Orqaga

868 marta koʻrilgan

1770–1831

Iogann Zeebek

Tomas Iogann Zeebek — olmon fizigi, termoelektr hodisasini kashf qilgan hamda tarixda birinchi termoparani ixtiro qilgan olim. Iogann Zeebek 1770-yilning 9-aprelida oʻsha vaqtlarda Rossiya imperiyasiga qarashli boʻlgan Revill (hozirgi Estoniya davlatining poytaxti Tallin) shahrida tugʻilgan. Boshlangʻich taʼlimni Gustaf Adolf nomli gimnaziyada, oliy maʼlumotni esa Gettingen universitetida, tibbiyot yoʻnalishida olgan. U avvaliga Yena, Bayreyt va Nyurnberg shaharlarida xususiy shifokor boʻlib ish olib bordi.

1818-yilda esa Berlinga (Germaniya) joylashib, ilmiy faoliyatini boshlab yubordi. Tez orada uni Berlin Fanlar akademiyasiga aʼzolikka qabul qilishdi. Zeebekning ilk ilmiy muvaffaqiyati optika sohasida boʻlgan. Xususan, u farang fizigi Bio bilan deyarli bir vaqtning oʻzida bir va ikki oʻqli kristallardagi yorugʻlik qutblanishi hodisasini kashf etdi. Shuningdek, uning akustikaga doir boʻlgan tovush chiqarayotgan jism harakatining tovush balandligiga taʼsiri borasidagi tadqiqotlari hamda Quyosh spektridagi issiqlik nurlanishlari taqsimlanishining tadqiqotlariga bagʻishlangan izlanishlari katta shuhrat keltirgan. Bundan tashqari, olimning yorugʻlikning jismlarga oʻtkazadigan kimyoviy taʼsiri borasidagi izlanishlari ham maʼlum.

 

Zeebek effektini ko’rsatadigan eksperimentning rasmi / m.polit.ru

Tomas Iogann Zeebek ochgan va hozirgi kunda ham oʻzining katta samaradorligi bilan afzalligini namoyon qilib kelayotgan eng ajoyib kashfiyoti esa bu — termoelektr hodisasi. Unga koʻra, ikkita turli jinsli metallar juftligidan tayyorlangan oʻtkazgich simlardan iborat termojuftlikning oʻzaro kavsharlangan bir uchi issiqlik obyektiga tushirilsa, issiqlik taʼsirida simlarda elektr yurituvchi kuch (EYuK), simlarning erkin uchlarida esa potensiallar farqi yuzaga keladi. Ushbu farqni (kuchlanishni) oʻlchash orqali obyektdagi harorat haqida maʼlum axborotga ega boʻlish mumkin boʻladi. Ushbu effekt fanda olimning sharafiga uning nomi bilan “Zeebek effekti” deb atala boshladi va Iogann Zeebek termopara asbobining ilk ixtirochisi sifatida tarixda qoldi.

Zeebek 1821-yilda yasagan ilk termopara mis-vismut juftligidan iborat boʻlgan. Uning 1821-yilda Prussiya Fanlar akademiyasiga taqdim qilgan “Baʼzi rudalar va metallarda haroratlar farqi yuzaga kelgan sharoitlarda paydo boʻluvchi magnit qutblanishi masalalari” nomli asarida oʻzining mazkur sohaga oid tajriba va natijalari bayon qilingan. Ushbu ish Prussiya Fanlar akademiyasining 1822-yildagi hisobotlarida chop etilgan. Tomas Iogann Zeebek 1831-yilning 10-dekabrida Berlinda vafot etgan.



Muqova suratlar: wikipedia.org / eponym.ru