Orqaga

821 marta koʻrilgan

1750–1848

Karolina Lukretsiya Gershel

Biz foydalanadigan yulduzlar xaritasi aksariyat hollarda real voqelikka unchalik ham toʻgʻri kelmaydi, chunki biz samoni faqat tunda va qurollanmagan koʻz bilan kuzatamiz. Aslida esa har lahza koinotda ajabtovur, favqulodda ulkan miqyosli tomosha “ijro etiladi”: yangi yulduzlar portlaydi, qora tuynuk materiyani oʻz domiga tortadi, koʻz ongimizda hayratlanarli rang va shakllarga ega ulkan galaktika namoyon boʻladi. Lekin ushbu beqiyos va favqulodda goʻzal tomoshani faqat kam sonli mutaxassis kishilar – kuchli va sifatli teleskoplarga ega astronomlar koʻra oladi. Qurollanmagan koʻz bilan esa deyarli hech narsani koʻrib boʻlmaydi.

NASAʼning koinotga, Yer atmosferasi tashqarisiga chiqargan ilk orbital teleskopi – Xabbl deb nomlanadi va unga odatiy teleskoplarga xalaqit beradigan omillar: atmosfera va tashqi yorugʻlik kabilar hech qanday taʼsir koʻrsatolmaydi. Xabbl teleskopi har bir yerlik uchun koinotda har lahzada yuz berib turadigan, ulkan samoviy tomoshalardan bahra olish imkonini beradi. Koinotning ushbu teleskop orqali olingan tasvirlari goʻzalligi va jozibasidan hayratlanmaslikning iloji yoʻq. 2009-yil Yevropa Ittifoqi koinotga shunga oʻxshash yana bir teleskopni chiqardi. Uning nomi Gershel boʻlib, mazkur teleskop Xabbldan ham biroz kattaroqdir. Gershel linzasining diametri 3,5 metrni tashkil qiladi. Uning yordamida koinotni kuzatish amaliyoti spektrning infraqizil nur qismida bajariladi. Xabbl orqali tasvirga olingan samoviy hodisa jozibasidan tomoshabinning ogʻzi lang ochilib qoladi. Gershel esa bizga undan ham qiziq rakursni namoyish qila oladi. U orqali koinotga nigoh tashlagan kishi koʻz oʻngida namoyon boʻlayotgan manzaradan lol qolib, oʻzini yoʻqotib qoʻyishi ham hech gap emas.

Keling, barchasi haqida bir boshdan gaplashamiz. Gershel – XVIII asrda yashab oʻtgan buyuk ingliz astronomi – Vilgelm Gershel (1738–1822-yillar) sharafiga nomlangan. Vilgelm Gershel Germaniyada tavallud topgan va keyinchalik Angliyaga koʻchib oʻtib, ismini ingliz tiliga moslab Uilyamga oʻzgartirgan. Uning tarixda oʻta mashhur boʻlib ketishiga sabab boʻlgan kashfiyoti – Uran sayyorasini kashf qilganligi boʻlgan. Albatta, astronomlar Gersheldan avval ham cheksiz koinot sarhadlarida Uranni payqagan va kuzatgan ham. Lekin ulardan hech biri oʻzi kuzatayotgan mazkur osmon jismi aslida Yer, Mars, Yupiter va hokazolar kabi Quyosh tizimi tarkibidagi sayyora ekanini fahmlamagan. Gershel esa ushbu osmon jismini sayyora sifatida aniqlagan ilk olimdir.

Karolina Lukretsiya Gershel va uning turmush oʻrtogʻi / aeon.co

Shubhasiz, koʻplab boshqa astronomlar kabi Uilyam Gershel ham oʻz mamlakati rahbariyatining homiyligi va qoʻllab-quvvatlashi ostida ishlagan (oʻrta asrlarda esa qirollar astronomlarni eng avvalo munajjimlik qilishi, yaʼni qirol va mamlakat taqdiri haqida bashorat berib borishi uchun saroyda saqlagan). Shu sababli Gershel oʻzi kashf qilgan sayyoraga oʻz zamonasi qiroli – Georg III sharafiga nomlagan. Keling, bu mavzuda chuqurlashmaylik-da, Uran XIX asr oʻrtalaridan boshlab, shu nomga ega boʻlganini taʼkidlash bilan cheklana qolaylik. Uilyam Gershelning ajoyib va chiroyli singlisi boʻlgan. U ham akasi singari astronomiya bilan shugʻullangan. Hozir aynan u haqida suhbatlashamiz. Gershellar oilasining shajaraviy “ildizi” Germaniyaning Gannover shahridan tarqalgan. Oila boshligʻi – Isaak Gershel harbiy orkestr safidagi musiqachi boʻlgan. U toʻngʻich farzandi – Vilgelm Gershelni ham oʻz kasbi boʻyicha oʻqittirgan va haqiqatan ham biz astronom sifatida taniydigan Uilyam Gershel avvaliga harbiy musiqachi boʻlib xizmat qilgan. Uning bir necha janglarda ham ishtirok etgani maʼlum.

Qiziquvchilar internetdagi turli manba va musiqiy arxivlardan Gershel ijodiga mansub simfonik asar va hatto konsertlarni ham izlab topishi mumkin. Ushbu musiqiy asarlarni diqqat bilan tinglasangiz, ularning muallifida oʻsha davr harbiylariga xos boʻlmagan ayrim nozik hissiyotlar mavjudligini ilgʻaysiz. Harbiy qasamyoddan keyin Gershel oʻz-oʻziga: “Essiz, menga oyoq-qoʻllar hayf”, — deb xitob qilgan. Gershel biroz muddat harbiy xizmatni oʻtagach, jang-jadallarsiz, tinch va xotirjam hayot bilan yashashni istab qoladi hamda qardosh Angliyaga ketadi. Qardosh deyilishining sababi bor, albatta. Gershel yashagan zamonda Gannover yerlari ham Angliya qiroli tasarrufida boʻlgan. Uilyam Gershelning 12 yoshli kichik singlisi Karolina esa Gannoverda oʻz oilasi bilan qolgan. Chunki u avvalo Gershellar xonadoni bekasiga uy-roʻzgʻor ishlarida bosh yordamchi boʻlsa, qolaversa, xonadon kattalarining fikriga koʻra, ayol kishi faqat oʻz uyi yumushi bilan mashgʻul boʻlishi kerak edi. Karolina Gershel oʻz uyida xuddi xizmatchi misol faqat pishir-kuydir, supur-sidir ishlari bilan band boʻlgan. Karolina 10 yoshligida ogʻir asoratli ichterlama xastaligiga duchor boʻlgan va jismoniy oʻsishda tengdoshlaridan orqada qola boshlagan. U jimitdekkina qizaloq boʻlgan. Karolina Gershelning boʻyi u voyaga yetgan vaqtda ham atigi 130 sm atrofida boʻlgan.

Uning bu kabi jihatlarini eʼtiborga olgan xonadon kattalari, ayniqsa, onasi hech qaysi yigit Karolinaga uylanmasa kerak deb oʻylagan. Shuning uchun Karolina bu hayotda faqat oʻz ona xonadonida uy-roʻzgʻor ishlari bilan band boʻlib yashab oʻtadi degan fikr ularda qatʼiy oʻrnashib qolgan edi. Birinchi masalada ular haq boʻlib chiqdi: Karolina haqiqatan ham turmushga chiqmasdan, toq yashab oʻtadi. Lekin uy xizmatchisi masalasida Karolinaning oʻzidan boshqa Gershellar qattiq yanglishgandi. Karolina Uilyamga ular hali yosh bolalik chogʻlarida otasi tungi osmon, ayniqsa, yulduzlarning joylashuvini koʻp tushuntirgan. Ota-bolalar koinotdagi yulduz turkumlarini oʻrganib chiqqan. Oʻsha paytda fazoda paydo boʻlgan “dumli yulduz” esa bolalarning sirli koinotga boʻlgan qiziqishini yanada orttirib yuborgan. Ehtimol, aynan shu vaqtda boʻlajak aka-singil astronomlar oʻzining kelajak kasbini tanlab boʻlgandir…

Vaqt oʻtishi bilan Karolina Gershel shunchaki maishiy turmush bilan oʻralashib yashashdan zerikdi. 1772-yilga kelib, u ham akasining ortidan Angliyaga yoʻl oldi. Akasini izlab topgach, avvaliga uning xonadoniga joylashib, yana roʻzgʻor ishlari bilan band boʻlib turdi. Uilyam Gershel ingliz yeriga yaxshi oʻrnashib olgan edi. U musiqachilik qilish bilan tirikchilik oʻtkazar, konsertlar berib, xor va orkestrlarga dirijyorlik qilardi. Shuningdek, undan saboq olish uchun shogirdlar pullik dars sotib olardi. Karolina esa ajoyib, qoʻngʻiroq ovozi bilan ajralib turgan. Bir-ikki sinov mashqlaridan soʻng Uilyam oʻz singlisi uchun maxsus kuy bastalashni boshlagan va bu orqali Karolina qoʻshiqchilik yoʻnalishiga kirib kelgan. Aka-singil birgalikda konsert va tomoshalar qoʻyib, yaxshigina hayot kechira boshlagan. Oʻsha paytda musiqa va qoʻshiq aka-singilning taqdiri ekaniga shubha yoʻq edi. Lekin kunlardan bir kun Uilyam Gershelning bolalik xotiralarini uygʻotgan va hayotini ostin-ustun qilib yuborgan voqea sodir boʻldi. Uning qoʻliga Jeyms Fergyussonning “Astronomiya” (Astronomy explained upon sir Isaac Newtonʼs principles, 1750) kitobi tushib qoladi. Aka-singil ushbu kitobni mutolaa qilib chiqqach, oʻzi uchun musiqadan ham qiziq mashgʻulotni qayta kashf etadi.

Uilyam astronomiya yaqin asrning markaziy fani boʻladi deb ishongan va kunlardan bir kun astronomik asbob-uskunalar – teleskop-refraktor va jadvallar tayyorlab sotish bilan yaxshi pul ishlasa boʻladi degan gʻoya bilan uygʻongan. U teleskoplarni mukammallashtirish kerak degan fikr bilan ushbu ilmiy asbobning turli modellarini loyihalashni boshlab yuborgan. Kelajak – koʻzguli teleskoplar bilan, deb ishonadi u. Gershel teleskopning tarkibiy qismlarini tayyorlab sota boshladi. U avvaliga linzalarni yasash va kerakli aniqlikkacha sayqallashni yoʻlga qoʻygan. Uilyam Gershel ustaxonasida har safar yangidan yangi va borgan sari mukammal teleskop modellari sotuvga chiqa boshlagan. Bu borada u bilan birga singlisi Karolina ham teppa-teng ishlardi. Karolinaning nozik barmogʻi akasining qoʻpol qoʻli dagʻallik qiladigan ishlarni ham yuqori sifatda, ajoyib aniqlikda bajara olgan.

Vaqt oʻtishi bilan aka-singillar asta sekin, shunchaki astronomik asboblar yasovchi maqomdan haqiqiy professional astronomlar darajasiga chiqib boradi. Ular buning uchun matematikani ham qaytadan oʻrganib chiqqan. Aytish joizki, Karolina Gershel avvallari matematikani deyarli bilmagan. Chunki Gannoverda uning xat-savod chiqarishi uchun ham sharoit boʻlmagan. U akasi orqali astronomik kuzatuvlar uchun kifoya qiladigan darajadagi qisqa matematik bilimlarni oʻzlashtirib olgan. Boshida Karolina akasining astronomik kuzatuv natijalarini qogʻozga tushirish va kerakli trigonometrik hisob-kitoblarni bajarish bilan band boʻlgan. Asta-sekinlik bilan Karolina trigonometrik hisob-kitoblarni mukammal darajada oʻzlashtirib oldi. U astronomiyaga oid chizma va kuzatuv natijalarini yuksak mahorat bilan taqqoslab, osmon jismining harakat trayektoriyasi va boshqa xossalarini oʻta aniqlik bilan keltirib chiqara olgan.

Bir vaqtning oʻzida u boshqa astronomlarning nazaridan chetda qolgan jihatlarga eʼtibor qaratib, hisoblashda yangicha usullarni qoʻllay boshlagan. Singlisining mahorati ortib borayotganidan quvongan akasi 1782 yilda unga alohida teleskop tayyorlab berib, kuzatuvlarni mustaqil oʻtkazishi mumkinligini aytgan. Mustaqil kuzatuvni Karolina Gershel koinotda yangi kometalarni izlashdan boshlagan. Eslatib oʻtamiz, 1781-yilda Uilyam Gershel Uran sayyorasini kashf etgan va butun dunyoga mashhur boʻlib ketgan edi. Karolina oʻzining ilk katta kashfiyotini 1786-yilning 1-avgust kuni amalga oshirgan. U astronomlarga ilgari nomaʼlum boʻlgan yangi kometani kashf qilgan edi. Shu tarzda, 1786–1797-yillar mobaynida Karolina Gershel 6 ta yangi kometani kashf qilib, ularning harakat trayektoriya (fazoda harakatlanayotgan moddiy nuqta hosil qiluvchi chiziq) sini ham hisoblab chiqishga muvaffaq boʻldi. Bunday natija oʻsha zamondagi istalgan nufuzli astronom uchun ham nihoyatda ulkan ilmiy yutuq sanalardi.

Karolinaning obroʻsi akasiniki singari favqulodda oshib ketdi. U mustaqil astronom sifatida tan olindi va nufuzli ilmiy manbalarda qayd etila boshlandi. Baʼzi olimlar esa Karolina Gershelni “Kometalarning birinchi raqamli xonimi” deb ham atardi. Mazkur davr uchun bunday yuksak ilmiy natijani ayol kishi qayd etganini eshitish “jazirama saratonda qizil qor yoʻgʻibdi” degan gap bilan barobar boʻlgan. Karolina bilan shaxsan tanishish ilinjida kelgan olimlar esa qarshisida turgan boʻyi atigi 130 sm keladigan ayolning shunday ulkan ilmiy kashfiyotlar muallifi boʻlganiga ishonolmay hayratda qolardi.

Vaqt oʻtishi bilan olimaning salohiyati haqidagi maqtovlar qirollik xonadoniga ham yetib bordi va Angliya qiroli Karolina Gershelning ilmiy ishlari eʼtirofi sifatida unga 1787-yildan boshlab 50 funt-sterling miqdorida yillik maosh tayinlaydi. Shunday qilib, Karolina Gershel yevropalik ayollar ichida ilmiy ish uchun maosh tayinlangan ilk olima boʻlib tarixga kirgan. Mukofotdan ruhlangan olima endi faqat kometalarni kuzatish bilan cheklanib qolmasdan, boshqa samoviy obyektlarga ham diqqat qarata boshlagan. U bir necha yulduz toʻdasi va tumanliklarni ham kashf etib, tegishli astronomik jadvallarga kiritgani maʼlum. 1788-yili Uilyam Gershel uylanadi. Aftidan, Karolina Gershel biroz injiq ayol boʻlgan boʻlsa kerak. Har holda u va akasining uylanishidan keyingi munosabatlari darz ketganini boshqacha izohlash qiyin.

Karolina koʻpincha akasining xotini bilan kelishmovchilikka borib qolardi va bu narsa aka-singillar oʻrtasidagi ilmiy hamkorlikka ham katta taʼsir koʻrsatardi. Lekin ular bir-biriga boʻlgan ishonchni saqlagan holda sabr bilan birga ishlashda davom etgan. Ular yana naq 10 yil birga ishlaydi va bu muddat ichida Karolina oʻzining shaxsiy muallifligidagi yulduzlar katalogini tuzib, tugal holatga keltirishga erishadi. Ushbu katalogda olima avvaldan mavjud yulduzlar xaritasiga tuzatish va qoʻshimcha kiritish bilan birga, oʻzi amalga oshirgan kashfiyotlarni ham bayon qilgan. Shuningdek, Karolina Gershel katalogida 560 ta yangi yulduz koordinatalari (nuqtaning toʻgʻri chiziq, tekislik, fazo va turli yuzalardagi holatini aniqlovchi sonlar) bayon qilinadi. Unda, jumladan, qirollik astronomi – Jon Felmstid ishlariga ham sharh berib oʻtiladi va uning ham ayrim natijalariga aniqlik kiritiladi. Ushbu chuqur ilmiy ishlari tufayli Karolina Gershelning astronom sifatidagi obroʻsi yanada oshib ketadi va uni saroyga, qirol huzuriga tez-tez taklif qilib turadigan boʻlishadi.

1822-yilda Uilyam Gershel vafot etadi va Karolina Gannoverga qaytishga qaror qiladi. Biroq bu paytga kelib, uning jiyani, yaʼni akasining oʻgʻli Jon Gershel ham yetuk astronom boʻlib shakllangan edi. U ham otasi va ammasi yoʻlidan borib, yangidan yangi osmon jismlarini kashf etishga kirishgandi. Karolina akasining xotinini bilan unchalik murosa qilmasa-da, lekin jiyanini juda yaxshi koʻrgan va Jon Gershelning astronomik tadqiqotlarida ham amaliy, ham nazariy koʻmak bergan. Koʻp yillik izlanish va mehnat natijasida amma-jiyan birgalikda tumanliklarning kattagina yangi katalogini nashrdan chiqargan (keyinchalik ular tumanlik sifatida qayd etgan obyektlarning baʼzilari galaktikalar boʻlib chiqqan). Odatda Karolina singari olimalarning hayotini sarhisob qilib, muallif oʻzining soʻnggi “shoh asari” ni tamomlagach, koʻp oʻtmay vafot etgani qayd etiladi. Lekin Karolina haqida bunday deyish notoʻgʻri boʻladi. Chunki u ilmiy ishlarni bir chetga surib, faqat qarilik hayoti bilan yashay boshlagach ham yana uzoq yillar baxtli umr kechirgan.

Karolina Gershel haqida xotirlaganlar uning 98 yoshida ham es-hushi tiniq, salomatligi ham anchayin mustahkam, kuch-quvvati joyida boʻlganini eslagan. U bilan doʻstlashish koʻplab olimlar uchun obroʻ sanalgan. Karolina Gershel bilan shaxsan yuz koʻrishish uchun hatto oʻz davrining eng yetuk matematik va astronomi, Gyottingen rasadxonasining direktori, matematiklar shohi – Karl Fridrix Gauss ataylab vaqt ajratib, Angliyaga kelib ketgan. Karolinaning umridagi eng baxtli yillari aynan oʻsha uning nuroniy yoshga yetgan davri boʻlgan. Oʻsha yillarda olima koʻplab nufuzli ilmiy mukofot va eʼtirof sohibasi edi. Xususan, uni Irlandiya qirollik akademiyasi safiga aʼzolikka saylashgan. Britaniya qirollik astronomiya jamiyati esa uni maxsus oltin medal bilan mukofotlagan. Karolinaning soʻnggi ilmiy mukofotlaridan biri – oltin medal u 96 yoshga toʻlgan yili Prussiya qiroli tomonidan taqdim qilingan. Keyingi yili, yaʼni Karolina Gershel 97 yoshga kirgan payt uning huzurida Angliya qirollik taxti vorisi – Uels shahzodasi shaxsan mehmon boʻlgan. Oliy martabali mehmon uchun Karolina oʻzining astronomlik faoliyatidan avvalgi kasbi – qoʻshiqchilik mahoratini namoyish qilib bergan. 97 yoshli Karolina akasi bilan sayyor konsertlar qoʻygan paytlarda yod olgan qoʻshiqlarini shunday keksaygan paytida ham bemalol yoddan aytganligi hammani hayratlantirgan ekan.

Karolina Gershel haqidagi hikoya yakunida yana shuni aytib oʻtish joizki, zamonaviy astronomik kataloglarda qayd etiluvchi: NGC205, 225, 253, 381, 659, 891, 2349, 2360, 2548, 6633, 7380 va 7789 raqamli obyektlar Karolina Gershel obyektlari deyiladi. Chunki ularning hammasini hikoyamiz qahramoni kashf qilgan. Olima sharafiga uning nomi bilan 281 “Lukretsiya” asteroidi deb nomlangan. Shuningdek, oydagi diametri 13 km keladigan ulkan krater ham Karolina Gershel xotirasiga bagʻishlangan. Melissa Naysounder ismli yozuvchining hikoyalaridan birida qiziq bir holat tilga olib oʻtiladi. Yozuvchi qahramonlaridan biri, oddiy karra jadvalini ham bilmaydigan, yaʼni sonlarni oʻzaro koʻpaytira olmaydigan odam hayotda mahoratli astronom boʻlib yetishadi. Bir qarashda bu imkonsiz narsadek, ishonish mumkin boʻlmagan uydirmadek tuyuladi. Axir qanday qilib koʻpaytirish amalini bilmaydigan odam murakkab hisob-kitoblarni talab qiladigan astronomiya sohasida mutaxassis boʻlib yetishishi mumkin?

Karra jadvalini hammamiz boshlangʻich sinflardayoq oʻrganganmiz. Nafaqat astronom olim, balki oddiy ishchi, sotuvchi, hatto bekorchining ham karrani bilmasligi bugungi kun tasavvuriga sigʻmaydi. Lekin qanchalik gʻalati boʻlmasin, XIX asr birinchi yarmining eng yirik astronomlaridan biri, “kometalarning birinchi raqamli xonimi” – Karolina Gershel aynan shunday olima. U murakkab yulduz xaritalarini bemalol oʻqib, turli osmon jismlarining elliptik orbitalarini qiyinchiliksiz hisoblay olgan. Lekin u 2 ta sonni bir-biriga koʻpaytirishni umuman bilmagan. U karra jadvalini ilk bora koʻrganda allaqachon 30 dan oʻtgan kap-katta ayol boʻlib qolgandi. U karra jadvalini yodlab ham oʻtirmagan va uni shunchaki oʻzi bilan olib yurgan. Biror sonni koʻpaytirishga toʻgʻri kelib qolsa, olima yonidan jadvalni olib, kerakli natijani qarab olgan va shu yoʻl bilan ishini bitirgan. Ana shunaqa! Kimnidir professional astronom, lekin karra jadvalini bilmaydi deyishsa, hayron boʻlishga shoshilmang. Ilm olishga hech qachon kech boʻlmaydi.



Muqova suratlar: elementy.ru / natlibraryrm.ru