6
Ulashish
803 marta koʻrilgan
I asr
Kolizey qurilishi xronologiyasi
Kolizey, (asl nomi Flaviy amfiteatri) — Flaviy imperatorlari hukmronligi ostida Rimda qurilgan ulkan amfiteatr. Kolizey qurilishi eramizning 70–72-yillari oraligʻida Vespasian davrida boshlangan. U Palatin tepaligidan sharqda, Neron oltin uyining oʻrnida joylashgan. Saroy markazidagi sunʼiy koʻl ramziy va amaliy maqsadlar tufayli butunlay quritilgan hamda u yerda Kolizey barpo etilgan. Taxtga chiqish yoʻli nisbatan kamtarona boʻlgan Vespasian zolim imperatorning shaxsiy koʻli oʻrniga oʻn minglab rimlikni sigʻdira oladigan amfiteatr qurishga qaror qilgan.Inshoot qurilishi milodiy 80-yilda imperator Tit tomonidan 100 kunlik oʻyinlarni oʻz ichiga olgan marosim uchun bagʻishlangan.
82-yilda imperator Domisian bir qancha oʻzgartirishlar qoʻshib, ishni toʻliq yakunlaydi. Avvalgi amfiteatrlardan farqli oʻlaroq Kolizey tosh va betondan yasalgan mustaqil inshoot boʻlib, silindrik va krestsimon gumbazlarning murakkab tizimidan foydalanilgan. Umumiy oʻlchami 189 ga 156 metrni tashkil qiladi. Arenaning uch qavati tashqi tomondan Doriy, Ioniy va Korinf orderi ustunlarini tutib turuvchi ravoqlar bilan oʻralgan. Oʻsib boruvchi tartibdagi inshoot ustunlari orderlar tizimi nomi bilan Uygʻonish davri kodifikatsiyasining asosi boʻlib xizmat qildi. Asosiy konstruktiv karkas va fasad travertindan, ikkilamchi devorlari vulqon tufasidan, ichki va ravoq gumbazlari esa betondan yasalgan.
Arxitekturasi
Arenani oʻrab turgan keng marmar teras (podium) devor bilan himoyalangan boʻlib, uning ichida imperator va boshqa oliy martabali shaxslar obroʻli birinchi qator oʻrindiqlar yoki qutilar deb nomlangan joylardan shoularni tomosha qilgan edi. Bu tashqarida oʻrindiqlar zonalarga boʻlingan: badavlat fuqarolar (senators), otliqlar (equestrians) oʻrta tabaqa fuqarolari (intermediate categories) uchun marmar oʻrindiqlar. Qullar va chet elliklar uchun esa yogʻochlik oʻrindiqlar. Ayollar va past tabaqa vakillari uchun esa yuqori qavatdagi tekis tomli kolonnada yogʻoch oʻrindiqli va tik turib tomosha qilish joylari mavjud boʻlgan.
Ushbu tom platformasining tepasida tomoshabinlarni yomgʻirdan himoya qiladigan yoki issiq kunlarda soyani taʼminlaydigan katta ayvonni (velarium) boshqarish uchun dengizchilar ishlagan. Oʻrindiqlarga keng zinapoyalar orqali kirilgan va har bir oʻrindiq raqamlangan.
Kolizeyning umumiy sigʻimi taxminan 45 000 oʻrindiq va 5 000 nafar tik turgan tomoshabinni sigʻdira olgan. Kolizeyning eng qadimiy tasvirlaridan biri Titus tangalarida uchraydi va unda uchta qavatni, yuqori tashqi arklardagi haykallarni va uning yonida joylashgan katta ustunli favvora — Meta Sudanni tasvirlangan.
Oʻyin va shoular
Tarixan oldingi etrusk oʻyinlari oʻlim marosimlariga bogʻliq boʻlsa-da, Rim arenalaridagi namoyishlar shunchaki koʻngil ochish uchun yaratilgan, shuningdek, ular imperatorning boyligi hamda saxiyligini namoyish etgan va oddiy odamlarga oʻz hukmdorini shaxsan koʻrish imkoniyatini bergan. Biroq ajoyib shoularning asl maqsadi qonli sport va oʻlim edi. Klavdiy davrida yiliga 93 ta oʻyin boʻlib oʻtgan va tomosha koʻpincha erta tongdan to kech tushguncha davom etardi.
Odatda gladiatorlar karnaylar va gidravlik organ (suv yordamida ovoz chiqaradigan asbob) joʻrligida aravalar yurishi bilan shouni boshlar, soʻngra otdan tushib, arenani aylanib chiqar, har biri imperatorga mashhur satrlar bilan salom berardi: Ave, imperator, morituri te salutant! (Salom, imperator, oʻlish arafasida boʻlganlar sizga salom yoʻllaydi!)
Komik yoki xayoliy duellar koʻpincha kunlik jangovar voqealardan boshlanardi. Ular odatda ayol, mitti (jussasi yoshiga nisbatan kichik odam) yoki nogironlar oʻrtasida yogʻoch qurollar yordamida olib borilardi. Undan soʻng esa gladiatorlarning turli sinflari oʻrtasidagi qonli sport oʻyinlar shousi boshlangan unda turli qilich, nayza, uch sanchiqli nayza va toʻrlar kabi qurollardan foydalanilgan. Ushbu sport turlariga ayol jangchilarni ham jalb qilishi mumkin edi.
Keyin esa bestiariy — professional hayvon oʻldiruvchi va ovchilar shousi boshlangan. Hayvonlarning bu musobaqalarda omon qolishga hech qanday imkoniyati yoʻq edi va koʻpincha nayza yoki oʻq yordamida masofadan turib oʻldirilardi. Ushbu shoularda asosan arslon, yoʻlbars, ayiq, fil, qoplon, begemot va buqa kabi yirtqich hayvonlar, shuningdek, kiyik, tuyaqush, jirafa, hatto kit kabi himoyasiz hayvonlardan ham foydalanilgan. Bir kunlik musobaqada yuzlab, baʼzan minglab hayvonlar soʻyilgan va koʻpincha bunday zoʻravonlik shafqatsizlikning yuqori choʻqqisiga chiqishi uchun ataylab qilingan.
Kolizey hozirgi kunda
Kolizey garchi zilzila va tosh oʻgʻrilarining oʻmarishlari tufayli vayron boʻlgan boʻlsa-da, hanuzgacha Rim imperiyasining mashhur ramzi hisoblanadi va dunyoning yangi 7 moʻjizasidan biri sifatida qayd etilgan. U Rimning eng mashhur sayyohlik joylaridan biri boʻlib, Rim katolik cherkovi bilan ham bogʻlangan. Har bir muborak juma kuni Rim papasi mashʼali bilan “Xoch yoʻli” marosimini Kolizey atrofida boshlaydi. Shuningdek, Kolizey tasviri besh sentlik yevro tanganing italyancha variantiga tushirilgan.
Manba: britannica.com
Muqova surat: midjourney.com