Orqaga

1046 marta koʻrilgan

1828–1905

Jyul Vern

Jyul Vern yangi adabiy janr – ilmiy fantastikaga asos soldi. Uning asarlari orasida “Kapitan Grant bolalari”, “Suv ostida 80 ming kilometr”, “Sirli orol”, “Oʻn besh yoshli kapitan”, “Oyga sayohat”, “Yer markaziga sayohat” kabilar mashhur.

Jyul Vern 1828-yil Luara daryosi boʻyida joylashgan Nant shahrida, advokat oilasida tugʻilgan. Uning bolaligi uzoq yurtlarga joʻnaydigan dengizchi va kemalar shaharchasida oʻtdi. Kichik Jyul sayohat qilishni va gʻaroyib sarguzashtlarga uchrashni xohlardi. U 11 yosh boʻlganida, tunda uyidan yashirincha chiqib, kemalardan biriga ishga joylashadi. Tongda oilasi uni izlay boshlaganida esa kema allaqachon portni tark etgan edi. Advokat otasi shahardagi eng tez yuradigan qayiqni yollab, kechgacha kemani quvib yetib, oʻgʻlini qaytarishga muvaffaq boʻladi. Jyul Vern nant litseyida yaxshi baholarga oʻqiydi. Albatta, uni koʻproq tarix, geografiya hamda sarguzashtlar haqidagi kitoblar qiziqtirardi.

1847-yilda u Parijga ketib, u yerda yuridik maktabni bitirib, advokat diplomini oladi. Parijda yashagan vaqtida u avval Parij, keyin ona shahri — Nant teatrlarida qoʻyilgan pyesani yozadi. Bu uni oʻz shahrida darrov mashhur qilib yuboradi. Jyul advokat boʻlgach, bir muddat Nantdagi otasining idorasida ishlaydi. Lekin tezda Parijga qaytib, faqat adabiyot bilan shugʻullana boshlaydi. U komedik operalarga librettolar yozadi, sayohatlar haqida hikoyalar nashr qildiradi. Bu davr buyuk kashfiyotlar, ilmiy izlanishlar, Afrika va Arktikaga uzoq ekspeditsiyalar, havo sharidagi sayrlar davri edi. Jyul Vern mashhur sayohatchi, olim, kashfiyotchi va ekspeditsiyalar aʼzolari bilan tanishadi.

1858-yilda u Angliya boʻylab oʻzining ilk dengiz sayohatini, 1862-yilda esa uch oy davomida Norvegiya, Shvetsiya va Daniyaga dengiz sayohatini amalga oshiradi. Boʻlajak yozuvchi bu sayohatlar davomida nafaqat oʻz taassurotlarini, balki dengizchilarning hayoti, undagi xavf va sarguzashtlar haqida hikoyalar ham yozib boradi. Keyinchalik Jyul Vern yana ikki marta – Antantika okeani orqali AQShga (1867) va Adriatika dengizi boʻylab (1885) dengiz sayohatlarini amalga oshiradi.

1862-yilda u birinchi romani “Havo sharida 5 hafta”ni noshir Etiyelga olib keladi. Asar kitobxonlar orasida katta muvaffaqiyatga erishadi. Noshir, bolalar yozuvchisi boʻlgan Jyul Etiyel bilan uchrashuv Jyul Vernning hayotida hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi. Ular doʻstlashib qoladi. Har ikki yozuvchi yosh kitobxonlar uchun yangi, qiziqarli adabiyotni yaratishni xohlar edi. “Havo sharida 5 hafta” romani 63 ta romanni birlashtirgan “Gʻaroyib sayohatlar” turkumidagi ilk asar edi. Jyul Vern Etiyelning nashriyoti bilan shartnoma imzolaydi va 1863-yildan boshlab, yiliga bir-ikki asar yoza boshlaydi, bu holat esa naq 40 yil davom etadi.

Jyul Vern romanlari ustida ishlash jarayonida koʻplab ilmiy adabiyotlarni, ekspeditsiya hisobotlarini oʻqiydi, ilmiy-texnik koʻrgazmalarni kuzatadi. Bu unga oʻz davridagi real bilimlarni oʻzining gʻaroyib fantaziyasiga bogʻlab, qiziqarli kitoblar yozish imkonini bergan edi. Shunday qilib, u turli energiya manbalari bilan ishlaydigan suvosti kemalarining bir qancha loyihalari bilan tanishadi. Kapitan Nemo haqidagi “Suv ostida 80 ming kilometr” romanida u amerikalik muhandis Robert Fultonning (1785—1815) “Nautilus” nomli sigara koʻrinishidagi suvosti kemasi loyihasini asos qilib oladi.

Jyul Vern oʻzining zamondoshlarini buyuk ilmiy kashfiyot va ixtirolar bilan tanishtirdi hamda inson kelajakda ulardan qanday foydalanishi mumkinligini koʻrsatib berdi. Jyul dengiz va unda yashovchilarning hayotini, uzoq davlat, qitʼalar, ulardagi hayvonot hamda nabotot olami, odamlari haqida yozadi. Uning toʻrtta romani Osiyoga, yettitasi Afrikaga, toʻqqiztasi Amerikaga, uchtasi Arktika va Antarktidaga, oʻntasi Yevropa malakatlariga bagʻishlangan edi.

Fransiya 1870—1871-yillarda boʻlib oʻtgan Fransuz—Prussiya urushida magʻlub boʻlgach, Jyul Vern Parijni tark etib, qishloqqa — Amyen shaharchasiga koʻchadi va umrining oxirigacha oʻsha yerda yashab, ijod qiladi. Uning oxirgi asari 77 yoshida eʼlon qilinadi. Bu “Dengiz istilosi” romani boʻlib, muallif unda Sahara choʻlining Afrika ichki dengiziga aylanganini aytib beradi.

Jyul Vern ijodining gumanistik yoʻnalganligi bosh qahramonlarni tanlashida ham koʻrinadi. Ular odatda zulm va adolatsizliklarga qarshi kurashgan, manfaat koʻzlamaydigan olimlar, qiziquvchan, mehribon va ochiqkoʻngil odamlar edi. Jyul Vernning sivilizatsiya rivojlanishiga qoʻshgan ulkan hissasini eʼtirof etish belgisi sifatida Oydagi kraterlardan biriga uning nomi berilgan.



Muqova suratlar: soyuz.ru / wikipedia.org