4
Ulashish
882 marta koʻrilgan
1846–1920
Karl Faberje
Uning ajdodlari fransuz gugenotlari (XVI–XVII asrlarda katolik cherkovi taʼqib qilgan protestantlar) dan edi. Ular diniy taʼqibdan qochib, Germaniyada panoh topgandi. 1800-yilda u yerdan Estoniyaga Karlning bobosi oldiga koʻchib oʻtdi, bobosi duradgor boʻlib ishlardi. Keyin oila Peterburgga koʻchib oʻtdi va bu yerda Karlning otasi Gustav Faberje zargarlik firmasiga asos soldi.
Karl Faberje 1866-yilda 20 yoshida firmaga ishga kirdi. Oʻsha paytda ular faqat zargarlik buyumlarini ishlab chiqarardi. 6 yil oʻtgach, 1872-yilda Karl Faberje firmaga rahbarlik qila boshladi. Bu vaqtga kelib, u Yevropaga sayohat qildi va u yerning eng yirik Masse, Kulon, Busheron zargarlik firmalari mahsulotlari bilan tanishdi. Biroq uning firmasi butun Rossiya, keyin esa butun dunyo boʻylab shuhrat qozonishi uchun yana 10 yil kerak boʻldi.
Faberje zargarlik buyumlari bilan bir qatorda “foydali buyumlar” — soat, portsigar, kuldon, lupa, qorachiroq (svetilnik), lornet (tutqichli qoʻshoynak) va hatto stol bezash jihozlarini ham ishlab chiqara boshladi. Bunda Karlning ukasi — Agafon Faberjening hissasi katta boʻldi. U korxonaga kelishi bilan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar roʻyxati kengaydi.
1882-yilda Karl Faberje Ermitaj (Peterburg muzeyi) uchun skif (xalq) zargarlik buyumlarining nusxalarini yaratdi. Bu ish imperatorning eʼtiborini tortdi va u 1885-yilda pasxa tuxumiga 1-buyurtma berdi. Karl Faberje “Saroy oliy taʼminotchisi” unvonini oldi, 1890-yilda esa “Imperator janoblari kabinetining baholovchisi” etib tayinlandi.
1894-yil firma uchun omadli boʻldi: Karl Faberje imperatorning boʻlajak rafiqasi — Aleksandra Fedorovnaga toʻy sovgʻasi uchun marvaridli marjon yasashga muvaffaq boʻldi. Shu paytdan boshlab, Faberje barcha xalqaro koʻrgazmalarda doimiy ravishda oltin medal oladigan boʻldi. U Peterburgda bir nechta ustaxona ochdi, ularning har biri muayyan turdagi – tosh kesish, emallash, oltin va kumush ishlari boʻyicha ixtisoslashgan edi.
Keyinchalik u Moskva, Kiyev, Odessa va Londonda birin-ketin doʻkonlarini ocha boshladi. Faberje uyi shon-shuhratining choʻqqisi 1900-yilda Parijda boʻlib oʻtgan Butunjahon koʻrgazmasida boʻldi, u yerda Karl Parij zargarlar gildiyasi ustasi unvoni va Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi. Firma mahsulotlari Yaqin Sharq, Amerika, shuningdek, Daniya, Ispaniya, Shvetsiya va Norvegiya qirollik saroylariga yetkazib berilardi. Ularning ichida ingliz qirollik xonadoni Faberjega alohida ehtirom koʻrsatar edi.
Qirolicha Aleksandra hatto bir marta zargar bilan tanishish istagini bildirdi, lekin buyuk usta xijolat boʻlib, shoshgancha Londonni tark etdi. Bu orada Faberje shuhratiga sababchi boʻlgan boshqa shaxslar haqida ham gapirib oʻtish lozim. Birinchidan, bu ajoyib zargarlar — Mixail Perxin, Frans Birnbaum va Genrik Vigstremdir. Faberje uchun Fedor Shextel va Viktor Vasnetsov kabi yirik rassom va meʼmorlar ham ishlagan.
Faberjeni koʻpincha uning zargarlik buyumlari haddan ortiq qimmatbaho toshlar bilan bezatilgani uchun tanqid qilishgan. Uning buyumlari sanʼat asari emas, balki qimmatbaho keraksiz buyumlardek edi goʻyo. Darhaqiqat, u baʼzan oʻyinchoq askar yoki hayvon haykalchalarini qimmatbaho toshlar bilan bezagan. Ammo Faberje bu narsalarni ham haqiqiy durdona asarga aylantirardi. “Shunchaki koʻp olmos yoki marvarid qadab chiqilgan har qanday buyum ham men uchun qimmatbaho qiymatga ega emas”, — derdi u.
1902-yilda Peterburgda firma mahsulotlarining koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi, unda 1-marta yuqori martabali shaxslarning buyurtmasi boʻyicha tayyorlangan buyumlar namoyish etildi. Birinchi jahon urushi davrida Faberje ustaxonalarida mis kostryulka va likopchalar, shuningdek, rus askarlari uchun mukofotlar ishlab chiqarildi. Firma 1918-yilda yopildi. Bu vaqtga kelib, Faberje uyi 120 000 dan 150 000 gacha mahsulot ishlab chiqarishga ulgurdi.
Karl Faberje Rossiyani tark etdi va 1920-yilda Shveytsariyada vafot etdi. Keyinchalik uning kuli Fransiyaga koʻchirildi va Kannda dafn qilindi. Inqilobdan keyin va 1920-yillarda Faberje mahsulotlari deyarli hech qanday qiymatga ega emas edi. 1930-yillarda hozirda mashhur pasxa tuxumlarini kimoshdi savdosida bir necha yuz dollarga sotib olish mumkin edi. Faqat bugungi kunga kelibgina Faberjega qiziqish kuchaydi, 1992-yilda Faberje pasxa tuxumi 3 mln dollardan koʻproqqa sotilgan.
Muqova surat: biographe.ru / iloboyou.com