Orqaga
Lombard qirolligi, 584–774-yillar.

857 marta koʻrilgan

584–774

Lombard qirolligi

Lombard qiroli Avtari vizantiyalik va franklar tomonidan uyushtirilgan tahdiddan oʻz xalqini omon saqlab qoldi. Franklar tomonidan uyushtirilgan 590-yildagi soʻnggi bosqin franklarning qandaydir miqdorda ustunligini taʼminladi. Lombardlar bir muddat soliq toʻlashga majbur boʻldi va 620-yillarga qadar franklar armiyasida jang qilish uchun oʻz otryadlarini yubordi.

Qirol Agilulf qirollikni qayta tashkil qildi va avtonomiyaga daʼvo qilayotgan bir necha nafar gersoglarga (Gʻarbiy Yevropada yuqori tabaqadagi dvoryan va knyazlarga beriladigan oliy unvonlardan biri, shu unvonga ega boʻlgan shaxs) “oʻrnini” koʻrsatib qoʻydi. Shuningdek, u 605-yilda vizantiyaliklar bilan shartnoma tuzishga erishdi va ekzarxatlar (noibliklar) bilan doimiy chegaralar oʻrnatildi. Ushbu chegara keyingi asrda deyarli oʻzgarmadi (lombardlarning 640-yillar boshida Liguriya, yaʼni Italiya hududiga tegishli viloyat, markazi Genuya qirgʻoqlarini bosib olishini hisobga olmaganda). Agilulf, shuningdek, Rim maʼmurlari yordamida markaziy hukumatni qayta tashkil etgan va Rim imperiyasi hamda Vizantiyaning keyingi davrlarga oid saroy marosimlariga taqlid qilgan yoki ularni qayta tiklagan. Biroq u aholidan yer soligʻi undirmagan va oʻzining ulkan qirollik mulklari hisobidan tirikchilik qilgan.

Shaxsiy eʼtiqod masalasiga kelsa, Agilulf maʼjusiy (otashparastlik diniga eʼtiqod qiluvchi) yoki arianlik yoʻnalishidagi (xristianlik oqimlaridan biri) nasroniy boʻlgan boʻlishi mumkin. Lombardlar orasida arianlar koʻp boʻlgan. Jumladan, 568 va 652-yillar orasidagi qirollarning koʻpchiligi arianlikka eʼtiqod qilgan. Biroq uning rafiqasi va oʻgʻli katolik edi. 590-yildan boshlab katoliklik (xristianlikning asosiy oqimlaridan biri) oqimi lombardlar orasida keng tarqala boshlagan. V–VI asrlarda yashagan german qabilalari aksariyat hollarda arianlar boʻlgan (masalan, ostgotlar), ammo lombardlar gotlar yoki vandallarga qaraganda arianlikka kamroq eʼtiqod qilgan. Hujjatlashtirilmagan dalillarga koʻra, ular ushbu dindan VII asrda voz kechgan.

Umumiy olganda, lombardlar dinga mukkasidan ketgan xalq boʻlmagan. Ammo Agilulfning Papa Grigoriy I (uning Rim bilan olib borgan urushlariga qaramay) va taxminan 612-yilda Paviya shahri (Lombardiyaning janubi-gʻarbiy qismida joylashgan shahar va kommuna) yaqinida Bobbio monastiriga asos solgan irlandiyalik missioner Kolumban kabi katolik arboblari bilan oʻrnatgan yaqin aloqalari tufayli xalq ushbu eʼtiqodni tinch yoʻl bilan qabul qila boshlagan.

Olimlar lombardlarning siyosiy tarixi borasida birinchi navbatda yagona manbaga, yaʼni 790-yillarda Pavel Diakon tomonidan yozilgan “Lombardlar tarixi” asariga tayanadi. Agilulf va undan oldingi hukmronlik qilgan qirollarning davri haqida Pavel yozib qoldirgan maʼlumotlar qisman aktualdir. Chunki ushbu maʼlumotlar Agilulf saroyida xizmat qilgan rimliklardan biri boʻlgan Nonlik Sekund tomonidan yozilgan, lekin keyinchalik yoʻqolib ketgan tarixiy asarga asoslanadi. Sekund yozgan maʼlumotlari 616-yildan keyin toʻxtagan va Pavel hamda avlodlari olgan bilimlar ancha tarqoqlanib ketgan.

Tarixchi Pavel oʻz asarida qirol Rotari (636–652-yillarda hukmronlik qilgan) haqida juda kam gapiradi. Asarda faqatgina uning harbiy jihatdan muvaffaqiyat qozongani (Liguriyani zabt etgani), eng muhimi, uning 643-yilgi farmonida lombardlar odatlarini birinchi boʻlib oʻrnatgani haqida gap ketadi. Ushbu odatlar mustaqil ravishda omon qolgan oʻziga xos muhim kodeks (ijtimoiy munosabatlarning muayyan bir turdagi sohasini tartibga soluvchi sistemalashtirilgan yagona qonun hujjati) hisoblanadi. Shu bilan birga, qirollikning asosiy boshqaruv institutlari oʻsha paytda ham ancha barqaror boʻlgani aniqlangan.

616–712-yillarda hukmronlik qilgan Bavariya sulolasi Agilulfning rafiqasi Teodelinda oilasining vorislari hisoblangan. Beneventolik Rotari va Grimoald (662–671-yillar) kabi bu oilaning aʼzolari boʻlmagan qirollar nikoh tuzish orqali taxtga chiqqan. Grimoald Paviya taxtiga daʼvo qilgan yagona janubiy gersog boʻlgan. Rotari singari u ham vizantiyaliklarga qarshi kurashgan va qonunlar ishlab chiqqan. Perktarit (661–662 va 672–688-yillarda hukmronlik qilgan) va uning oʻgʻli Kunipert (680–700-yillarda hukmronlik qilgan) kabi Bavariya qirollarining erkak vakillari tinchlikni afzal koʻrgan va qirol saroyining marosim vazifalarini ishlab chiqqan.

Lombard qirolligi, 584–774-yillar.

Beneventan (ya’ni Lombard) yozuvidagi Avliyo Benediktning qoidasi / wikipedia.org

Bunday qarama-qarshilik haqiqiy siyosiy farqni ifodalagan boʻlishi mumkin. Agar shunday boʻlsa ham, bunda urgʻu faqat boshqaruv talqinidagi farqqa berilgan edi. Taxtga oʻtirgan har bir qirol Lombard qirolligining siyosiy anʼanalarining asoslarini qabul qilgan. Bu anʼanalar Agilulfning rimlashtirilgan saroy anʼanalari va Rotari chiqargan Lombard qonunlaridir. Ispaniyadagi Vestgotlar qirolligi singari lombardlarning siyosiy vorislari sulolasida koʻplab toʻntarishlar yuz berdi. 700–712-yillar orasida yuz bergan boshboshdoqliklar ayniqsa vahshiyona tus oldi va bavariya sulolasining intihosi bilan yakunlandi.

Qirol Liutprand (712–744-yillarda hukmronlik qilgan) uzoq kutilgan tinchlikni qayta tikladi. Uni odatda Lombardiyaning eng muvaffaqiyatli qiroli deb atashadi. U Lombardiya huquqiy tizimiga Rim huquqining katta qismini tatbiq qilgan Rotari tomonidan chiqarilgan farmonni ongli va maqsadli ravishda yangilagan bir qator qonunlar ishlab chiqdi. Shuningdek, u vizantiyalik ekzarxatlar va janubdagi gersoglarga qarshi urushlar olib bordi.

Yuqorida taʼkidlanganidek, Spoleto va Benevento gersogliklari oʻz mustaqilligini va alohida siyosiy anʼanalarini saqlab qolgan. Liutprand 730-yillarda janubiy gersogliklarni zabt etib, ikkalasiga ham oʻz gersogini tayinladi. U vafot etgan paytda Spoleto ( Benevento emas) Paviya atrofidagi barqaror gersoglik edi. U, shuningdek, ekzarxlar tomonidan boshqariladigan yerlarning yarmini egallab oldi va 743-yilda Ravennaning oʻzini ham vaqtincha bosib oldi. Uning Rimga boʻlgan munosabati unchalik aniq emas edi. Liutprand papa yerlarining bir qismini egallab olgan, lekin Rim shahriga hech qachon tahdid qilmagan. Liutprand hukmronligi davrida Lombardiya qiroli 568-yildan beri birinchi marta yarimorolda harbiy jihatdan hukmronlikka erishdi. Biroq u ekzarxlarning va papaning mustaqil boshqaruv huquqini qabul qilgan koʻrinadi.

Qirol Aistulf (749–756-yillarda hukmronlik qilgan) Liutprand boshlagan siyosatni oxiriga yetkazdi. U 751-yilda Ravennani zabt etib, ekzarxatlar boshqaruviga barham berdi, Spoletoni 751–756-yillar davomida gersogsiz boshqardi va 752-yilda papadan oʻlpon talab qilgancha Rimga qarab yoʻlga tushdi. Ammo lombardlar uchun vaziyat oʻzgara boshlagandi. 740-yillarga kelib papalar Fransiyada tobora kuchayib borayotgan karolinglar sulolasiga yaqinlashdi va 751-yilda sulola boshligʻi — Pipin III Rim papasi Zaxariya (741–752-yillar) tomonidan franklar qiroli deb eʼlon qilindi.

Aistulfning hujumlariga duchor boʻlgan papa Zaxariyaning vorisi Stefan II (752–757-yillar) franklar oldiga borib, ulardan harbiy yordam soʻradi. 754 va 756-yillarda qirol Pipin Italiyaga bostirib kirdi va Aistulfni magʻlub etdi. U Ravennani lombardlardan tortib oldi va Vizantiya hamda Ravenna aholisining noroziligiga qaramay, uni toʻgʻridan toʻgʻri papa ixtiyoriga oʻtkazib berdi. Bu oʻzgarmas qatʼiy qaror edi. Aistulfning vorisi boʻlgan Deziderius (757–774-yillarda hukmronlik qilgan) franklar bilan aloqani nikoh orqali mustahkamladi va janubiy gersogliklar ustidan oʻz nazoratini saqlab qoldi. Ammo u ham 772–773- yillarga kelib Rimga tahdid sola boshladi. Shunda franklar qiroli Buyuk Karl Italiyaga bostirib kirdi va bu safar lombardlar qirolligini yer bilan yakson qilib yubordi (773–774-yillar). Italiya mustaqilligi saqlanib qolgan Benevento chegarasigacha boʻlgan yerlar karolinglar yeriga qoʻshib olindi.



Manba: britannica.com
Muqova surat: wikipedia.org