6
Ulashish
988 marta koʻrilgan
m. a. 2670–2650
Joser piramidasi
Piramidalar qadimgi Misrning eng mashhur yodgorliklari bo‘lib, bugungi kunda ham odamlarda katta qiziqish uyg‘otib keladi. Xitoy va Mayya kabi boshqa madaniyatlar ham piramidalar bunyod etgan bo‘lishiga qaramay, Misr qirollari xotirasiga bag‘ishlangan buyuk va taʼsirli sharaflash timsollari bo‘lmish mazkur yodgorliklar mamlakat tarixi bilan chambarchas bogʻliq. Piramidalar shakllanish taraqqiyoti asrlar davomida yozib kelingan va muhokama qilingan. Biroq gap Misr piramidalari haqida ketadigan boʻlsa, u bir yetuk meʼmor tomonidan yaratilgan Misr podshohi yodgorligi bilan boshlangan. Bu esa Sakkaradagi Joserning zinapoyali piramidasidir.
Joser Misr uchinchi sulolasining birinchi hukmdori va qabrtoshdan qurilgan birinchi podshoh edi. Joser hukmronligidan oldin qabrlar quritilgan loy g‘ishtdan qurilgan to‘rtburchak yodgorliklardan iborat bo‘lib, ular marhum dafn etilgan yerosti yo‘llarini qoplagan. Nomaʼlum sabablarga ko‘ra, Joserning Imxotep ismli bosh amaldori o‘z shohi uchun tosh plitalarni bir-birining ustiga qo‘yib, ularni asta-sekin kichraytirib, hozirgi kunda pogʻonali piramida nomi bilan mashhur bo‘lgan shaklni hosil qilish orqali balandroq va hayratlanarli qabr qurishni o‘ylab topdi. Ko‘pincha Joser 19 yil hukmronlik qilgan deb taxmin qilinadi, biroq baʼzi tarixchi va olimlar u qurdirgan yodgorliklarning soni, kattaligi tufayli hukmronligi ancha uzoq vaqt davom etgan deb hisoblaydi.
Pog‘onali piramida o‘tgan asrlar davomida har tomonlama tekshirildi va chuqur o‘rganildi. Bularning natijasi oʻlaroq, hozirda piramidaning qurilish jarayoni juda ko‘p turli xil bosqichlardan o‘tgani barchaga maʼlum. Bu haqda belgiyalik tarixchi Mark Van de Mierop shunday yozadi: “Ko‘p tajribalar o‘tkazildi. Bu ayniqsa majmua markazidagi piramida qurilishida yaqqol namoyon bo‘ldi. Uning bir qancha chizmalari bor edi… u tarixdagi birinchi pogʻonali piramida bo‘lishidan oldin, olti qavat toshlar bir-birining ustiga qo‘yildi… Katta massaning og‘irligi quruvchilar uchun qiyinchilik tug‘dirdi, ular yodgorlikning buzilishiga yo‘l qoʻymaslik uchun toshlarni burchak ostida ichkariroqqa tizib chiqdi.
Nihoyat qurib bitkazilgach, pogʻonali piramida 62 metrga teng balandligi bilan o‘z davrining eng baland inshootiga aylandi. U qurilgan majmua qadimiy Misrdagi shaharcha kattaligida boʻlib, maʼbud, hovli, ziyoratgoh va ruhoniylar uchun turarjoyni oʻz ichiga olgan. U 16 gektar maydonni egallagan va 10,5 metr balandlikdagi devor bilan o‘ralgan edi. Devorda 13 ta soxta eshik o‘yilgan, lekin faqat bitta haqiqiy kirish eshigi mavjud boʻlib, u janubi-sharqiy burchakdan ochilgan. Keyin butun devor uzunligi 750 metr va eni 40 metr bo‘lgan xandaq bilan o‘ralgan. Soxta eshik va xandaqlar taklif qilinmagan mehmonlarni kiritmaslik uchun majmua tarkibiga qo‘shilgan. Agar biror kishi kirishni xohlasa, u devordagi haqiqiy eshikning o‘rnini qanday topishni oldindan bilishi kerak boʻlgan. Joser bu majmuaning muvaffaqiyatidan shunchalik g‘ururlandiki, u yodgorlikda faqat o‘z nomini yozish anʼanasini buzdi va unga Imxotep nomini ham o‘yib qo‘ydi.
Podshohning jasadi qo‘yilgan qabrning dafn xonasi piramida poydevori ostidan qazilgan, uning atrofi esa talonchilarni chalg‘itish uchun xonalardan tashkil topgan uzun tunnellardan iborat ulkan labirint bilan o‘ralgan. Piramida ichidan topilgan eng sirli kashfiyotlardan biri ko‘p sonli tosh idishlar (xumlar) edi. Turli xil shakl va tuzilishdagi 40 000 dan ortiq idishlar piramidaning yerosti yo‘laklaridagi omborxonalardan topilgan. Ularda Misrning birinchi va ikkinchi sulola hukmdorlarining ismlari yozilgan va turli xil toshlardan yasalgan. Olim va arxeologlar nima uchun idishlar Joser qabriga qo‘yilgani yoki ular nimani ifodalashi kerak bo‘lgani haqida hech qanday to‘xtamga kelmagan. Piramida va majmuaning ko‘p qismini qazib olgan arxeolog Jan-Filip Lauerning fikricha, idishlar dastlab saqlab kelingan va keyin esa Joser ajdodlariga hurmat ko‘rsatish maqsadida ularni munosib ravishda “dafn etgan”. Biroq boshqa tarixchilar qabr talonchilarining qirol dafn etilgan xonaga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yana bir himoya vositasi sifatida idishlar shaxtalarga tashlangan degan fikrni ilgari suradi.
Afsuski, barcha ehtiyot choralari va yerosti tarmoqli yo‘lining murakkab dizayni ham qadimiy qaroqchilarning yo‘l topishiga to‘sqinlik qila olmadi. Joserning qabr buyumlari va hatto uning jasadi ham allaqachon o‘g‘irlangan. Barcha arxeologlar tomonidan topilgan kam sonli qimmatbaho buyumlargina o‘g‘rilar eʼtiboridan chetda qolgan. Biroq piramida va majmua bo‘ylab saqlanib qolgan buyumlar ham uni qazib olgan arxeologlarni hayratlantirish uchun yetarli bo‘ldi.
Misrshunos Miroslav Verner shunday deb yozadi: “Insoniyat tarixida Sakkaradagi pogʻonali piramida kabi muhim oʻrin tutgan yodgorliklar kam… Mubolagʻasiz aytish mumkinki, bu piramida majmuasi Misrda va butun dunyoda monumental tosh meʼmorchiligi taraqqiyotida muhim bosqich boʻlib xizmat qiladi”. Pogʻonali piramida arxitekturada inqilobiy yutuq edi va u Misrning boshqa barcha buyuk piramida quruvchilari ergashadigan arxetip (timsol)ga aylandi.
Muqova suratlar: worldhistory.org / wikipedia.org