Orqaga

1013 marta koʻrilgan

1736-1819

Jeyms Uatt

Uatt Glazgo yaqinidagi kichik shotland shaharchasi — Grinokda tugʻilgan. Uning otasi shu shaharcha sudyasi edi. Bundan tashqari, Uattning otasi turli dengizchilik asboblarini tayyorlash va taʼmirlash bilan shugʻullanuvchi, kichik ustaxonaga ega edi. Jeymsning sogʻligʻi zaif boʻlgani sababli, otasi uni Glazgoga emas, balki shahar savdogar va hunarmandlar farzandlari uchun qurilgan, kichik mahalliy maktabga beradi. Yosh ixtirochi tengdoshlari orasida iqtidorliroq boʻlib, tez orada oʻqishda ulardan oʻzib ketadi. Otasi uning oʻqishini savdo litseyiga koʻchiradi. Bu yerda Jeyms mashhur shotland shoiri va filolog Jon Uilson bilan tanishadi.

 

Litseyni tugallagach, otasi uni Glazgoga olib boradi va shahardagi optik va mexanik asboblar ustasi — Bentliga shogirdlikka beradi. Lekin tez orada Jeyms Bentlidan oʻrganishi mumkin boʻlgan hamma narsani bilishi maʼlum boʻladi. U Glazgoda mahalliy universitet professori boʻlgan amakisining uyida yashaydi. Har hafta uning uyida bir qancha professor va talabalarni birlashtirgan toʻgarak yigʻilishi boʻlib oʻtardi. Ular oʻqigan kitoblari haqida taassurotlar bilan boʻlishar, maʼruza qilar edi.

 

Fizika professori Tomas Dik uning iqtidorini payqab qoladi. U Jeyms oʻqishda davom etishi kerakligini tushunib, uni londonlik oʻlchov asboblari ustasi Morganga shogirdlikka beradi. Morganda oʻrganganlari unga shunchalik foyda bergan ediki, Uatt Londonda navigatsion asboblar tayyorlash va taʼmirlash boʻyicha oʻz ustaxonasini ochadi. Lekin Jeyms tez orada londonlik ustalar bilan raqobat qila olmasligini tushunadi va Glazgoga qaytadi.

 

Uatt professor Dik homiyligi ostida universitetning fizik jihozlar taʼmir ustasi boʻlib ishlay boshlaydi. Fizika fakulteti yertoʻlasida joylashgan ustaxonasi professor va talabalar yigʻiladigan, oʻziga xos klubga aylanadi. Uattning mashhurligi shunchalik ortadiki, u oʻz firmasiga asos soladi. Yordamchisi Jon Kreyg bilan yertoʻladan, shaxsiy xonalariga koʻchib oʻtadi. Aynan oʻsha payt, 1764-yil bahorida Uattga Tomas Nyukomen yaratgan bugʻ mashinasini takomillashtirish iltimosi bilan murojaat qilishadi.

 

Shaharlik bir nechta savdogarlar uni suv chiqarish va bir qancha mexanizmlarni harakatlantirish maqsadida qoʻllagach, mashina faoliyatini yanada samarali qilishni xohlagandi. Uni takomillashtirish bilan shugʻullangan Uatt, bir yildan keyin ikki barobar kuchliroq boʻlgan oʻz qurilmasini yaratadi. Biroq unga birmuncha sezilarli oʻzgartirishlar kiritish kerak boʻlib, buning uchun ancha jiddiy texnik baza kerak edi. Shunda Uatt oʻz buyurtmachilaridan biri boʻlgan Kineylda kichik metallurgiya zavodi egasi boʻlgan Jon Rebekga yordam soʻrab murojaat qiladi. Rebek uning taklifini qabul qiladi va bir yildan kamroq vaqt ichida Uatt “Velzevul” nomini olgan, yangi sanoat bugʻ mashina namunasini yaratadi. Uning ixtirosi mohiyati shundan iborat ediki, qaynoq bugʻ navbat bilan avval silindrning birinchi yarmiga, keyin ikkinchisiga oʻtardi. Buning uchun Uatt maxsus klapanli mexanizm yaratdi. “Velzevul” insoniyat tarixidagi ilk toʻxtovsiz ishlaydigan bugʻ mashina namunasi edi.»

 

U shunchalik samarali va tejamkor ekanidan Rebek oʻz zavodini shunday mashinalar ishlab chiqarishga qayta ixtisoslaydi. Bundan tashqari, u markazdan qochuvchi regulyator ixtiro qiladi va natijada mashina yanada ritmik tarzda ishlay boshlaydi. Uatt oʻz ixtirosini Londonda patentlaydi va mashinasining chizmalarini bir necha yirik tadbirkorlarga sotadi. Shundan soʻng u mashhur sanoatchi Matyu Bulton taklifi bilan Birmingemga koʻchadi. U oʻz zavodida mexanik laboratoriya tashkillashtiradi va uni toʻliq Uattning ixtiyoriga berib qoʻyadi. Aynan oʻsha yerda ixtirochi oʻz dvigatelini takomillashtirish ustida ishlaydi. Porshenga tushayotgan harakatning transformativ aylanishini taʼminlaydigan, butunlay yangi mexanizmni yaratadi. Bu nafaqat mashinaning tejamkorligini oshirdi, balki undan foydalanish sohalarini ham keskin kengaytirib yubordi. Bundan tashqari, Uatt dvigatel kuchini oʻlchaydigan metodikani ishlab chiqadi va bu oʻlchov birligini ot kuchi deb nomlashni taklif qiladi. U nafaqat bugʻ mashinasining, balki hujjatlarni nusxalash qurilmasining ham ixtirochisi edi.

 

Kimyo sohasidagi bir necha qiziqarli ixtirolar ham unga tegishli hisoblanadi. 1783-yilda ixtirochi atmosfera havosining murakkab tarkibini aniqlaydi. Bu ixtirosi uchun u Qirollik jamiyatining aʼzoligiga tanlanadi. Ixtirochi umrining soʻnggi yillarini Glazgo yaqinidagi mulkida oʻtkazadi va uning nazorati ostida ikki oʻgʻli ham ixtirochilik bilan shugʻullana boshlaydi.

 



Muqova suratlar: wikipedia.org / historyofrailroad.com / thoughtco.com