2
Ulashish
959 marta koʻrilgan
1905-yil
Karal: Janubiy Amerikaning qadimiy shahri
Janubiy Amerikadagi Peru (Janubiy Amerikaning gʻarbiy qismida joylashgan davlat, poytaxti Lima shahri) qirg‘ogʻi yaqinidagi Supe vodiysi cho‘lida ulkan tuproq va toshtepaliklar qad rostlagan. Bu ulkan tepaliklar Tinch okeani va And tog‘lari o‘rtasida joylashgan qurg‘oqchil mintaqadagi geografik landshaftning shunchaki bir qismiga o‘xshab koʻrinadi. Lekin ko‘rinish aldamchi boʻladi. Bular aslida inson qoʻli bilan yaratilgan piramidalar bo‘lib, ular qariyb 5 000 yil avval gullab-yashnagan Karal nomi bilan mashhur shahar qoldiqlari ekanligidan dalolat beradi. U Amerikadagi eng qadimgi va dunyodagi juda ham koʻhna shahar markazi bo‘lgani ayni haqiqatdir.
Perulik arxeolog Rut Shadi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, 150 gektarlik piramidalar, maydon va turar-joy binolaridan tashkil topgan Karal Misrning buyuk piramidalari endi qurilayotgan bir paytda allaqachon gullab-yashnagan metropol (metropol — mamlakat yoki mintaqa uchun muhim iqtisodiy, siyosiy va madaniy markaz hamda mintaqaviy yoki xalqaro va savdo munosabatlari nuqtasi) edi. Karal 1905-yilda topilgan bo‘lsa-da, unga yillar davomida deyarli eʼtibor qaratilmadi, chunki arxeologlar asosan qurilish tuzilmalari yaqinda yomg‘ir taʼsiriga uchraganiga ishongandi. Ammo 1996-yilda qirg‘oqdan taxminan 22 km va Peru poytaxti Lima shahridan 190 km shimolda joylashgan joyda qazish ishlarini boshlagan Shadi piramidalarning monumental miqyosiga uzoq vaqtdan beri qiziqish bildirib kelgan.
Shadi va uning ekipaji bunday joylarning aksariyatida bo‘lgani kabi qozon va idishlarning singan qoldiqlarini qidirdi. Hech narsa topilmagani uni yanada hayajonlantirdi: Karal shahri arxeologlar tili bilan aytganda, keramikadan oldingi, yaʼni qozon pishirish texnikasi paydo bo‘lishidan oldinroq mavjud bo‘lgan yodgorlik bo‘lishi mumkinligini anglatardi. Shadi jamoasi yodgorliklarning eng kattasi bo‘lgan Mayor piramidasini qazish vazifasini o‘z zimmasiga oldi. Bir necha yuz yillik davrni boshdan kechirgan vayrona va qumni ehtiyotkorlik bilan tozalagandan so‘ng zinapoyalar, rangli gips qoldiqlari bilan qoplangan devor va urilgan g‘ishtli binolarni aniqladi. Poydevordan qoplarga o‘ralgan o‘tga o‘xshash qamish qoldiqlari topildi. Uning taxminiga ko‘ra, qadimgi ishchilar qoplarni yaqin atrofdagi tosh konlaridan keltirilgan toshlar bilan to‘ldirib, ularni himoya devori ichiga bir-birining ustiga qo‘yib, asta-sekin piramidaning ulkan tuzilishini keltirib chiqargan. Shadi radiokarbonli (uglerod miqdoriga qarab yoshini aniqlash) tarixga duchor bo‘lgan qamish namunalarini qoʻlga kiritib, ularning 4 600 yoshda ekanligini aniqladi. Bu dalillar shuni ko‘rsatdiki, Karal aslida Amerikadagi eng qadimgi shahar markazi deb hisoblanishidan 1 000 yillar oldin mavjud boʻlgan.
Arxeologlarni nafaqat Karalning yoshi, balki murakkabligi va koʻlami ham hayratga solgan edi. Mayor piramidasining oʻzi deyarli 4 ta futbol maydoniga teng hududni egallaydi va balandligi 18 metrni tashkil qiladi. Piramida etagidagi dumaloq maydondan eni 9 metrlik zinapoya ko‘tarilib, tepaga yetguncha 3 ta ayvonli sathdan o‘tadi. Bunday loyihani qurish uchun koʻplab meʼmor, hunarmand va menejerlarni hisobga olmaganda, minglab qoʻl mehnati bilan shugʻullanuvchi ishchilar kerak boʻladi. Shadi jamoasi qush va kiyik suyaklaridan yasalgan 70 ga yaqin musiqa asboblarini oʻz ichiga olgan katta amfiteatr qoldiqlarini topdi, Karal jamiyatida musiqa muhim rol oʻynagan. Karal perimetri atrofida bir qator kichikroq tepaliklar va turli xil binolar mavjud. Bular yashash tartibining iyerarxiyasi (quyi tabaqaning yuqori tabaqaga boʻysunishi) dan dalolat beradi: elita uchun piramidalar ustidagi katta, yaxshi saqlangan xonalar, ishchilar uchun eskirgan uy-joylar uchun kvartallar mavjud boʻlgan.
Lekin nima uchun birinchi navbatda Karal qurilgan? Qazish ishlari Shadini Karal bir paytlar Amazonka tropik oʻrmonlaridan tortib to And togʻlarining baland oʻrmonlarigacha boʻlgan mintaqa uchun savdo markazi boʻlib xizmat qilganiga ishontirdi. Shadi boy savdo muhiti, jumladan, kakao butasi urugʻlari va chigʻanoqlardan olingan marjonlarni topdi, ularning hech biri qadimgi Karal hududiga tegishli emas edi. Bu muhitdagi odamlar oziq-ovqat ishlab chiqarishda ishtirok etmas edi, bu esa ularga ruhoniy va loyihalashtiruvchi, quruvchi hamda dizaynerlar boʻlishga imkon berdi. Shunday qilib, shahar jamiyati uchun muhim boʻlgan kasbiy ixtisoslashuv paydo boʻldi.
Ammo bunday muhim savdo markazi boʻlish uchun Karalga nima yordam berdi va sayohatchilarni nima jalb qildi? Oziq-ovqatmi? Shadi va uning jamoasi qazish jarayonida Tinch okeani sohilidan gʻarbga suzib kelib qolgan mayda, yeyishli baliqlar suyaklarini topdi. Ammo aholi mahalliy sharoitda qovoq, shirin kartoshka va loviya yetishtirganiga oid dalillar ham mavjud. Shadi Karalning ilk dehqonlari o‘z dalalarini sug‘orish uchun bugungi kunda ham Supe vodiysini kesib o‘tuvchi hudud daryolarini kanallarga burgan, degan nazariyani ilgari surdi. Lekin u savdo qilish yoki saqlash va hosil yetishmovchiligi davrida foydalanish mumkin bo‘lgan, gʻamlab qoʻyiladigan makkajo‘xori izini topmagani uchun Karalning savdo vositasi oziq-ovqat zaxiralarini toʻplashga asoslanmagan, degan xulosaga keldi.
Bu dalil Shadining muvaffaqiyatli qazishma ishlarining yana bir hosili edi. Deyarli har bir qazilgan binolarda uning jamoasi paxtaga oid ashyolar — chigit, tola va toʻqimachilik namunalarini topdi. Uning nazariyasi Peru qirgʻogʻida bir-biriga bogʻliq boʻlmagan qazishma chogʻida topilgan tolalardan yasalgan katta baliq ovlash toʻri Karal kabi qadimiy boʻlib chiqqanida oʻz tasdigʻini topdi. “Karal dehqonlari baliqchilar toʻr toʻqishi uchun zarur boʻlgan paxtani yetishtirgan”, — deb taxmin qiladi Shadi. Baliqchilar esa bu toʻr evaziga ularga qisqichbaqa va quritilgan baliqlar berardi. Aslini olganda, Karal aholisi baliqchilarga kattaroq va samaraliroq toʻr bilan ishlashga imkon yaratib berdi, bu esa dengiz resurslarini yanada qulayroq qildi va baliqchilar, ehtimol, toʻr uchun flotatsiya (suv ostida balqish) moslamasi sifatida Karal xalqi tomonidan yetishtirilgan quritilgan qovoqdan foydalangan.
Muqova surat: wikipedia.org