
2
Ulashish
20 marta koʻrilgan
M. a. 3000-yil
Ipakning kelib chiqishi
Dunyodagi eng ajoyib mato — ipakning qadimgi Xitoydan hozirgi kungacha bo‘lgan tarixi
Ipak bu — tut daraxti barglari bilan oziqlanadigan ipak qurti (hasharotlar lichinkalari) tomonidan ishlab chiqariladigan pilladan — yumshoq himoya qobig‘idan tayyorlanadigan nozik, silliq material. Rivoyatlarga ko‘ra, ipak qurtlarini kashf etgan shaxs miloddan avvalgi 3000-yillarda Xitoyda hukmdorlik qilgan Sariq imperatorning rafiqasi Ley Tzu bo‘lgan. Hikoyalarning birida aytilishicha, u erining bog‘larida sayr qilib yurgan paytida ipak qurtlari bir nechta tut daraxtlarini yeb bitirganini payqab qoladi. So‘ng bir qancha pillalarni terib, dam olishga o‘tiradi. Keyin u choy ichayotganda yig‘ib olgan pillalaridan biri issiq choyga tushib ketadi va chigali yechilib nafis ip holiga keladi. Ley Tzu bu ipni barmoqlari atrofida o‘rashi mumkinligini sezib qoladi. Keyinchalik u erini tutzorda ipak qurti boqishga ruxsat berishga ko‘ndiradi. Shuningdek, u pilla tolalarini matoga to‘qish uchun mustahkam bo‘lishini ko‘zlab, bir ipga tortadigan maxsus g‘altak o‘ylab topadi. Bularning qanchalik to‘g‘ri ekani nomaʼlum bo‘lsa-da, Xitoyda ipakchilik bir necha ming yillar davomida mavjud bo‘lgani aniq.

Ipak qurti va tut barglari tovoqlarga solish jarayoni / wikipedia.org
Dastlabki davrlarda ipakchilik bilan faqat ayollar shug‘ullangan. Ular yetishtirish, yig‘ish va to‘qish uchun masʼul edi. Ipak tez orada martaba timsoliga aylangan. Dastlab faqat qirollik oilasi ipakdan tikilgan kiyimlar kiyish huquqiga ega bo‘lgan. Nihoyat Qing sulolasi davriga (milodiy 1644–1911-yillar) kelibgina yillar davomida qoidalar asta-sekin yengillashtirildi, hatto eng quyi tabaqa vakillari bo‘lgan dehqonlar ham ipak kiyish huquqiga ega bo‘ldi. Xan sulolasi davrida (miloddan avvalgi 206 va milodiy 220-yillar) ipak shu qadar qadrlanganki, undan pul birligi sifatida ham foydalanilgan. Davlat amaldorlari ish haqini ipak bilan olardi, dehqonlar esa soliqlarni don va ipak bilan to‘lardi. Ipak imperator tomonidan diplomatik sovg‘a sifatida ham ishlatilgan. Baliq ovlash ipi, kamon tori, cholg‘u asbobi va qog‘ozlar ipakdan foydalanib yasalgan. Ipak qog‘oz ishlatilgani haqidagi dastlabki maʼlumotlar taxminan milodiy 168-yilda vafot etgan bir zodagonning qabridan topilgan.
Ushbu ajoyib matoga bo‘lgan talab oxir-oqibat ipakni G‘arbga olib boradigan va Sharqqa oltin, kumush va jun olib keladigan “Ipak yo‘li” deb nomlanuvchi daromadli savdo yo‘lining yaratilishiga sabab bo‘ldi. U oltindan ham qimmatroq hisoblangan eng bebaho buyumi tufayli Ipak yo‘li nomini oldi. Ipak yo‘li Sharqiy Xitoydan O‘rta dengizgacha bo‘lgan 6 000 kilometrdan koʻproq masofaga choʻzilgan. Yo‘l Buyuk Xitoy devori ortidan, Pomir togʻ tizmasini bosib oʻtib, hozirgi Afgʻonistonni kesib oʻtadi va Damashqdagi yirik savdo bozori bilan Yaqin Sharqqa boradi. U yerdan tovar O‘rta dengiz orqali tashiladi. Butun yoʻnalish bo‘ylab bir nechta savdogarlar sayohat qilardi, tovarlar asosan bir qator vositachilar tomonidan ayirboshlanar edi.
Ipak qurtining vatani Xitoy bo‘lgani sababli bu mamlakat yuzlab yillar davomida dunyodagi yagona ipak ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan. Ipakchilik sir-sinoati oxir-oqibat eramizning 330–1453-yillari davomida O‘rta dengiz bo‘yida joylashgan Yevropa, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda hukmronlik qilgan Vizantiya imperiyasi vositachiligida butun dunyoga yetib bordi. Boshqa bir rivoyatga ko‘ra, Vizantiya imperatori Yustinian uchun ishlaydigan rohiblar eramizning 550-yillarida Konstantinopolga (hozirgi Turkiyadagi Istanbul) ipak qurti tuxumlarini ichi bo‘sh bambukdan yasalgan yurishda yordam beruvchi hassalar ichiga yashirgan holda olib o‘tgan. Vizantiyaliklar ham xitoyliklar kabi ipakchilikni sir saqlar edi va ko‘p asrlar davomida ipak mato to‘qish va uning savdosi imperatorlik qoʻli ostida boʻlgan. Keyinchalik VII asrga kelib, arablar Forsni bosib oldi va buning oqibatida ularning ajoyib ipaklarini qo‘lga kiritdi.

Ipak to‘quv dastgohi yordamida to‘qish jarayoni / wikipedia.org
Ipak ishlab chiqarish Afrika, Sitsiliya va Ispaniya bo‘ylab tarqaldi, chunki bu yerlar arablarning qo‘lida edi. Ispaniyaning janubidagi Andalusiya X asrda Yevropaning asosiy ipak ishlab chiqarish markazi edi. XIII asrga kelib, Italiya ipak ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha Yevropaning yetakchi davlatiga aylandi. Venetsiyalik savdogarlar ipak bilan keng savdo qilgan va ipakchilarni Italiyaga joylashishga undagan. Hozir ham Italiya shimolidagi Komo provinsiyasida qayta ishlangan ipak katta obro‘ga ega.

Ipakdagi siyoh va rang tekshirayotgan ayollar tasvirlangan rasm, 12-asr boshlari / wikipedia.org
O‘n to‘qqizinchi asr va sanoatlashtirish davri Yevropa ipak sanoatining qulashiga guvoh boʻldi. Suvaysh kanalining ochilishi bilan savdosi sezilarli darajada osonlashgan arzon yapon ipaklari bu tendensiyani boshqargan ko‘plab omillardan biri edi. Yigirmanchi asrga kelib, yangi sunʼiy tolalar, masalan, neylon paypoq va parashyut kabi anʼanaviy ipakdan tayyorlanuvchi mahsulotlar tarkibida qo‘llana boshlandi. Yaponiyadan xomashyo yetkazib berishni to‘xtatgan ikki Jahon urushi Yevropa ipak sanoatiga ham chek qo‘ydi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Yaponiyada ipak ishlab chiqarish qayta tiklandi, ipak xomashyosi ishlab chiqarish va uning sifati yaxshilandi. Yaponiya 1970-yillargacha dunyodagi eng yirik ipak xomashyosi ishlab chiqaruvchisi va deyarli yagona yirik ipak eksportchisi bo‘lib qolishi kerak edi. Biroq, so‘nggi o‘n yillikda Xitoy asta-sekin dunyodagi eng yirik ipak va ipak tolasi ishlab chiqaruvchi hamda eksportchisi sifatida o‘z mavqeyini tikladi. Hozirgi kunda dunyoda 125 000 tonnaga yaqin ipak ishlab chiqariladi va bu ishlab chiqarishning deyarli uchdan ikki qismi Xitoy hissasiga toʻgʻri keladi.
Manba: “Cambridge IELTS 11” kitobidan
Muqova suratlar: pixabay.com / pexels.com





























































































































































































































