Teleskoplar XVII asr boshida ixtiro qilingan. 1609-yilda Galiley fazoga teleskop orqali qaragan ilk inson boʻldi. Uning teleskopi buyumlarni atigi 20 marotaba kattalashtirar edi. Biroq shunga qaramay, u Oydagi togʻlarni kuzatgani, Yupiterning 4 yirik yoʻldoshini hamda Venera fazalarini kashf qilgani, shuningdek, Somon yoʻli koʻplab yulduzlardan iborat ekanini koʻrgani tufayli astronomiyada inqilob yasadi. Teleskop texnologiyasidagi keyingi pogʻona Isaak Nyutonning reflektori boʻlib, u linzalar oʻrniga koʻzgulardan foydalanib qurilgan edi. Hozirda teleskoplar butunboshli binolarni qamrab oluvchi ulkan asboblardir. Bugungi kunda dunyodagi eng yirik, optik teleskop Gran Telescopio Canarias hisoblanadi. U eni 10,4 metrlik (34,1 fut) koʻzgudan tashkil topgan.
Teleskoplar nafaqat kattalashdi, balki koʻzimiz bilan koʻra oladigan yorugʻlik toʻlqin uzunligidan kichik diapazonda ham koinotni oʻrganish imkonini berdi. XX asrdan boshlab, astronomlarga yangi toʻlqin uzunliklari maʼlum boʻldi. 1928-yilda telefon kompaniyasi muhandisi Karl Yanskiy telefon qoʻngʻiroqlaridagi shovqinlarni kuzatib borish uchun radioantenna qurdi va baʼzi shovqinlar yulduzlardan, xususan, galaktika markazidan kelayotganini aniqladi.
Shu tariqa radioastronomiya dunyoga keldi, undagi teleskoplar esa shisha koʻzgulardan emas, balki FAST teleskopi kabi ulkan metall idishlardan iborat edi. Kosmik era boshlanganida olimlar butun elektromagnit spektrni qamrab olish maqsadida teleskoplar yordamida infraqizil, ultrabinafsha, rentgen va gamma nurlarini kuzatdi. Teleskoplar Galileyning portativ trubkasidan soʻng uzoq yoʻlni “bosib oʻtdi”.