Orqaga

1548 marta koʻrilgan

1930-yil

KFC tarixi

Kentucky Fried Chicken (KFC) oʻzining qovurilgan tovuqlari bilan dunyoga mashhurdir. Oppoq soqolli keksa odamning qiyofasi bilan tanilgan brend haqiqatan ham tashqi koʻrinishidan qarsildoq, ichki tarafi esa sergoʻsht. Jarayon 1930-yillarda Xarland Sanders ismli kishi qiyinchiliklar qarshisida taslim boʻlishni istamay, 1980-yillarda vafotiga qadar dunyodagi eng mashhur fast-fud tarmoqlaridan biri — KFCʼni yaratib multimillionerga aylanganida boshlangan. Sanders 1930-yilda Kentukki shtatida joylashgan Korbin shahridagi yoqilgʻi quyish shoxobchasiga ishga kiradi. Qoʻshimcha daromad qilish ilinjida u ovqat pishirib, uni xaridorlarga taklif qiladi. Sanders oʻsha yerda qovurilgan tovuq va yoshligida oʻrgangan boshqa taomlarni tayyorlay boshlaydi.

KFC asoschisi Polkovnik Xarland Sanders / wikipedia.org

Tez orada uning oshpazligi haqida gap tarqaladi va uzoq joylardan odamlar uning taomlaridan tatib koʻrish uchun kela boshlaydi. U pishirgan tovuqlar shunchalik ommalashib ketdiki, u oxir-oqibat gaz nasoslarini olib tashlaydi va yoqilgʻi quyish shoxobchasini toʻliq restoranga aylantiradi. Qovurilgan tovuqni pishirish uchun taxminan 30 daqiqa kerak boʻlardi. Bu Sanders uchun dolzarb muammo edi, chunki qovurilgan tovuq uning menyusida eng xaridorgir taom edi. Bu muammoni hal qilish uchun u tovuq qovuruvchi frityur oʻrniga tezqaynar qozonchadan foydalangan hamda vaqtni 8–9 daqiqaga qisqartirgan. Bu unga qovurilgan tovuqni koʻproq sotishiga yordam bergan.

U qovurilgan tovuq retsepti ustida tajribalar oʻtkazishda davom etadi. Nihoyat 1938-yilda u qovurilgan tovuqning mukammal retseptini yaratadi. Retsept hozirgi kunda KFC siri sifatida yashirin saqlanadigan 11 xil oʻsimlik va ziravorlarni oʻz ichiga oladi. U Shimoliy Karolina shtatining Ashvill shahrida yana bir Sanders Court&Cafe ochish orqali oʻz biznesini yanada kengaytirdi. Korbindagi restorani 1939-yilda yongʻin oqibatida vayron boʻldi. U qaytadan qurilguniga qadar, Ikkinchi Jahon urushi boshlandi va uning asosan turistlardan iborat boʻlgan xoʻrandalar soni qisqarib ketdi. Qisqa vaqt oʻtib, u Ashvilldagi joyini sotib yubordi.

1978–1991-yillardagi KFC logotipi / wikipedia.org

Uning biznesi kurashishda davom etdi, ammo 1955-yilda boshqa bir zarbaga uchradi. Katta yoʻl ustidan shtatlararo aylanma yoʻl qurilgan boʻlib, bu katta yoʻl (shosse) orqali yuradigan odamlar sonini kamaytirdi. Oxir-oqibat Sanders Korbindagi joyini ham sotishga majbur boʻldi. Lekin Sandersda boshqa fikr bor edi — retseptini Kentucky Fried Chicken nomi ostida franshiza (boshqa mashhur kompaniya nomidan sotish va foydalanish huquqini berish) qilmoqchi edi. U 1952-yilda retseptini Pit Xarmanga muvaffaqiyatli tarzda topshirib, bu tizimga poydevor qoʻyishga ulgurdi. U bir qancha bosimli pishirgich (gaz plitasi yoki duxovkasi) va 11 xil oʻsimlik hamda ziravor aralashmasini mashinasiga joyladi hamda AQSh boʻylab sayohatni boshladi.

Issiq qanotlar va kartoshka fri / wikipedia.org

U mamlakat boʻylab sayohat qildi va yoʻl-yoʻlakay koʻplab restoranlarga kirib, namunalar taklif qildi. Mijozlar namunalarni tatib koʻrganidan soʻng u restoran egalari bilan franchayzing bitimlari boʻyicha muzokaralar olib bordi. Bu odatda ular sotgan tovuqning har bir boʻlagi uchun 0,04 dollar miqdorida vositachilik badali haqida kelishish uchun edi. Buning evaziga u tovuqlarni qanday pishirishni oʻrgatishni taklif qildi. U oʻzining birinchi franchayzing shartnomasini Yuta shtatidagi bir restoran bilan imzoladi va 1963-yilga kelib, AQSh boʻylab 600 ta Kentucky Fried Chicken franchayzlar mavjud edi. Sandersdan KFCʼni sotib olishga koʻp odamlar urindi va 1964-yilda Xarland Sanders KFCʼni Jon Yang Braun va Jek Kerroll Massey boshchiligidagi investorlar guruhiga 2 million AQSh dollariga sotdi. Xarland uni sifat har doim saqlab qolinishi, umr boʻyi maosh bilan taʼminlanishi va har doim kompaniyaning yuzi boʻlib qolishi shartlari bilan sotdi.

KFCʼning 1970-yilga kelib, turli mamlakatlarda savdo nuqtalari soni 3000 tagacha koʻpaydi. Braun 1971-yilda KFCʼni oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlovchi va ichimliklar ishlab chiqaruvchi Heublein kompaniyasiga 285 million dollarga sotdi. Xarland Sanders 1980-yilda vafot etdi. U vafot etgan paytda KFCʼning 48 xil mamlakatda 6000 ta shoxobchasi bor edi. Tamaki sanoati giganti Richard Joshua Reynolds 1982-yilda Heubleinni sotib oldi va 1986-yilda KFCʼni PepsiCoʼga 850 million dollarga sotdi. Kompaniya PepsiCo qoʻl ostiga oʻtganidan soʻng koʻplab yangi mahsulotlar ishlab chiqarildi. KFC nomi 1991-yilda rasman qabul qilindi.

Kompaniya oʻsishda davom etdi va 1997-yilda PepsiCo oʻzining KFC, Taco Bell va Pizza Huntʼni oʻz ichiga olgan restoranlar tarmogʻini Tricon Global restoraniga aylantirdi. Yangi kompaniya oʻzining nomini 2022-yil may oyida Yum! Brandsʼga almashtirdi. Zamon bilan hamnafas boʻlish uchun KFC oʻz menyusiga turli xil yangi taomlarni kiritdi. Hindiston kabi mamlakatlarda u kattaroq auditoriyani jalb etish maqsadida koʻplab vegetarian taomlarni taklif qildi. Shunga oʻxshab, KFC oʻz menyusini faoliyat yuritayotgan mamlakatining taomillariga qarab modullashtirgan.

Michigan shtatining Oskoda shahridagi KFC va Taco Bell qoʻshma kafesi / wikipedia.org

Bugungi kunda KFC dunyoning 150 davlatida 22 600 ta kompaniyaga ega boʻlib, brend qiymati 8,3 milliard AQSh dollarini va 2020-yil 27-iyul holatiga koʻra, 27,9 milliard dollarlik sotuvni tashkil etadi. Kompaniya, shuningdek, oʻsimlikka asoslangan goʻsht bilan tajriba oʻtkazmoqda va uning oʻsishini kengaytirish uchun yangi texnologiyalardan foydalanishga intilmoqda.


 

Muqova suratlar: freightwaves.com / wikipedia.org