5
Ulashish
847 marta koʻrilgan
1666-yil
Londondagi buyuk yongʻin
Angliya poytaxti London shahrida 1666-yili dahshatli yongʻin sodir boʻlib, u 13 200 ta uy, 87 ta jamoat cherkovi, Qirollik birja binosi (1566-yilda qurilgan, 450 yil davomida London shahrining qoq markazida joylashgan), Gildholl va Avliyo Pol soborini vayron qiladi.
Oʻsha yongʻin sodir boʻlgan 1660-yillarda odamlar yongʻin xavfidan hozirgidek ogoh boʻlmagan. Binolar uy qurish rejasiga uncha eʼtibor bermasdan, yogʻochdan yasalib, atrofi yonuvchan modda (smola) bilan qoplangan, tomlari somon bilan oʻralgandi. Buyuk yongʻindan oldin Londonda taxminan 350 000 kishi yashab, u Yevropadagi eng yirik shaharlardan biri boʻlgan. Uylar pastdagi koʻcha boʻylab arka shaklida qurilgan boʻlib, deyarli bir-biriga tegib turar, shahar esa odamlar bilan gavjum edi. Londonda koʻplab hayvonlar yashardi. Oʻsha paytda mashina, avtobus yoki yuk mashinalari boʻlmagan, shu sababli shahar uylar kabi tez alangalanuvchi pichan va somon bilan gʻamlangan shiypon va hovlilarga toʻla edi. Yogʻingarchiliksiz uzoq davom etgan yozdan keyin shahar qurgʻoqchilikka duchor boʻlgandi. Suv tanqisligi tufayli yogʻoch uylar qurildi va bu falokat uchun zamin boʻldi.
Londondagi Buyuk yongʻin 1666-yil 2-sentabr yakshanba kuni Tomas Farynorga (Farriner) tegishli boʻlgan Pudding Lane koʻchasidagi novvoyxonadan boshlandi. Garchi keyinchalik u yongʻinni oʻchirganini daʼvo qilgan boʻlsa-da, 3 soatdan keyin kechki soat 1:00 da uning uyi olovli doʻzaxga aylangandi. Avvaliga odamlar xavotirga tushmadi. Oʻsha paytda yongʻinlar juda oddiy hodisa edi. Biroq yongʻin tezda Pudding yoʻlidan pastga tushdi va Fish tepaligidan pastga qarab harakatlanib, Temza daryosi tomon oʻtdi. U tez tarqaldi, sharqdan esgan kuchli shamol esa unga yordam berdi. Temza daryosiga yetib borgach, yonuvchan mahsulotlar, shu jumladan, yogʻ va hayvon yogʻi zaxiralangan omborlarga tushdi.
Yaxshiyamki, yongʻin daryoning janubiga tarqalmadi. Faqatgina 1633-yildagi yirik yongʻin London koʻprigining bir qismini vayron qilgani uchun daryoning narigi sohiliga yetib borolmadi. Oʻsha paytda yashagan Samuel Pepys hozirgacha yaxshi saqlanib qolgan kundalik yuritgan. U yongʻinni kuzatuvchi Qirollik dengiz flotining kotibi edi. Samuel qirolga binolarni buzib tashlashni tavsiya qildi. Koʻpchilik bu yongʻinni toʻxtatishning yagona yoʻli deb oʻylagandi. Mayorga yonayotgan binolarni buzish uchun oʻt oʻchirish ilgaklaridan foydalanish buyurilgan, ammo yongʻin tarqalishda davom etgan. Uylarini evakuatsiya qilishga majbur boʻlgan odamlar oʻzi koʻtara olmaydigan qimmatbaho narsalarni koʻmish yoki yashirishni tanladi. Pepysning oʻzi qimmatbaho pishloq va sharobni koʻmib tashladi, boshqa narsalarini esa Betnal Gringa olib ketdi.
Pepys dengiz floti admirali bilan gaplashdi va ular yongʻin yoʻnalishidagi uylarni portlatib yuborishga rozi boʻldi. Ular bu bilan olovning uydan uyga tarqalishini toʻxtatish uchun boʻshliq joy yaratishga umid qilgandi. Oʻsha paytda bu ish uchun porox ishlatgan dengiz floti topshiriqni bajardi, yongʻin 1666-yil 5-sentabr chorshanba kuni nazoratga olindi. Biroq kichik yongʻinlar chiqishda davom etdi, yer bir necha kun yurib boʻlmaydigan darajadagi issiqlik holatini saqlab qolgan edi. Pepys kundaligida hatto qirol Karl II ham yongʻinni oʻchirishga yordam berganini qayd etgan.
Manba: london-fire.gov.uk Muqova surat: wikepedia.org