1
Ulashish
877 marta koʻrilgan
1903–1957
Jon fon Neyman
Yanosh Layosh Neyman bu — Jon fon Neymanning asl ism-sharifi. Yanosh Neyman 1903-yilning 28-dekabrida Budapesht (Vengriya poytaxti) da tugʻilgan. Uning otasi Miksa Neyman bank xodimi, onasi Margaret Kann esa yirik boy tijoratchining qizi boʻlgan. Yanosh (uni erkalatib Yanchi deb chaqirishgan) Neyman juda iqtidorli boʻlib, bolaligidan boshlab matematikaga jiddiy qiziqqaniga qaramay, otasi uni kimyogar boʻlishini istagan.
U 6 yoshidayoq 8 xonali sonlarni ham qogʻoz-qalam ishlatmasdan, bemalol dilda qoʻshish, ayirish, koʻpaytirish va boʻlish amallarini bajara olgan. U 8 yoshida esa matematik analizga oid masalalarni mustaqil yecha olgan. Jon 1911-yilda lyuteran gimnaziyasiga oʻqishga kirdi. 1913-yilda uning otasi zodagonlik maqomini oldi va endilikda qahramonimiz ham Avstro-Vengriya Imperiyasi anʼanalariga muvofiq ravishda, oʻzining asl Yanosh Neyman ismini zodagonlik maqomiga moslab, Yanosh fon Neyman shakliga oʻzgartirdi.
Otasining talabi bilan fon Neyman Shveytsariyadagi Syurix universitetining kimyo muhandisligi sohasini oʻzlashtirishga kirishdi. Neymanning otasi shunchaki matematikaning oʻzi hayotda toʻq yashash uchun yetarli boʻlmaydi, deb hisoblagan va oʻgʻlining oʻsha zamonda istiqbolli sanalgan soha — kimyo texnologiyalarini oʻzlashtirishini istagan. Lekin Yanosh fon Neyman matematikaga boʻlgan qiziqishini tashlab yubormadi. U kimyo yoʻnalishida tahsil olar ekan, matematikani mustaqil oʻrgana boshladi va 1926-yilda Budapesht (Vengriya) universitetida matematikadan fan doktori darajasini qoʻlga kiritdi. Olim 1927-yilda Germaniyaning Gyottingen universitetiga, mashhur matematik David Gilbertning ilmiy maktabiga yoʻl oldi. Fon Neyman oʻzining nazariy fizikaga oid muhim ilmiy ishlarini aynan Gyottingenda yuritgan va eʼlon qilgan. Yanoshning Germaniyada yashagan davridagi ilmiy ishlarida uning ismi nemischaga moslanib, Yoxann Neyman tarzida qayd etildi.
Fon Neymanning ota avlodi kelib chiqishiga koʻra yahudiy millatiga mansub boʻlgan. 1930-yillarga kelib Germaniyada hukumat tepasiga fashistlar kela boshlagach, mamlakatda antisemitizm (milliy va diniy murosasizlik shakllaridan biri boʻlib, asosan yahudiylarga dushmanlik bilan ifodalanadi) illati kurtak yoza boshladi. Bu orada fon Neyman ancha obroʻ-eʼtibor orttirgan olim sifatida tanilib ulgurgan edi va u 1930-yilda AQShga, Prinston universitetida yangi tashkil qilinayotgan Istiqbolli tadqiqotlar institutiga taklif etildi. Bu uning uchun ayni muddao edi. Fon Neyman 1930-yilda Prinstonga koʻchib oʻtdi va avvaliga ushbu universitetda oʻqituvchilik qildi.
1933-yildan boshlab esa Istiqbolli tadqiqotlar institutida ishlay boshladi. Olim ushbu institutning eng yosh ilmiy xodimi boʻlgan va umrining oxirigacha aynan shu yerda mehnat qilgan. Amerikaga koʻchib oʻtgach, Yanosh fon Neymanning ismi asta-sekinlik bilan Jon shaklida talaffuz qilina boshlandi (olimning ismi pasportida Janosh deb yozilgan, Jan keyinroq esa Jon shakliga oʻtgan). 1937-yilga kelib, fon Neyman AQSh fuqaroligini qabul qildi. U asl qoni venger millatiga mansub ekanligini unutmas edi.
Fon Neyman oila qurish uchun turmush oʻrtogʻini, albatta, venger millatiga mansub boʻlishi kerak degan fikrda edi. U 2 marotaba uylangan va har ikki safar AQShga Vengriyadan muhojirlikka kelgan venger qizlari bilan turmush qurgan. Fon Neymanning har ikki turmushidan bittadan qiz farzandi bor edi. Bu orada Yevropada mashʼum urush olovi alangalanib, fashistlar armiyasi ommaviy qirgʻinbarotni boshlab yuborgan.
Yaponiya armiyasi AQShning Tinch okeanidagi Perl-Xarbor bazasini bombardimon qilgach, AQSh hukumati ham urush harakatida faol qatnasha boshladi. AQSh hukumati urushda qoʻllash uchun dushmanga ommaviy va yalpi zarba bera oladigan qirgʻin quroli — atom bombasini tayyorlashni maqsad qilgan edi. Shu maqsadda mamlakatda yirik fizik-yadroshunos Robert Oppengeymer boshchiligida, shartli ravishda “Manxetten loyihasi” deb nomlanuvchi, asl maqsadi esa dushmanga qarshi qoʻllash mumkin boʻlgan atom bombasini tayyorlash boʻlgan davlat ahamiyatiga ega loyiha yoʻlga qoʻyildi. 1942-yilda Oppengeymer “Manxetten loyihasi” da ishtirok etish uchun Jon fon Neymanni taklif qildi. Bu vaqtda fon Neyman AQSh hukumati huzurida harbiy maslahatchi boʻlib ishlayotgan edi.
1943-yildan boshlab, fon Neyman “Manxetten loyihasi” ning toʻlaqonli aʼzosiga aylandi. Uning saʼy-harakati bilan atom bombasi tayyorlash loyihasi yangi bosqichga koʻtarildi va Los-Alamosdagi favqulodda maxfiy laboratoriyada tarixdagi ilk atom bombasi yasaldi. Uning mazkur loyihaga qoʻshgan hissasi shunchaki nazariy tavsiyadan iborat boʻlmagan. Atom bombasi detonatsiyalanish holatining eng optimal variantini aynan fon Neyman matematik usulda hisoblab chiqarib bergan va amalda uning hisob-kitobi oʻzini toʻliq oqlagan. Shuningdek, u bombani sinab koʻrish uchun eng maqbul va zararsiz joyni belgilash boʻyicha geografik-topologik tavsiyalarni ishlab chiqqan.
Olim urushdan keyingi yillarda kompyuter texnologiyalarini rivojlantirish va kompyuterdan amaliyotda keng foydalanishga oʻtish masalalariga qiziqib qoldi. U 1950-yilda ENIAC kompyuteridan ob-havoni bashorat qilish maqsadida foydalanish boʻyicha AQSh meteorologiya xizmati bilan tajriba oʻtkazdi va muvaffaqiyatli natijani qoʻlga kiritdi. 1954-yilda uni Atom energetikasi hayʼati aʼzoligiga saylashdi. Atom energetikasi boʻyicha hukumatning bosh maslahatchisi boʻlib ishga tayinlangan olim 1955-yil may oyida Vashingtonga koʻchib oʻtdi va qitʼalararo ballistik raketalar hamda atom bombasini qoʻllash strategiyasini ishlab chiqish bilan shugʻullandi. Avj olib borayotgan sovuq urush sharoitida fon Neymanda olimlarga xos boʻlmagan radikal qarash shakllanib borayotgan edi.
U AQShning SSSRʼga qarshi urush ochishi tarafdori boʻlgan, oʻngchi radikal siyosatchilar safiga kirib qoldi. Hatto u Sovet Ittifoqiga qarshi yadroviy zarba berish kerakligi haqida hukumatga taklif kiritdi. Fon Neymanning ushbu yillardagi radikal siyosiy qarashiga nima sabab boʻlganini aytish qiyin. Balki bu holatni uning vatani Vengriyada urushdan keyin kommunistik tartib oʻrnatilganini hazm qila olmagani bilan izohlash mumkindir. Lekin nima boʻlganda ham AQSh hukumati tepasidagi hal qiluvchi qarorni qabul qiladigan shaxslarda oxir-oqibat sogʻlom fikr gʻalaba qozondi va insoniyat uchun muqarrar kulfat keltiradigan yadroviy urush roʻy bermadi.
1954-yil yozida Jon fon Neyman yiqilib tushib, jarohat oladi. Davolanishiga qaramay, jarohat oʻrnidagi ogʻriq oʻtib ketmasdan zoʻrayaverdi. Qanchalik daho boʻlmasin, afsuski, u qanday zararli sharoitda ishlayotganiga eʼtibor qaratmagan ekan. Vrachlar uning suyaklarida saraton avj olayotganini aniqladi. Buning bosh omili — “Manxetten loyihasi” da radioaktiv moddalar bilan koʻp ishlagani va hayot uchun xavfli nurlanish dozasini olganligi boʻlib chiqdi. Fon Neyman “Manxetten loyihasi” da ishlayotgan paytda oʻziga qatʼiy ishonch bilan Los-Alamos favqulodda maxfiy laboratoriyasida haddan ziyod koʻp soatlab ish olib borgan. Kasallik 1955-yilga kelib olimni toʻshakka mixlab qoʻydi. Beqiyos zakovat egasi, XX asr matematika daholaridan biri — Yanosh, Yoxann, Jon fon Neyman 1957-yilning 8-fevralida Prinstonda vafot etdi.