3
Ulashish
1171 marta koʻrilgan
1908–1968
Lev Landau
Lev Davidovich Landau 1908-yilning 22-yanvar sanasida Ozarbayjonning Boku shahrida tugʻilgan. Uning otasi mahalliy korxonalarning birida neftchi-muhandis, onasi esa shifokor boʻlib ishlagan. Landau oʻzining bolalik yillari haqida eslaganda, “hamma qatori bola edim, vunderkind boʻlmaganman. Insho yozganimda eng yuqori olgan bahoyim 3 boʻlgan. Matematikaga qiziqardim. Barcha nazariyotchi fiziklar ilm-fanga matematika orqali kirib kelgan. Men ham istisno emasman. 12 yoshimda differensiallash, 13 yoshimda esa integrallashni bilardim”, — degan edi.
Albatta, Lev Landau olimlarga xos tarzda kamtarlik qilgan. U oʻrta maktabda shu darajada yaxshi oʻqiganki, oʻzlashtirishda tengqurlaridan oʻzib ketganidan, uni sinfdan sinfga oʻtkazishgan. Lev Landau 13 yoshidayoq maktabni aʼlo baho bilan tamomlagan. Biroq oʻspirin yoshdagi farzandlarini oliygohda qiynalib qolishidan choʻchigan ota-onasi uni oʻsha yiliyoq oliy oʻquv yurtiga kirishini istamagan. Shu sababli Landau dastlab Boku iqtisodiyot bilim yurtiga kirib oʻqiy boshlagan. Landau 1922-yilda Boku universitetiga oʻqishga kirdi va fizika-kimyo boʻyicha taʼlim ola boshladi. 2 yildan soʻng u oʻqishini Leningrad (Rossiya) universitetining fizika fakultetiga koʻchirdi.
Landau endigina 19 yoshga kirgan paytda allaqachon 4 ta ilmiy ishini nashr ettirgan, yosh va isteʼdodli talaba sifatida nom qozongan edi. Xususan, uning nashr etilgan maqolalaridan birida kvant energetik holatini ifodalash uchun zichlik matritsalari qoʻllangan boʻlib, bu oʻsha zamon ilm-fani uchun mutlaqo yangilik edi. Zichlik matritsalari hozirda ham kvant mexanikasi sohasida keng qoʻllanadi va ushbu matematik ifodani oʻsha paytda atigi 19 yoshli talaba ishlab chiqqani hammani hayratda qoldirgan edi. Lev Landau 1927-yilda universitetni tamomlagach, Leningrad fizika-texnika institutining aspiranturasiga kirdi va elektronning magnit nazariyasi hamda kvant elektrodinamikasi yuzasidan ilmiy tadqiqotlar oʻtkaza boshladi.
Shuningdek, Lev Davidovich oʻsha davr haqida eslaganda, fizika boʻyicha har qanday ilmiy manbaga tashnalik bilan shoʻngʻigani, ayniqsa, endi-endi tugʻilib, shakllanib kelayotgan yangi yoʻnalish — kvant mexanikasi boʻyicha eʼlon qilingan har qanday maqolalarni qunt va ixlos bilan oʻqiganini yodga olgan. Landau kvant mexanikasi, yaʼni mikrodunyoga oid nazariyani shakllantirayotgan mualliflarning ilmiy maqolalarini “siyohi qurimay turib” oʻqiganligi bilan faxrlangan. Uning talabalik va aspirantlik yillari atrofida oʻzi bilan hamfikr va ayniqsa, ilmiy qiziqishlari oʻxshash boʻlgan bilimli doʻstlari yigʻilgan. U bilan birga tahsil olgan yaqin hamfikr doʻstlari ham keyinchalik yetuk nazariyotchi fiziklar boʻlib yetishgan. Ular ichida Landauning oʻzidan tashqari, Gamov va Ivanenko singari boʻlajak olimlarni qayd etish joiz.
Keyinchalik ushbu guruhga Bronshteyn kelib qoʻshilgan va ajoyib toʻrtlik ilm-fanning eng oʻtkir, nozik masalalari yuzasidan izlanishlar olib borgan. Ushbu toʻrtlik aʼzolari oʻzini “Jazz toʻdasi” deb atar edi. Doʻstlari esa Landauni shunchaki “Dau” deya taxallus bilan chaqirar va bunday qisqa nom olimning oʻziga ham juda yoqar edi. Keyinchalik Landauning barcha yaqinlari, shu jumladan, shogirdlari ham uni Dau deb chaqira boshlagan. Aspirant Lev Landauning iqtidori tez orada universitet rahbariyatining va ular orqali mamlakat akademik doiralarining nazariga tushdi. Uning zamonaviy ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha puxta ilm egallashini taʼminlash maqsadida, ustozlari uni Yevropaning eng nufuzli ilmiy dargohlariga malaka oshirish uchun yuborgan. Xususan, Lev Landau 1929–1931-yillar davomida Germaniya, Shveytsariya, Gollandiya va Daniya mamlakatlarida xizmat safarida boʻlib, ushbu davlatlarning eng nufuzli olimlari bilan yaqin ilmiy hamkorlik oʻrnatgan va eng ilgʻor laboratoriya tajribalarida ishtirok etgan.
Safar mobaynida u oʻsha zamon ilm-fanining, xususan, oʻzi qiziqqan fan sohasi — kvant mexanikasining eng yetuk mutaxassis olimlari bilan, aytish mumkinki, ilm-fan dargʻalari bilan uchrashib, ulardan bilim olgan. Masalan, Landau kvant mexanikasining asoschilaridan boʻlmish Verner Geyzenberg va Volfgang Pauli bilan uchrashgan. Dau ilmiy-ijodiy safarining asosiy qismini Daniya poytaxti — Kopengagenda oʻtkazgan. U mashhur fizik olim — Nils Borning qoʻl ostida ilm olishga qaror qilgan edi. Bu paytga kelib, Nils Bor instituti jahon nazariy fizika markaziga aylangan boʻlib, deyarli barcha nazariyotchi fiziklar ushbu shaharga talpingan. Kopengagenda nazariy fizikaning turli-tuman muammolari yuzasidan kuchli jamoaviy izlanishlar olib borilgan va tadqiqotlarning deyarli barchasiga Nils Bor rahbarlik qilgan.
Landau oʻsha yillariyoq Nils Bor bilan nafaqat ustoz-shogird sifatida, balki insoniylik nuqtayi nazaridan ham juda yaqin doʻstona munosabatlar oʻrnatgan boʻlib, hayotining soʻnggi kunlarigacha Dau Nils Borni oʻzi uchun otasidek ulugʻ shaxs sifatida nihoyatda qadrlagan. Bor haqida eslar ekan, Landau: “u bilan har uchrashuvni sabrsizlik bilan kutardim va unga yuzlangan paytim men uchun bayramdek boʻlardi”, — degan edi. Xorijdalik paytida Landau Ronald Payerls bilan birgalikda relyativistik kvant mexanikasiga oid tadqiqotlarni boshlagan boʻlib, aniqroq aytadigan boʻlsak, u erkin elektronlarning magnit xossalarini oʻrganishga kirishgan. Ularning mazkur sohada qayd etgan yuksak ilmiy natijalari tufayli tez orada Lev Landau butun jahon fiziklari orasida tanila boshladi. Mazkur ilmiy ish asnosida Landau murakkab nazariy tizimlar bilan ishlashda diqqat qaratishi lozim boʻlgan asosiy jihatlarni yaxshi oʻzlashtirib olgan edi va ushbu koʻnikmalar uning keyingi barcha ilmiy izlanishlari, jumladan, oʻta past harorat fizikasi sohasidagi tadqiqotlarida juda asqotgan.
1931-yilda Landau Leningradga qaytadi. Lekin uni koʻp oʻtmay, Ukrainaning oʻsha paytdagi poytaxti — Xarkovga yuborishadi. Uni Ukraina fizika-texnika institutining nazariyot boʻlimi boshligʻi etib tayinlashgan. Shuningdek, Landauning zimmasiga bir vaqtning oʻzida Xarkov muhandislik-mexanika institutining nazariy fizika kafedrasi hamda Xarkov universitetining nazariy fizika kafedrasiga rahbarlik qilish vazifasi yuklatilgan. 1934-yili Lev Landauga hech qanday dissertatsiya himoyasisiz va boshqa rasmiyatchilikdan holi ravishda fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasi berildi.
1935-yilda esa u professor maqomiga ham erishdi. Xarkovdagi faoliyati davomida Landau muallifligida nazariy fizikaning turli-tuman yoʻnalishlariga taalluqli oʻnlab ilmiy ishlar eʼlon qilingan. Chunonchi, uning qalamiga mansub ilmiy ishlarda yulduzlardagi energiyaning paydo boʻlishi, yadroviy energiya nazariyasi, tovush dispersiyasi, energiya uzatish texnologiyalari, yorugʻlikning sinishi, materiallarning magnit xossalari, oʻta oʻtkazuvchanlik, faza oʻtishi hamda elektr zaryadiga ega zarralar oqimining harakatiga taalluqli ilmiy ishlar oʻsha paytda nafaqat sobiq ittifoq, balki butun Yevropada yuksak eʼtirofga sazovor boʻlgan. Ushbu ilmiy ishlaridan keyin Landauning fizik olim sifatida obroʻsi keskin oshib ketdi va u butun dunyo tan olgan olimga aylandi.
Landauning, ayniqsa, oʻzaro elektr taʼsiriga ega zarralar tabiati yuzasidan bajargan ilmiy ishlari plazma fizikasi uchun juda foydali boʻlib chiqdi. Shuningdek, uning termodinamika qonunlaridan keltirib chiqargan ayrim muhim xulosalari oʻta past haroratli sistemalardagi jarayonning mohiyatini tushunib yetishda katta xizmat qildi. Uning kvant nazariyasi elementar zarralari tabiatini oʻrganish va ularning oʻzaro taʼsiriga oid tafsilotlarni tekshirish boʻyicha amalga oshirgan ilmiy ishlari ham ushbu soha rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Hamkasblari Landau ilmiy yondashuvidagi muhim bir jihatiga havas qilar edi: qanday murakkablikdagi masala boʻlmasin, barchasida olimning nihoyatda nozik did va ustalik bilan qoʻllagan matematik mahorati sezilib turardi. Uning hisob-kitob va mulohazalarida kutilmagan matematik ifoda oʻzgartirishi va shakl almashtirishidan hayratlanmaslikning iloji yoʻq. Landauning nazariy fizikaning deyarli barcha yoʻnalishlarini qamrab oluvchi juda keng miqyosli tadqiqotlar koʻlami tez orada unga shogird tushmoqchi boʻlgan yosh ilmiy tadqiqotchilar sonining keskin ortishiga olib keldi.
Butun Sobiq ittifoqdan isteʼdodli talaba va izlanuvchilar Landaudan bilim olish maqsadida Xarkovga oqib kela boshladi. Natijada Lev Davidovich Landau sababli Xarkovda kuchli nazariy fizika va matematika maktabi shakllana boshladi. Uning qoʻl ostida ishlagan shogirdlari ham koʻzga koʻringan olimlar boʻlib yetishgan. Xususan, Landauning eng iqtidorli shogirdlaridan biri va keyinchalik uning yaqin doʻstiga aylanib qolgan ilmiy hamkori — Yevgeniy Mixaylovich Lifshits shular jumlasidandir. Loʻnda qilib aytganda, Landau atrofida shakllangan ilmiy maktab Xarkovni butun SSSRning yetakchi ilmiy markaziga aylantirdi. Shunisi qiziqki, nafaqat Sobiq ittifoq, balki butun Yevropaning eng kuchli ilmiy maktablaridan biri boʻlgan Landau maktabi XX asrning 30-yillarida shakllangan boʻlib, bu paytda uning asoschisi — Lev Davidovichning oʻzi hali 30 yoshga toʻlmagan edi. Uning shogirdlari ham asosan oʻzi bilan tengdosh yoshlar boʻlib, shu sababli ustoz va shogirdlarning aksariyati bir-biri bilan yaqin doʻst ham boʻlgan. Shunga koʻra, bu dargohda Dau va uning shogirdlari bir-birini sensirab gapirishiga hayron qolmasa ham boʻlaverardi.
Landau maktabi Sovet tuzumidagi har qanday muassasada mavjud boʻlgan maʼmuriy buyruqbozlik va oktyabr inqilobi gʻoyalarini muttasil tashviqot qiladigan asl ilm-fandan yiroq, ikkilamchi elementlardan holi erkin ilmiy jamiyat sifatida ham qiziq edi. Olim oʻsha zamon uchun odatiy hol boʻlgan — kishilarning ijtimoiy kelib chiqishi va partiyaviyligi singari belgilarga qarab odam ajratishdek boʻlmagʻur rasmiyatchilik va maʼmuriy toʻsiqlardan holi, erkin ilmiy muhit barpo qilgan edi. Landauning qoʻl ostida ilm olish va ishlashni istagan shaxslarga faqat birgina talab qoʻyilar edi: shogirdlikka daʼvogar shaxs Landauning oʻziga yoki uning ishongan vakolatli yordamchisiga mutlaqo ilmiy savollardan iborat boʻlgan “Landau nazariy minimumi” ni topshirishi kerak boʻlgan. “Landau nazariy minimumi” esa talabalar uchun xuddi alpinistlarning choʻqqini zabt etgani singari qiyin vazifa edi.
Lifshitsning xotirlashicha, 1934-yildan eʼtiboran Lev Landau oʻzi belgilagan nazariy minimumni topshirishni uddalagan talabalarning roʻyxatini shaxsan yurita boshlagan ekan. Landau minimumining qanchalik murakkab boʻlganini tasavvur qilish uchun shu faktni yodga olish kifoya: 1962-yilning yanvariga kelib, Dauning shaxsiy roʻyxatida uning nazariy minimumumini muvaffaqiyat bilan (yoki qoniqarli darajada) topshira olgan shaxslar soni atigi 40 nafar boʻlgan . Yaʼni 28 yilda atigi 40 nafar shaxs “Landau nazariy minimumi” ni topshira olgan xolos. Landau oʻzi talab qilayotgan nazariy minimumga mos ravishda har qanday nazariyotchi-fizik talaba oʻzlashtirishi shart boʻlgan bilimlarning ham nazariy minimumi toʻplamini ishlab chiqqan. Uning nazarida, talaba oʻzlashtirishi shart boʻlgan eng qisqa nazariy fizika kursi 1935-yildan boshlab olimning oʻzi va yaqin shogirdi Lifshits hammuallifligida qalin jildli oʻquv qoʻllanmalari seriyasi sifatida chop etib borilgan.
Landau va Lifshits muallifligidagi mazkur nazariy fizika kursi keyinchalik yillar davomida muttasil toʻldirib, takomillashib, qayta-qayta nashr etilgan boʻlib, ushbu kitoblar hozirda ham nazariy fizika kursi boʻyicha eng mukammal mumtoz asarlar sirasida butun MDH mamlakatlari va jahonning koʻplab davlatlarining fan-texnika yoʻnalishidagi oliygohlarida juda qadrlanadi. Landauning nazariy fizika kursi texnika oliygohlari va nazariy fizika kursi oʻtiladigan har qanday oliy oʻquv yurti talabalari uchun oʻziga xos “muqaddas kitob” ga aylangan (albatta majoziy maʼnoda). Ushbu kitoblar seriyasi jahonning koʻplab tillariga tarjima qilingan boʻlib, haqiqatan ham oʻzida nazariy fizikaning deyarli barcha masalalarini qamrab olganligi bilan kishini hayratga soladi. Undagi maʼlumotlarni oʻqib, Landau va uning ilmiy jamoasi tinimsiz, muttasil ravishda faqat fan bilan mashgʻul boʻlgan shekilli degan tasavvur uygʻonishi tabiiy.
Darhaqiqat, bunchalik samarali ishlash uchun olim tinimsiz kutubxonalarda izlangan, laboratoriyalarda ham ilmiy tajribalar bilan koʻp vaqtini oʻtkazgan. Lekin Landau oʻzi sevgan ishi bilan berilib shugʻullanishdan tashqari, maroqli hordiq chiqarish va kezi kelganda ishdan chalgʻib, miya va tanaga dam berishni ham qoyillatgan. Xususan, dam olish paytida Dauni doʻstlari bilan tennis oʻynayotgani yoki spektakllar sahnalashtirib, havaskor qoʻshiqchilik qilib, ashulalar aytib yurganini kuzatish mumkin edi. U oʻzi ham mansub boʻlgan “Jazz toʻdasi” bilan birga, boshqa doʻstlarini ham jalb etgan holda maskarad oqshomlari uyushtirgan. Xullas, oʻz yoshiga mos ravishda koʻngilochar tadbirlarda faol ishtirok etgan. Uni bunday oqshomlarda koʻrgan odam ozgʻingina, quvnoq va xushchaqchaq ushbu yigitcha — butun Yevropada tan olingan olim, fan nomzodi va professor ekanini eshitsa, yoqa ushlab qolishi ajablanarli emas edi.
Yaqin doʻstlari Landauni “oriq arslon” deb hazillashgan (Lev ismining maʼnosi sher, arslon degani). Sababi Landau juda ozgʻin tana tuzilishi bilan ajralib turgan. Oʻzi ham oʻz oriqligini hazilga olib, baʼzan “Menga nisbatan ʼtana tuzilishiʼ emas, balki ʼtana buzilishiʼ iborasini qoʻllash kerak”, — der edi. U tennis oʻynayotganida raketkani gʻalati tarzda ushlab turar va bu holat koʻpchilikning kulgisiga sabab boʻlardi. Shunga qaramay, Landau jismonan chaqqon va faol odam boʻlgan. Oriqligi uni yaqqol tanitib turadigan alohida jihatlaridan biri boʻlgan. Shaxsiy fazilatlari haqida gapirganda, Landauni yaqindan tanigan insonlarning hamma-hammasi, birinchi navbatda uning juda halol odam boʻlganini eslaydi.
U ilm-fanda gʻaraz va adovatga oʻrin yoʻq deb hisoblar, iflos yoʻllar bilan ilmiy karyera qilmoqchi boʻlgan, ilmni siyosat bilan, ayniqsa, partiya va inqilob bilan bogʻlab talqin qiladigan psevdo-olimlarga chiday olmas edi. U bunday shaxslar bilan keskin va murosasiz muomalada boʻlgani sababli oʻziga nisbatan gʻayirligi boʻlgan raqiblar ham orttirib olgan. Xarkovda Landau boʻlajak turmush oʻrtogʻi — Konkordiya Drobantseva bilan tanishdi. Konkordiya Xarkovning qandolat fabrikasida muhandis-texnolog boʻlib ishlagan. Uni Landau erkalab Kora deb chaqirgan. Dau va Kora 1937-yilda turmush qurgan.
1946-yili ular oilasida oʻgʻil farzand dunyoga kelgan. Landauning oʻgʻli Igor ham keyinchalik fizik olim boʻlib yetishgan. Dau va unga hamfikr boʻlgan yaqin doʻstlarining Sovet tuzumi siyosiy targʻibotchilari va ular tomonidan miyasiga “ishlov berilgan” psevdo-olimlar bilan murosasizligi, asta-sekin katta mojaroga aylanib keta boshladi. Oʻsha payti SSSRda istibdod va zulm nihoyatda avj olgan boʻlib, butun mamlakat boʻylab ilmli, ziyoli kishilarni “quloq” (GULAG) qilish avj olgan edi. Bunday sharoitda esa gʻarazli kimsalarning biror shaxs ustidan yozgan birgina anonim xati bilan ancha-muncha ziyoli odamlarni surgun qilish yoki shunchaki yoʻq qilib yuborish hech gap emas edi. Axir tashqarida mustabid tuzum ildiz otib borayotgan payt edi. Shunday kunlarning birida Landau va uning doʻstlari uchun ham mashʼum xabar yetib keldi.
Ular “aralashib qolgan ishlar” uchun olim va uning shogirdlarini taʼqibga ola boshladi. Tahlikali bir sharoitda Landau oʻzi va oilasining xavfsizligini taʼminlash uchun Xarkovni tashlab, poytaxt — Moskvaga yoʻl olishga qaror qildi. Uni Moskva fizika masalalari institutida yangi tashkil qilingan nazariy fizika kafedrasiga boshchilik qilish uchun akademik Pyotr Kapitsa shaxsan taklif qilgan edi. Yuqorida aytib oʻtilgan noxushlik eshik qoqib turgan paytda, bu taklif Landauga ayni muddao boʻlgan va u oʻzi uchun jonajon boʻlib qolgan Xarkov ilmiy muhitini tashlab, Moskvaga koʻchib oʻtgan. Lekin uning orqasidan yozilgan “yumaloq xat” baribir oʻz kuchini koʻrsatdi va koʻp oʻtmay, olimni Germaniya foydasiga josuslik qilganlikda ayblab hibsga olishdi.
Endi uning ham koʻplab ziyoli va maʼrifatparvarlar singari sovuq Sibirga surgun qilinishi yoki qamoqda azob berilishi tayin edi.Biroq vaziyatga Pyotr Kapitsa shaxsan aralashib, Kremldagi korchalonlar va davlat rahbarining oldiga bir necha oʻn marotaba qatnab, Landauning aybsiz ekanini isbotlab berdi va uni hibsdan ozod etilishiga erishdi. Kapitsaning jonbozligi tufayli XX asrning yana bir yetuk olimi ahmoqona “quloq” siyosati qurboniga aylanishining oldi olingan edi. Landau Xarkovdan Moskvaga koʻchib oʻtgan paytda, uni taklif qilgan Kapitsa suyuq geliy bilan tajribalar olib borayotgan boʻlgan. Aniqlanishicha, gaz holatidagi geliyni 4,2 K haroratgacha sovitilsa, u suyuq holatga oʻtar ekan. Bunday holatdagi geliyni olimlar geliy-1 deb yuritadi. Agar uni yanada sovitib, haroratni 2,17 K gacha pasaytirilsa, geliy geliy-2 deb yuritiladigan suyuq holatga oʻtadi.
Geliy-2 juda gʻalati, qiziq fizik xossalarga ega. Masalan, geliy-2 juda mayda, ingichka tor tirqishlardan ham shunday yengillik bilan oʻtib ketadiki, goʻyoki u hech qanday qovushqoqlikka ega emasdek taassurot uygʻonadi. Shuningdek, geliy-2 idish devori boʻylab yuqoriga harakatlana boshlaydi va xuddi unga gravitatsiya tortish kuchi taʼsir qilmayotgandek koʻrinadi. Eng qizigʻi esa oʻzi atigi 2,17 K haroratda boʻlgan geliy-2 hatto misnikidan ham yaxshi issiqlik oʻtkazuvchanlikka ega boʻladi. Kapitsa bunday geliyni “oʻta oquvchan suyuqlik” deb atagan edi. Shu tarzda, fizikada oʻta oquvchanlik hodisasi deb nomlangan fenomen oʻrganilishi boshlangan. Biroq standart usullar bilan oʻlchash ishini bajarishning oʻziyoq, geliy-2 ning qovushqoqligi nolga teng emasligini koʻrsatib berdi.
Shunda olimlar geliy-2 ning bu tarzdagi gʻalati xossalari kvant nazariyasiga taalluqli effektlar bilan bogʻliq ekani haqidagi taxminlarni bildira boshladi. Aksariyat boshqa moddalar allaqachon muzlab, qattiq holatga oʻtadigan bunday sharoitda, yaʼni mutlaq nolga yaqin harorat geliyning oʻzini bunday tutishi mumtoz fizika tushunchalari bilan izohlab boʻlmaydigan, aksincha, kvant mexanikasi vositasida tekshirilish lozim boʻlgan fenomen edi. Haqiqatan ham, tabiatdagi moddalar ichida geliy oʻziga xos alohida istisnoli oʻrin tutadi. Agar geliyni yuqori bosim ostida ushlab turilsa, u mutlaq nol haroratga maksimal yaqin haroratda ham suyuqligicha qolaveradi.
1938-yilda fizik Laslo Tissa suyuq geliy, aslida geliyning ikkita shakli, yaʼni geliy-1 (oddiy suyuqlik) va geliy-2 (oʻta oquvchan suyuqlik) ning aralashmasidan iborat ekani haqidagi gʻoyani oʻrtaga tashladi. Uning fikricha, harorat mutlaq nolga yaqinlashib borgan sari suyuq geliydagi oddiy suyuqlik, yaʼni geliy-1 oʻzining xossalarini yoʻqotib boradi va aksincha, oʻta oquvchan geliy-2 asosiy oʻringa chiqib boradi. Tissaning mazkur gipotezasi orqali olimlar nima sababdan suyuqlik har xil sharoitda turlicha qovushqoqlikka ega boʻlishi haqida bilib oldi. Oʻta oquvchanlik hodisasini tushuntirish uchun Landau mutlaqo yangicha yondashuv va matematik apparatni qoʻlladi.
Bu paytda boshqa tadqiqotchilar alohida holda olingan atomlarning kvant holatini tekshirish orqali masalani oʻrganayotgan edi. Dau esa butun suyuqlik hajmining kvant holatini tekshirib chiqishga qaror qildi. U oʻta oquvchanlikda modda harakatlanishi yoki qoʻzgʻalishi uchun taʼsir qiladigan 2 ta omil mavjudligini taxmin qilgan. Ulardan biri — energiya va impulsning kichik qiymatida tovush toʻlqinining nisbatan toʻgʻri chiziqli tarqalishini ifodalovchi fononlar omili boʻlsa; ikkinchisi — impuls va energiyaning yuqori qiymatida yuzaga keladigan qoʻzgʻalish, yaʼni aylanma-burama harakatni ifodalovchi rotonlar omili edi.
Shunga koʻra, Landau suyuq geliyni — oʻta oquvchan “fon” ga choʻktirilgan oddiy suyuq geliy sifatida qarash toʻgʻri boʻladi, degan tasdiqni keltirgan. Uning fikricha, suyuq geliy bilan oʻta past haroratda kuzatilayotgan oʻta oquvchanlik hodisasi fonon va rotonlarning umumiy oʻzaro taʼsiri natijasidir. Odatiy va oʻta oquvchan omillarning oʻzaro nisbati esa haroratga bogʻliq. Masalan, 1 K dan yuqori haroratda rotonlar asosiy omil boʻladi. 0,6 K dan past haroratda esa fononlar bosh rolga oʻtadi. Landauning ushbu nazariyasi va uning keyinchalik takomillashuvi, shunchaki geliyning oʻta oquvchanlik xossalarini izohlab qolmasdan, balki yana boshqa ajoyib hodisa mavjudligini ham avvaldan taxmin qilishga zamin yaratib berdi. Masalan, birinchi va ikkinchi tovush deb yuritiladigan va har ikkalasi turlicha xossalarga ega boʻlgan 2 ta turli xil toʻlqinning tarqalishi hodisasini ham Landau, aynan ushbu nazariya asosida taxmin qilgan edi. Bunday toʻlqinlarning birinchisi — oddiy tovush toʻlqini boʻlsa, ikkinchisi — harorat toʻlqini deyiladi.
Umuman olganda, Landauning ushbu nazariyasi oʻta oquvchanlik bilan birgalikda, oʻta oʻtkazuvchanlik hodisasining mohiyatiga kirib borishda ham katta ahamiyatga ega boʻldi. Olimning ilmiy faoliyati gurkirab, u yana oʻzi sevgan ilmiy ishlari bilan qattiq shugʻullanayotgan bir paytda, 1941-yil iyunida yana bir bora izlanishini zudlik bilan toʻxtatib, boshqa shaharga koʻchishiga toʻgʻri keldi. Sezganingizdek, bu paytda fashistlar Germaniyasi SSSRga bostirib kirgan va Ikkinchi jahon urushi boshlangan edi. Landau oʻzi ishlayotgan institut bilan birga sharqqa — Qozon shahriga evakuatsiya qilindi. Qozonda Landauning barcha ilmiy salohiyati toʻlaligicha harbiy maqsad uchun yoʻnaltirilgan boʻlib, olim evakuatsiya davrida asosan mudofaa masalalariga taalluqli tadqiqotlar olib borgan hamda qurol-yarogʻ va oʻq-dorilarning samaradorligini oshirishga qaratilgan tajriba va hisob-kitobda ishtirok etgan.
Urush tugagach, 1945-yildan to 1962-yilgacha Lev Landau nazariy fizikaning yana turli sohalariga oid masalalar yuzasidan chuqur ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Xususan, u atom massasi 3 ga teng boʻlgan noyob geliy izotopining xossalarini oʻrgangan va ushbu izotop uchun toʻlqinlar tarqalishiga oid yangi yoʻnalishni taxmin qilgan. Bu tur toʻlqin tarqalishini Dauning oʻzi “nolinchi tovush” deb nomlagan. Shuningdek, Lev Landau SSSRning atom bombasini tayyorlash va sinash ishlariga ham jalb qilingan.
1950-yillarda SSSR Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi boʻlgan Artemiy Alixanyan ismli olim oʻzi va Landau oʻrtasida boʻlib oʻtgan bir voqeani soʻzlab bergan ekan. Uning xotirlashicha, Alixanyan oʻzi ishlayotgan kosmik nurni oʻrganish stansiyasida qayd qilingan ayrim nurlanishlar uchun amaliyot bilan mos keluvchi energetik formulani keltirib chiqarishning iloji boʻlmayotganini arz qilib, yordam soʻrab Dauning oldiga borgan. Bu formula koinotni oʻrganish va kosmik parvozlar loyihasi uchun muhim ahamiyatga ega boʻlishi kutilayotgan edi. Landau ushbu masala yuzasidan Alixanyanga atigi 2–3 ta savol berib, masalaning mohiyatini tushunib oldi va undan oʻgʻliga qarab turishni iltimos qilib, oʻzi hisob-kitob qilish uchun alohida ishchi kabinetiga kirib ketdi. 15 daqiqadan soʻng olim qoʻlida bir uyum qogʻoz bilan chiqib, Alixanyanga kutilgan formuladan keltirib chiqarilgan yozuv-chizuvlarni taqdim etgan ekan. Shu tarzda, muttasil kuchli ishtiyoq bilan tinimsiz ishlagan Lev Landau oʻzi qoʻl urgan barcha nazariyalar boʻyicha hayratlanarli natijani qayd etib borar edi. U qaysi ishga kirishmasin, butun fikri-xayoli bilan ushbu ishga berilib ishlar va hech qachon charchoq, zerikishdan shikoyat qilmas edi. Biroq uning sergʻayrat va shijoatli ilmiy faoliyatiga kutilmagan baxtsiz hodisa nuqta qoʻydi.
1962-yilning 7-yanvar sanasida Lev Landau Moskva-Dubna yoʻlida avtomashinada ketayotganida halokatga yoʻliqdi. Oʻshanda qahraton qishning qoq oʻrtasi, yoʻllar muzlama sirpanchiq boʻlgan. Avtomashina yoʻldan ketib borar ekan, kutilmaganda yoʻlni yosh bir qiz kesib oʻta boshlagan. Haydovchi qizchani urib yubormaslik uchun keskin tormoz berishga majbur boʻlgan. Birdaniga keskin toʻxtash oqibatida mashina muzlagan yoʻlda chirpirak boʻlib aylanib, qarshisidan kelayotgan yuk mashinasiga borib toʻqnashgan. Aynan toʻqnashuv zarbasi kelib urilgan tarafda Lev Davidovich oʻtirgan edi va u hushsiz, ogʻir ahvolda kasalxonaga olib ketilgan.
Yangi yilning dastlabki yakshanbasi shu tarzda butun dunyo ilm-fani uchun fojiali kelgan edi. Halokat haqidagi xabarni eshitgan barcha fiziklar Dauning jarohat olmaganiga umid qilgan holatda, bir-biri bilan tinimsiz qoʻngʻiroqlashib, xabarning yolgʻon boʻlib chiqishiga ilinj bilan tafsilotni soʻrar edi. Lekin taqdir hukmi shunday ekan, olim qattiq tan jarohati bilan uzoq vaqt ogʻir ahvolda behush yotib qoldi. Oʻsha paytda Lev Landauning hayotini saqlab qolish uchun butun mamlakat ilm-fan va texnikasi oyoqqa turgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Birgina fakt — xalqaro aviatashuv uchuvchilari qaysi mamlakatga bormasin va osmonning qayerida boʻlmasin, bir-biri bilan xabar almashishda “Janob Landauga falon dori kerak, uni falon mamlakatdan keltirish zarur” qabilidagi oʻzaro norasmiy xabarlarni almashib turgan va Landauni davolash uchun zarur dori-darmonlarni dunyoning narigi chekkasidan boʻlsa ham yetkazib bergan.
Landauga kerakli dorilarni boshqa mamlakatdagi hamkasblari ham izlab topib, Moskvaga joʻnatgan. Oʻsha vaqt Sobiq ittifoqning oʻzida yoʻq boʻlgan noyob dorilar Landau uchun Amerika, Angliya, Fransiya, Belgiya va Chexoslovakiyadan keltirilgan. Uning uchun miyaning oqib ketishiga qarshi noyob vositani akademik Nikolay Semyonov va Vladimir Ekogelgardt shaxsan oʻzi sintez qilib, yetkazib berib turgan. Bu paytda nomi keltirib oʻtilgan har ikkala akademikning oʻzi ham ancha keksayib, 70 yoshdan oʻtgan va salomatligi ham haminqadar holatda edi. Lekin ular Landauning nafaqat SSSR, balki butun jahon ilm-fani uchun naqadar muhim olim ekanini yaxshi anglar va shu sababli qoʻldan kelgan yordamini ayamagan edi. Barcha urinish oʻz mevasini berdi va Landau tirik qoldi. Lekin u juda uzoq vaqt — 6 hafta mobaynida hushsiz yotdi. Hushiga kelganda ham u xotirasini qisman yoʻqotgan va ancha achinarli ahvolda boʻlgan.
Keyingi 3 oy mobaynida u hatto oʻz oila aʼzolarini ham tanimagan. Oʻsha yili unga fizika boʻyicha Nobel mukofoti loyiq koʻrilgan. Biroq Landau salomatligi sababli mukofotni qabul qilib olish uchun Stokgolm (Shvetsiya) ga bora olmadi. Chunki u majruh holatda hali-hanuz kasalxonada yotgan edi. Unga mukofotni Moskvaga olib kelib berishdi. Landau oʻz Nobelini Shvetsiyaning Sovet ittifoqidagi elchisidan qabul qilib olgan. Fojiadan keyin Lev Davidovich Landau yana 6 yil umr koʻrdi. Lekin u juda ogʻir ahvolda edi. Salomatligi ilm bilan shugʻullanish tugul, shunchaki shaxsiy ehtiyojini ham oʻzi bajarishiga imkon bermasdi. Kuchli ogʻriq uni muttasil qiynab, azob berib turdi.
XX asrning eng buyuk fiziklaridan biri — Lev Davidovich Landau 1968-yilning 1-aprel sanasida vafot etdi. U oʻlimi oldidan: “Men yomon yashamadim. Men har doim maqsadimga yetib yashadim”, — degan edi. “ Nobel mukofotidan tashqari, Lev Davidovich Landau Maks Plank nomidagi medal hamda Frits London mukofoti bilan ham taqdirlangan edi. “ Olim SSSR Fanlar akademiyasi, Daniya, Gollandiya, AQSh, Fransiya fanlar akademiyalari hamda London qirollik jamiyati aʼzoligiga qabul qilingan. Shuningdek, olim Mehnat qahramoni unvoni va 3 marta Davlat mukofotiga loyiq koʻrilgan edi.
Muqova surat: codepen.io