroorganizmlar tomonidan qoʻzgʻatilishini anchadan beri taxmin qilib kelgandi. U endi laboratoriya sharoitida yuqumli xastalik bilan kasallangan jonivorlar, xususan, quyonlarni tadqiq qila boshlagan. Buning uchun u ishni avvalo yuqumli kasallik aynan zararli mikroorganizmlar tufayli odamdan odamga yoki hayvondan hayvonga yuqishini isbotlashdan boshlagan. Bungacha boʻlgan paytda, fanda yuqumli kasallik organizmning ichida, organizmda oʻz-oʻzidan mustaqil paydo boʻladi degan qarash hukm surgan. Paster esa ko‘p sonli amaliy tajribalar orqali kasallik aynan tashuvchilar tomonidan tashqi muhit orqali yuqishini isbotlab bergan.
Shu asnoda u oʻsha zamonning eng taniqli olimlaridan biri Pushe bilan jiddiy ilmiy bahsga kirishgan. Bahsni butun jamiyat diqqat bilan kuzatgan va yakunda Paster haq ekani isbotlangan. U mikroorganizmlar faqat koʻpayish yoʻli bilan tarqalishi va ular koʻpayishining oldi olinsa, organizmga mikroblarning tashqi muhitdan kelib tushish yoʻllari toʻsilsa, kasallik yuqmasligini isbotlab berdi. Steril muhitda mikroblar bo‘lmasligi va agar muhitda mikroblar mavjud bo‘lmasa, u yerda achish, chirish va bijg‘ish hodisalari ro‘y bermasligini ham Paster birinchi bo‘lib ko‘rsatib bergan.
1880-yilda Paster tovuqlarda tarqaladigan vabo kasalini qoʻzgʻatuvchisi boʻlgan mikroorganizmlarni aniqlash va ajratib olishga muvaffaq boʻldi. Bu orqali olim insoniyat tarixidagi eng ulkan va eng foydali ixtirolardan birini amalga oshirdi. U tadqiqotlari mobaynida tekshirish uchun tovuq vabosi sababchisining probirka namunalariga ega boʻlish maqsadida, ushbu mikroorganizm koloniyasini laboratoriyada aynigan eski goʻshtga ekib, undirib, saqlab turar edi.
Bir safar Paster parishonxotirlik qilib, shunday namunalardan birini termostatda bir necha haftaga esidan chiqarib qoldiradi. Keyin uni topib olgach, Paster ushbu uzoq turib qolgan namunadagi vabo qoʻzgʻatuvchisi bilan tovuqlarni kasallantirsa nima boʻlar ekan deb tekshirib koʻradi. Uning hayratiga sabab boʻlgan holda, mazkur qoʻzgʻatuvchidan eng katta dozada ham yuqtirilishiga qaramay, undan zararlangan tovuqlar oʻlmagan.
Bu paytda olimlar allaqachon sigir sogʻuvchilarning suvchechak bilan kasallanmayotgani sababi sigir chechagi sut sogʻuvchilarda odam chechagiga nisbatan immunitet hosil qilishi boisidan ekanini bilib olgan edi. Demak, Lui Paster ham termostatda qolib ketgan va shu sababli kuchsizlanib qolgan tovuq vabosi qo‘zg‘atuvchisi, tovuqlarda ushbu kasallikka nisbatan immunitet hosil qilsa kerak degan taxminni fahmlab qoldi. Sinovlar esa Pasterning taxmini toʻgʻri ekanini koʻrsatdi.
Olim katta muvaffaqiyat bilan navbatdagi ilmiy yutugʻini nishonladi. Yaʼni yuqumli kasallikning qoʻzgʻatuvchisi — mikroorganizmning kuchsizlantirilgan namunasi organizmga kiritilsa, u keyinchalik ushbu organizmning aynan shu kasallikka nisbatan chidamli boʻlib qolishiga olib kelar ekan. Shu tariqa, Paster koʻplab yuqumli kasalliklar oldini olish imkonini beradigan buyuk kashfiyotni amalga oshirdi. Bu usul hozir ham koʻplab infeksion kasalliklarga nisbatan muvaffaqiyat bilan qoʻllanilmoqda va odamzodga asrlar osha dahshat solib kelgan koʻplab yuqumli kasalliklar ustidan gʻalaba qozonish imkonini berdi. U kashf qilgan mazkur metod nechogʻlik samarador ekanini esa 1881-yilda sibir yarasi xastaligi yuzasidan oʻtkazilgan sinov natijalari ham koʻrsatib berdi.
Paster Sibir yarasiga qarshi emlashni amalga oshirish jarayoni / mel.fm
Muvaffaqiyatdan ruhlangan olim 1882-yildan boshlab oʻz shogirdlari bilan qizilcha kasalligini oʻrganishga kirishadi. Buning uchun u avvalo choʻchqa qizilchasini tadqiq qiladi. U choʻchqalarda xastalik uygʻotadigan infeksiya manbaini ajratib olib, uni ham kuchsizlantirilgan namunasini tayyorlash va keyinchalik boshqa choʻchqalarga uni yuqtirish orqali choʻchqa qizilchasini ham bartaraf etish mumkinligini isbotlab berdi. U tayyorlagan shtamm butun Fransiya boʻylab choʻchqalarni emlashda katta muvaffaqiyat bilan qoʻllanilgan.
Shu tariqa, hayvonlarda uchraydigan yuqumli kasalliklar manbasini aniqlab va ularga qarshi davo chorasini topib borar ekan, Paster 1882-yilda oʻz oldiga eng bedavo yuqumli kasalliklardan biri — quturish kasalligining sababchisini aniqlash maqsadini qoʻyadi. Paster izlanish olib borgan yillari quturishning qoʻzgʻatuvchisi aniqlanmagan edi. Hozirda quturish kasalligi virus tufayli kelib chiqishini ilm-fan yaxshi biladi. Uni faqat elektron mikroskop orqali bir necha barobar kattalashtirib qaragandagina koʻrish mumkin.
Lui Paster hayvonlarda quturish qanday kechishini kuzatish uchun quyonlar bilan tajriba qilib koʻrgan. Dastavval quturishdan oʻlgan quyon miyasini quritib, boshqalariga berish orqali ushbu dahshatli kasallikka qarshi emlash usulini oʻylab topgan. Quyonlar bilan olib borilgan sinovlar yaxshi natija bergach, Paster xuddi shu ishni boshqa jonivorlar bilan ham takrorlab koʻradi va shu tariqa xonaki hayvonlar quturishini oldini olish yoʻlini topadi. Pasterning quturishga qarshi amaliyoti hayvonlarda yaxshi natija bergach, hamma undan endi odamlar uchun ham ushbu kasallikning davosini topishiga umid bilan qaray boshlaydi.
Biroq Lui Paster odam ustida tajriba qilib koʻrishga jurʼati yetmay, uzoq vaqt mobaynida bu ishga qoʻl urmay yurgan. Mabodo odam quturish kasalligi yuzasidan qilingan sinov chappasiga ketsa va tajribada qatnashishga rozi boʻlgan odam vafot etadigan boʻlsa, buning uchun u oʻzini butun umr kechira olmasligini aytgan. Bilamizki, quturishga yoʻliqqan odam tuzalmaydi. Bu kasallik asab tizimida tiklab boʻlmas oʻzgarishni keltirib chiqaradi va quturgan odam albatta vafot etadi.
1885-yilning 6-iyul kuni Lui Paster oʻta qiyin tanlov qarshisida qoldi. Uning huzuriga 2 kun avval quturgan it tishlab olgan bolakayni olib kelishdi. Agar Paster davo topmasa, bu begunoh goʻdak oʻlishi aniq edi. Qattiq va iztirobli ikkilanishdan keyin Lui Paster bu bolakayning hayotini saqlab qolish uchun tavakkal qilishga jazm etadi. Unda hali quturish belgilari paydo boʻlmagan boʻlsa-da, uni qopgan it quturganligi aniq boʻlgani sababli unda ham tez orada vasvasa boshlanishi muqarrar edi. Boz ustiga, it uni kuchli jarohatlagan boʻlib, bir necha joyidan tishlagan edi. Paster bolada oʻz usuliga koʻra quturishga qarshi emlashni amalga oshirib koʻrdi. Natijada bolakay quturishga yoʻliqmay, yengil kasallanib, tuzalib ketdi.
Olim quturishni davolagani haqidagi xabar yashin tezligida butun Fransiya boʻylab tarqaldi. Mamlakatning turli burchagidan quturgan hayvonlardan jabr koʻrgan yuzlab odamlar Lui Paster huzuriga davo izlab oqib kela boshladi. Pasterning quturishga qarshi vaksinatsiya usuli tajribasi tezlik bilan boshqa mamlakatlarda ham oʻzlashtiriladi. Xususan, 1886-yildayoq uning tajribasidan Germaniya, Avstriya, Rossiya hamda AQShda foydalana boshlangan.
Paster va o’limdan qutqarilgan bolalar — quturganlarga qarshi emlangan birinchilar qatorida / wikipedia.org
Biroq Pasterning quturishni oldini olish borasida ishlab chiqqan uslubi osonlikcha rasmiy tasdiqdan oʻtgan deyish qiyin. Unga qarshi bir necha olim va jurnalistlardan iborat raddiyachilar keskin tanqid bilan chiqish qila boshladi. Tanqidlarda birinchi navbatda Lui Pasterning maʼlumoti tibbiyotga taalluqli emasligiga urgʻu berilib, shifokor diplomiga ega boʻlmagan holda, Paster odamlarni davolash bilan shugʻullanishga haqqi yoʻq ekani taʼkidlanar edi. Uni asrlar osha hukm surib kelgan ilmiy gʻoyalarga isyon qilganlikda ayblashardi. Lekin Paster bunday tanqidlardan xunob boʻlsa ham, ularga jiddiy eʼtibor berib, vaqtini sarflab oʻtirmagan. U shunchaki oʻz ishini puxta bajarishda davom etar va eng asosiysi uning uslublari amalda chindan ham natija berardi. Lekin baribir tinimsiz va ayovsiz tanqid olimni charchatdi.
1889-yilga kelib, Paster bu mashmashadan bezor boʻlganini tushunib yetdi va oʻziga yuklatilgan barcha lavozim va vazifalardan isteʼfo olib, butunlay mustaqil ishlash hamda vaqtini istisnosiz ravishda faqat ilm-fanga bagʻishlashga qaror qildi. U yana bir necha yil shogirdlari qurshovida samarali ilmiy faoliyat yuritdi. 1892-yilda butun Fransiya ilmiy doiralari buyuk olim Lui Pasterning 70 yillik yubileyini katta tantana bilan nishonladi. 1895-yilning 28-sentyabrida Paster Parij yaqinidagi Vildenef-Letaf nomli joyda vafot etgan.
Parijda Lui Pasterning 70 yilligini nishonlash, 1892-yil / mel.fm
Lui Paster chin maʼnodagi tengsiz olim edi. U bashariyatni bir necha dahshatli yuqumli kasalliklardan xalos qilgan ilmiy ishlar muallifi oʻlaroq buyuk shaxs va olim boʻlgan. Uning shon-shuhrati tiriklik chogʻidayoq tamaddun tarixiga zarhal harflar bilan yozib qoʻyilgan. London qirollik jamiyati 1856- va 1874-yillarda Lui Pasterni ikki bora eng yuksak ilmiy mukofot — Qirollik oltin medali bilan mukofotlagan. Fransiya Fanlar Akademiyasi ham olimni bir necha marta oliy darajadagi nufuzli ilmiy sovrinlar bilan taqdirlagan.
Lui Paster jahon miqyosidagi ahamiyatga ega mikrobiologiya maktabiga asos solgan buyuk olimdir. Keyinchalik uning deyarli barcha shogirdlari oʻz davrining yirik olimlari boʻlib yetishdi. U bir safar shogirdlarini atayin yigʻib, ularga qarata shunday degan ekan: “Sizlarga oʻz muvaffaqiyatim sirini ochishimga izn bergaysizlar. Mening muvaffaqiyatimning yagona kaliti — mening tirishqoqlik bilan mehnat qilganim. Odam hayotda oʻz ishini puxta va mukammal bajarish uchun hamma kuch-gʻayratini sarflab, mehnat qilishi kerak”.
Muqova suratlar: wikipedia.org / leonardo.ai