Orqaga

1136 marta koʻrilgan

1356–1394

Umarshayx Mirzo

Biografiya

Temuriylar davrining ayyor va zolim hukmdorlaridan biri, Amir Temur vafotidan soʻng toj-taxt uchun boʻlib oʻtgan kurashlarda ustun kelgan Movarounnahr va Xuroson hukmdori Abusaidning 25 ta farzandi borligi tarix sahifalarida qayd etiladi. Ulardan biri boʻlmish Umarshayx Mirzo 1456-yil Samarqandda tavallud topgan. Umarshayx Mirzo Abusaid Mirzoning toʻrtinchi farzandidir. Umarshayxning Sohibqironga borib taqalishi:

  1. Amir Temur (1336–1405);
  2. Mironshoh Mirzo (1366–1408);
  3. Sulton Muhammad Mirzo (1398–1444);
  4. Sulton Abusaid (1424–1469);
  5. Umarshayx Mirzo (1456–1494).

„Boburnoma“da qayd etilishicha, Umarshayx Mirzo past boʻyli, paxmoq soqolli, yumaloq yuzli, toʻla, loʻppi kishi boʻlgan. Tor tiktirilgan kiyimlar kiyib, sallani esa chirmab oʻragan. Hanafiy mazhabidagi sof eʼtiqodli kishi boʻlib, besh vaqt namozni vaqtida ado etishga harakat qilardi. Xoja Ahror Valiyni oʻziga pir sanab, koʻplab suhbat qurishga muvaffaq boʻlgan. Umarshayx Mirzo xushxulq, sahovatli va mard inson edi. Umarshayx Mirzo xonadoni poytaxt Andijonning arki ichida yashagan. Hokim yoz oylari Sirdaryo boʻyida, Axsida, yilning qolgan faslini Andijonda oʻtkazgan.“

Hayot yoʻli

Abusaid Mirzo Kobul viloyati boshqaruvini Umarshayxga beradi, biroq Mirzo hali yosh boʻlgani bois unga Boboyi Kobuliyni bek atka qilib tayinlaydi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay mirzolarning xatna toʻyini oʻtkazish munosabati bilan otasi Umarshayxni Samarqandga qaytarib yuboradi. Toʻydan keyin esa Abusaid Mirzo Umarshayxga Andijon viloyatini boshqarishni topshirgan. Bu gal shahzodaga Xudoyberdi tukchi Temurtoshni bek atka qilib tayinlaydi. Keyinchalik akasi Sulton Ahmad Mirzo Umarshayxga Toshkent bilan Sayramni beradi. Shohruxiyani esa oʻzi firib bilan qoʻlga kiritadi. Maʼlum vaqtdan keyin Toshkent va Shohruxiya Umarshayx Mirzoning tasarrufidan chiqadi, uning qoʻl ostida Fargʻona, Xoʻjand va Oʻratepa qoladi. Umarshayx Mirzo hukmronlik qilib turgan Fargʻona viloyati Movarounnahrning sharqiy hududi boʻlib, uning poytaxti Andijon qalʼasi kattaligi jihatidan mamlakatda uchinchi, Samarqand va Shahrisabzdan keyin turgan. Umarshayx Mirzo boshqaruvidagi hududning poytaxti etib Axsini tanlaydi. Axsi Andijondan gʻarb sari toʻqqiz yigʻochlik (masofa oʻlchov birligi — taxminan 5985 metr) masofada joylashgan. Axsi qoʻrgʻonining pastidan Sayxun (Sirdaryoning qadimgi nomi) daryosi oqib oʻtgan. Qoʻrgʻon baland jar ustida joylashgan. Xandaq oʻrnida chuqur jarlar boʻlgan. Fargʻonada Axsidek mustahkam qoʻrgʻon boʻlmagan. Umarshayx Mirzo moʻgʻul bosqinchilariga qarshi Fargʻonada boʻlib oʻtgan janglarda faol ishtirok etgan.

Oilasi

Umarshayx Mirzo Moʻgʻuliston xoni qizi – Qutlugʻ Nigorxonimga uylanib, koʻragon (koʻragon (moʻgʻulcha — kuyov) — Chingizxon xonadoniga mansub malikalarga uylangan shaxslarga berilgan unvon) unvoniga ega boʻlgan. Malika Qutlugʻ Nigorxonim oʻqimishli va oqila ayol boʻlib, hokimiyatni boshqarish ishlarida Mirzoga faol koʻmak bergan, harbiy yurishlarida hamrohlik qilgan. Bundan tashqari, Umarshayx Mirzo yana boshqa aslzoda ayollarga uylanib, farzandlar koʻradi. Ular ichida biz tanigan shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur ham bor. Bobur Qutlugʻ Nigorxonim va Umarshayx Mirzoning farzandi hisoblanadi.

Bobur otasi haqida

Otasi haqida Bobur shunday yozadi: “Gʻoyat saxovatli edi. Xulqi ham saxovaticha edi. Xushxulq, hazilkash, gapga chechan va shirinsoʻz kishi edi. Shijoatli va mardona kishi edi. Yurt olish dagʻdagʻasi tufayli ancha yarashlar urushga va doʻstliklar dushmanlikka aylanar edi. U Amir Temurning saltanatini oxirgi yillarida qoʻlida saqlab turgan hukmdor — Abusaid mirzoning toʻrtinchi oʻgʻli edi. Past boʻyli, yumaloq soqolli, sargʻish yuzli, norgʻil kishi edi. Toʻnni rosa tor kiyar edi. Shunchalikki, belbogʻ bogʻlaganda qornini ichiga tortib bogʻlatar, bogʻlagandan soʻng qornini qoʻyib yuborsa, koʻpincha belbogʻlari uzilib ketardi. Kiymoq va yemoqqa betakalluf edi. Sallani dastorpech oʻrab qoʻyardi. U zamonda sallalar butun — toʻrt oʻrama boʻlardi. Tekis chirmab, uchini osiltirib qoʻyardilar. Yoz paytlari mahkamadan boshqa yerlarda aksar moʻgʻilcha boʻrk kiyardi”. “Eʼtiqodiga kelsak, u hanafiy mazhabida, pokiza eʼtiqodli kishi edi. Besh vaqt namozni kanda qilmas edi. “Shohnoma”ga ixlosi baland boʻlsa ham, aksar Qurʼon tilovat qilar edi. Oʻzi xushxulq, jasur va mard kishi edi. Oʻqni oʻrtacha chogʻliq otar edi. Mushti juda qattiq edi, uning mushtidan yiqilmagan yigit yoʻqdir. Avvallari koʻp ichardi, keyinchalik haftada bir yoki ikki marta ichadigan boʻldi. Keyingi paytlarda koʻproq maʼjun isteʼmol qilardi, hazil, shoʻxlikka oʻch, hamisha nard oʻynar, goho qimor ham oʻynardi. Avvallari u kaptarbozlikka ishqiboz edi. Uning kaptarlari unga mamlakatning turli chekkalaridan xat-xabarlar olib kelishar va u kaptarlarini havoda doʻmbaloq oshib, oʻyin koʻrsatishga oʻrgatar va kaptarlar atrofida lochinlarning uchishiga yoʻl qoʻymas edi”.

Vafoti

Fargʻona viloyati hokimi oʻz akalari – Samarqanddagi Movarounnahr hukmdori Sulton Ahmad Mirzo, otasi oʻrniga oʻtirgan Toshkent xoni Sulton Mahmudxon bilan ziddiyatga borgan vaqtda – 1494-yil 9-iyunida yozgi qarorgoh Axsi qoʻrgʻonidagi kabutarxonasi bilan daryoga, jarga qulab, Bobur iborasi bilan aytganda, “shunqor boʻldi”, yaʼni halok boʻlgan.


 

Manba: fayllar.org / uzhurriyat.uz / kun.uz / historicalsamarkand.wordpress.com / ziyouz.com / wikipedia.org

Muqova suratlar : wikipedia.org