Orqaga
Isaak Nyuton biografiyasi, bolaligi, ta'lim, hayoti, faoliyati, yutuqlari, o'limi va oilasi haqida.

534 marta koʻrilgan

1642–1727

Isaak Nyuton

Nyuton 1643-yil 4-yanvarda Angliyaning sharqiy qirgʻogʻidagi Grantem shahri yaqinida, Vulstorp qishlogʻida, kambagʻal fermer oilasida, otasi vafotidan koʻp oʻtmay dunyoga kelgan. Isaakning oʻgay otasi soʻzlariga koʻra, uning otasi “gʻalati, yovvoyi va nimjon kishi boʻlgan. Nyutonning onasi obroʻli oiladan boʻlgan va “oʻziga xos fazilatli va mehribon ayol” deya taʼriflangan. Isaak muddatidan oldin tugʻilgan, haddan tashqari zaif va kichkina edi. Hech kim uning yashab ketishiga umid qilmagan. Ammo bu gap-soʻzlardan farqli ravishda, u sogʻlom boʻlgan va uzoq umr koʻrgan. Isaak tugʻilganidan 3 yil oʻtgach onasi qayta turmush quradi va boshqa shaharga koʻchib oʻtadi. Shu sababli uni buvisi tarbiyalaydi. U qishloqdagi Vulstrop maktabida oʻqish, yozish va hisob-kitob koʻnikmalarini egallaydi.

Uni 12 yoshida shahardagi Grantem maktabiga berishgan, u yerda shaharlik dorixonachi Klarknikiga joylashadi. Bolaligidanoq Isaak murakkab mexanik oʻyinchoq, turli xil modeldagi mashina, quyosh va suv soati, varrak, rangli qogʻozdan chiroqlar yasashni yaxshi koʻrgan. Maktab davrida u uyatchan boʻlgan, tengdoshlarining shovqinli doirasidan qochgan, lekin shu bilan birga juda oʻzini sevadigan edi.

Nyuton yaxshi rasm chizgani va hattoki sheʼrlar yozgani haqida dalillar mavjud. U oʻzining dastlabki fizikaga oid tajribasini 1658-yil boʻron boʻlayotgan paytda shamol tezligini oʻlchagani deb hisoblaydi. Dastavval u shamol yoʻnalishi boʻylab yurdi, keyin esa unga qarshi. Birinchi va ikkinchi holatda sakrash uzunligini oʻlchab, shamol kuchini hisoblab chiqdi.

Oʻsha vaqtda dorixonalar alkimyo laboratoriyalardan unchalik katta farq qilmas edi va Nyutonda kimyo hamda alkimyoga qiziqish uygʻondi, bu esa unda tartiblilik, aniqlik va sezgirlik talab qiladigan tajribalar uchun did paydo qildi. Keyinchalik Nyutonning oʻzi optika boʻyicha tajribalar uchun koʻzgu va linzalarni sayqallab, londonlik eng yaxshi hunarmandlarni ortda qoldirdi.

Shu bilan birga Isaak murakkab matematik masalalarni yechishga qiziqqan. Uning bu qiziqishlarini koʻrgan yaqinlarida Isaakning universitet taʼlimini olishi zarurligi haqida fikr paydo boʻldi. 1661-yilda Nyuton Kembrij universitetining Triniti kollejiga (Muqaddas uchlik kolleji) “sabsayzer” — kambagʻal talaba deb ataladigan haqoratomuz unvon bilan oʻqishga kirdi. Bunday talabalar oʻz taʼminoti uchun toʻlov toʻlay olmagan va shu sababli boy talabalarga xizmat qilishga majbur boʻlgan.

Ikki yil davomida Nyuton matematika, geometriya, trigonometriya, qadimgi tillar — lotin, yunon va yahudiy tillarini, shuningdek, ilohiyotni oʻrgandi. Triniti kolleji hujjatlarida Nyutonning tirishqoqligi va tartibliligi qayd etilgan. 1664-yilda u “toʻliq talaba” boʻldi. 1665-yilda esa Triniti kollejining 25 nafar talabasi bilan birgalikda bakalavr darajasini oldi.

1668-yil iyulda 25 yoshli Nyuton magistr unvonini oladi. Oradan bir yil oʻtgach Triniti kollejining fizika-matematika kafedrasi rahbari boʻldi va uni 1701-yilgacha boshqardi. Shu vaqtdan boshlab, Kembrij faqatgina ilohiyot bilan emas, balki fizika va matematika bilan ham mashhurlikka erishgan. Nyuton oʻz kashfiyotlarining asosiy qismini Kembrij universitetini tamomlaganidan soʻng amalga oshirgan.

1665-yilda Angliyada minglab odamlar vafotiga sabab boʻlgan oʻlat epidemiyasi tarqaldi. Nyuton kasallikdan qochib ona shahri Vulstropga ketadi va ilmiy ish bilan shugʻullanadi. Masalan, u jismlarning oʻzaro tortishish qonunini (gravitatsiya) kashf qilgan. Bu qonunga koʻra, osmon jismlari Quyosh atrofida aylanadi va shu qonun asosida ularning yoʻllarini — orbitalarini, shuningdek, sunʼiy samoviy jismlarning orbitalarini — sunʼiy yoʻldosh, kosmik kema va stansiyalarni hisoblash mumkin. Nyuton butun olam tortishish qonunidan tashqari, turli xil jismlarning harakatini tavsiflovchi mexanikaning 3 ta asosiy qonunini kashf qildi.

Bu qonunlarning barchasi uning izdoshlariga oʻziga nomaʼlum boʻlgan koʻplab tabiat hodisalarini tushuntirishga imkon bergan. Shunday qilib, Nyuton Yupiter va Saturn sunʼiy yoʻldoshlari harakatlanadigan orbitalarni hisoblab chiqdi va bu maʼlumotlardan foydalanib, Yer Oyni qanday kuch bilan oʻziga tortishini aniqladi.

Oʻz navbatida, bu maʼlumotlarning barchasi kelajakdagi yerga yaqin kosmik parvozlarda qoʻllanilgan. 1842-yilda mashhur nemis astronomi Bessel Nyuton qonuni asosida Sirius yulduzi yaqinida koʻrinmas sunʼiy yoʻldosh mavjudligini taxmin qilgan. Oradan 10 yil oʻtib, bu sunʼiy yoʻldoshning kashf etilishi butun olam tortishish qonuni nafaqat Quyosh tizimida amal qilishi, balki koinotning umumiy qonunlaridan biri ekaniga dalil boʻldi.

Aytishlaricha, butun olam tortishish qonuni Nyuton bogʻda olmaning yerga tushishini kuzatgan vaqtda paydo boʻlgan. Yer olmani oʻziga tortadi degan fikr oʻz-oʻzidan hayratlanarli, lekin Nyuton olma ham Yerni oʻziga tortishini payqadi. Ammo olma massasi Yer massasiga nisbatan kichik boʻlgani sababli bunda tortish kuchi kamroq boʻladi. Aynan Vulstropda Nyuton shisha prizmada singan oq yorugʻlik koʻp rangli nurlarga boʻlinishini va yomgʻir tomchisida singanda kamalak hosil qilishini tushundi. Olim obyektlarni kattalashtirish uchun botiq koʻzgudan foydalanib, koʻzgu teleskopini oʻylab topadi va uni oʻzi yasaydi.

1668-yilda Nyuton reflektorning (botiq koʻzguli) birinchi kichik modelini yaratadi, 1671-yilda esa ikkinchi takomillashtirilgan teleskop-reflektorni yaratgani uchun Qirollik jamiyati aʼzosiga aylanadi. 1703-yildan boshlab ushbu nufuzli ilmiy jamiyatni boshqaradi.

1687-yilda Nyuton asosiy asari “Tabiiy falsafaning matematik asoslari”ni (Asoslar) nashr etdi, unda oʻzining tadqiqot natijalari va mexanika sohasidagi oʻzidan oldingi olimlarning bilimlarini umumlashtirgan. Bu asar klassik mexanika asoslarini tuzishni yakunladi va keyingi asrlar uchun fanning rivojlanishini belgilab berdi.Nyuton “Asoslar” asari ustida bir yarim yil ishlagan. 1688-yilda Angliyada parlament saylandi, Nyuton parlament deputatiga aylandi. U hech qachon parlament majlislarida chiqish qilmagan. Nyuton universitet va yangi burjua hukumati oʻrtasida aloqalarni oʻrnatish yoʻlida koʻp siyosiy ishlarni amalga oshirgan, buni vitse-kansler bilan yozishmalari ham tasdiqlaydi.

1699-yilda olim tanga zarbxonasi direktori etib tayinlanadi va u yerda bir nechta muhim islohotlarni amalga oshiradi. Jumladan, u tanga chetiga naqsh kiritdi va qisqa muddatda hamma tangalarni qayta zarb qildirdi. Bu mamlakat moliyaviy ahvoli yaxshilanishiga yordam berdi. Londonda uning ilmiy faoliyati 1704-yilda “Optika” asarini nashr ettirish, “Asoslar”ini qayta nashr etish ustida ishlash va bir qancha matematik ishlar bilan cheklanib qolgan. Nyuton qirolicha Anna tomonidan ritsarlik unvoni bilan taqdirlangan va shuhrat, eʼtirof choʻqqisida boʻlgan. Umrining oxirlarida u fizika bilan kam shugʻullanadi va eʼtiborini koʻproq ilohiyot va xronologiyaga (voqealar birin-ketin sodir boʻlishi) qaratadi. Nyutonning butun hayoti juda sokin va bir xil oʻtgan. U hech qachon Angliyani tark etmagan va faqat Grantemdan Kembrij va Londonga sayohat qilgan.

Keksalik davri osoyishta, keskin ruhiy iztirob va qiyinchiliklarsiz, jiyanining gʻamxoʻrligi ostida oʻtdi. Nyuton oʻzining yuqori mansabiga qaramay, oxirgi kunlariga qadar odamlar bilan munosabatlarida ham, kiyimida ham kamtarlik va oddiylikni saqlab qolgan. Koʻpgina zamondoshlarining guvohligiga koʻra, Isaak Nyutonning boʻyi oʻrtadan past, baqaloq, jonli va oʻtkir nigohli boʻlgan, tashqi koʻrinishida oʻziga eʼtibor tortadigan hech narsa yoʻq edi. U yaxshi suhbatdosh boʻlmagan, har doim oʻzining fikrlari bilan mashgʻul boʻlgan.

Nyuton turmush qurmay vafot etgan. Tejamkor va rejali boʻlganidan qarindosh hamda doʻstlariga mamnuniyat bilan yordam bergan. 80 yoshida unda tosh paydo boʻlishi bilan kechadigan siydik pufagi bilan bogʻliq jiddiy buzilish sodir boʻldi. 1725-yilda uning sogʻligi yomonlashdi.

U 1727-yilning 4-martida tosh kasalligi keskin xurujini boshdan kechirdi, lekin tuzalishiga umid bor edi. Nyuton 18-mart kuni kechqurun hushini yoʻqotdi va 20-martdan 21-martga oʻtar kechasi 84 yoshida vafot etdi. Nyutonning jasadi Kensingtondan Londonga olib kelingan va Angliyaning buyuk kishilar uchun maqbarasi hisoblangan Vestminster abbatligida tantanali marosim bilan dafn etilgan. 4 yildan soʻng qarindoshlari uning qabri ustiga surati tushirilgan yodgorlik oʻrnatdi. Qabr toshiga bitilgan yozuvda shunday deyilgan: “Bu yerda ilohiy aql bilan birinchi boʻlib matematika mashʼalasida sayyoralar harakati, kometalarning yoʻlini va okeanlar suvining koʻtarilishini isbotlagan zodagon, ser Isaak Nyuton yotibdi.

U oldin hech kim payqamagan yorugʻlik nurlaridagi farqni va paydo boʻlgan yorugʻlikning turli xususiyatlarini oʻrganib chiqdi. U qadimgi va muqaddas yozuvlarning tabiati bexato, tirishqoq, dono tarjimoni boʻlib, oʻz falsafasi bilan qudratli Xudoning buyukligini tasdiqladi, oʻzining xulq-atvori bilan Injilning soddaligini ifoda etdi. Inson zotining shunday ziynati borligidan odamlar shod boʻlsin. Nyutonning qabr toshiga quyidagi soʻzlar oʻyib yozilgan:

“Bu yerda Isaak Nyuton dafn etilgan”.

1755-yilda Triniti kollejida oʻrnatilgan haykalda Lukretsiyaning qisqacha yozuvi bor edi: “U aql-zakovatda insoniyatni ortda qoldirdi”. Nyutonning ilmiy qahramonligi zamondosh va avlodlar tomonidan yuqori baholangan. S.I. Vavilovning fikricha, “Nyuton mexanikasi tarixiy yodgorlikmas, balki bugungi tabiiy fanlarning asosidir”.



Muqova suratlar: dzen.ru / ethnomir.ru