Orqaga

846 marta koʻrilgan

48-yil

Klavdiyning rafiqasi Messalina fitna sababli qatl etildi

Valeriya Messalina va imperator Klavdiy. Valeriya Messalina 15 yoshda boʻlib, juda ham goʻzal edi. Tiberiy Klavdiy Sezar Avgust esa 50 yoshdan oshgan va Rim imperiyasining boʻlajak imperatori boʻlgan. Milodiy 38- yilda (turlicha sanalar keltiriladi) Tiberiy Klavdiy Sezar Avgust (tarixda Klavdiy nomi bilan tanilgan) ikkinchi amakivachchasi boʻlmish Valeriya Messalinaga uylanadi. Bu jannatiy hayotni vaʼda qiluvchi nikoh emas edi. Baʼzilar hatto Valeriya faqatgina imperiyadagi eng kuchli oilalardan biri davrasiga qoʻshilish maqsadida Klavdiyga turmushga chiqqan deya daʼvo qiladi. Valeriya Messalina nima sababdan turmushga chiqqanidan qatʼi nazar, tarix Klavdiyni ogʻzidan suvi oqqan va duduq imperator, Valeriyani esa nazoratga oʻch, makkor va shuhratparast ayol sifatida eslab qolgan.

Valeriya Messalina hayotining dastlabki davri

Klavdiyga turmushga chiqishidan avval Messalina haqida koʻp narsa nomaʼlum edi. U miloddan avvalgi 20–22-yillarda juda obroʻli Rim oilasining ikkinchi farzandi va birinchi qiz farzandi sifatida (oʻzidan avval bir akasi bor boʻlgan) dunyoga kelgan. U imperator Avgustning singlisi Oktavia bilan ota-onasi tomonidan qarindosh edi. Uning onasi — kichik Domitiya Lepida Mark Antoniyning nabirasi edi, otasi esa (onasining birinchi amakivachchasi) Valerius Messalla Barbetos konsul va imperator Kaligula xonadonining ishonchli aʼzosi boʻlgan.

Messalinaning boʻlajak turmush oʻrtogʻi Klavdiy koʻpchilikning fikriga koʻra, hech qachon hech narsaga erisha olmaydigan inson edi. Onasining oʻzi uni “yirtqich hayvon” deb atagan. U Messalina bilan turmush qurishidan avval ikki marta uylangan edi. Birinchi ayoli Plantiya Urgulanilla (zino qilganlik shubhasi tufayli ajrashgan) edi. Undan keyingi ayoli Eliya Paetina (Messalinaga uylanish uchun ajrashgan) boʻlgan. Imperatorning yangi turmush oʻrtogʻi Messalina unga ikki farzand tugʻib beradi. Birinchi farzandi milodiy 39-yilda tugʻilgan Klavdiya Oktavia (u oxir-oqibat Klavdiyning oʻgay oʻgʻli va vorisi Neronga turmushga chiqadi) edi. Ikkinchi farzandi esa milodiy 41-yilda tugʻilgan va Britannik nomi bilan mashhur boʻlgan Tiberiy Klavdiy Germanik edi. Britannik Klavdiy imperator nomini olishidan uch hafta avval parda ortida titrab turgan vaqtida dunyoga kelgan. Unga Britannik nomi Klavdiyning Britaniyadagi gʻalabasidan keyin berildi. Uning tugʻilishi Messalinaga Klavdiy ustidan qoʻshimcha nazorat qilish imkonini berdi, chunki Messalina imperatorga merosxoʻr tugʻib bergandi. Afsuski, Britannik milodiy 55-yilda oʻgay ukasi Neron tomonidan zaharlangan.

Messalina va Klavdiy munosabatlari

Messalina koʻpincha ishonuvchan Klavdiy ustidan nazorat qilardi. Bu holat esa imperator Klavdiy oʻzining jiyanlari — Kaligulaning akasi Germanikning qizlari Agrippina (u Klavdiyning toʻrtinchi xotini boʻlgan) va Yuliya Livillani Portiyadagi surgundan qaytarishni buyurganidan koʻp oʻtmay hammaga maʼlum boʻlib qoladi. Ularning ikkalasi ham koʻp yillik zoʻravonlikdan soʻng Kaligula tomonidan surgun qilingan edi. Ular Rimga qaytib kelgach, Klavdiy ularning puli va mol-mulklarini qaytarib beradi. Messalina, ayniqsa, imperatorga yoqib qolgan yosh va goʻzal Yuliyaga hasad qilardi. Baʼzilar Messalina ikki opa-singil va ularning eridan hayiqqan, ular Klavdiy hamda xotinini saltanat ishlaridan chetlatib, taxtga daʼvo qilishi mumkinligiga ishongan deyishadi. Messalina Yuliyaga qarshi tuhmatlar, zino aybi va boshqa ayblovlar qoʻyadi va Klavdiyni uni surgun qilishga koʻndiradi. Yuliya oxir-oqibat surgunda ochlikdan vafot etadi. Uning eri Markus Vinisius ham zino ayblovi bilan qatl etilgan. Agrippina donolik qilib barcha ayblovlardan chetda turgan. Messalina Yuliyaga nisbatan soxta ayblovlardan foydalanish bilan cheklanib qolmagan. Messalina oʻziga qarshi chiqqan har bir kishini Klavdiyni taxtdan agʻdarishda gumon qilib, fitnali ayblovlarni ilgari surgan. Qoʻrqoq Klavdiy esa unga qarshilik koʻrsatolmagan.

Imperator Klavdiyning bosh haykali / wikipedia.org

Messalinaning eng koʻp xatolaridan biri — eriga nisbatan sadoqatsizligi edi. Xuddi shunday, u sevib qolib munosabatga kirishgan odamga hammaning rahmi kelardi. Mana shunday xiyonatlardan biri oʻgay otasi bilan yuz bergan. Messalinaning onasi erining oʻlimidan soʻng Sharqiy Ispaniya gubernatori Appiy Silanga turmushga chiqadi. Afsuski, Silan uchun endi haqiqiy sinovlar boshlanadi. Chunki Messalina oʻgay otasini sevib qoladi. Ammo Silan Messalinaning qayta-qayta takrorlangan takliflarini rad etadi. Milodiy 42-yilda bunday rad javoblar uchun oʻch olish istagida Messalina imperator Klavdiyning kotibi boʻlmish doʻsti Narsisni Silan imperatorni pichoqlab oʻldirgani haqida tush koʻrganini aytishga koʻndiradi. Imperatorni yanada chalgʻitish va ishontirish uchun Messalina ham xuddi shunday tush koʻrdim deb aytadi. Bunday alomatlarga qattiq ishongan imperator Silanni qatl qilishga buyruq beradi. Uning raqqos Mnesterga yoki oʻgay otasiga boʻlgan muhabbati avlodlar osha mish-mishlar va gʻiybat mavzusiga aylanadi. Bu mish-mishlar qatoriga, shuningdek, uning mahalliy fohishaxonada yashirincha ishlagani haqidagi taxminlar ham kiradi.

Haqiqiy yoki xayoliy fitnalarga qarshi kurashish va ularni bostirish Silanning qatl etilishidan keyin koʻplab oʻlim va mulklarning musodara qilinishi bilan yakunlandi. Toʻymas va nafsiga qul Messalina oʻz xohish-istaklarini faqatgina qasos olish bilan cheklamadi. U mulklarni egallab, oʻzlashtirib olishni ham yoqtirardi. Mana shunday hodisalardan biri Valeriy Aziatukusga tegishli boʻlgan goʻzal Lukulla bogʻlariga Messalina oʻz diqqatini qaratganida sodir boʻldi. Albatta, u har doimgidek nima qilishni yaxshi bilardi. Boshqalarda boʻlgani kabi Valeriy ham imperatorga qarshi fitna uyushtirganlikda ayblanib, qatl qilinishi kerak edi. Ammo qatl oʻrniga unga oʻz joniga qasd qilishga ruxsat berildi. Bogʻlar endi Messalinaniki boʻldi. Koʻplab aqlli senatorlar ochkoʻz Messalinaga yoqishga urinardi va uning Klavdiyga boʻlgan taʼsiridan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanardi.

Ishlarning ortga ketishi

Milodiy 48-yilga kelib, Messalinaning hayot tarzi va erining obroʻsi hamda Rim qadriyatlariga ochiqchasiga eʼtibor bermasdan ustidan kulishi cheksiz davom etmasligi oydinlashdi. Messalinaning qulashi Gay Silius ismli Rim senatori bilan uchrashganida sodir boʻldi. Gay dastlab, Messalinani rad etganiga qaramay, keyinroq uning sehrli domiga tushadi. Bu vaqtga kelib, koʻpchilik Klavdiyning ustidan Messalinaning zinokorligini bilgan, lekin bu haqida imperatorga aytishga qoʻrqqanlar yashirincha kulib yurardi. Tarixchilar fikricha koʻra, Klavdiy xotinining beadabliklarini bilgan, ammo shunchaki eʼtibor bermaslikni afzal koʻrgan.

Messalinaning Gayga boʻlgan muhabbati uning oʻzi Gay bilan birgalikda Klavdiyni taxtdan agʻdarib tashlash rejasini tuzishga olib keldi (voris sifatida Britannikni qabul qilmoqchi edi). Agar reja amalga oshsa, ular Rimni birgalikda boshqarishga kelishib olgandi. Klavdiy shahar tashqarisida boʻlgan paytda, u Gayni xotini Yuniya Sinius bilan ajrashishga majbur qildi. Ular ajrashgach Messalina oddiy marosim oʻtkaziboq Gayga turmushga chiqdi. Messalina hattoki saroydan Gayning uyiga mebellarni koʻchirtirdi.

Toʻyda guvohlik qilgan Narsis Messalina qilgan ishlarning oqibatini tushunib yetdi va bu haqida Klavdiyga xabar berib, oʻzining toʻydagi ishtiroki uchun uzr soʻradi. “Klavdiy qasos olishga harakatni boshladi”, degan xabar tezda tarqaldi. Klavdiy ikkilanib Messalinani kechirishi mumkinligini tushunib yetishgach, ularning uchrashishini oldini olish choralari koʻrildi. Nihoyat, Messalina juda ham haddidan oshib ketganligini tushunib yetdi va Klavdiyning oldiga onasini kechirishini soʻrash uchun farzandlari Oktavia va Britannikni yuborib, imperatorni chalgʻitmoqchi boʻldi. Messalina oʻzining bogʻiga borishga buyurildi. Reja boʻyicha ertasi kuni ertalab Klavdiy uni oʻsha yerda koʻrmoqchi edi. Tarixchi Tatsit quyidagicha yozgan:

Messalina atrofida yuz berayotgan xavf-xatarlar fikrlash kuchini butunlay yoʻqotgan boʻlsa-da, darhol eri bilan uchrashishga qaror qildi. U Britannik va Oktaviaga otalarini quchoqlab kutib olishni buyurdi. Messalina esa Lukulla bogʻlarida hayot uchun kurashar hamda umid va gʻazab oʻrtasida tebranib, iltijo xatlarini yozardi. Gay va toʻyda qatnashgan mehmonlar darhol qatl etildi. Tatsit shunday yozgan edi: “Senturionlar (harbiy yuzboshilar) yetib kelganida, toʻyga kelgan boshqa mehmonlar har tomonga qochib ketdi va ularning har birini xoh koʻchalarda boʻlsin, xoh yashiringan joyida boʻlsin, temir kishanlarga solishdi. Messalinaga oʻz joniga qasd qilish buyrugʻi elchi orqali yuborildi. Messalina joniga qasd qila olmagach, xabarchining oʻzi uni pichoqlab oʻldirdi.

Messalinaning oʻlimi / wikipedia.org

Tatsit bu haqida shunday yozadi: “… u taqdiri qanday tugashini tushunib yetdi va qoʻliga xanjarni oldi. U dahshatga tushib, xanjarni dam tomogʻiga dam koʻkragiga qoʻyardi. Nihoyat, tribun bergan zarba uning koʻkragini teshib oʻtdi. Xotinining oʻlimini eshitganidan soʻng Klavdiy hech qanday his-tuygʻularni namoyon qilmadi. U nafrat, quvonch yoki gʻazab yoxud qaygʻu belgisini koʻrsatmadi”. Tarixchi Svetoniy oʻzining “Oʻn ikki Sezar” asarida Messalina haqida juda kam gapirgan, faqat quyidagilarni yozgan: “Maʼlum boʻlishicha, u nafaqat boshqa sharmandali jinoyatlar sodir etishda aybdor, balki Gay Silius bilan ikki erlik nikohni qayd etish va hatto guvohlar oldida rasmiy nikoh shartnomasini imzolashgacha borgan. Shuning uchun Klavdiy uni qatl etgan…”

Messalinadan keyin Klavdiy turmush qurmasligini aytgan. Afsuski, keyinroq uning yoniga Agrippina ismli ayol keladi. U imperatorning toʻrtinchi xotini edi. Agrippina ham imperatorning boshqa rafiqalari singari imperatorga boʻlgan munosabatlarda namuna koʻrsatmadi, chunki uning yagona orzusi va rejasi oʻgʻli Neronni taxtga oʻtkazishdan iborat edi.



Manba: worldhistory.org
Muqova suratlar: wikipedia.org / freepik.com