16
Ulashish
1239 marta koʻrilgan
1883–1971
Koko Shanel
Bir necha o‘n yillar davomida birgina “Shanel” nomining o‘zi butun dunyodagi ayollarni hayajonlanish va qandaydir o‘ziga xos, noyob va sirli olam haqida tasavvur qilishga majbur qila olardi. Dunyoda shu bejirim liboslar va yoqimli iforni yaratgan Koko Shanel ismli go‘zal fransuz ayoli yashashidan bexabar insonlar ham “Shanel” haqida eshitgan edi.
Mutaxassislar esa uni yaxshi bilar va bir ovozdan Shanel XX asr moda olami qonuniyatini asoschisi nomiga loyiqligini ta’kidlardi. Shanel bu qonuniyatni o‘zining shlyapa, ko‘ylak, bijuteriya va iforlari bilan asoslab bergandi. Koko Shanel o‘zining san’ati bilan ayol kishining imkoniyatlarini ochishga intilardi. Bu g‘oyani o‘z hayoti misolida — ayolning mustaqil bo‘lish huquqini isbotlagan holda namoyon qila boshladi.
Ba’zilar Kokoning ota-onasi erta vafot etib, uni qarindoshlari tarbiyalagani, boshqalar esa rafiqasining vafotidan keyin qizlarini rohibalarga topshirib, o‘zi uzoq Amerikada yo‘qolib ketgan ota haqida gapirardi. Boshqa guruh insonlar esa ota-onasining vafotidan keyin Shanel singlisi bilan Devil shahriga — shlyapalar tikishni boshlagan joyga borganini aytadi. To‘rtinchi guruh kishilar Kokoga Parijda modalar uyi ochishiga yordam bergan sevgilisi haqida so‘zlaydi. Bu hikoyalarning barida qisman haqiqat bo‘lsa-da, ularning har birida bahsli muhit yaratishga harakat qilingan.
Aslida Shanel sulolaviy savdogarlar oilasiga mansub edi. Qizaloq 6 yoshga to‘lganida onasi chindan ham vafot etadi. Otasi esa Gabrielni singlisi bilan birga monastirga topshiradi va ishlash uchun Amerikaga yo‘l oladi. Shanel aynan monastirda tikishni o‘rganadi. Lekin ko‘z nuri past bo‘lgani tufayli u shlyapa tikishga qaror qiladi. Gabrielda bu ishga iqtidor shakllanadi va xolasining uyiga ko‘chib o‘tganida boqimanda bo‘lib qolmaslik uchun shlyapa tikib sotishni boshlaydi.
1902-yilda badavlat ot fermasi sohibi bilan tanishib qolgach, Koko Shanelning taqdiri butunlay oʻzgarib ketadi. 8 yildan keyin — 1910-yilda Shanel Parijda bejirim ayollar shlyapalari sotiladigan shaxsiy do‘konini ochadi. U qancha kam detal bo‘lsa, shuncha yaxshi tamoyili bilan ish ko‘radi. Bosh kiyimdagi murakkab dizayn yoʻqolib, ularning oʻrnini kichik va bejirim detallar egallay boshlaydi. Meva, gul, qush pati va sanoqsiz lentalar oʻrnini bejirimgina kichik lenta, mitti guldasta yoki oddiy bezakli toʻgʻnogʻich egallaydi. Tez orada esa Shanel shlyapadagi bezaklar sunʼiy ham boʻlishi mumkin degan xulosaga keladi. Muhimi, bunday shlyapani kiygan ayol erining moddiy imkoniyatlarini namoyon qiladigan “veshalka” kabi namoyon boʻlmas, shunchaki goʻzal koʻrinishda boʻlardi. Gabriel biznesini kengaytirishga qaror qiladi.
1914-yilda Shanel Kambon koʻchasida yana bir doʻkon ochadi. Yangi doʻkon birinchisidan kengroq boʻlib, Koko kiyim tikish bilan shugʻullanish haqida oʻylay boshlaydi. Qizigʻi, Koko tikishdan xabardor emasdi, keyinchalik ham buni oʻrganib ololmaydi. Lekin u juda ajoyib tarzda loyihalashtirar (bichar) va modellarini bir-biriga toʻgʻnogʻich yordamida birlashtirardi. Koko Shanel 1919-yili Parijda shaxsiy ayollar modasi uyi (atelyesi) ni ochadi. U Libos borasidagi konsepsiyasini ayollar korset va uzun yubkalar kiyib yurgan vaqtlardayoq ishlab chiqqan edi. Kiyimlar ogʻir junli matodan tikilar, havo oʻtkazmasdi. Albatta, bunday kiyimlar qomatni boʻgʻar, tez harakatlanish, sport bilan shugʻullanish, endi-endi urf boʻlayotgan avtomobilda yurish yoki erkakchasiga egarda oʻtirishga imkon bermasdi.
Shanel birinchilardan boʻlib yengil, keng bichimli qulay libos tikishni boshladi. U oʻz modellari haqida ular nafaqat qulayligi, hatto sakrashga ham imkon berishini aytardi. Shu sabab jersi va tvid uning sevimli matolari safidan joy oldi. Ular ancha nozik, issiq va ayollarga bemalol harakatlanish imkonini berardi. Shu bilan birga, Shanel oʻz modellarini diqqat bilan ishlab chiqar, avvaliga faqat tor doiradagi kishilar uchun tikardi.
Koko Shanel hozirda urf boʻlgan kardigan — yelkasi tik turmaydigan pidjak tikishni birinchilardan boʻlib boshlaydi. U choʻntaklarni muomalaga kiritadi va har qanday holatda kiyiladigan kichik qora koʻylakni oʻylab topadi. Barchasi libosga qanday detallar qoʻshishga bogʻliq boʻlardi. Shunda Shanel yorqin va sunʼiy qimmatbaho bezaklarni oʻylab topadi. U hatto ayollar orzu ham qilmagan narsalar — qomatga mos shimlarni ham ishlab chiqadi. Hatto Amerikada ham ayollar jinsi shimlarni 30-yillarning boshida kiya boshlagandi.
Chanel № 5 atiri / chas.news.ru
Ayol obrazini betakror va sirli qilish yoʻlida Shanel 1922-yili shaxsiy iforini yaratib, uni sevimli raqami bilan nomlaydi — Chanel № 5. U birinchilardan boʻlib atir aniq bilinadigan hidga ega boʻlishi, asosan gullar iforini taratishi haqida insonlar ongiga singib ketgan anʼanani buzadi. U oʻz iforini 80 ta komponent asosida yaratadi va har bir ayol oʻzining ichki olami va kayfiyatiga qarab har doim shaxsiy iforini tanlay olishiga erishadi. U: “20 yoshgacha sizga ato qilingan husnga, 30 yoshdan keyin esa oʻzingiz yaratgan chiroyga, 50 yoshdan soʻng loyiq boʻlgan husnga ega boʻlasiz”, — deb bejiz aytmagan. Shanel mahsulotlari butun dunyoda nom qozonadi, u hatto Gollivud yulduzlaridan buyurtma olishni boshlaydi.
1931-yilda uni ataylab Amerika kinoyulduzi — Gloriya Svensonga libos oʻylab topishi uchun Gollivudga taklif qilishadi. Albatta, bu liboslar unchalik mashhur boʻlib ketmaydi. Bu hodisa haqida New York magazine jurnali chuqur kinoya bilan shunday izoh qoldirgan edi: “Shanel ayolni bor boʻyicha namoyon boʻlishga majburladi”.
30-yillarga kelib, Koko Shanel mashhurlik choʻqqisiga chiqdi. Uning ajoyib saloni va “Ritz” mehmonxonasida Lyudovik XIV zamonidagi barcha mebellar kolleksiyasi jamlangan uyi bor edi. Shanel Ikkinchi jahon urushi davrida Parijda, “Ritz” mehmonxonasida yashashda davom etdi. Doʻkoni yopilgan boʻlsa ham uning oʻzi zarar koʻrmagandi. Shu sabab urushdan soʻng Shanelning nemis doirasiga yaqin boʻlgani haqida gap-soʻz tarqaydi. Haqiqatan ham, u birmuncha vaqt nemis kommersanti (chakana savdogar) bilan yashagandi.
Shanelning “Ritz” mehmonxonasidagi uyi / juliakravtsova.livejournal.com
Parij ozod etilgach Shanelni hibsga olishadi, lekin tez orada qoʻyib yuborishadi. Ammo endi Parijda qolish mumkin boʻlmagani uchun Shveytsariyaga joʻnab ketadi. Oʻsha yerda Shanel atir ishlab chiqarish boʻyicha yangi ish boshlaydi. Shu yerda ham u yangilik yaratadi — shaffof shishadan oddiy shaklli idishni oʻylab topadi. Bu vaqtga kelib uning modelyer sifatidagi ishlari unutilgandi, lekin u tushkunlikka tushmaydi.
1953-yilda Shanel 71 yoshda boʻlishiga qaramasdan katta moda olamiga qaytishga qaror qiladi. Bundan tashqari, u moda haqidagi tasavvurda deyarli inqilob yaratib, yangi loyihasi ustida ish boshlaydi. Endi Shanel hamma uchun kiyim tikishni boshlaydi, bu kiyimlar esa sifat jihatidan bungacha tikilganlaridan farq qilmasdi. Shunday qilib, Shanel minglab nusxada arzon, biroq ajoyib tarzda tikilgan liboslarni ishlab chiqaradi.
Shanel liboslarining 1954-yildagi birinchi namoyishi muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, lekin u ortga chekinmay, ikkinchi kolleksiya ustida ish boshlaydi. Bu namoyish Shanelga uzoq kutilgan shuhratni olib keladi. Shanel liboslarining asosiy xaridorlari endi Amerika ayollari boʻldi. Qulay va nozik kiyimlar ularning didiga maʼqul keldi va amerikalik ayollar Shanelning firmasiga avvalgi shuhratini tiklashi uchun yordam berdi. Lekin mashhur modelyerning shaxsiy hayotida baxti ochilmadi va 1971-yilda yolgʻizlikdagi, farzandsiz hayoti yakunlandi. Uning oʻlimidan keyin 10 yil ichida firma ham sekin-asta tanazzulga uchradi.
Karl Lagerfeld / wikipedia.org
Ishlab chiqarish boshiga mashhur dizayner Karl Lagerfeld kelgach firma yana “uygʻondi”. U Shanelning uslubini birmuncha oʻzgartirib, unga jozibador elementlar qoʻshdi. Lagerfeld Shanelning oʻlimidan 25 yil oʻtib, uning uyida xotirlovchi modalar namoyishini tashkil qildi. Karl Lagerfeld intervyularidan birida erkak modelyerlar koʻproq muvaffaqiyatga erishganini aytgan boʻlsa ham, Shanel nafaqat moda choʻqqisida erkaklarni siqib chiqargan birinchi ayol-dizayner boʻlgani uchun, balki aynan uning liboslari XX asr qiyofasini belgilab bergani uchun ham moda tarixidan abadiy oʻrin oldi.
Muqova surat: wikipedia.org