Orqaga

1417 marta koʻrilgan

1963-yil

Kventin Tarantino

Kventin Tarantinoning kino sanʼatidagi yoʻlini yetarlicha anʼanaviy deb atash mumkin. U AQShning Noksvill shahrida tugʻilgan. Onasi tarafdan hindularning cheroki qabilasiga tegishli, otasi tomondan esa italiyalik hisoblanadi. U otasi bilan hech qachon koʻrishmagan, chunki Kventinning ota-onasi hali u tugʻilmasidanoq ajrashib ketgandi. Onasi qayta turmush qurdi va ular Los-Anjelesga koʻchib ketdi.

Tarantino shaharning janubiy chekkasida voyaga yetdi. U bolaligida shaxsiy erkinlik uchun kurashgan Geklberri Finnga juda oʻxshardi. Uning eng katta doʻsti bobosi boʻlib, koʻchib yuruvchi savdo bilan shugʻullanardi. Boʻlajak rejissyorning uyi yonida kinoteatrli avtoturargoh bor edi. Kventin u yerda juda koʻp vaqtini oʻtkazar, yerga oʻtirib olib, ketma-ket barcha filmlarni zavq bilan tomosha qilardi.

Yigit 17 yoshida maktabni tashlab, aktyorlik maktabiga oʻqishga kirdi va bir vaqtning oʻzida ham oʻqib, ham ishlay boshladi. U koʻpgina joyda pul topishga harakat qildi va nihoyat unga omad kulib boqdi. Tarantino Manhettendagi videodoʻkonga sotuvchi boʻlib ishga kirdi. Aynan oʻsha yerda uning taqdirida baxtli oʻzgarishlar yuz bera boshladi. Kventin doʻkonda Rojer Avari bilan tanishdi va ular birga ishlay boshladi. Rojer Tarantinoni keyinchalik oʻzining “Oʻldiruvchi Zoya” filmiga olib keldi. Qahramonimiz ushbu kinokartinada ijrochi prodyuser boʻlib ishladi va hatto epizodlar uchun bir nechta ishlanmalarni yozdi. Oʻshanda u oʻz yozgan ishlarida oʻzi rol oʻynagisi kelayotganini his qildi.

Kventin 1988-yili Avari bilan birgalikda oʻzining 1-ssenariysi “Hamma narsani yutib yuboradigan ehtiros” ni yozdi. Ular 3 yil davomida suratga olish uchun pul topishga harakat qiladi. Nihoyat, ikkovlon rejissyor Tomas Skottni oʻz gʻoyasi bilan qiziqtira oldi. Tarantino ssenariy uchun 50 000 dollar oldi.

2-ssenariy “Tugʻma qotillar” ni taniqli rejissyor Oliver Stoun suratga oldi. Avvalroq rejissyorning mashhur Vyetnam dostonida Tom Kruz rol oʻynagan edi. Tarantino filmning muvaffaqiyatli premyerasidan soʻng Stounga “Quturgan itlar” nomli yana bir ssenariy taklif qildi. Biroq rejissyorning Kventindan asl nusxaga bir qator oʻzgartirishlar kiritishni talab qilishi ularning yoʻllarini ayro qildi. Axiyri Tarantino homiy topdi. Life Entertainment kompaniyasi unga kerak boʻlgan 1,5 mln dollarni berdi. Film muvaffaqiyati kutilgandan ham aʼlo darajada boʻldi. Birgina СІАʼning oʻzida filmning 100 000 dan ortiq kassetalari sotildi.

Filmdan tushgan umumiy daromad esa 20 mln dollardan oshdi. Biroq Angliyada mazkur film juda koʻp zoʻravonlik sahnalarini oʻz ichiga olgani sababli taqiqqa uchradi.  Film namoyishi Parijdagi “Utopiya” kinoteatrida esa bir yarim yil davomida toʻxtamadi. Muallif oʻz filmini Kann kinofestivalida taqdim etishga urinib koʻrdi, lekin faxriy mukofot ololdi xolos.  Shundan soʻng Tarantino Amsterdamga koʻchib oʻtdi. Turar joyni oʻzgartirish unga “Jinoiy asar” deb nomlangan yangi ssenariy ustida ishlash uchun kerak edi. Bu film Frensis Koppolaning mashhur “Choʻqintirgan ota” filmiga oʻziga xos hurmat sifatida yaratilayotgandi.

“Jinoiy asar” filmi. (Jon Travolta va Samuel Jekson) / kinowar.com

Tarantino mazkur filmda oʻz qahramonlari yashaydigan oʻziga xos dunyo yaratishga harakat qildi. U gangsterlar oʻrtasida koʻplab toʻqnashuvlarni koʻrsatishni emas, ular haqida gapirishni xohladi. Rejissyor ssenariy ustida 5 bahoga oʻquvchi talaba kabi sinchkovlik bilan ishladi.

Kartina 1930-yillarni aks ettirishi kerak edi. Oʻsha davr kundalik hayotini aniqroq tasvirlash uchun Tarantino uzoq vaqt davomida oʻsha paytdagi mashhur jurnallarni oʻrganib chiqdi. Dastlab Tristar kompaniyasi bu filmni ishlab chiqarishni amalga oshirmoqchi edi. Biroq keyinchalik kompaniya loyihani rad etdi va Tarantino “Quturgan itlar” filmining prokati bilan shugʻullanayotgan “Miramaks” kompaniyasi bilan ishlay boshladi.

“Jinoiy asar” filmi qahramoni Vinsent Vega (aktyor Jon Travolta) / lenta.ru

Rejissyor oʻz kartinalariga aktyor tanlaganida doim har bir rolga 2–3 nafar ijrochini koʻrib chiqardi. Film premyerasidan keyin “Men har bir aktyor oʻz ijro etayotgan roliga ishonishini istagandim”, deb niyatini oshkor etdi. “Jinoiy asar” filmi ekranga chiqishi bilan koʻplab taqlidlarni keltirib chiqardi, Gollivud tanqidchilari hatto “Tarantino omili” haqida gapira boshladi.  Film Kann kinofestivalida namoyish etildi va u yerda “Oltin palma shoxi” mukofotini qoʻlga kiritdi. Tarantino chaqmoq kabi bir zumda mashhur boʻlib ketdi, uning filmi esa festivalning eng shov-shuvli tasmasiga aylandi. Baʼzi tanqidchilar uni haddan tashqari zoʻravonlik uchun qoraladi, boshqalari esa film oʻta puxta yaratilgan va zoʻravonlik sahnalari vahima qilinganidek dahshatli emas deb hisobladi. Qizigʻi shundaki, undagi epizodlar tartibi umuman syujetga bogʻliq boʻlgan tartibda emas edi. Bir-biri bilan uzviy bogʻliq hikoya hosil boʻlishi uchun ularni qayta tartibga solish kerak edi goʻyo. Ammo Tarantino ataylab aynan shu usuldan foydalandi, u tasmaning “parodiyali ovozi” ni kuchaytirish niyatida edi.

Yana bir “Quyosh botishidan to tonggacha” kartinasi jangovar filmning ochiq parodiyasi va ayni paytda qoʻrqinchli film sifatida suratga olindi. Filmni bu safar rejissyor Robert Rodriges suratga oldi. Rodriges va Tarantino 1991-yilda qahramonimiz ssenariysi asosida oʻzining birinchi “Desperado” filmini suratga olganida uchrashgan edi.  Kartina syujeti Amerika “gorka” sida uchishga oʻxshardi. Endi nafas rostlashni boshladim deganda, voqealar silsilasi keskin oʻzgarib, eʼtiborni oʻziga qaratardi. Ushbu kartinaning Amerikada muvaffaqiyatli prokatidan soʻng bosh rol ijrochilaridan biri Jorj Kluni ham mislsiz mashhur boʻldi. Darhaqiqat, Kventin atrofida ijodiy uslublari bir-biriga oʻxshash yosh rejissyorlar guruhi tashkil topdi.

“Quyosh botishidan to tonggacha” filmi. (Jorj Kluni va Kventin Taratino) / kino-teatr.ru

Mazkur guruhlarning oʻziga xosligi shundaki, ular har bir sahnani juda sinchkovlik bilan ishlardi. Ammo Tarantinoning oʻzi ularga kinoya bilan qarardi.  Kventin filmlarining taʼsiri tanqidchilar aytganidek, makulaturadan boshqa narsaga yaramaydigan, xavfsiz emas edi. Kunlardan bir kuni Fransiya shaharlaridan birida politsiya aynan Tarantino filmidagi ssenariyga muvofiq qotillik sodir etgan qizni hibsga oldi. Qiz ekranda koʻrgan hodisa tufayli oʻz qilgan ishida hech qanday yomon narsa yoʻqligiga ishongandi. Shunday boʻlsa-da, Tarantino filmlari zoʻravonliksiz oʻzining jozibasini yoʻqotishiga ishonadigan tanqidchilar qaysidir maʼnoda haq edi.  Uning kartinalarida har doim alohida hikoya intonatsiyasi mavjud boʻlib, puxta oʻylangan kompozitsiya orqali amalga oshiriladi, obdan oʻylanmagan, “oʻtkinchi” kadrlar umuman mavjud emas.

Rejissyor hech qachon oʻzini haqiqiy yulduzday tutmaydi. U koʻp vaqtini ssenariy yozishga sarflaydi. Tarantino suratga olish uchun ssenariy tanlashda juda ehtiyotkor edi. Kventin oxirgi 3 yil davomida “Toʻrt xona” kartinasiga kiritilgan bitta qisqa hikoyani, shuningdek, mashhur “Tez yordam” teleseriali seriyasini suratga oldi xolos. Hozirda u suratga olishni emas, balki ssenariy yozish yoki boshqa rejissyorlarning filmlarida rol oʻynashni afzal koʻradi. Uni oʻtkir xarakterli aktyorlar qatoriga kiritish mumkin. Kventinning ideali “Aeroport” filmida ulkan boing (samolyot) ni yolgʻiz oʻzi qoʻndirgan Karen Bleyk hisoblanadi. Rejissyor kartinadagi asosiy narsa dinamik tarzda qurilgan syujet deb hisoblaydi va uning maqsadi hech qachon zoʻravonlik boʻlmagan.



Muqova suratlar: thevoicemag.ru / journal.tinkoff.ru / rbc.ru