1
Ulashish
866 marta koʻrilgan
1861–1938
Jorj Melyes
Mari Jorj Jan Melyes 1861-yil 8-dekabrda Parij shahrida poyabzal fabrikasi egasi oilasida tugʻildi. Moddiy jihatdan oʻziga toʻq boʻlgan Melyes koʻp vaqtini sevimli mashgʻulotlariga bagʻishladi, ular orasida teatr va sahna illyuziyasi asosiy oʻrinni egallagandi. 1888-yilda Melyes turli xil tomosha va fokuslar koʻrsatadigan Robert Houdin teatrining egasiga aylandi. U 1895-yil 28-dekabrda Parijda aka-uka Lyumyerlar (kinematografiya asoschilari)ning birinchi namoyishiga bordi va kinematografiya sohasi boy imkoniyatlarga ega ekanini darhol angladi.
Melyes aka-ukalarga kinoapparat uchun 10 ming frank taklif qildi, ammo rad javobini oldi. Biroq Jorj taslim boʻlishni xayoliga ham keltirmadi va shuning uchun ham unga omad kulib boqdi: Angliyada xuddi shunday kamerani sotib olishga muvaffaq boʻldi. Melyesning birinchi filmlari 1896-yildagi boshqa lentalari singari aka-uka Lyumyerlar asarlariga taqlid qilib ishlab chiqildi. Ammo u qattiq mehnat qildi va tirishqoqlik bilan oʻz yoʻlini izladi. Melyes ushbu izlanishlari tufayli syomka jarayonida birinchi boʻlib stop-kadr, sekinlashtirilgan va tezlashtirilgan syomka, qoraytirish, kadrlarning oqib chiqishi va boshqa koʻplab effektlarni oʻylab topdi. 1897-yilda u Parij chekkasidagi Montryo nomli oʻz villasida dunyodagi ilk kinostudiyani barpo etdi va uni Star Film deb nomladi. Studiya oynali pavilyon koʻrinishida boʻlib, Melyes u yerni kino ishlab chiqarish uchun eng zamonaviy qurilmalar bilan jihozladi.
Mazkur kinostudiya ishga tushirilishi bilanoq katta daromad keltira boshladi. Melyes birinchi yildayoq birin-ketin yangi janrlarni yaratdi va shu asosida 60 ta film suratga oldi. U hatto oq-qora kinodan rangli kinoga oʻtishga harakat qildi, buning uchun hatto filmning har bir kadrini qoʻlda boʻyab chiqdi. 1902-yilda uning eng yaxshi filmlaridan biri — “Oyga sayohat filmi” ekran yuzini koʻrdi. Bu kino tarixidagi birinchi ilmiy-fantastik film edi. Melyes kinoda teatrdagi komik aktyorlik uslubining yengil, sodda hazili hamda toʻpli snaryadda oyga uchgan bir nechta gʻalati astronomlarning sarguzashtlari haqida hikoya qiluvchi, sirli fantastik ertakni birlashtirdi. Ssenariy Jyul Vern va Gerbert Uells romanlari qahramonlari asosida yaratilgan edi. Melyesning kino ishlari aniqligi, ifodaliligi va tempi bilan ajralib turardi. U kino yaratish jarayonida barcha sohalarda bevosita ishtirok etgan: muallif, rejissyor, rassom, aktyor, monatjchi boʻlib faoliyat yuritgan.
Boshqacharoq aytganda, kino Melyes uchun hayot mazmuniga aylangan edi. Melyes oʻshanda, shubhasiz, oʻz karyerasining eng yuqori choʻqqisida edi. Uning lentalari bir vaqtning oʻzida Parijdagi ikkita yirik teatr ekranlarida namoyish etildi. Biroq kinematografiya sohasi oʻsardi, rivojlanishda davom etardi. Suratga olishning yangi usullari ixtiro qilindi, kinokameralar takomillashdi. Rejissyorlar tobora koʻproq tabiat qoʻynida suratga ola boshladi. Melyes esa oʻz uslubini umuman oʻzgartirmadi, pavilyonda ishlashni davom ettirdi. U boy tasavvurga ega ajoyib dekorator (binolar bezagi bilan shugʻullanuvchi mutaxassis)ligicha qoldi, ammo feyeriya (dabdabali sahnalashtirish) urfdan qola boshladi. Jorj esa bunga ishonishni xohlamasdi. Mushkul ahvolda qolgan Melyesga kinorejissyor Sharl Pate bir nechta filmlar uchun buyurtma berib, yordam qoʻlini choʻzdi. Melyes filmni suratga olish uchun olingan kreditga garov sifatida Montryodagi villasini (korxona muvaffaqiyatiga ishonib), shuningdek, studiya va uyini qoʻydi. 1911-yildan 1913-yilgacha Star Film soʻnggi besh kartinasini yaratdi. Tomoshabinlarni filmlardan birida qoʻllangan maxsus effekt hayratga soldi, biroq umumiy olganda loyiha muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Zamon rejissyordan haqiqiy va tabiiy hayot sahnasini talab qildi, biroq Melyes oʻz teatr bezaklaridan voz kechmadi. U tabiat qoʻynida suratga olishdan bosh tortdi. Melyes yaratgan filmlari nusxasini kinoteatrlarga sotish orqali daromad qilishga harakat qildi, ammo eng katta bozor — Amerika u uchun yopiq edi. Chunki Tomas Edison (amerikalik ixtirochi va tadbirkor) oʻzini kino texnologiyasida barcha Amerika patent huquqlarining egasi deb hisoblardi. Uning ruxsatisiz olingan har qanday film, jumladan, Melyes filmlarini ham nusxalash va sotish huquqiga ega deb bilardi. Natijada Jorj filmlarini AQShda namoyish qilsa-da, deyarli hech qanday daromad ololmadi va 1914-yilda studiyani sotishga majbur boʻldi. U gʻazablanib muvaffaqiyatsizlikka uchragan filmlarini yoqib yubordi. Birinchi jahon urushi boshlanishi bilan Robert Houdin teatri ham yopildi. Urushdan keyin esa Jorj Melyes nomi butunlay unutilib ketdi. U Monparnas vokzalidagi kioskda bolalar oʻyinchoqlari sotuvchisi boʻlib ishladi.
1932-yilda butunlay vayron boʻlgan studiyani Kinematografiya jamiyati Orli qalʼasiga qoʻshib olguniga qadar Melyesning bu soha rivojiga qoʻshgan hissasini hech kim eslamadi. Shu tariqa kinematograf “Faxriy legion” ordeni bilan taqdirlandi va kamtarona pensiya sohibiga aylandi. 1938-yil 21-yanvarda Jorj Melyes Parijdagi qariya aktyorlar uyida vafot etdi. Melyesning kino sanʼatiga qoʻshgan hissasi juda ham katta. U sehrgar edi, chunki birinchi boʻlib kinematografiyaning bor kuchi va cheksiz imkoniyatlarini tushunib yetdi. Adabiy hikoyalarni sahnalashtirishni boshlab berdi, uni munosib ravishda koʻplab kinematografiya janrlarining asoschisi deb hisoblashadi. Jorj Melyes hikoyasi mana shu yerda tugadi.
Muqova suratlar: mirf.ru / national-movie-awards.ru