0
Ulashish
936 marta koʻrilgan
1853–1926
Kammerling Onnes
Heyke Kammerling Onnes (gollandcha Heike Kamerlingh Onnes) — tarixda ilk bor past haroratlar fizikasida amaliy natijaga erishgan olim. U oʻz davri uchun rekord hisoblangan 0.9 K haroratga erishgani va bu orqali suyuq geliy olish usulini kashf etgani sababli 1913-yili fizika boʻyicha Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. Shu tufayli ham uning ilmiy doiralardagi hazilomuz unvoni “janob Mutlaq nol” boʻlgan. Kammerling Onnes 1853-yil 21-sentabr kuni Gollandiyaning Groningen shahrida tugʻilgan. Oʻrta taʼlimni oʻz shahridagi maktabda tamomlagach, 1870-yilda Groningen universiteti fizika va matematika boʻlimiga oʻqishga kirdi. Keyinroq oliy taʼlimni Geydelberg universitetida mashhur olimlar Kirxgof va Bunzen qoʻl ostida davom ettirdi. U 1873-yilda Groningenga qaytib keldi. 1878–1882-yillar davomida Kammerling Onnes Delfta universitetida maʼruza oʻqiy boshladi. Uni 1882-yilda Gollandiyaning eng mashhur oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlmish Leyden universitetiga amaliy fizika fanlari professori lavozimiga taklif etishdi va Kammerling Onnes ushbu lavozimni qabul qildi.
Kammerling Onnesning doktorlik dissertatsiyasi oʻziga xos mavzuda boʻlib, unda olim Yerning oʻz oʻqi atrofida aylanishini gʻayrioddiy usul bilan isbotlashga uringan. 1883-yilda himoya qilingan mazkur dissertatsiya yirik ilmiy doiralarda katta qiziqish va munozaralarga sabab boʻlib, olimga muvaffaqiyat uchun katta yoʻl ochib bergan edi. Bu orada uning ilmiy qiziqish doirasi gazlarni siqish va ularning past haroratdagi xossasini oʻrganish masalasiga qaratilib, olim laboratoriya sharoitida mutlaq nol haroratga erishish uchun ilmiy tadqiqot oʻtkazishni boshladi. “Ushbu maqsadda uning shaxsiy tashabbusi bilan 1894-yilda Leyden universiteti qoshida kriogen texnologiyalari laboratoriyasi tashkil etildi va laboratoriyaning eng birinchi direktori etib Kammerling Onnes tayinlandi.
Laboratoriyaning ilmiy-amaliy ehtiyoji uchun olimning oʻzi oʻsha yildayoq maxsus yangicha qurilma — gazlarni siqib, suyultiruvchi ilmiy-tajriba dastgohini yasadi. Mazkur qurilmaning ishlab chiqarish koʻrsatkichi shu darajada yuqori boʻlganki, undan keyingi bir necha oʻn yillik davomida ham yetarlicha foydalanish mumkin boʻlgan ekan. Kammerling Onnes oʻzi tayyorlagan qurilma va laboratoriyada tarixda ilk bora suyuq kislorod va suyuq neon moddalarini olishga muvaffaq boʻlgan. Olim 1906-yilda esa suyuq vodorod olishni uddalagan. 1908-yilga kelib, Heyke tarixda ilk bor suyuq geliy olishga erishdi va bir vaqtning oʻzida oʻsha davr uchun eng past harorat, yaʼni 0.9 K ni hosil qildi. Ushbu tajribaning asosiy maqsadi mutlaq nol haroratga erishish boʻlmay, balki oʻta past haroratda moddalarning xossasini tadqiq qilish boʻlib, jumladan, uning asosiy muddaosi: oʻta past haroratdagi elementlarning yutish spektri, turli birikmalarning fosforoessensiyasi, suyultirilgan gazning qovushqoqlik koʻrsatkichi hamda moddaning magnit xossasini oʻrganish masalalarini oʻz ichiga olgan.
1911-yilga kelib, Kammerling Onnes simobning elektr oʻtkazuvchanligi 4.1 K haroratda keskin kamayishini aniqladi. Ushbu hodisa fizikada oʻta oʻtkazuvchanlik nomini olgan. Bir yil oʻtib, u suyuq geliyning oʻta oquvchanlik xossasini kashf etdi. Olim bu masala yuzasidan tekshiruvni davom ettirib, 1913-yilda kuchli magnit maydoni tok taʼsirida oʻta oʻtkazuvchanlik buzilishi hodisasini aniqladi. Aynan shu yili Heyke Kammerling Onnes “Natijasi suyuq geliy ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga sabab boʻlgan, oʻta past haroratdagi moddalarning xossasini tadqiq qilgani uchun” fizika boʻyicha Nobel mukofotiga loyiq koʻrildi. U past haroratlar fizikasida erishgan yutuqlari sharafiga hamkasblari tomonidan “janob Mutlaq nol” taxallusi bilan atala boshlandi. Olimning past haroratlar fizikasida faqat nazariya bilan cheklanib qolmasdan, balki mazkur soha yutuqlarini amaliyotga tadbiq etish borasida ham amalga oshirgan ishi tahsinga sazovordir. Chunonchi, u sovutgichli vagonlar (refrijeratorlar) hamda oziq-ovqat mahsulotini saqlash tizimini loyihalash-muhandislik ishlarida faol ishtirok etgan.
Kammerling Onnes fan oldidagi sharafli xizmatlari uchun koʻplab nufuzli akademiya va ilmiy muassasalarning faxriy aʼzoligiga saylangan boʻlib, masalan, Berlin universitetining faxriy doktori, Amsterdam qirollik fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi, shuningdek, Kopengagen, Gettingen, Galle, Uppsala, Turin va Vena fanlar akademiyalarining faxriy aʼzoligiga saylangan. Bundan tashqari, olim fan oldidagi xizmatlari uchun London qirollik jamiyatining Rumford medali, Franklin universitetining Franklin medali hamda Italiya milliy fanlar akademiyasining Metuchchi medali bilan taqdirlangan.
Heyke Kammerling Onnes 1926-yil 21-fevralda Leydenda vafot etgan. Uning oʻzi tashkil qilgan ajoyib ilmiy laboratoriyasi va koʻp sonli mutaxassis shogirdlari keyingi davrda ham ilm-fanning turli sohasida yangidan yangi yutuqlarga erishib, Kammerling Onnes maktabi nufuzi yanada ortishiga sabab boʻldi. Xususan, uning eng iqtidorli shogirdlaridan biri boʻlgan olim Villem Hendrik Keezom 1926-yilda tarixda ilk bor qattiq holatdagi geliyni olishga erishgan. Hozirda Heyke Kammerling Onnes tashkil etgan Leyden kriogen laboratoriyasi uning nomi bilan ataladi. Shuningdek, ushbu laboratoriyada olimning oʻzi loyihalashtirgan mashhur kriogen qurilmasi namoyishga qoʻyilgan va qurilmaga uning nomi berilgan. Bundan tashqari, Oydagi kraterlardan biri Kammerling Onnes sharafiga uning ismi bilan atalgan.
Muqova suratlar: wikipedia.org / rus.team